1. iqtisodiyotga kirish


Download 1.03 Mb.
bet14/240
Sana31.01.2024
Hajmi1.03 Mb.
#1828879
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   240
Bog'liq
1. iqtisodiyotga kirish-hozir.org

1.Umumiqtisodiy qonunlar jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida iqtisodiyotning aniq ijtimoiy shaklidan qat’i nazar amal qiluvchi qonunlardir. Bular jumlasiga mehnat taqsimoti, jamg‘arish, mehnat unumdorligining o‘sib borishi, ehtiyojlarning yuksalishi, mehnat turlarining o‘rin almashinuvi kabi qonunlar kiradi.

1.Ayrim iqtisodiy tizimlarga xos qonunlar maxsus qonunlardir. Ular faqat muayyan sotsial-iqtisodiy tizim doirasida amal qiladi. Masalan, talab qonuni, taklif qonuni, me’yoriy naflilik qonuni va shu kabilar.
Barcha iqtisodiy qonunlar bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq, bir-biriga ta’sir etadigan harakat bo‘lib ma’lum ishlab chiqarish munosabatlarining mohiyatini va taraqqiyotini to‘laroq ifodalaydi.


Nazorat va muhokama uchun savollar
1. Iqtisodiyot tushunchasining mazmuni nimadan iborat?
2. Nima uchun inson har doim iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanishi kerak?
3. Iqtisodiy ta’limotlarning doimo yangilanib borishi sababi nimadan iborat?
4. Iqtisodiyot nazariyasi fanining predmeti va obyekti nimadan iborat?
5. Iqtisodiy jarayon va hodisalar qanday usullar yordamida tahlil qilinadi?
6. Iqtisodiy qonunlar nima va ularning qanday turlari mavjud?
7.Iqtisodiy konunlarning iqtisodiy kategoriyalardan farqi nimada namoyon bo‘ladi?
8. Iqtisodiy qonunlar “ obyektiv xarakterga ega” degan tezisni qanday tushunasiz?
9. Ehtiyojlarni to‘xtovsiz o‘sish qonunining mazmunini ochib bering.
10. Makroiqtisodiy tahlil bilan mikroiqtisodiy tahlil o‘rtasidagi farq nimadan iborat?
2. IQTISODIY TIZIM TURLARI

2.1. Ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar va ularning modellari
"Iqtisodiy tizim" boshqa har qanday turdagi tizimlar singari, elementlarining yaxlitligi va birligi bilan tavsiflanadigan ko‘p o‘lchovli majmuadir. Iqtisodiy tizim – bu o‘zaro bog‘liq va tartibga solingan iqtisodiyot tarkibiy qismlarining majmui; ma’lum bir yaxlitlikni, jamiyatning iqtisodiy tuzilishini tashkil etuvchi o‘zaro bog‘liq iqtisodiy elementlar majmui.
Iqtisodiy tizim elementlari o‘zaro bog‘liq, bir-birlarini taqozo etadi, aloqadorlikda bo‘ladi va birgalikda harakat qiladi. Iqtisodiy tizim jamiyatdagi turli xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida iqtisodiy munosabatlar, aloqalar, jarayonlarning bir butun holda, muayyan tarzda tarkib topishi va tartibga solinishini ifodalaydi.
Har bir davrda va makonda amal qilayotgan iktisodiy muno­sabatlar majmuasi iqtisodiyotni tashkil qilish shakllari, xo‘jalik mexanizmi va iqtisodiy muassasalar bilan birgalikda iqti­sodiy tizimni tashkil qiladi. Iqtisodiyot nazariyasida ko‘pincha iqtisodiy tizim tushunchasini ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi bilan bog‘lab turkumlashga harakat qilinadi.5 Ishlab chiqaruvchi kuchlar – ishlab chiqarish vositalari va ularni harakatga keltiruvchi ishchi kuchining birligidan iborat. Tabiat resurslari inson xizmatiga jamiyatning ishlab chiqaruvchi kuchlari orqali qo‘yiladi. U o‘zining tarkibi (mehnat qila olish layoqatiga ega insonlar, ishlab chiqarish vositalari) va vazifalari (insonlarning ehtiyojlarini qondirish) nuqtayi nazaridan barcha iqtisodiy tizimlarda bir xil, rivojlanish darajasi jihatidan esa farq qiladi. Inson ishlab chiqarish jarayonida faqat tabiat bilan emas, balki insonlar bilan ham munosabatga kirishadi, bunday munosabatlar iqtisodiy munosabatlar deyiladi.
Iqtisodiy tizim o‘zining asosiy elementlari - ishlab chiqarish kuchlari va ishlab chiqarish munosabatlaridan tashqari, tabiat, siyosat, huquq, madaniyatni ham o‘z ichiga qamrab oladi, bular iqtisodiy tizimning asosiy elementlari bilan o‘zaro birgalikda harakat qiladilar.6 Iqtisodiy mexanizm - bu iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlovchi va bir-birini taqozo etuvchi vositalar bo‘lib, unga iqtisodiy stimullar (rag‘bat beruvchi kuchlar), ishlab chiqarish, ayirboshlash va iste’molni tashkil etish, iqtisodiy faoliyatning ixtisoslashuvi, iqtisodiy faoliyat kooperatsiyasi va xo‘jalik aloqalarini o‘rnatish usullari kiradi.
Iqtisodiy tizimlar ma’lum davrlarda vujudga keladi, rivojlanadi, boyiydi va yangi nisbatan rivojlangan iqtisodiy tizim bilan almashinadi. Iqtisodiy tizim asosan ishlab chiqarish vositalaridan mulkchilik shakli hamda iqtisodiy faoliyatni boshqarish va muvofiqlashtirish usuli bilan farqlanadi. Shunga qarab iqtisodiy tizimlarning an’anaviy, bozor va ma’muriy -buyruqbozlik turlari farqlanadi.
Sust rivojlangan ko‘pgina mamlakatlarda an’anaviy iqtisodiy tizim mavjud. Unda ishlab chiqarish, daromadlarni taqsimlash avloddan avlodga o‘tib boradigan an’analarga asoslanadi. Texnika taraqqiyoti va yangiliklarni tatbiq etish cheklangan, chunki ular an’analar bilan to‘qnashib, ijtimoiy qurilmaning barqarorligiga xavf soladi. Diniy va madaniy qadriyatlar iqtisodiy faoliyatga nisbatan birlamchi bo‘lib hisoblanadi. Jamiyat oldida turuvchi muammolar o‘sha an’analar va urf - odatlar asosida hal etiladi. Bu tizimni o‘z davrida deyarli barcha mamlakatlar bosib o‘tgan. Zamonaviy mamlakatlarning aksariyati an’anaviy iqtisodiyotning hukmronlik davrini allaqachon bosib o‘tganlar. Hozirgi vaqtda Janubiy-Sharqiy Osiyo va Afrikadagi ayrim mamlakatlarda ushbu turdagi iqtisodiy tizim saqlanib qolgan juda kam sonli davlatlarni kuzatish mumkin. Ushbu mamlakatlar mehnat unumdorligi va texnologiyalarning rivojlanish darajasi pastligi bilan tavsiflanadi. Biroq, u yerda ham zamonaviy texnologiyalar va globallashuv jarayonining ta’siri an’anaviy iqtisodiyot davrining tugashiga tahdid solmoqda. Tarixiy jihatdan olganda mamlakatlar an’anaviy iqtisodiy tizimdan bozor iqtisodiy tizimiga o‘tganlar. Bozor iqtisodiyoti ko‘plab asrlar davomida tarkib topib, shakllanib, takomillashib,hozirgi davrdagi madaniylashgan shaklni olib ko‘pgina mamlakatlarda hukmron iqtisodiy tizimga aylandi. Xususiy mulkchilikning paydo bo‘lishi natijasida ishlab chiqaruvchilarning alohidalashuvi va ijtimoiy mehnat taqsimotining ro‘y berishi natijasida tovar xo‘jaligi vujudga kelgan. Bu jarayon ibtidoiy jamoa tizimining yemirilishi davrda ro‘y bergan. Aslini olganda shu davrdan boshlab bozor iqtisodiyoti kurtaklari shakillangan.
"Ishchi kuchi" tovarga aylangandan so‘ng bozor umumiy xarakterga ega bo‘ladi. Yigirmanchi asrga qadar bozor erkin edi. O‘zini- o‘zi tartibga soluvchi mexanizmga ega, erkin raqobatga va davlatni iqtisodiyotni tartibga solishga aralashmasligiga asoslangan edi.


Bozor iqtisodiyoti - bu erkin tadbirkorlik tamoyillari, ishlab chiqarish vositalariga egalik qilishning xilma-xilligi, bozor narxlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar, subyektlarning iqtisodiy faoliyatiga davlatning cheklangan aralashuvi tamoyillariga asoslangan iqtisodiy tizim.
Bozor iqtisodiyotining tarixiy jihatdan tarkib topgan ikki, ya’ni klassik va hozirgi zamon turlari farqlanadi.
Klassik bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda XVIII asrdan XIX asrning oxirlarigacha qadar mavjud bo‘lgan. Bozor iqtisodiyotining ushbu bosqichi quyidagi xususiyatlar bilan tavsiflanadi:
• iqtisodiy resurslarga xususiy mulkchilik;
• bozorga to‘siqsiz kirishni, iqtisodiyotning bir tarmog‘idan ikkinchisiga kapital oqimini ta’minlovchi erkin raqobatning mavjudligi;
• ko‘p sonli mustaqil ishlab chiqaruvchilarning mavjudligi, ular qanday mahsulotni qancha miqdorda, qanday texnologiyalar yordamida va kimga sotishni mustaqil ravishda belgilashlari;
• qanday mahsulotlarni qaysi ishlab chiqaruvchilardan sotib olishni
mustaqil hal qiladigan ko‘plab iste’molchilarning mavjudligi;
• tadbirkorga biznes sohasini, xodimga esa uning mehnat bozorida erkin harakatlanishiga imkon beradigan bozorning barcha ishtirokchilarining (shu jumladan ishchi kuchining) shaxsiy erkinligi;
• bozorda talab va taklif ta’sirida narxlarning stixiyali shakllanishi;
• mahsulotlarning qiymati bo‘yicha ekvivalent almashinuv;
• tadbirkorlarni resurslarni tejashga, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishchi kuchini normal holatda qo‘llab quvvatlashni talab qilinadigan yaxshi holatda saqlashga majbur qiladigan foydani ko‘paytirishga yo‘naltirish.

Shunday qilib, klassik bozor iqtisodiyoti xususiy mulkka, o‘zini o‘zi tartibga soluvchi mexanizmga ega, erkin raqobatga va davlat iqtisodiyotni tartibga solishga aralashmasligiga asoslangan edi. Klassik bozor iqtisodiyoti bozor rivojlanishining dastlabki bosqichlarida ishlab chiqarish omillarining sezilarli rivojlanishini ta’minladi. Biroq, XX-asrning boshlarida bunday iqtisodiy mexanizm jamiyatning o‘sgan ehtiyojlariga javob bermay qoldi.

Bozor iqtisodiyotining ikkinchi ko‘rinishi hozirgi zamon rivojlangan bozor iqtisodiyoti deb atalib, XIX asrning oxiri va XX asr boshlaridan buyon amal qiladi. Xo‘sh, XX-asrning oxirlarida qanday jarayonlar natijasida hozirgi zamon rivojlangan bozor iqtisodiyoti shakllangan?

XIX - asrning oxiri va XX-asrning boshlarida ahvol birmuncha o‘zgardi, yirik korxonalar bozorda hukmron mavqeni egallay boshladilar. XIX - asrning oxirida ilmiy kashfiyotlar natijasida sanoat to‘ntarilishi ro‘y berdi. Xususan po‘lat eritishda marten usuli, dinamo mashinasi, ichki yonuv dvigateli, bug‘ trubinasi ixtiro qilindi. Ishlab chiqarishda bug‘ ishlatishdan elektr energiyadan foydalanishga o‘tildi. Bularning barchasi sanoat ishlab chiqarishida tub o‘zgarishlarga olib keldi. Fan va texnika taraqqiyoti yangiliklari ta’siri ostida ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi yirik korxonalarning vujudga kelishiga, ishlab chiqarishning to‘planuviga, kapitalning esa markzlashuviga olib keldi. Natijada, yirik monopol korxonalar vujudga keldi. Endi erkin ( mukammal) raqobatning o‘rniga mukammal bo‘lmagan raqobat vujudga keldi. Endi raqobat erkin emas, balki ma’lum darajada cheklangan holatda harakat qila boshladi.Monopol korxonalarning bozor mexanzimiga ta’sir etishi, ya’ni narxlarga va raqobatga ta’siri va uni izdan chiqarishi natijasida birinchi jahon iqtisodiy inqirozi vujudga keldi. Bu inqirozdan chiqish davlatning iqtisodiyotga aralashuvi natijasida ro‘y bergi. Shu davrdan boshlab endi iqtisodiyot bozor mexanizmi va davlat tomonidan tartiblanadigan bodi. Tartibga solinadigan bozor iqtisodiyotiga bozor mexanizmini kuchaytirishda, monopoliyaga qarshi siyosatni olib borishda, bozorning barcha ishtirokchilari uchun umumiy "o‘yin qoidalari" ni o‘rnatishda davlatning faol rol o‘ynashi xosdir.

Hozirgi zamon rivojlangan bozor iqtisodiyotining asosiy belgilari quyidagilardan iborat:

a) iqtisodiy resurslarga mulkchilikning turli shakllarining mavjudligi,ya’ni xususiy, davlat, jamoa, aralash va boshqa mulk, mulkchilikning turli shakllarida xususiy mulkning yetakchi rolining saqlab qolinishi;

b) kapital va ishlab chiqarishning yuqori darajada umumlashganligi sababli yirik monopolistik korxonalarni vujudga kelishi bilan raqobatning cheklanishi, nomukammal raqobat bozor strukturasining vujudga kelishi.
d) iqtisodiyot ikki vosita, ya’ni bozor mexanizmi va davlat tomonidan tartibga solinishi. Davlat bozor mexanizmining samarali harakatlanishi uchun zarur bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va iqtisodiy sharoitlarni yaratadi va bozor mexanizmi hal qila olmaydiga (inflyatsiya,ishsizlik, aholini ijtimoiy himoyalash va h.k) muammolarni xal qilishni zimmasiga oladi, shuningdek, innovatsiyaviy rivojlanish, ekologik va shu kabi omillarni inobatga olgan holda, turli iqtisodiy tadbirlarni, rivojlanish istiqbolini aniqlash, turli sohalar va tarmoqlar o‘rtasidagi nisbatlarni tartibga solish chora-tadbirlarini belgilash vazifalarini bajaradi;

e) makroiqtisodiy darajada dasturlash, mikroiqtisodiy darajada esa xo‘jaliklarni yuritishda reja usulidan foydalanishning kuchayishi (biznes rejasi, marketing tizimi orqali boshqarish). Makroiqtisodiy dasturlash- mavjud iqtisodiy sharoitlar, oldiga qo‘yilgan iqtisodiy maqsadlar va unga erishishning vositalari. Makroiqtisodiy dasturlash bu iqtisodiy rivojlanishning analitik oriyentiri yoki vujudga kelgan muammolarning yechimini topish orqali tuzatishni nazarda tutadi. Qo‘yilgan maqsad nuqtayi nazaridan, joriy, barqarorlashtiruvchi va uzoq muddatli dasturlar farqlanadi.


f) ilmiy va texnologik inqilobning rivojlanishiga asoslangan kuchli (ham sanoat, ham ijtimoiy) infratuzilmaning jadal shakllantirilishi.
g) iqtisodiyot xususiy va davlat sektorlarining o‘zaro aloqasiga asoslanadi.
h) ijtimoiy sohani rivojlantirish ustidan davlat nazorati;
i) ijtimoiy himoya’ning kuchayishi.
Hozirgi zamon va klassik bozor iqtisodiyotining umumiy tarafi shundan iboratki, birinchidan, ularning har ikkalasi umume‘tirof etilgan bozor tamoyillariga asoslanadi: erkin tadbirkorlik, turli mulk shakllari, raqobat, erkin narxlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlari. Ikkinchidan esa, iqtisodiyotni tartibga solish bozor mexanizmi (talab, taklif, narx, raqobat) orqali amalga oshiriladi.
Hozirgi zamon va klassik bozor iqtisodiyoti o‘rtasidagi farq qiluvchi taraflar quyidagilardan iborat:
-klassik bozor iqtisodiyotida davlat iqtisodiyotni tartibga solishga aralashmaydi, hozirgi zamon bozor iqtisodiyotida aksincha davlat iqtisodiyotni tartibga solishga faol aralashadi;
-hozirgi zamon bozor iqtisodiyoti bozor mexanizmi va davlat tomonidan, klassik bozor iqtisodiyoti esa faqat bozor mexanizmi orqali tartibga solinadi;
-klassik bozor iqtisodiyotida raqobat cheklanmagan, narxlar esa bozorda talab va taklif qonunlari asosida erkin shakllanadi, hozirgi zamon bozor iqtisodiyotida raqobat cheklanganligi sababli narxlarning shakllanishiga monopoliyalar ta’sir eta oladilar;
-hozirgi zamon bozor iqtisodiyotida xususiy va davlat sektorlarining o‘zaro aloqasiga asoslanadi, klassik bozor iqtisodiyoti esa faqat xususiy sektorga asoslanadi;
-hozirgi zamon bozor iqtisodiyotida ijtimoiy muammolarni hal qilish davlat zimmasida, klassik bozor iqtisodiyotida esa davlat zimmasida emas. Iqtisodiyotga ta’sirning intensivligi darajasi hamda davlat tomonidan hal etiluvchi ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, zamonaviy bozor iqtisodiyotining modellari farqlanadi.



Download 1.03 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   240




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling