15-modda. Investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari
Davlat investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasa, ular oʻzlari vakolatli boʻlgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq choralarni koʻrishi mumkin.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiya faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish
yoki uni cheklab qoʻyish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat investorlarning fuqaroligi, yashash joyi, iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish joyi bilan bogʻliq holda, shuningdek investorlarning
yoki investitsiyalarning kelib chiqish mamlakatiga qarab investorlarni kamsitishga yoʻl qoʻymaslikni kafolatlaydi.
Investor tomonidan huquqlarning amalga oshirilishi boshqa investorlarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi kerak. Bunda davlat tadbirkorlik subyektining hamtaʼsischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) sifatida boshqa taʼsischilar (aksiyadorlar, ishtirokchilar) kabi teng huquqlar va majburiyatlarga ega boʻladi.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum eʼtirof
etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq belgilanadigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini taʼminlash bilan bevosita bogʻliq qonun hujjatlarini qabul qilishga, oʻzgartirishga, toʻldirishga yoxud bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |