1979 yilda (Mao Tszedunning o‘limidan so‘ng) «Islohot va ochiqlik siyosati» e’lon qilindi.
Xitoyni qiyin ahvoldan chiqarib olgan (va keyingi olamshumul rivojini ta’minlagan) bu siyosatning e’lon qilinishiga nima sabab bo‘ldi?
1978 yilning dekabr oyi. Xitoyning Anxuey viloyatidagi Syaogang nomli qishloq. Qishloqda 21ta oila yashaydi. Boshqa qishloqlar kabi bu yerda ham ocharchilik hukm surmoqda. Shunda qishloq faollari tajriba o‘tkazishadi: jamoa bo‘lib ishlatilayotgan umumiy yerlarni o‘sha 21 oilaga bo‘lib berishga qaror qilishadi – har oila o‘ziga biriktirilgan yerida dehqonchilik qilishi uchun. Kichkina qishloqda o‘tkazilgan mazkur kichkina islohot yaxshi natija berdi. «Demak, yerni oilalarga bo‘lib berish yaxshi ekan», degan xulosaga kelindi.
Bu ijobiy natija xabari Pekinga – Xitoy kommunistik partiyasi rahbarlariga yetib bordi. 1979 yilda kompartiya rahbarlari o‘rtasida turli fikr va qarashlar to‘qnashadi va natijada hamma narsani jamoalashtirish, davlatlashtirish siyosatidan chekinib, qishloqlarda oilaviy dehqon va hunarmandchilik xo‘jaliklarini tiklash, shaxsiy manfaatdorlik omilini kuchaytirish tarafdorlari ustun keladi – islohot o‘tkazishga qaror qilinadi. Chunki ko‘chada ocharchilik hukm surayotgan edi.
Kichkinagina Syaogang qishlog‘i tajribasi dastlab Xitoyning bir viloyatida sinab ko‘rilib, yaxshi natijaga guvoh bo‘lingandan keyin uni butun Xitoy miqyosida qo‘llashga kirishiladi. Ortiqcha shovqin ko‘tarmasdan 180 million oilaga avvalida 1-3 yilga, keyin 50 yil va undan uzoq muddatga ijaraga yer ajratib beriladi. Bunaqa islohotga qarshi bo‘lgan mahalliy rahbarlar esa ishdan olindi. Chunki 180 million oila iqtisodiy faol qatlamga aylanayotgan edi. Aynan shu omil barchasidan yuqori qo‘yildi. Xalqqa bu islohot ma’qul keldi, chunki u voqelikka mos edi.
Saldan keyin «dehqon xo‘jaliklari mas’uliyati siyosati» deb nom olgan tadbirlar amalga oshirildi. Bu tadbirlar doirasida dehqonlar o‘zi yetishtirgan mahsulotning bir qismini erkin narxda sotishi mumkin qilindi. Qishloqlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorlari vujudga keldi. Biroq bu boshlanishi edi.
1981 yilga kelib, 98 foiz ekin yerlari dehqon oilalari tasarrufida edi. Xitoy Konstitutsiyasida fuqarolarning xususiy mulkchilik huquqlari biriktirildi, bu ham qishloqlarda xususiy tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ldi.
Dehqonlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, o‘z ixtiyorlari bilan (yuqoridan buyruq bo‘lgani uchun emas), kichik kooperativlarga, keyin esa assotsiatsiyalarga va katta kooperativlarga birlasha boshlashdi. 1985 yilda Xitoy o‘zining ko‘p sonli aholisini to‘yg‘azib, don eksport qila boshladi. Xitoy rahbari Den Syaopin «Birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi» degan siyosatni e’lon qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |