1. Investitsiya tushunchasi, mohiyati, turlari Investitsiya faoliyati subyektlari va ishtirokchilari


Download 80.13 Kb.
bet1/2
Sana20.10.2023
Hajmi80.13 Kb.
#1712428
  1   2
Bog'liq
04.05.2023


Mavzu. INVESTITSIYA VA TASHQI IQTISODIY FAOLIYATNI HUQUQIY
TARTIBGA SOLISH

REJA.
1. Investitsiya tushunchasi, mohiyati, turlari
2. Investitsiya faoliyati subyektlari va ishtirokchilari
3. Investitsiya rejimi: milliy va eng qulay rejim
4. Investitsiya obyektlari va loyihalari
5. Investitsiya faoliyati shartnomalari

Mavzu. INVESTITSIYA VA TASHQI IQTISODIY FAOLIYATNI HUQUQIY


TARTIBGA SOLISH
Investitsiyalar har doim tadbirkorlikni faol rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan.
Mamlakatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu sababli ham 2019-yilni yurtimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” sifatida e’lon qilingani bejiz emas. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, faol investitsiyalar – bu yangi ish o‘rinlarini yaratishga kiritilgan investitsiyalar, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga kiritilgan investitsiyalar, yangi ilg‘or
texnika-tegnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etiladigan investitsiyalardir.
Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga, hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mu taxassislar kirib keladi, tadbirkorlik jadal rivojlanadi.
Investitsiya tushunchasi, uning mohiyati turli qonun hujjatlarida, yuridik adabiyotlarda va olimlarning ilmiy izlanishlarida aks etib kelgan.
Investitsiya bu qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirk orlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy ne’matlar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellectual mulkka bo‘lgan huquqlar, shuningdek, reinvestitsiyalardir.
Reinvestitsiya esa – bu investitsiyalardan olingan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqi, texnik yordam, texnik xizmat ko‘rsatish uchun to‘lovlar hamda boshqa shakldagi mukofotlar.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiliga muvofiq investitsiyalar mo‘ljallangan obyektiga ko‘ra kapital, innovatsiya va ijtimoiy investitsiyalarga bo‘linadi.
Kapital investitsiyalarga asosiy fondlarni vujudga keltirish va takror ishlab chiqarishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiyalashga, rekonstruktsiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek , moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
Innovatsiya investitsiyalariga yangi yoki takomillashtirilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni), ishlab chiqarish jarayonini, tadbirkorlik faoliyatini yuritishda yangi marketing uslubini yoki tashkiliy uslubni ishlab chiqish va o‘zlashtirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi.
Ijtimoiy investitsiyalarga inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini oshirishga, shuningdek, nomoddiy ne’matlarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kiradi. Shuningdek, investitsiyalar boshqa talablarga muvofiq ham turlarga bo‘linadi: markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan investitsiyalar.
Markazlashtirilgan investitsiyalar odatda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari mablag‘lari hisobidan, Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida chet
el investitsiyalari va kreditlarni, zayomlarni jalb etish hisobidan amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni boshqarish davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi. Bu turdagi investitsiyalar asosan mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarida davlat maqsadli dasturlarini ro‘yobga chiqarishga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida ajratiladi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qilinadi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar esa o‘z o‘rnida investorning o‘z mablag‘lari, banklarning kreditlari, shu jumladan chet el banklaridan Oʻzbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan kreditlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyalari asosida olib boriladi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq investitsiyalarni amalga oshirish shakllari belgilab o‘tilgan bo‘lib, ular odatda quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
yuridik shaxslarni tashkil etish yoki ularning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushli ishtirok etish, shu jumladan mol-mulk va aksiyalar olish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni, shu jumladan qarz majburiyatlarini olish;
konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo‘lgan konsessiyalarni olish;
qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqini, shu jumladan intellectual mulk obyektlariga, shuningdek, savdo obyektlari va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlariga, ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, mulk huquqini olish;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish (shu jumladan, ijara asosida) huquqini olish.
Investitsiya faoliyati subyektlari qoida tariqasida investorlar va investitsiya faoliyati ishtirokchilari bo‘lishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari (jismoniy shaxslar), Oʻzbekiston Respublikasi
rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, chet el davlatlari, chet el davlatlarining ma’muriy yoki hududiy organlari, xalqaro tashkilotlar hamda chet ellik yuridik shaxslar va fuqarolar, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham investitsiya faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin.
Investorlar qonun hujjatlariga muvofiq buyurtmachi (mablag‘ kirituvchi), kreditor, sotib oluvchi sifatida ish yuritishi, shuningdek, investitsiya faoliyati ishtirokchisi vazifalarini bajarishi mumkin.
Investitsiya faoliyati ishtirokchilari investor bilan tuzilgan shartnoma asosida investorning buyurtmasini bajaruvchi sifatida ish yuritadi.
Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xususiylashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishda to‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, shuningdek, xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy himoya va kafolatlarni ta’minlanmoqda.
To‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etadigan va iqtisodiyotning tarmoqlari (yengil sanoat, ipakchilik sanoati, qurilish materiallari sanoati, oziq-ovqat sanoati, turizm va boshqalar) boʻyicha ishlab chiqarishga (xizmatlar ko‘rsatishga) ixtisoslashtirilgan korxonalar
yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lashdan, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilinadi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalar hajmi quyidagicha bo‘lganda mazkur soliq imtiyozlari beriladi:
300 ming AQSH dollaridan 3 million AQSH dollarigacha – 3 yil muddatga;
3 milliondan ortiq AQSH dollaridan 10 million AQSH dollarigacha – 5 yil muddatga;
10 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lganda – 7 yil muddatga.
Shuningdek, soliq imtiyozlari quyidagi shartlar asosida qo‘llanilishi belgilangan:
ko‘rsatib o‘tilgan korxonalarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan tashqari respublikaning barcha shaharlari va aholi yashash joylarida joylashtirganda;
xorijiy investorlar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni Oʻzbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirganda;
korxonaning ustav kapitalida xorijiy ishtirokchilarning ulush i kamida 33 foizni, aksiyadorlik jamiyatlari uchun esa kamida 15 foizni tashkil etsa;
xorijiy investitsiyalarni erkin almashtiriladigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik uskuna tarzida qo‘ysa;
mazkur imtiyozlarning qo‘llanish muddati daʼvomida imtiyozlardan olingan daromadning kamida 50 foizini korxonani yanada rivojlantirish maqsadida qayta investitsiyalashga yo‘naltirsa.
2018-yildan boshlab mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlarning bu boradagi davlat siyosatining izchilligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va investorlar bilan ishlashda davlat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirish maqsadida insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik subyektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy
kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi.
Shu bilan birga, insofli investor va tadbirkorlik subyektining qonuniy manfaatlariga davlat organi (mansabdor shaxs)ning ma’muriy hujjati daxldor bo‘lsa, uni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi.
Oʻzbekistonda investitsiya faoliyati va chet el investitsiyalarini jalb qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bazasi yetarlicha shakllantirilgan bo‘lib, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni maxsus qonun hujjatlari va umumiy xarakterdagi hujjatlarga hamda qonunosti me’yoriy hujjatlarga ajratgan holda qayd etish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi (2014-yil 9-dekabr),
“Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi (1998-yil 30-aprel), “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilis h choralari to‘g‘risida”gi, (1998-yil 30-aprel), “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi (1996-yil
25-aprel`), “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”gi (2015 -yil 25-avgust), “Konsessiyalar to‘g‘risida”gi (1995-yil 30-aprel), “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida”gi (2001-yil 7-dekabr`) “Metsenatlik to‘g‘risida”gi (2019-yil 16-oktabr) qonunlar va boshqa yuzdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlardan tashkil topadi.
Mamlakatimizda investitsiya faoliyati sohasini tartibga solishga qaratilgan so‘ngi yillarda qabul qilingan qonunosti huquqiy hujjatlar ham yetarlicha. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2019-yil 10-oktabrdagi “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5848-son farmoni bilan ijtimoiy investitsiyalaring huquqiy asoslari shakllantirib berildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan
yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5495-son farmoni bilan investorlarga bir qator yangi imkoniyatlar berildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi “To‘g‘ridan to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi PF–3554-son farmoni; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2014-yil 19-sentabrdagi “Axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish to‘g‘risida”gi qarorini va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 2-avgustdagi 180-son qarori bilan tasdiqlangan “Chet ellik investorlar
huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 3-moddasi to‘rtinchi qismida belgilangan kafolatlarni qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi nizomi va “Istiqbolli investitsiya takliflarini kelishish mexanizmini hamda xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4-avgustdagi qarori va boshqalar asosida tartibga solinadi.
Investitsiya faoliyatining markaziy figurasi investor, ya’ni sarmoyador hisoblanadi. Shu sababli qonunlarda uning huquqiy maqomi atroflicha batafsil belgilab qo‘yilgan. Investor o‘zining investitsiya, tadbirkorlikfaoliyatini amalga oshirishi davomida quyidagi huquqlarini amalga oshirishi mumkin:
investitsiya kiritish hajmlarini, turlarini, shakllarini va uni amalga oshirish yo‘nalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdolari natijalariga ko‘ra yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
o‘z investitsiyalariga hamda investitsiya faoliyati natijalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin mustaqil va erkin tasarruf etishga;
mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkdan va har qanday mulkiy huquqlardan o‘z zimmasiga olgan barcha turdagi majburiyatlarining, shu jumladan qonun hujjatlariga muvofiq qarz
mablag‘larini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarining ta’minoti sifatida foydalanishga;
o‘z investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda kompensatsiya olishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlarni undirishga haqli.
Qonunchilikka muvofiq investorning majburiyatlari quyidagilar sanaladi:
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash;
investitsiya kiritishi munosabati bilan o‘z zimmasiga olgan shartnoma majburiyatlarini bajarish;
investitsiya loyihalarining sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga rioya etilishiga taalluqli qismi boʻyicha ekspertiza xulosasini olish;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tufayli investitsiya faoliyati ishtirokchisiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yadigan talablarini bajarishi shart.
Investordan farqli ravishda investitsiya faoliyatining ishtirokchisi investitsiya faoliyatini amalga oshirishga ko‘maklashadi. Garchi ishtirokchi tomonidan investitsiya kiritilmasa ham, uning saʼy-harakatlari bilan investitsiya mablag‘lari mol-mulk topshirish, ish bajarish, xizmat ko‘rsatish munosabatlari bilan bog‘liq jarayonlar orqali o‘zining amaliy mujassamini topadi. Investitsiya faoliyati ishtirokchisining to‘g‘ri tanlanishi investitsiya faoliyati samaradorligini ta’minlashda muhim
ahamiyatga ega.
Investitsiya faoliyati ishtirokchisi tanlov (tender) savdolarining ishtirokchisi bo‘lishga, investorlar bilan ularning buyurtmalarini bajarish uchun shartnomalar tuzishga, investor oldidagi o‘z shartnoma
majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb etishga, investitsiya faoliyati obyektining haqiqiy qiymatini pasaytirish natijasida erishilgan tejamni mustaqil ravishda tasarruf etishga haqli.
Ularning majburiyatlari esa qonun hujjatlarida belgilangan texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablariga rioya etishi, shartnomalarni o‘z vaqtida va lozim darajada bajarishi, shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi tufayli investorga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolatlari doirasida qo‘yadigan talablarini bajarishi, mablag‘lardan belgilangan maqsadda foydalanishi, litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishi shart.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, qonunosti hujjatlari va xalqaro hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishda:
investitsiya faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish;
asosiy fondlarning jadal amortizatsiya qilinishi huquqini berish;
texnik jihatdan tartibga solish normalari, qoidalari va talablarini belgilash;
raqobatni qo‘llab-quvvatlash boʻyicha choralarni qo‘llash;
kredit va narx belgilash siyosatini o‘tkazish;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga egalik qilish hamda ulardan foydalanish shartlarini belgilash;
investitsiya loyihalarini ekspertiza qilish mexanizmlarini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan investitsiya loyihalarining ro‘yobga chiqarilishini monitoring qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shuningdek, investitsiya subyekti sifatida davlat investitsiya faoliyatini quyidagi yo‘llar bilan rag‘batlantiradi:
• investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun qulay investitsiya muhitini yaratish;
• investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
• soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, faoliyat turiga va investitsiya hajmlariga qarab har bir alohida holat uchun belgilanadigan muddatlarga preferensiyalar berish;
• erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish;
• xalqaro shartnomalar tuzish.
Turli mamlakatlarda investor uchun belgilangan huquqiy maqom va investitsiya muhiti, uning jozibadorligi va investitsiya oqimini kengaytirish uchun belgilangan iqtisodiy, huquqiy, siyosiy va tashkiliy shart –sharoitlar majmuyini hosil qiladi.
Odatda investitsiya huquqiy rejimi 2 turga bo‘linadi:
1. eng qulay rejim;
2. milliy rejim.
Ba’zi mamlakatlarda, ya’ni Qozog‘istonda chet el va mahalliy investorlar uchun bir xil rejim belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimizda hozirga qadar chet el investorlar uchun eng qulay rejim, mahalliy investorlarga milliy rejim o‘rnatilgan. Kelajakda Oʻzbekistonda ham chet el va mahalliy investorlar uchun bir xil investitsiya rejimini belgilash nazarda tutilmoqda.
Eng qulay rejim darajasidagi shart-sharoitlar investorni rezident yoki norezidentligidan qatʼi nazar, aniq maqsadli, manzilli yo‘naltirish asosida mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalari uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarga belgilanishi mumkin.
Investitsiyaviy munosabatlarda investitsiya rejimi investorlar uchun asosiy kategoriya sanaladi. Investitsiya rejimi to‘g‘risidagi asosiy qoidalar odatda davlatlar o‘rtasidagi investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitim asosida tartibga solinadi. Chunonchi,
mazkur bitimlarda quyidagi holatlar qamrab olinishi lozim:
1. Har bir ahdlashuvchi tomon o‘z hududida boshqa ahdlashuvchi tomonning investorlari amalga oshirgan investitsiyalari uchun, o‘z investorlarining investitsiyalari uchun yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari uchun yaratadi gan rejimdan kam bo‘lmagan eng qulay rejim yaratadi.
2. Har bir ahdlashuvchi tomon o‘z hududida boshqa ahdlashuvchi tomonning investorlariga ularning investitsiyalarini quvvatlash, foydalanish va boshqarish bilan bog‘liq faoliyat borasida o‘z investorlariga yoki istalgan uchinchi davlatning investorlariga yaratadigan rejimdan kam bo‘lmagan eng qulay rejim yaratadi.
3. Har bir ahdlashuvchi tomon o‘zining amaldagi qonunchiligiga muvofiq milliy rejimdan istisno qilish yoki quvvatlash huquqini saqlab qoladi. Har qanday yangi istisno faqat shu istisno kuchga kirgandan so‘ng amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan qo‘llanadi.
4. Mazkur moddaning qoidalari bir ahdlashuvchi tomonni quyidagilar tufayli istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratilgan yoki yara tiladigan imtiyozlarni boshqa ahdlashuvchi tomon investorlariga tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim: Hozirda mavjud bo‘lgan yoki kelgusida tashkil etiladigan har qanday bojxona uyushmasi, erkin savdo zonasi, iqtisodiy uyushma, mintaqaviy integratsion iqtisodiy bitim yoki shu singari xalqaro bitimlardagi ishtirok yoki ikki tomonlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi har qanday xalqaro bitim yoxud butunlay yoki asosan soliqqa tortish tartib-qoidalarini tartibga solib boruvchi boshqa xalqaro bitim.
Investitsiya huquqida investitsiya faoliyati obyektlari hamda resurslari investitsiya faoliyati subyektlari tomonidan amalga oshiriladi. Investitsiya faoliyati obyektlari chegarasi keng sanaladi. Investitsiya faoliyati obyektlari sirasiga qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlari investitsiya faoliyati obyektlaridir.
Ammo barcha faoliyatlar ham investitsiya obyektlari qatoriga mansub emas. Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasiga muvofiq ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi o‘ttiz va undan ortiq foizni tashkil etgan yuridik shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari ta’sis etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Barpo etilishi va foydalanilishi qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura –shaharsozlik talablariga va boshqa talablarga javob bermaydigan, yuridik va jismoni y shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan obyektlarga investitsiya kiritish taqiqlanadi.
Investitsiya resurslari esa, o‘z navbatida, quyidagilar bo‘lishi mumkin:
pul va boshqa moliyaviy mablag‘lar, shu jumladan kreditlar, paylar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar;
ko‘char va ko‘chmas mol-mulk (binolar, inshootlar, uskunalar va boshqa moddiy qimmatliklar) hamda ularga bo‘lgan huquqlar;
intellektual mulk obyektlari, shu jumladan texnikaviy hujjatlar tarzida tuzilgan texnikaga, texnologiyaga, tijoratga oid va boshqa bilimlar, u yoki bu turdagi ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi majmuyi, nou-xau;
yerga va boshqa tabiiy resurslarga, binolarga, inshootlarga, uskunalarga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqi, shuningdek, mulk huquqidan kelib chiquvchi boshqa ashyoviy huquqlar.
Investitsiya resurslariga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qimmatliklar ham kiritilishi mumkin.
Investitsiya loyihasi investitsiyalarni amalga oshirishda va muvafaqqiyatli bo‘lishi uchun muhim. Investitsiya loyihasi – bu iqtisodiy, ijtimoiy naf va boshqa yo‘sindagi naf olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar kompleksi yoki alohida tadbirdir.
Investitsiya loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• loyihalashtirishga texnik topshiriqni ishlab chiqish;
• investitsiya loyihasining loyihalovchisini aniqlash;
• loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
• investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlarni amalga
oshirish texnologiyalarini, uskunalarini va uslublarini aniqlash;
• moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
• investitsiya faoliyati ishtirokchilarini aniqlash;
• investitsiya faoliyati ishtirokchilari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar bilan birgalikda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish hamda kelishib olish, shu jumladan investitsiya loyihasining moliyaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik foydasini baholash;
• investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
• loyihaoldi va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq uskunalarni yetkazib beruvchini aniqlash va pudratchi tashkilotni tanlash;
• investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari tomonidan investitsiya loyihasi boʻyicha qabul qilingan majburiyatlar hamda erishilgan kelishuvlarni bajarish, shu jumladan moliyalashtirishni amalga oshirish, uskunalarni yetkazib berish, montaj qilish hamda ishga tushirish sozlash, qurilish va montaj ishlarini bajarish, investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarishdan olingan foydani taqsimlash;
• investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar tomonidan investitsiya loyihasi ro‘yobga chiqarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi PQ–3550-son qaroriga ilova “Investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini hamda ularni ishlab chiqish uchun texnik topshiriqlarni ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi DUK loyihaoldi va loyiha hujjatlarini, shuningdek, mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq amalga oshiriladigan, moliyalashtirish
manbalaridan qatʼi nazar, strategik foydali qazilmalarni qazib olish yoki qayta ishlashni nazarda tutadigan investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan o‘tkazadi.
Shuningdek, markaz quyidagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar boʻyicha loyihaoldi va loyiha hujjatlarini eksperizadan o‘tkazadi:
• ekvivalenti 100 ming AQSH dollaridan oshadigan summadagi;
• strategik xarid qiluvchi tomonidan, shuningdek, ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) strategik xarid qiluvchi ulushi bo‘lgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladigan 50 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan miqdordan ortiq bo‘lgan miqdordagi tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) davlat tomonidan xarid qilish uchun texnik vazifalarni kompleks ekspertizadan o‘tkazishni amalga oshiradi;
• strategik xarid qiluvchi bilan, shuningdek, ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) strategik xarid qiluvchining ulushi bo‘lgan tashkilotlar bilan tuziladigan 50 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan miqdordan ortiq bo‘lgan miqdordagi barcha kontraktlarni;
• budjet tizimi budjetlari, Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan donor mamlakatlar, xalqaro, hukumatga doir bo‘lgan va hukumatga qarashli bo‘lmagan chet el tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomalari doirasida taqdim etiladigan
chet el grantlari, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlari (qarzlari) (bundan tijorat banklari tomonidan qayta moliyalashtiriladigan kreditlar mustasno) hisobidan davlat organlari, budjet tashkilotlari, xarid
tartib-taomillarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan budjet mablag‘larini oluvchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, shuningdek, ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) 50 foiz va undan ortiq miqdordagi davlat ulushi bilan ishtirok etuvchi davlat korxonalari va yu ridik shaxslar, ustav jamg‘armasining (ustav kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, boshqa yuridik shaxslar bilan tuziladigan ekvivalenti 100 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan miqdordan ortiq bo‘lgan summadagi import kontraktlarini;
• Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlariga kiritilgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan amalga oshiriladigan loyihalarni ro‘yobga chiqarish doirasida, shuningdek , davlat xaridlarini amalga oshirishda tuziladigan 100 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan miqdordan ortiq bo‘lgan summadagi import kontraktlarini ekspertizadan o‘tkazadi va roʻyxatga oladi.
Investitsiya faoliyati shartnomalari mamlakat iqtisodiy potensialini yuksaltirish, ijtimoiy hayotini yaxshilash, huquqiy konstruksiyalarning rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etadi. Investitsiya faoliyati shartnomalarining huquqiy asoslari turli qonun hujjatlarida o‘z aksini topgan. Ba’zi sivilist olimlar tomonidan mazkur xilma-xillikning oldini olish maqsadida investiya faoliyati shartnomalarini tartibga solishdagi munosabatlar Fuqarolik kodeksiga maxsus “Investitsiya shartnomalari” bobi sifatida kiritish masalalari tadqiq etilgan.
Investitsiyalarni amalga oshirish shakllarida investitsiya konsessiyalarni, shu jumladan tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ulardan foydalanishga bo‘lgan konsessiyalarni olish, qonun hujjatlariga muvofiq mulk huquqini, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga, shuningdek, savdo obyektlari va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlariga, ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga, mulk huquqini olish kabi shartnomalar asosida rasmiylashtirilishi mumkinligi belgilab o‘tilgan. Shulardan kelib chiqqan holda investitsiya shartnomalarini quyidagi turlarga bo‘lamiz:
1. Konsessiya shartnomasi;
2. Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar;
3. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi.
Konsessiya shartnomasi
Konsessiyachilik faoliyatida vujudga keladigan huquqiy munosabatlar 1995-yil 30-avgustdagi “Konsessiyalar to‘g‘risida”gi qonun bilan hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlari bilan tartibga solinadi. Konsessiya bu chet ellik investorga xo‘jalik faoliyatining muayyan turi
bilan shug‘ullanish uchun davlat nomidan beriladigan ruxsatnoma bo‘lib, bu faoliyatni amalga oshirish uchun davlat chet ellik investorga konsessiya shartnomasi tuzish asosida mol-mulk, yer va yerosti uchastkalarini topshiradi. Chet ellik investorga mol-mulkni, yer va yerosti uchastkalarini berib qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan xo‘jalik faoliyatining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlab qo‘yilmagan ayrim turlari konsessiya obyektlari bo‘ladi.
Quyidagilar knsessiyaviy huquq munosabatlarining subyektlaridir:
konsessiya organlari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakil qilgan davlat boshqaruvi organi, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari;
Konsessiyachi – konsessiya shartnomasi tuzilgan chet ellik investor.
Davlat konsessiyachiga konsessiyachilik faoliyati bilan bog‘liq mol-mulkka, yer va yerosti uchastkalariga egalik qilish hamda ulardan foydalanish huquqini berib, ularni tasarruf etishdan iborat alohida huquqni o‘zida saqlab qoladi. Konsessiyachining konsessiyachilik faoliyati natijasida olgan mahsuloti va daromadlari konsessiya shartnomasida belgilab qo‘yilgan hajmda uning mulkidir.
Oʻzbekiston Respublikasi konsessiyachidan mahsulot olishda ustun huquqqa ega. Konsessiya xususidagi takliflar konsessiya organlari tomonidan konsessiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi
ucun muhimligiga hamda iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligiga qarab tayyorlanadi va faoliyat turini aniqlashni hamda beriladigan mol –mulkning roʻyxatini o‘z ichiga oladi.
Konsessiyalar tanlov, auksionlar asosida beriladi. Istisno tarzida, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, konsessiyalar konsessiya organi bilan potensial investor o‘rtasida bevosita muzokaralar olib boorish asosida beriladi. Konsessiyalar berishning tanlov yoki auksion usulini konsessiya organi tanlaydi. Konsessiya boʻyicha tanlov, auk sion o‘tkazilishi haqidagi xabar uch oy oldin, alohida hollarda esa besh oy oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, ularni o‘tkazish vaqti va joyi,
shuningdek, buyurtmanomalar berish muddati ko‘rsatiladi.
Tanlovda, auksionda qatnashish uchun buyurtmanomalar potensial konsessiyachilar tomonidan konsessiya organiga yuboriladi. Konsessiya shartnomasi chet ellik investor bilan tegishli konsessiya organi o‘rtasida tuziladi va roʻyxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
Konsessiya shartnomasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
shartnoma nimaga tegishliligi, berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati;
yer va yerosti uchastkalarining makon chegaralari;
konsessiya shartnomasining amal qilish va ishlarning boshlanish muddatlari;
tomonlarning huquqlari va majburiyatlari;
belgilangan soliqlar va boshqa to‘lovlarning miqdori, ularni to‘lash tartibi, muddatlari;
har yilgi investitsiyalarning qatʼiy belgilab qo‘yilgan miqdori hamda ularni solish muddatlari, shuningdek, ishlab chiqilgan biznes-rejaga muvofiq chiqariladigan mahsulot hajmi; atrof-muhitni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borish talablari;
konsessiyachilik faoliyati jarayonida olinadigan axborot borasida tomonlarning haq-huquqlari;
xodimlar yollash, o‘qitish va ish o‘rgatish hamda ularni sug‘urtalashning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan shartlari;
mol-mulk, yer va yerosti uchastkalarini bosqichma-bosqich qaytarib berish tartibi va shartlari;
favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan hodisalarning yuridik, iqtisodiy hamda tashkiliy oqibatlari;
nizolarni hal qilish tartibi, shartnoma shartlarini buzganlik uchun tomonlarning javobgarligi;
tomonlarning moliyaviy kafolatlari, yuridik manzillari hamda bank rekvizitlari;
Konsessiya shartnomasini o‘zgartirish va to‘xtatish shartlari Konsessiya shartnomasiga amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Konsessiya shartnomasi o‘n besh yilgacha muddatga tuziladi. Zarur hollarda Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq shartnoma uzaytirilishi mumkin. Konsessiyachi bilan konsessiya organi o‘rtasidagi nizolar, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va bitimlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlarida ko‘rib chiqilmog‘i kerak.
Konsessiyachilarning o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat korxonalari, jamoat uyushmalari va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslari bilan nizolari, shuningdek, konsessiyachilar o‘rtasidagi nizolar Oʻzbekiston Respublikasining sudlarida, shuningdek, tomonlarning kelishuviga muvofiq chet elda hakamlar va xolislar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Konsessiya shartnomasi tuzgan tomonlar uning bajarilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida va shartnomada ko‘zda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu qonunda ko‘zda tutilganidan boshqacha qoidalar ko‘zda tutilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar Oʻzbekistonda investitsiya
faoliyatiga oid bo‘lgan kelishuvlar ichida eng ko‘p uchraydigan shartnomalardan biri sanaladi. Chunonchi, shu kunga qadar o‘nga yaqin mahsulot taqsimotiga oid bitimlar tuzilgan bo‘lib, shartnomaga ko‘ra ikkinchi tomon sifatida Rossiyaning “Gazprom” (Gazprom), “Lukoil”
(Lukoil Overseas Holding Ltd.) kompaniyalari, XXRning Xitoy milliy petrol korporatsiya (CNPC International LLD)lari qatnashgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kovlab olishga investitsiyalar kiritilganda mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni tuzish, ijro etish va bekor qilish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2001 –yil 7-dekabrda “Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Mahsulot taqsimotiga oid bitim shartnoma hisoblanib, unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi haq olish asosida va muayyan muddatga chet ellik investorga bitimda ko‘rsatilgan yer qa’ri uchastkasida konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kovlab olish hamda shular bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni olib borish uchun mutlaq huquqlar beradi, investor esa mazkur ishlarni o‘z mablag‘lari hisobiga va tavakkal qilib amalga oshirish majburiyatini oladi.
Bitimda quyidagilar nazarda tutilgan bo‘lishi kerak:
1. Investitsiya loyihasining tavsifi va bitim amal qiladigan muddat.
2. Investorga yer qa’ri uchastkalarini foydalanish uchun berish tartibi.
3. Taraflarning huquq va majburiyatlari.
4. Bitimning ijro etilishini birgalikda boshqarish organlari.
5. Ishlarni bajarish, ish dasturlari va budjetlarni ishlab chiqish shartlari.
6. Hisob-kitob yuritish va hisobot berish tartibi.
7. Soliq solish va boshqa to‘lovlar to‘lash shartlari.
8. Xarajatlarni qoplash tartibi va mahsulot taqsimoti shartlari.
9. Investorning ulushini olib chiqib ketish tartibi.
10. Foydaga qolgan mahsulotning o‘ziga tegishli ulushiga baho belgilash masalasida investorning mustaqil ekanligi.
11. Bitimning ijro etilishini nazorat qilish tartibi.
12. Nizolarni hal etish tartibi.
13. Bitimning amal qilishini bekor qilish tartibi.
Bitimda uning xususiyatidan kelib chiquvchi boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin. Bitimda ekologik xavfsizlikka tahdid va boshqa forsmajor holatlar yuzaga kelgan taqdirda berib qo‘yilgan yer qa’ri uchastkalaridan investorning foydalanish huquqi cheklanishi, to‘xtatib turilishi yoki bekor qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoida nazarda tutilgan bo‘lishi shart.
Bitim taraflari sifatida birinchi taraf sifatida Oʻzbekiston Respublikasi, ya’ni uning nomidan bitimda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ ishtirok etsa, ikkinchi taraf sifatida konlarni aniqlash, qidirishga va foydali qazilmalarni kovlab olishga o‘z mablag‘larini, qarzga olgan yoki jalb etgan mablag‘larini (molmulkini va (yoki) mulkiy huquqlarini) kiritayotgan investor qatnashadi.
Mahsulot taqsimoti shartlari asosida foydalanish huquqi beriladigan yer qa’ri uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mahsulot taqsimoti shartlari asosida foydalanishga hali isbotlangan foydali qazilma zaxiralari yo‘q, geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazish uchun katta moliyaviy resurslar, ilg‘or texnologiyalar va texnika jalb etilishini talab qiladigan yer qa’rining istiqbolli uchastkalari beriladi.



Download 80.13 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling