1-fasl. Ma’naviy merosimizda bozor iqtisodiga munosabat
Download 23.81 Kb.
|
iqtisod
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tadbirkorning bosh fazilati - farosat.
tadbirkor faoliyatini ma’lum ma’noda shunga o‘xshatish mumkin. Chunki u ham muayyan korxonani tashkil etib, unda turli ixtisosdagi odamlarni yollab ishlatib, ularga maosh berib, tirikchilik o‘tkazishiga yordamlashar ekan, Alloh yuborgan rizqni odamlarga yetkazishda bir vosita vazifasini o‘taydi. Bugungi kun jamiyatida yuzlab ixtisos egalari borki, ularga kimdir ish joyi tayinlab, o‘z malaka va bilimlarini namoyon etishga sharoit yaratmasa, ular na jamiyatga foyda yetkaza oladi, na o‘z oilalari ta’minotini eplaydi. Tadbirkor ayni shu muammoni hal qiluvchi insondir. U jamiyat uchun zarur bo‘lgan bir buyumni ishlab chiqish yoki bir xizmatni bajarishga qaratilgan muayyan amaliy tizimni vujudga keltirib, uni harakatga soladi. Buning uchun mablag‘ topadi, bino ajratadi, asbob-uskuna o‘rnatadi, xomashyo, zaruriy yordamchi vositalar bilan ta’minlab, tayyor ish o‘rinlari hosil qiladi. Natijada ham ehtiyojmandlarning ishi bitadi, ham insonlar turmush kechirish uchun vositaga ega bo‘ladilar. Albatta, tadbirkor ham orada behuda ovora bo‘lib qola bermaydi, u o‘zi tashkil etgan ishning unumiga qarab, muayyan moddiy manfaatlarni qo‘lga kiritadi. Xullas, tadbirkor o‘z faoliyati bilan jamiyatga har tomonlama naf yetkazib, uning takomiliga hissa qo‘shadi. Agar siyosiy arbob, davlat xizmatchisi jamiyat hayotining siyosiy jihatdan mustahkamlanuvi va rivojiga ulush qo‘shsa, tadbirkor jamiyat hayotida iqtisodiy sohaning tashkilotchisidir. U bevosita yaratuvchilik mehnati bilan shug‘ullanmasa ham, ana shu yaratuvchilik mehnati bilan shug‘ullanuvchilarga sharoit tayyorlab beradi va ular yaratgan narsalarning o‘zaro almashinuvini ta’minlaydi.
Ilm va insof, riyozat va farosat bugungi kun tadbirkorlarining asosiy ma’naviy fazilatlari bo‘lishi lozim. Tadbirkorning bosh fazilati - farosat. Farosat bo‘lmasa tadbirkorlikka urinish behuda ovoragarchilikdir. Farosat nima? Farosat, avvalo, o‘zingni anglash, o‘z holingni to‘g‘ri idrok etishdir. Ikkinchidan, o‘zgani tushunish, o‘zgalarning ehtiyoji, xohishi, imkoni haqida to‘g‘ri tasavvur hosil qila bilishdir. Qolaversa, farosat - voqelikni asliga muvofiq idrok etish, unga to‘g‘ri munosabat hosil qila bilmoqlik, nafaqat tushunish, balki voqelik talabiga muvofiq tadbir ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq eta bilish hamdir. Bu farosatning amaliy tarafini ba’zan alohida nom bilan uddaburonlik yoki tadbirkorlik ham deyishadi. Bizda “uddaburon” so‘zi biroz salbiy munosabatga ishora etadi. Darhaqiqat, ustomonlik va uddaburonlikning yaqinlashib ketgan o‘rinlari yo‘q emas. Ammo farosat yetishmagan joyda uddaburonlik birovni aldab o‘tish yo‘lini izlay boshlasa, undan tovlamachilikning hidi kela boshlaydi. Bunday ustomonlik jinoyat sari yetaklovchi tamoyil bo‘lib, sarmoyani xatarga qo‘yishdan boshqa natija bermaydi. Ustomonlik - shayton vasvasasidir, farosat - Allohning inoyati. Shayton vasvasasi 1-2 marta omad keltirib, insonning ko‘zini shira bostiradi, so‘ng uni halokatga yetaklaydi. Farosat insonga doimiy obodlik keltiradi. Tadbirkorning fazilat va qusurlari uning kelib chiqishi bilan bog‘liq. Bugungi yuksak rivojlangan bozor iqtisodi tizimi asrlar davomida mukammallashib borgan ibtidoiy bozor xo‘jaligidan o‘sib chiqqanidek, shunga yarasha bugungi tadbirkorning xislatlari ham ibtidoiy tovar ishlab chiqaruvchining sifatlarini muayyan miqyosda va tadrijiylikda aks ettiradi. Ma’lumki, hunar ahlining ikki qiyofasi bor: biri jamiyat uchun zarur ashyoni yaratishda namoyon bo‘lsa, ikkinchisi yasagan buyumini bozorda pullashda ko‘rinadi. Agar kosibning yaratuvchiligi faqat moddiy ehtiyojlarni qondirish uchun zaruratan ijro etilsa va u o‘z insonlik mohiyatini, binobarin, Haqni anglab yetmagan bo‘lsa, uni bozor foyda izlashga o‘rgatadi, olibsotarlikka, o‘zgalarning soddaligi va halolligidan foydalanib, imkon boricha o‘z o‘chog‘iga kul tortishga odatlantiradi. Navoiy haqiqiy savdogarni (tijorat ahli) olib sotarlardan farq qiladi. Savdogar halol rizq topaman deb uzoq, mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tadi, ya’ni u inson jamoalari aro iqtisodiy munosabatlarning tashkilotchisidir. Bir yurtdagi ma’lum ashyolarning ortiqcha serobgarchiligi va qadrsizligi oldini olib, o‘zga yurtdagi kamyobgarchilikka barham beradi, iqtisodiy muvozanatni ta’minlaydi. Bu kasbning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari va zavqlari bor. Ammo tojir boshida “birni yuz qilish savdosi va bo‘zni shoyiga aylantirish tamannosi”1[130] bor. Shahar olibsotarlarida esa ushbu xirs butkul insof o‘rnini egallab olgan. Demak, hunarmand yaratuvchiligini unutsa va savdogar o‘z ijtimoiy vazifasini ado qilmasa, har ikkisi ham bozor tovlamachisiga aylanadi. Yangi davrga kelib hunarmand va savdogar yangi jihatlar kasb etdi va sarmoyador bilan ishchiga aylandi. Ishni tashkil etish sarmoya egasining vazifasi, tayyor ish qurollarida tayyor xomashyoni qayta ishlash ishchining vazifasi bo‘lib qoldi. Albatta, X1X asr Yevropasidagi sobiq savdogar hanuz “birni yuz qilish” kayfiyatini saqlab qolgan va ishchiga oz haq berib, o‘zi ko‘p foyda olish harakatidan qaytmagan edi. Ammo ishchilar ham bu davrda asta-sekin o‘z haqlarini tanib, birlasha boshladilar va sarmoya egasining xudbinligiga qarshi o‘z kurash usullarini ishlab chiqdilar. Asli bozor munosabatlari hukmronligi ham insoniyatning kamolot sari intilishida bir bosqich, ya’ni jamiyatni tashkil etishda harbiy va siyosiy zo‘rlik ishlatish usulidan iqtisodiy munosabatlar yo‘liga o‘tish bosqichidir. Bozor har bir insonni hushyorlikka, fursatni behuda o‘tkazmaslikka o‘rgatadi. Ammo agar jamiyatdagi turli toifalar o‘zligini anglab yetmagan bo‘lsalar, bozor korchalonlarining tanho hukmronligi insoniyatni razolatdan qutqarmaydi, tabiatni esa halokat sari eltishi mumkin. Buni unutmasligimiz kerak. Shu jihatdan qaraganda, ajdodlarimiz bizga qoldirgan tabarruk meros - futuvva axloqi - yaratuvchilik mehnatini ruhiy kamolot bilan uyg‘unlashtirib, inson tabiatidagi moddiy va ma’naviy jihatlar mavzunligini ta’minlashga qaratilgani bilan ibratga sazovordir. Manfaatlar to‘qnashuvi, raqobat bozor iqtisodi uchun xos narsa. Ammo raqobatni kurashdan farqlash kerak. Agar raqobatni kurash deb tushunib, uni faqat raqibni moliyaviy sindirish yo‘llarini izlash sifatida talqin etilsa, tadbirkorlarning raqobati bir-biriga ziyon yetkazish, ishidan ishkal chiqarishga qaratilsa, bunday yondoshuv nizo va buzg‘unchilikka, millat va jamiyatning zarariga qarab yuradi. Agar raqobat deganda bir-biridan sifatliroq, xaridorgirroq, o‘zgalar molidan arzonroq, inson ehtiyojiga yaroqliroq buyum, mahsulot chiqarish orqali bozorda oldingi o‘rinlarni egallashga intilish, buning uchun yangi texnologiyalar, unumli ish usullarini izlash yo‘lidan borish tushunilsa, ya’ni u ijobiy va ijodiy yo‘nalish kasb etsa, jamiyat farovonligi, inson kamolotiga xizmat qiladi. Biz musulmon farzandimiz, Allohning adolatiga imonimiz komil. Har kim ekkanini o‘radi, birovga qilinadigan yaxshilik ham, yomonlik ham bir kun albatta insonning o‘ziga qaytadi, deb ishonamiz. Birov foyda ko‘rishi uchun, albatta, ikkinchi odam zarar ko‘rishi shart emas. Bizda hozir shunday tadbirkorlar yetishib chiqmoqdalarki, ular aqli, salohiyati, mehnati bilan o‘ziga ham, boshqalarga ham manfaat keltirmoqdalar. Tadbirkor ma’naviyati haqida aytilganlarga xulosa qiladigan bo‘lsak, ikki ma’naviy tushunchaning yetakchi o‘rin tutishi ma’lum bo‘ladi. Bularning biri "farosat" bo‘lsa, ikkinchisi “qadr”. Keltirilgan mulohazalarni umumlashtirib, aytilsa, farosat - voqelikni asliga muvofiq idrok etib, unga to‘g‘ri munosabat hosil qila bilmoq, shu bilan birga voqelik talabiga muvofiq tadbir ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq eta bilishdir. Inson o‘z qadrini iqtisodiy maydonda o‘lchar ekan, talab va taklif uyg‘unligini hisobga olmog‘iga to‘g‘ri keladi. Uning ilmi, malakasi kim uchun va qay darajada zarur - mana shu masala uning iqtisodiy maydondagi qadrini belgilaydi. Tadbirkorning farosati yorug‘ olamdagi har bir inson, ashyo va mavjudotlar qadrini, jumladan, o‘zi va o‘zgalar qadrini, amaliy sharoitda, muayyan makon va zamonda aniq o‘lchovlarda anglab yeta bilishi, shunga muvofiq tadbirlar tizimi ishlab chiqib, uni hayotga tatbiq eta bilishda namoyon bo‘ladi. Shu qobiliyatni aql va bilim bilanmi, tabiiy salohiyat tufaylimi amalda isbot eta olgan odam haqiqiy tadbirkordir, va shu yo‘l bilan jamiyatga nafi tekkan odamning noni halol, amali xayrlidir. 1[130]Алишер Навоий.Мукаммал асарлар тўплами.14-жилд,1998, с. 34 Download 23.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling