1. Falsafa tushunchasining kelib chiqishi. Dunyoqarashning tarixiy shakllari: mif, din va falsafa
Download 38.9 Kb.
|
DILSHOD NURILLAYEV
- Bu sahifa navigatsiya:
- Dunyoni idrok etish
- Dunyoni tushunish
- Dunyoqarashning tarixiy shakllari.
Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini sub’ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi. Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi. Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning o‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir. Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir. Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. SHunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi. Ularning eng muhimlari mif, din, falsafa va fandir. Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din falsafa va fan bo‘lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko‘nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to‘planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o‘tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to‘plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» etilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo‘lganidek, dunyoqarashda ham o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan. Bu hodisaning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun shaxsiy kutubxonada kitoblar yig‘ilishi bilan bog‘liq misolga murojaat etish o‘rinli bo‘ladi. Mazkur kutubxonada kitoblar bir nechta bo‘lsa, ularni tizimga solish talab etilmaydi, ular qaerda yotgani va ularning o‘zaro munosabati qandayligi ham ahamiyat kasb etmaydi. Kutubxona hajmi o‘nlab kitoblar bilan o‘lchangan taqdirda esa, ulardan foydalanishga qulaylik yaratish uchun kitoblarni muayyan tarzda joylashtirish, tizimga solish talab etiladi. Kitoblar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ular bilan ishlash shuncha oson va qulay bo‘lishi uchun ularni tasniflash, tartibga solish, ruknlarga ajratish tizimi shuncha murakkab bo‘ladi. Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari ko‘rinishida vujudga keldi. 3. G‘arb va Sharq tarixiy–falsafiy jarayonlarini davrlarga ajratish tamoyillariga e’tibor qaratish bilan birga G‘arb va SHarq falsafasidagi an’analarning o‘zaro munosabatini ham tahlil qilish lozim. SHarqning o‘ziga xosligi, unga munosib bo‘lgan madaniy taraqqiyot jahon sivilizatsiyasining beshigi, dunyo xalqlari rivojiga qo‘shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Bu hol jahonning barcha xolis mutaxassis olimlari tomonidan e’tirof etiladi. qolaversa, Vatanimiz sivilizatsiyasining SHarq sivilizatsiyasining quchog‘ida voyaga etgani va uning qadriyatlarini o‘zida aks ettirganini, unga va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko‘rsatganini doimo esda tutish darkor. Falsafiy g‘oyalar muayyan ijtimoiy sharoitlar ta’sirida, ma’lum tarixiy–madaniy manbalar asosida shakllanadi. Odamlar million yillar davomida oila-oila, gala-gala bo‘lib yashashdan bundan 50-40 ming yillar muqaddam Kromonon tipidagi ajdodlarimiz jamiyat muxitida yashash va tarbiyalanish bosqichiga o‘tdilar. Natijada ibtidoiy hayotning murakkablashishi va kishilar ijtimoiy amaliyotining kengayishi ularni abstrakt fikrlashini rivojlantirdi, shu bilan birga asta-sekin ilmiy bilimlarni shakllantirdi. Falsafa fani o‘ziga xos yondoshishga ega. qadimdan faylasuflar borliq nima? Bor bo‘lishning o‘zi nima? degan savollarga javob qidirganlar. Falsafiy qarashlarning bu o‘ziga xos xususiyati qachon va nima uchun falsafa kelib chiqqan degan savolga javob berishga imkon tug‘diradi.Ijtimoiy hayot va ijtimoiy ongda, odatda, mifologiya yordamida hal qilib bo‘lmaydigan, ishontirishning ilojiy yo‘q jiddiy ziddiyatlar vujudga keladi. Bu o‘rinda shakllangan fikr bilan, haqiqatan qanday ekanligi xaqida bilimni farqlash ehtiyoji tug‘iladi. Bu farqlash falsafa bilan birga vujudga keladi. Falsafa avval boshdan kundalik ongni, urf–odatni, an’anaviy qadriyatlarni va axloq normalarini tanqid qiladi. Faylasuf hamma narsaga shubxa bilan qaraydi, buni u shu an’analarni kelib chiqish ildizini topish uchun qiladi. SHundan uning bor bo‘lishning o‘zi nima?, borliq nima? degan savolining mazmuni kelib chiqadi. Falsafaning vujudga kelishida qanday ijtimoiy vaziyat, madaniyatdagi qanday siljishlar ta’sir qiladi? degan savollar tug‘ilishi tabiiydir. qadimgi Gretsiyada falsafa inson hayotining ma’nosi, uning odatdagi tuzumi va tartibi xavf ostida qolgan vaqtda shakllandi. Falsafaning u yoki bu davrda shakllanishigina emas, balki taraqqiyoti ham chuqur ijtimoiy krizis (inqiroz)lar bilan bog‘liq bo‘lib, inson qiynalganda, eskicha yashay olmay qolganda, eski qadriyatlar o‘z ahamiyatini yo‘qotganda, endi nima qilish kerak? degan savol tug‘iladi. qadimgi Grek falsafasining kelib chiqishiga kelsak, u o‘sha joydagi quldorlik tizimining odatdagi mifologik–afsonaviy tasavvurlarini rad etib, yangi dunyoqarashni taqoza etardi. SHunday qilib, falsafiy qarashlar odatdagi turmush tarzi va odatdagi qadriyatlar inqirozi muxitida vujudga keladi. U eskicha yondashuvlarga xos urf–odatlarni tanqid qilib, yangicha qarashlarni qaror toptirish, yangicha turmush tarzini shakllantirishga harakat qiladi. SHuning uchun falsafada nazariy va dunyoqarash muammolari uzviy bog‘liqdir. 4. Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. XVII asrdan boshlab tabiatshunoslik jadal sur`atlarda rivojlanadi. Dengizlarda kemalarning yurishiga ehtiyojning ortishi astronomiyaning rivojlanishini, shaharsozlik, kemasozlik, harbiy ish – matematika va mexanikaning rivojlanishini belgilaydi. Yangi fan avvalo moddiy ishlab chiqarish amaliyotiga: to`qimachilik sanoatida mashinalar ixtiro qilinishiga, ko`mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish qurollarining takomillashuviga tayanadi. E.Torrichelli havo bosimi mavjudligini eksperimental yo`l bilan aniqladi, simobli barometr va havo nasosini ixtiro qildi. I.Nyuton mexanikaning asosiy qonunlarini, shu jumladan butun olam tortishish qonunini ta`rifladi. R.Boyl kimyoda mexanikani qo`lladi va kimyoviy element tushunchasini ishlab chiqdi. Ingliz fizigi U.Gilbert magnit xossalarini va uning amalda qo`llanilishini o`rgandi. V.Garvey qon aylanishini kashf etdi va uning rolini empirik usulda tadqiq etdi. R.Dekart va G.Leybnits matematika, mexanika, fizika va fiziologiyaning rivojlanishiga ulkan hissa qo`shdi. Ijtimoiy fanlarda tabiiy huquq nazariyasi ishlab chiqildi (Angliyada T.Gobbs, Gollandiyada G.Grotsiy). Fanning bunday rivojlanishi o`z davrining falsafasiga ham ta`sir ko`rsatmay qolmadi. Falsafada sxolastika va dindan uzil-kesil ajralish yuz berdi: diniy aqidalarning hukmronligiga, cherkovning ta`siri va tazyiqiga qarshi kurashda aqlning har narsaga qodirligi va ilmiy tadqiqotning cheksiz imkoniyatlari haqidagi ta`limot vujudga keldi. Yangi davr falsafasiga avvalo tabiatshunoslikdan kelib chiqadigan kuchli materialistik tendensiya xos. XVII asrda Yevropaning yirik faylasuflari qatoriga F.Bekon, T.Gobbs va J.Lokk (Angliya), R.Dekart (Fransiya), B.Spinoza (Gollandiya), G.Leybnits (Germaniya) kiradi. Yangi davr G`arb va Sharq falsafasidagi asosiy muammolar (ontologiya va gnoseologiya). Yangi davr, avvalo XVII asr falsafasida ontologiya, ya`ni borliq va substansiya haqidagi ta`limotga katta e`tibor beriladi (ayniqsa harakat, makon va vaqt to`g`risida so`z yuritilganda). Fan va falsafaning vazifasi – insonning tabiat ustidan hukmronligini kuchaytirishga, inson sog`lig`i va go`zalligiga ko`maklashish, hodisalarning sabablarini, ularning muhim kuchlarini o`rganish zarurligi anglab yetilishiga olib kelgan. Shu sababli substansiya va uning xossalari muammolari Yangi davrning deyarli barcha faylasuflarini qiziqtirgan. Bu davr falsafasida «substansiya» tushunchasini tavsiflashga nisbatan ikki xil yondashuv paydo bo`lgan: birinchi yondashuv substansiyani borliqning chegaraviy asosi sifatida ontologik tushunish bilan, ikkinchi yondashuv – «substansiya» tushunchasini, uning ilmiy bilim uchun zarurligini gnoseologik jihatdan anglab yetish bilan bog`liq. Frensis Bekon (– ingliz faylasufi 1561-1626) birinchi yondashuv asoschisi substansiya shakllarining xususiyatlariga tavsif bergan va substansiyani muayyan narsalar shakli bilan ayniylashtirgan. Uning fikricha, materiya sariqlik, moviylik, qoramtirlik, iliqlik, og`irlik va boshqa shunga o`xshash xossalarga ega. Bular materiyaning eng sodda xususiyatlaridir. Bu xossalarning turli birikmalaridan tabiatning rang-barang narsalari vujudga keladi. Materiyaning sifat jihatidan har xilligi haqidagi ta`limotni F.Bekon o`zining shakl va harakat haqidagi ta`limoti bilan rivojlantirgan. Uning talqinida shakl – bu narsaga xos bo`lgan xususiyatning moddiy mohiyati. U Platon va Aristotelning shakl haqidagi mushohadalari bilan bahsga kirishadi. Bekon fikriga ko`ra, shakl – jismni tashkil etuvchi moddiy zarralar harakatining turi. Ammo bu zarralar atomlar emas. F.Bekon qadimgi faylasuflarning materiyaning atomistik tuzilishi haqidagi ta`limotiga, ayniqsa bo`shliqning mavjudligi haqidagi ta`limotiga tanqidiy yondashadi. U makonni bo`shliq deb hisoblamagan: Bekon uchun makon materiyaning doimiy o`rni bilan bog`liq bo`lgan. Amalda u makonni moddiy obyektlarning ko`lamliligi bilan ayniylashtirgan. Vaqtni Bekon moddiy jismlar tezligining obyektiv o`lchovi sifatida tavsiflagan. Vaqtning mohiyatini tushunishga nisbatan mazkur yondashuv diqqatga sazovordir, zero vaqt materiyaning moddiy jismlarda yuz beruvchi o`zgarishlarning davomliligidan iborat bo`lgan va bu o`zgarishlarning sur`atini tavsiflaydigan ichki xossasi sifatida e`tirof etiladi. Shunday qilib, vaqt harakat bilan uyg`un bog`lanadi. Bekon fikriga ko`ra, harakat – materiyaning tug`ma xossasi. Materiya qanday abadiy bo`lsa, harakat ham shunday abadiydir. U harakatning tabiatdagi 19 turi yoki shaklini qayd etgan: tebranish, qarshilik, inersiya, intilish, kuchlanish, hayot ruhi, azoblanish va b. Bu shakllar amalda o`sha davrda fanda ayniqsa mukammal o`rganilgan materiya harakati mexanik shakllarining xususiyatlari bo`lgan. Ayni vaqtda F.Bekon moddiy dunyoning ko`p sifatliligini o`rganish va tushuntirishga harakat qilgan. F.Bekon bilishning empirik metodi asoschisi hamdir. U tajribaga asoslangan fanlar, kuzatish va eksperimentga alohida e`tibor bergan. Bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonlarini tajribada ko`rgan. Bilishga tashqi dunyoning inson ongidagi in`ikosi sifatida yondashar ekan, u bilishda tajriba hal qiluvchi rol o`ynashini qayd etgan. Ammo faylasuf bilishda aqlning rolini ham inkor etmagan. Tomas Gobbs (ingliz faylasufi 1588-1679) tomonidan F.Bekonning materialistik qarashlari tizimga solingan va rivojlantirilgan. Gobbs materiyaga birdan-bir substansiya sifatida yondashgan, barcha hodisalar, narsalar, jarayonlarni bu substansiyaning namoyon bo`lish shakllari deb hisoblagan. Materiya – abadiy, jismlar va hodisalar – o`tkinchi: ular vujudga keladi va yo`q bo`ladi. Fikrlashni materiyadan ajratib bo`lmaydi, zero materiyaning o`zigina fikrlaydi. Jismsiz tana bo`lmaganidek, jismsiz substansiya ham bo`lishi mumkin emas. Aynan materiya barcha o`zgarishlar subyekti hisoblanadi. Barcha moddiy jismlar ko`lamlilik va shakl bilan tavsiflanadi. Ularni o`lchash mumkin, chunki ular uzunlik, kenglik va balandlikka ega. F.Bekondan farqli o`laroq, Gobbsda materiya sifat ko`rsatkichlariga ega emas: u materiyani matematik va mexanik sifatida miqdor jihatidan o`rganadi. Unda materiya dunyosi rang, hid, ovoz kabi xossalardan mahrum. T.Gobbs talqinida materiya go`yo geometrik tus oladi va sifat jihatidan bir jinsli, rangsiz narsa tarzida, miqdoriy kattaliklarning muayyan tizimi sifatida namoyon bo`ladi. Harakatni u faqat mexanik nuqtai nazardan tushunadi. Makon va vaqt muammolarini o`rganishga nisbatan Gobbs materialistik nuqtai nazardan yondashadi. T.Gobbs o`zining dunyo haqidagi falsafiy qarashlarida deist sifatida ish ko`radi. Ammo uning asarlarida ateistik xususiyatga ega bo`lgan fikrlarga ham duch kelish mumkin. Masalan, u Xudo – inson tasavvurining mahsuli, degan fikrni ilgari suradi. «Tabiiy va siyosiy qonunlarning elementlari» asarida, «Falsafa asoslari» trilogiyasi («Jism haqida», «Inson haqida», «Fuqaro haqida»)da, shuningdek «Leviafan» asarida Gobbs tabiiy aloqalar va qonuniyatlar rolini takror-takror qayd etadi. Biroq, T.Gobbs Xudoni odamlar hayotidan butunlay chiqarmaydi: uning fikricha, Xudo «hamma narsani ko`rguvchi va hamma narsani boshqaruvchi», «u barcha sabablarning birinchisi»dir. Gobbs Xudo voqealarning tabiiy oqimiga aralashmasligini qayd etadi. F.Bekon falsafasining davomchisi T.Gobbs ham gnoseologiyada asosan empirik va sensualist bo`lgan (hissiy bilishni bilishning asosiy shakli deb hisoblagan). Insonga moddiy jism ta`siri natijasida vujudga kelgan sezgini u bilishning birinchi amali deb hisoblagan. Fikrlashni u tushunchalarni qo`shish yoki ayirish deb hisoblagan, unga o`z matematik metodini to`la tatbiq etgan. Rene Dekart (fransuz faylasufi va matematigi 1596-1650) cubstansiyaning bekoncha va gobbscha monistik talqiniga o`zining dunyoning dualistik talqinini qarshi qo`yadi. Dekart bir-biriga bog`liq bo`lmagan ikki birinchi asos: nomoddiy yoki «fikrlovchi» substansiya va moddiy yoki «ko`lamli substansiya» mavjudligini taxmin qiladi. Bu ikki substansiya parallel mavjuddir. Ularni o`rganish bilan metafizika va fizika shug`ullanadi. Metafizika avvalo ma`naviy substansiyani, u bilan bog`liq bo`lgan bilish va borliq tamoyillarini o`rganadi. Fizika tabiat falsafasini tadqiq etadi. U dunyoning vujudga kelishi, Yerda hayotning rivojlanishi (tabiat qonunlariga muvofiq) haqidagi ta`limotni o`z ichiga oladi, hayvonlar va inson tanasining tuzilishini mexanika qonunlariga bo`ysinuvchi murakkab mashinalar sifatida o`rganadi (R.Dekart asarlaridan biri «Hayvon – mashina» deb ataladi). Dekart ilgari surgan kosmogoniya haqidagi ta`limot zamirida quyosh sistemasining tabiiy rivojlanishi g`oyasi yotadi. Uning fikricha, bu rivojlanish materiya va uning turli jinsli zarralari harakati bilan belgilanadi. Dekart materiya mustaqil ijodiy kuchga ega deb hisoblaydi. Harakatni Dekart mexanik jarayon – jismlarning makonda ko`chishi sifatida tushunadi. Shunday qilib, R.Dekart o`z-o`zi bilan ziddiyatga kirishadi: u makonni jismning ko`lamliligi sifatida tan oladi, lekin harakatni jismlarning boshqa jismlarga nisbatan ko`chishi sifatida tushunadiki, bu makonni bo`shliq sifatida tan olishni anglatadi. R. Dekartning bilish haqidagi ta`limoti ham diqqatga sazovor. R.Dekart o`zining «Metod haqida mulohazalar» asarida bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonini tashqi dunyodan emas, balki inson aqlidan qidirish lozim, degan xulosaga keladi. Uning fikricha, intellektual intuitsiya yoki sof mushohada – bilishning tayanch nuqtasi. Barcha g`oyalarni Dekart ikki guruhga ajratadi: sezgilar ta`sirida tug`ilgan g`oyalar va tug`ma g`oyalar. Tug`ma g`oyalar mutlaqo ishonchlidir. Ularning qatoriga Dekart Xudo g`oyasi, matematik aksiomalar va shu kabilarni kiritadi. Masalan, barcha mavjud narsalarga shubha bilan qarash kashfiyotga yo`l ochuvchi mutlaqo ishonchli asos, metod yoki vosita hisoblanadi. Ayni shu sababli Dekart hissiy narsalar, matematik haqiqatlar va hatto «hamma narsaga qodir Xudo»ning mavjudligiga shubha bilan qaraydi. Ammo, hamma narsaga shubha qilgan va hamma narsani inkor etgan holda, u shubhalanuvchi fikrning mavjudligiga shubha qilmaslik kerak, degan xulosaga keladi. Shu tariqa u fikrlash birdan-bir ishonchli faktdir, deb xulosa chiqaradi: «Men fikrlayapman, demak, yashayapman». Benedikt (Barux) Spinoza (gollandiyalik faylasuf 1632-1677) R.Dekartning substansiya haqidagi dualistik ta`limotiga zid o`laroq, dunyo haqidagi monistik ta`limotni yaratdi. Uning monizmi panteizm ko`rinishida namoyon bo`ladi: o`z ontologiyasida Spinoza Xudo va tabiatni ayniylashtiradi, bunda Xudo yaratuvchi tabiat va yaratilgan tabiat sifatida amal qiladi. Ayni vaqtda B.Spinoza birgina moddiy substansiya mavjud bo`lib, uning asosiy atributlari ko`lamlilik va fikrlashdir, degan fikrni ilgari suradi. Shunday qilib, butun tabiat u Xudo bo`lgani uchungina emas, balki unga fikrlash xos bo`lgani uchun ham jonli hisoblanadi. Spinoza butun tabiatni jonlantirib, shu tariqa gilozoist-faylasuf sifatida ham namoyon bo`ladi. U moddiy substansiya atributlari ham materiya kabi abadiydir: ular hech qachon vujudga kelmaydi va yo`q bo`lmaydi deb hisoblagan. Faylasuf substansiyaning konkret holatlari – moduslarga ko`p e`tibor beradi. U moduslarni ikki guruhga ajratadi: abadiy, cheksiz moduslar va muvaqqat, chekli moduslar. Cheksiz moduslar substansiya atributlari – fikrlash va ko`lamlilik bilan, chekli moduslar esa - qolgan barcha narsalar va hodisalar bilan belgilanadi. Spinoza harakat hech qanday ilohiy turtki mahsuli emasligini isbotlashga harakat qiladi. Uning fikricha, tabiat «o`z-o`zining sababi» bo`lib, harakat uning mohiyati va manbai hisoblanadi. Ammo harakat Spinozada atribut emas, balki modusdir. Bunda harakat muayyan narsalarda kuzatiladi, substansiya esa harakatlanish va o`zgarish qobiliyatidan mahrum va vaqtga mutlaqo bog`liq emas. Ayni zamonda Spinoza – izchil determinist. U hodisalarning yuz berishi, mavjudligi va yo`q bo`lishi zamirida obyektiv sabablar yotadi, deb hisoblagan. Uning fikricha, sababiyat ikki xil: ichki (immanent) va tashqi (mexanik) bo`ladi. Ichki sababiyat substansiyaga, tashqi sababiyat – moduslarga xos. Spinoza sababiy bog`lanishlarnigina emas, balki tasodif, zaruriyat va erkinlik munosabatlarini ham determinizm nuqtai nazaridan o`rganadi. O`zining «Etika» asarida u tasodifni zaruriyat bilan bir qatorda mavjud bo`lgan obyektiv hodisa sifatida e`tirof etadi. B.Spinoza bilishning uch turini farqlaydi: faqat mujmal va haqiqiy bo`lmagan tasavvurlar beruvchi hissiy bilish; moduslar haqida bilim olish uchun imkoniyat yaratuvchi aql yordamida bilish; bilishning eng oliy shakli – haqiqatga yo`l ochuvchi intuitsiya. Intuitiv yo`l bilan aniqlangan haqiqatlar (aksiomalar)dan deduktiv yo`l bilan – matematika metodlari yordamida qolgan barcha xulosalar chiqariladi. 5. Jadidchilik dastlab XIX asrning 80-yillarida Qrimda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida qrimtatarlar o‘rtasida vujudga keldi. Jadidchilik harakati namoyandalari ko‘pincha o‘zlarini taraqqiyparvarlar, keyinchalik jadidlar deb atashgan. O‘sha davrning ilg‘or taraqqiyparvar kuchlari, birinchi navbatda, ziyolilar mahalliy aholining umumjahon taraqqiyotidan orqada qolayotganligini his etib, jamiyatni isloh qilish zaruriyatini tushunib yetgandilar. Jadidchilik mohiyat eʼtibori bilan avvalo siyosiy harakat edi. Uning shakllanish va mag‘lubiyatga uchrash davrlari bo‘lib, ularni shartli ravishda to‘rtga bo‘lish mumkin. Turkiston, Buxoro va Xiva hududida bu davrlar 1895-1905; 1906-1916; 1917-1920; 1921—1929- yillarni o‘z ichiga oladi. Birinchi davrda Turkistonda podsho Rossiyasining mustahkam o‘rnashib olishi kuzatiladi. U o‘z siyosiy agentlari (vakillari) yordamida mahalliy xon va amir vakolatlarini cheklabgina qolmay, ularni qo‘g‘irchoqqa aylantirib, rus va g‘arb sarmoyadorlarining ishlashi va yashashi uchun sharoit yaratadi, turli kompaniyalar, aksiyadorlik jamiyatlari manfaatini ko‘zlaydi. Ayni chog‘da mahalliy aholining talab va ehtiyojlari nazarga olinmay qo‘yildi, diniy eʼtiqodlari, urf-odatlari bilan hisoblashmaslik, ularni mensimaslik kuchaydi. Hayotiy, ilmiy saviyasi yuqori bo‘lgan qozilar tajribasiz kishilar bilan almashtirildi, poraxo‘rlik, ijtimoiy-siyosiy adolatsizlik avj oldi. Madrasa va maktablar faoliyatini cheklash, mahalliy joy nomlarini ruscha atamalar bilan almashtirish, hatto mahkama jarayonida qozilar bo‘yniga xoch taqtirishgacha borildi. Oʻsha davr ahvolini Muhammadali xalfa Sobir o‘g‘li (Dukchi eshon) xalqqa qarata o‘z „Xitobnoma“si (1898) da yaxshi bayon qilgan. Millat istiqbolini o‘ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari - hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uygʻotish - siyosiy-maʼrifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun o‘ziga qulay zamin topdi. Jadidlar orasidan yetuk olimlar, sanoat va ziroatchilik sohalarining zamonaviy bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod va o‘z vatanlarini mustaqil ko‘rishni orzu qildilar va shu yo‘lda kurashdilar. Turkistonda jadidchilik harakatini vujudga keltiruvchilar tepasida Mahmudxoʻja Behbudiy, Abduqodir Shukuriy (Shakuriy), Ajziy (Samarqand), Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Majid Qori Qodiriy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (Ubaydulla Xo‘jayev), Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov (Toshkent), Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev, Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev, Abdulvohid Burhonov, Sadriddin Ayniy, Abdulqodir Muhiddinov (Buxoro), Obidjon Mahmudov, Hamza, Cho‘lpon, Is’hoqxon Ibrat, Muhammadsharif So‘fizoda (Farg‘ona vodiysi), Boltihoji Sultonov, Rahmonberdi Madazimov, Fozilbek Qosimbekov (O‘sh uyezdi), Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salimov (Xorazm) turardi. 1904—1905-yillardagi rus-yapon urushi, 1905—1907- yillarda bo‘lgan 1- rus inqilobi, 1905—1911-yillardagi Eron inqilobi, 1908-yil Turkiyada bo‘lgan Yosh turklar inqilobi jadidlar dunyoqarashiga kuchli taʼsir koʻrsatdi. Jadidlar o‘z gazeta va jurnallari, yangi usul maktablari, turli kutubxona va qiroatxonalar, havaskor teatr gruppalari tevaragida to‘planishar edi. Foydalanilgan adabiyotlar Davronov Z., Shermuhamedova N, Qahharova M, Nurmatova M, Husanov B, Sultonova A. Falsafa. -Toshkent: TMU, 2019 Jalilov B, Dinshunoslik. –Toshkent: 2019 Zinovev A. Logika. Moskva, MGU, 2006 Izzetova E, Po’latova D. Filosofiya. –Toshkent: Sharqshunoslik, 2012, 340-b. www.ziyonet.uz www.philosophy.ru Download 38.9 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling