1-fasl. Ma’naviy merosimizda bozor iqtisodiga munosabat


-fasl. Bozor va ma’naviyat


Download 23.81 Kb.
bet2/6
Sana11.09.2023
Hajmi23.81 Kb.
#1675900
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
iqtisod

2-fasl. Bozor va ma’naviyat.
Endi bozor va ma’naviyat nisbatining o‘zaro bog‘liq ikki alohida jihatini ko‘rib chiqaylik. Birinchisi – bozor ma’naviyati masalasi. Biz bozor ma’naviyati deganda, birinchi navbatda, insof va diyonatni insonlar ko‘nglida qayta uyg‘otish zaruratini anglaymiz. Insof va diyonat, halollik, xaridorga munosabatda samimiylik va hilm (yumshoq muomala, halimlik) xaridor ko‘nglini topishga intilish, uning ehtiyojlarini tushunish - tadbirkor sarmoyasiga Allohning barakatini yog‘diruvchi ma’naviy fazilatlardir. Xaridor haqqiga xiyonat, tovlamachilik - hech qachon bozorga aralashgan odamga omad keltirgan emas. Buni bizning ajdodlarimiz yaxshi bilganlar.
Bugungi jahon bozorining muhim jihati - uning ilmiy asosga qo‘yilganligidir. Marketing fani, ya’ni bozorni o‘rganish ilmi ilgari asosan savdogar yo kosibning farosatiga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, bugun jiddiy tadqiqotlar asosiga tayanmoqda. Ilgari bir mintaqani qamragan bo‘lsa, bugun jahon miqyosida yaxlit fikrlashni taqozo qilmoqda. Demak, bozor va ma’naviyat turli nuqtalarda tutashuv hosil qilmoqda. Ularning biri e’tiqod bo‘lsa, ikkinchisi - ilm. Yana biri farosat bo‘lsa, boshqasi - insonni tushunish. Bizga marksizm olabo‘ji qilib ko‘rsatgan tuzum bugungi kun nuqtai nazaridan yondoshganda - axlatxona. Har sohada ham chiqindilar bo‘ladi, shu jumladan, bozorda ham. O‘sha barcha chiqindini bir joyga uyib tashlasa, iflos va ko‘rimsiz bir uyum hosil bo‘ladi, ana shuni bizga kapitalizm deb ro‘baro‘ qilib kelishdi. Vaholanki, “sosializm” deb atalgan totalitar tuzumdagi qabohatlardan tashkil topgan butun boshli “arxipelag” lar mavjud bo‘lganligi endi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lib qoldi.
Dastlabki “kapitalizm”da ba’zilar nochor yashagan bo‘lsa, “kommunizmning birinchi bosqichi”da millionlab begunoh odamlar ochlikdan qirilib ketdi. Yolg‘on g‘oyalar uchun uka akani o‘ldirgani, bola otasini sotgani alohida masala. Aslini olgan-da na “kapitalizm”, na “sosializm” insoniyatga baxt keltirmaydi. Asosiy masala inson ma’naviyatida. Chunki ma’naviyat avvalo me’yor, u uyg‘unlikni ta’minlaydi. Xususiy mulkning yagona hukmronligi ham, uning butkul taqiqlanishi ham me’yorning buzilishiga olib keladi, demak, hayotdagi uyg‘unlikni buzadi. Bugungi bozor e’tiqod, ilm, riyozat, mehr uyg‘unligi tomon ketmoqda. E’tiqod bozorda insof ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. “Tesha bo‘lmagin, arra bo‘lgin”,- deydi Amir Xusrav. Chunki tesha doim o‘zi tomonga chopadi, payraha faqat chopayotgan kishi tarafga to‘planadi. Arra ikki tarafga borib keladi, qipiq ham ikki tarafga barobar to‘kiladi. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi”,- deydi xalqimiz. “Faqat o‘zim bo‘lay”, degan odam uzoqqa bormaydi. “Insof sari baraka” - ma’naviyatini yo‘qotmagan millatning bozoridagi bosh qonundir.
Bugungi kunda biz ba’zi joylardagi kabi bir qirdan ikkinchi qirga sakrashga urinmay, insof va diyonatni saqlagan holda, qadim milliy an’analarimizning eng ilg‘or jihatlariga tayanib, farosatli, insofli, ilmiy asosga qo‘yilgan, jahondagi eng ilg‘or tamoyillarga muvofiq keluvchi bozor iqtisodi sari intilib borayotirmiz. Albatta, xatolar ham ko‘p, ammo beayb parvardigor deydilar, niyat xolis bo‘lsa, natija yomon bo‘lmas.

Download 23.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling