Savdo uylari - savdo muassasasining maxsus turi. U ixtisoslashgan yoki universal bo‘lishi mumkin. Ixtisoslashgan savdo uyi ayrim tovarlar bilan (kiyim-kechak, oyoq kiyim, gazlama va h.k.) universal savdo uyi har xil tovarlar bilan savdo qiladi.
Ulgurji savdo firmalari - ulgurji holda (katta partiyalarda) tovarlarni o‘z mulkiga sotib olib, iste’molchilarga sotuvchi savdo tashkilotlari. Chakana savdo firmalari - tovarlarni so‘nggi iste’molchilari sotuvchi savdo muassasalari. Ular mustaqil do‘konlar, maxsus do‘konlar va supermarketlardan iborat bo‘ladi.
Supermarket - bu xaridorning o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatishga asoslangan keng tarmoqli savdo korxonasi. U tovarlarning deyarli hamma turlari bilan savdo qiladi. Supermarket xaridorlarga bepul maslahatlar beradi, tovarlarni buyurtma bo‘yicha xaridor uyiga yetkazadi, ularga madaniy maishiy xizmat ko‘rsatadi.
Bozor iqtisodiyoti subyektlarini moliyaviy axborotlar bilan ta’minlash bozor infratuzilmasining axborot xizmati idoralari, shu jumladan auditorlik firmalari zimmasiga tushadi. Auditor firmalar - korxona, firma, kompaniyalar moliyaviy xo‘jalik faoliyatini tekshirib boruvchi, ular hisobotini ekspertizadan o‘tkazuvchi idora. Ular odatda aksioner jamiyat yoki kooperativ shaklda faoliyat ko‘rsatadi va to‘liq mustaqillikga ega bo‘ladi. Auditor firmalar o‘z ishini har bir mamlakatda yoki xalqaro miqyosda qabul qilingan hisob-kitob va taftish qoidalariga binoan olib boradi. Auditor firma ishida qatnashuvchi taftishchilar audigorlar deb ataladi.
Shunday qilib, bozor infratuzilmasi mamlakatda barcha bozor turlarining faoliyat ko‘rsatishiga xizmat qiladi.
Nazorat va muhokama uchun savollar
1. Bozor iqtisodiyotining mazmuni va asosiy belgilari nimalardan iborat?
2. Klassik va hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining umumiy tomonlarini va farqlarini tushuntirib bering.
3. Bozor iqtisodiyotining afzalliklari va ziddiyatlari nimalardan iborat?
4. Bozor iqtisodiyotining asosiy ishtirokchilari kimlar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar qay tarzda kechadi?
5. Bozor tushunchasining ta’rifini bering va uning asosiy vazifalarini ko‘rsating.
6. Bozorni turkumlashda qanday mezonlar asos qilib olinadi? Ularni sanab ko‘rsating.
7. Yetuklik darajasiga qarab bozorning qanday turlari ajratiladi?
8. Bozor infratuzilmasi nima? Uning tarkibiy qismlari va asosiy unsurlariga ta’rif bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |