Alkaloidlarning xromatografik tahlili. Alkaloid saqlovchi o‘simliklarning va alkaloidlarni tahlil qilishda xromatografik usullarning hamma turlari (adsorbsion, ion almashish, taqsimlanish (bo‘linish) va boshqalar) keng miqyosda qo‘llaniladi. Bu usullardan alkaloidli ajratmada qancha va qanday birikmalar (chinligini aniqlashda, ya’ni identifikatsiya qilishda) borligi, alkaloidlar yig‘indisidan ayrimlarini ajratib olishda hamda ularning miqdorini aniqlashda foydalaniladi.
O‘simliklar tarkibida qancha (son jihatidan, miqdori emas) alkaloidlar borligi va ularni taxminiy chinligini aniqlashda (identifikatsiya qilishda) xromatografik tahlil usullaridan qog‘ozda va yupqa qavatda o‘tkaziladigan taqsimlanish xromatografik usullari juda ham qulay keladi.
Xromatografik tahlil qilish uchun avvalo mahsulotdan tegishli ajratma tayyorlanadi. Buning uchun maydalangan mahsudotdan 1 g olib, 100 ml hajmli kolbaga solinadi, ustiga xlorid kislotaning 1 % li eritmasidan 25 ml quyib, vaqt-vaqtda chayqatib turgan holda bir soat davomida quyib qo‘yiladi yoki qaynab turgan suv hammomi ustida 5 daqiqa qizdiriladi, so‘ngra uni sovitib, paxta orqali 100 ml hajmli bo‘luvchi voronkaga filtrlanadi. Filtratda alkaloidlar tuz holida bo‘ladi. Keyin ajratma fenolftalein bo‘yicha ishqorli sharoitga o‘tguncha filtratga ammoniy gidroksidining konsentrik eritmasidan tomchilab qo‘shiladi va asos holiga o‘tgan alkaloidlar 5 ml xloroform bilan chayqatib ajratib olinadi. SHu ajratma xromatografik tahlil uchun ishlatiladi.
21- amaliy mashg‘ulot. Tarkibida tropan unumiga kiruvchi alkaloidlar saqlovchi dorivor o‘simliklarning mikroskopik tuzilishini o‘rganish
BELLADONNA BARGI, ER USTKI QISMI VA ILDIZI - FOLlA, HERBA ET RADICES BELLADONNAE
Mahsulotning mikroskopik tuzilishi. Belladonna o‘simligi barg va ildizining mikroskopik tuzilishi o‘rganiladi.
Bargni ishqor eritmasi bilan yoritib, so‘ngra tashqi tuzilishi mikroskop ostida ko‘riladi (1-rasm). Barg epidermisining yon devorlari egri-bugri bo‘lib, undagi kutikula qatlamlari bilinib turadi. Barglarda tomirlari bo‘ylab uch-to‘rt hujayrali oddiy, bir hujayrali boshchali va uzun oyoqchali hamda boshchasi ko‘p hujayrali va kalta (bir hujayrali) oyoqchali tuklar ko‘rinadi. Bargda kalsiy oksalat tuzining qumsimon kristallari joylashgan xalta hujayralar bo‘lishi uning eng xarakterli belgilaridan biridir. Bu xalta hujayralar bargning mezofill qismida tapqoq holda joylashgan bo‘lib, mikroskopning kichik ob’ektivida kichkina qopa dog‘ shaklida, katta ob’ektivida esa aniq ko‘rinadi. Ba’zan xalta hujayradagi kristallar bargda kukun (poroshok) holida sochilib ketgan bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |