1-fasl. Ma’naviy merosimizda bozor iqtisodiga munosabat
Download 23.81 Kb.
|
iqtisod
- Bu sahifa navigatsiya:
- , ibtidoiy bozor iqtisodi
Bozor iqtisodi va ma’naviyat. Tadbirkorning bosh ma’naviy fazilati 1-fasl. Ma’naviy merosimizda bozor iqtisodiga munosabat Inson farishta emas. U moddiy vujud sifatida yaratilgan. Shunday ekan, uning inkor etib bo‘lmaydigan moddiy ehtiyojlari atrof- tabiat va o‘zga mavjudotlar bilan doimiy amaliy munosabatlarni taqozo qiladi. Iqtisod ayni shu inson jismining moddiy voqelik bilan amaliy munosabatlariga oiddir. Insonning tabiatga munosabati iqtisodning asosini tashkil etadi, dedik, ammo bugungi kunda har bir inson o‘z moddiy ehtiyojlarini qondirish uchun faqat tabiat bilan emas, balki o‘zga insonlar bilan ham turli munosabatlarga kirishadi. Bunday munosabatlarni, maqsad yo‘nalishidan kelib chiqib, iqtisodiy munosabatlar deb ataymiz. Ularning tagzaminida mulk tushunchasi, talab va taklif nisbati asosiy nuqtalardan hisoblanadi. Insonlar jamoasida iqtisodiy munosabatlarning turli daraja va yo‘nalishlarini kuzatish mumkin: 1. Agar moddiy ehtiyojlarni qondirishda har bir inson tabiat bilan bevosita amaliy munosabatga kirishib, o‘z aqli, malakasi, mehnati vositasida rizq topsa, bu ibtidoiy (natural) xo‘jalik bo‘ladi. Hayotda bunday xo‘jalik usuli sof holda juda kam uchraydi, faqat badiiy adabiyotdagi Hayy ibn Yaqzon, Robinzon Kruzo faoliyatlari uning yaqqol namunasidir. Odatda ibtidoiy xo‘jalik kamida oila miqyosida faoliyat olib boradi. 2. Agar har bir mustaqil xo‘jalik bir turda yoki yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarib, so‘ng bozorda uni boshqa mahsulotlarga almashsa, ibtidoiy bozor iqtisodi vujudga keladi. 3. Agar barcha mulk davlatga qarashli bo‘lib, barcha ishlab chiqarish va taqsimot davlat ixtiyorida bo‘lsa, total (yalpi) davlat iqtisodi vujudga keladi. Bu juda qadim utopiya (xom xayol) asosida sobiq SSSR da zo‘rlik bilan shakllantirilgan va zo‘rlik bilan ushlab turilgan iqtisodiy tuzum 70 yil ichida butkul yaroqsizligini isbot qildi. 4. Bugungi kunda butun dunyoda yetakchi mavqeda bo‘lgan rivojlangan bozor iqtisodi tizimi yuqoridagi jo‘n shakllardan farq qilib, murakkab ko‘rinishga ega. Jahondagi iqtisodga oid ilmlar asosan ana shu rivojlangan bozor iqtisodiga taalluqli muammolar bilan shug‘ullanadi. Haqiqiy bozor iqtisodiy adolatdir. Chunki unda hech kim o‘z qarashlarini birovga zo‘rlik bilan o‘tkaza olmaydi. Burjua sinfining diktaturasi (mutlaq istibdodi) haqiqiy bozor emas, balki iqtisodiy zo‘ravonlikdir. “Yovvoyi bozor” (“dikiy kapitalizm”) mutlaqo orzu qiladigan narsa emas. U ham insoniyat uchun bir sinov bosqichidir. Insoniyatning katta bir qismini 70 yil davomida “sosialistik umumxalq mulki”ga sadoqat ruhida “qayta tarbiya qilishga” urinishgan bo‘lishlariga qaramay, o‘zbek xalqi, o‘lkamiz xalqlari bozorni unutmadi, chunki bozor munosabatlari milliy ma’naviyatimizning necha ming yillik qadriyatlaridan bo‘lib kelgan. Bozor insonni o‘z-o‘zini qadrlashga o‘rgatadi, muomala odobiga o‘rgatadi, o‘zga mehnatining qadriga yetishga o‘rgatadi. Bizga yaqingacha “ta’lim” berganlaridek, bozor tovlamachilar, “spekulyantlar” makoni emas, balki ibrat va tarbiya maktabidir. Bozor aylangan kishi ona-yer, tabiatimiz saxovatini ko‘rib, Vatanga mehr tuyg‘ulari qalbini to‘ldiradi. Albatta, buni his etish uchun ham inson ma’naviy kamolotining ma’lum darajasi talab etiladi. Dehqonning, hunar egasining mehnati va bardoshiga, mahorati va didiga bozor aylanganda, bir yaxshi narsa xarid etganda baho beramiz, tasanno aytamiz. Didsizlik, uquvsizlik, o‘z ishiga e’tiborsizlik bozorda darhol o‘zini oshkor etadi. Demak, bozor va ma’naviyat aslo zid tushunchalar emas. Biz bozor iqtisodiga asoslangan jamiyat qurmoqchi ekanmiz, ayni o‘z milliy an’ana va qadriyatlarimizga qaytgan bo‘lamiz, kelajak sari ularga tayanib olg‘a siljiymiz. Albatta, bu yangi tizim shundayicha oldingi asrlarni qaytarish bo‘lmaydi, XX asrning jahon taraqqiyoti erishgan barcha yutuqlaridan ijodiy foydalaniladi, ammo hech bir o‘rinda ko‘r-ko‘rona nusxa ko‘chirish naf keltirmasligini ham unutmaslik lozim. Bu mavzuda ham qadr masalasiga yana bir qaytishga to‘g‘ri keladi. Qadr tushunchasi iqtisod yo‘nalishida qiymat, baho tarzida namoyon bo‘lib, sof iqtisodiy mazmun kasb etadi. Bu yerda endi har bir insonning salohiyati, iste’dodi, malaka va uquvlari, bilimi o‘z muayyan va aniq qiymatiga ega bo‘ladi. Inson o‘z yaratuvchilik mehnatining natijasiga qarab, u yaratgan moddiy yoki ma’naviy boylik o‘zgalar uchun qanchalik muhim va zarur ekanligi, qanchalik sifatli va zamon talablariga javob bera olishi, boshqa turli jihatlari asosida muayyan daromadga ega bo‘ladi, jamiyatda muayyan obro‘, ehtiromga, muayyan mavqe va maqomga sazovor bo‘ladi. Shunday qilib, iqtisod sohasida moddiy qadrlanish doimo inson imkoniyatlarining amalga qanday tatbiq etilishi bilan bog‘liq. Download 23.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling