EVKALIPT BARGI VA MOYI – FOLIA ET OLEUM EUCALURTI
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Barg qalin va qattiq bo‘lganidan uni bir necha kungacha glitserin bilan suv aralashmasiga solib qo‘yib yumshatiladi. Bunday bargni marjon daraxti o‘zagi yoki probka orasiga qo‘yib, ko‘ndalangiga kesiladi va preparat tayyorlanadi. Preparatni cudan-III eritmasi bilan bo‘yab, xloralgidrat eritmasi yordamida mikroskopning kichik va katta ob’ektivlarida ko‘riladi. Sudan-III eritmasi ta’sirida kutikula qavati va efir moyi bor joylar sarg‘ish-qizil rangga bo‘yaladi.
Barg izolateral tipda tuzilgan (3-rasm). Qoziqsimon to‘qima 3-4 qator bo‘lib, bargning har ikkala tomoniga, bulutsimon to‘qima esa bargning o‘rta qismiga joylashgan. Bargning yumshoq (mezofil) qismida tarqoq holda druzlar, ba’zan prizma shaklidagi kristallar, efir moyi bor katta-katta sharsimon joylar uchraydi. Bu joylar yuqori va pastki epidermis oraliqlarini butunlay egallab olishi mumkin. Ular ichida efir moylari ishlab chiqaruvchi hujayralar 1-3 qator bo‘lib joylashgan. Har ikkala (pastki va yuqori) epidermis to‘qimasi qalin kutikula qavati bilan qoplangan. Barg tomirlari mayda kristallar bilan o‘ralgan. Epidermis hujayralari barg plastinkasining yuqorisidan qaraganda turli shakldagi ko‘p burchak holida ko‘rinadi.
3-rasm. Evkalipt bargining ko‘ndalang kesimi. 1 – epidermis; 2 – qoziqsimon to‘qima; 3 – bulutsimon to‘qima; 4 – o‘tkazuvchi to‘qima bog‘lami; 5 – kollenxima; 6 – ustitsa; 7 – efir moyli joy; 8 –po‘kaklashgan (probkalangan) joy.
VALERIANA ILDIZPOYASI BILAN ILDIZI - RNIZOMATA SUM RADICIVUS VALERIANAE
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Sovuq yo‘l bilan (suv va glitserin aralashmasida) yumshatilgan ildizni probka orasida ko‘ndalangiga kesib, preparat tayyorlanadi. So‘ngra uni xloralgidrat eritmasi yordamida mikroskopning katta ob’ektivida ko‘riladi (4-rasm). Ildiz birlamchi tuzilishda bo‘lib, tashqi tomondan epidermis bilan qoplangan.
Epidermis hujayralari ko‘pincha cho‘ziqroq bo‘ladi. Epidermis to‘qimasi tagida bir qator efir moyi saqlaydigan yirik hujayrali gipoderma joylashgan. Ba’zan po‘stloqning parenxima hujayralarida ham efir moyi tomchilari bo‘lishi mumkin. Po‘stloqning parenxima hujayralarida oddiy yoki ikki-besh tagacha birlashgan murakkab, kattaligi 3-20µ keladigan kraxmal donalari bo‘ladi. Bir qavatli endoderma hujayralari yog‘och qismini o‘rab turadi.
4-rasm. Valeriana ildizining ko‘ndalang kesimi. 1 – epidermis; 2 – gipoderma; (efir moylari bilan); 3 – kraxmalli xujayralar; 4 – endoderma; 5 – peritsikl; 6 – floema; 7 – ksilema.
Do'stlaringiz bilan baham: |