1. Islom huquqi manbalari tushunchasi va turlarig’ Islom huquqining asosiy manbalari


Islom huquqining asosiy manbalari


Download 73.73 Kb.
bet2/6
Sana24.12.2022
Hajmi73.73 Kb.
#1056551
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Islom huquqi 2.1.-10-Mavzu

2. Islom huquqining asosiy manbalari


Qur’oni karim islom huquqining birinchi, asosiy-tanyach manbaidir. “Qur’on” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, o‘qimoq, qiroat qilmoq, jamlash ma’nolarini anglatadi. Qur’oni karimga uning tadqiqotchlari tomonidan turli ta’riflar berilgan. Jumladan, “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan 2004 yilda nashr etilgan Islom entsiklopediyasida qayd etilishicha: “Qur’on – musulmonlarning asosiy muqaddas kitobi. Qur’on o‘zidan oldin nozil bo‘lgan barcha ilohiy kitoblarning ma’no, hikmat va ahkomlarini o‘zida jamlaganiga ishorat bordir”1. Unda Qur’on ilmi olimlarining Qur’onga bergan quyidagi ta’rifi ham keltirilgan: “Qur’on – Alloh taoloning Muhammad (s.a.v)ga vahiy orqali nozil qilgan, tavotur ila naql qilingan, ibodatda o‘qiladigan, ojiz qoldiruvchi kalomidir”2. Abdulvahhob Xallofning ta’rifga ko‘ra: “Qur’oni karim Allohning so‘zi. Lafz ham, ma’nosi ham arabcha holda payg‘ambar binni Abdulloh qalbiga Jabroil alayhissalom vositasida, payg‘ambarning Alloh tomonidan yuborilganligiga hujjat bo‘lsin deb tushirilgan. Uning tilovati ibodat hisoblanadi. “Al-Fotiha” surasidan boshlanib, “an-Nos” surasi ila tugallanadi”3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ta’riflashicha: “Qur’on – Allohning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga arab tilida, eng qisqa surasi ham ojiz qoldiruvchi etib nozil qilgan kalomidir. Mushaflarda yozilgandir, tavotur ila naql qilingandir, tilovati ibodatdir. “Fotiha” surasi bilan boshlanib, “Nos” surasi bilan tugagandir”4.
Qur’oni karim diniy, axloqiy, huquqiy qoidalar, tarixiy voqea-hodisalar, turli qabila va urug‘larning turmush tarzi, o‘zaro munosabatlarni mujassamlashtirgan keng qamrovli manbadir. Qur’oni karim 23 yil davomida Makka va Madinada Alloh tomonidan Muhammad payg‘ambarga Jabroil orqali nozil etilgan.
Qur’oni karim ichki tuzilishi bo‘yicha, 30 pora (qism), 114 sura, 6236 oyat. Qur’oni karim suralari ikkita katta guruhga: makkiy va madaniy suralarga bo‘linadi. Ushbu suralarning soni bo‘yicha adabiyotlarda yakdillik yo‘q. Falsafiy qomusda qayd etilishicha, ulardan 86 sura, 4613 oyati Makkada 610-622 yillarda 28 sura, 1623 oyati Madinada (Shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, 91 ta sura, 4780 ta oyat Makkada, 23 ta sura, 1456 ta oyat Madinada) Muhammad payg‘ambarga Allohdan vahiy orqali tushirilgan1.
Islom huquqining birinchi asosiy manbai Qur’oni karimda ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy, huquqiy sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi oyatlar mavjud bo‘lib, ushbu oyatlar islom huquqi turli sohalarining asosiy manbaini tashkil qiladi. Ularning soni mutahassislar tomonidan turlicha tasnif qilinadi. Jumladan, professor L.R.Syukiyaynenning qayd etishicha, Qur’oni karimda musulmonlarning o‘zaro munosabatlarida rioya qilishi lozim bo‘lgan hulq atvor qoidalari 200 tadan 500 tagacha2. Moskvada 1996 yilda nashr etilgan “Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi” darsligi mualliflarining fikricha, Qur’oni karimda musulmonlarning hulq-atvor qoidalariga doir oyatlari soni 500 ta bo‘lib, ulardan sof huquqiy ahamiyatga ega bo‘lganlari soni 80 tadan oshmaydi3.
Akademik A.X.Saidovning fikricha, Qur’oni karimda 250 ta huquqiy ahamiyatga ega oyat4, A.Sh. Juzjoniyning “Islom huquqshunosligi: hanafiy mazhabi va O’rta Osiyo faqihlari” kitobida huquqiy mazmundagi oyatlar 333 ta deb ko‘rsatilgan5. Olimning tadqiqiga ko‘ra 333 ta oyatning 140 tasi ibodat, 70 tasi oila-nikoh, 70 tasi mulkiy, 30 tasi jinoyat va jazo 20 tasi sudda ish ko‘rish, 3 tasi davlat hokimiyatini tashkil qilish va uni amalga oshirishga oid qoidalardir.6 Bundan tashqari tadqiqotchilarning fikricha, Qur’oni karimda xalqaro munosabatlarni tartibga soluvchi 25 ta oyat bor.
Umumiy qoidaga ko‘ra, Qur’oni karimning huquqiy ahamiyatga ega oyatlari namoz, g‘usl, tahorat, tayammum, zakot, sadaqa, ehson, ro‘za, haj, umra, oila, nikoh, taloq, bola emizish, meros, vasiyat, bola asrash, ota-ona va qarindoshlar, qasam, sudxo‘rlik va ichkilikbozlikni taqiqlash, soliq undirish, to‘g‘ri guvohlik berish, adolatli hukm chiqarish, qasos olish, urush boshlash va uni amalga oshirish, sulh tuzish kabilar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga bag‘ishlangan.
Sunna. Islom huquqining Qur’oni karimdan keyingi muqaddas manbasi Sunnadir.
Sunna so‘zi arab tilida odat, an’ana, hatti-harakat tarzi kabi ma’nolarni anglatadi. Sunna islomda musulmonlar uchun ibrat hisoblangan Muhammmad payg‘ambarning so‘zlari, amaliy faoliyati, u yoki bu masalani hal etishda tutgan yo‘li, hatti-harakati sifatida talqin etiladi. Islom huquqi tadqiqodchilarining sunnaga bergan ta’riflari quyidagicha: islom muhaddislari ta’rifiga ko‘ra, “Payg‘ambar (s.a.v.)dan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, hilqiy (tana tuzilishi), ahloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma’lumotlar “Sunnat” deyiladi.”

  1. “Hadis” – bunga Payg‘ambar (s.a.v.)ning turli holat va munosabatlarda gapirgan gaplari kiradi. Bunga “qavliy (gap) sunnat” deyiladi.

  2. “Ish” – Payg‘ambar (s.a.v.)ning qilgan ish amallaridir. Misol uchun tahorat qilish, namoz o‘qish, haj qilish va boshqalar. Buni, “amaliy (ish) sunnat” deyiladi.

  3. “Taqrir” – bir narsaga iqror bo‘lish, uning to‘g‘riligini tasdiqlash – ma’qullash ma’nosini anglatadi. Sunnadagi taqrir esa, Payg‘ambar (s.a.v.)ning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo‘lgan ba’zi narsalarni ma’qullashlaridan iboratdir. Ma’qullash, gap bilan ma’qul deb aytish yoki inkor qilmay, indamay qo‘yish bilan ham bo‘lishi mumkin. Buni “Taqririy sunnat” deyiladi.

  4. “Xilqiy” – tana tuzilishidagi sifatlar. Payg‘ambar (s.a.v.)ni ko‘rgan kishilar u zotning bo‘y-bastilari, tana tuzilishlari, sochlari, ko‘zlari va boshqa a’zolarini batafsil bayon qilib berganlar. Bu ma’lumotlar ham rivoyat bo‘lib muhaddislarga, ular orqali islom ummatiga etib kelgan. Masalan, Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” asari, aynan shu masalaga bag‘ishlangan alohida kitobdir.

  5. “Xulqiy-axloqiy sifatlar”. Sahobai kiromlar Payg‘ambar (s.a.v.)ning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, saxiyliklari kabi barcha axloqiy fazilatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar.

  6. “Tarjimai hol”. Payg‘ambar (s.a.v.)ning hayot yo‘llari, kundalik hayotda rioya qilgan qoidalari1.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning yozishicha, “ Sunnat” so‘zi lug‘atda “siyrat”, “yo‘l” va “odatlar” ma’nosida keladi. Usulul fiqh ulamolari iste’lohida esa: Rasululloh (s.a.v.)dan sodir bo‘lgan har bir qavl, fe’l va taqrirga “sunnat” deyiladi2.
Abdulvahhob Xallofning qayd etishicha, “Sunnat” lafzi lug‘atda “yo‘l” ma’nosini bildiradi. U yo‘l yaxshi bo‘lsin, yomon bo‘lsin – sunnat deyiladi. Ammo sunnatning shar’iy iste’lohiy ma’nosi – janobi Rasulullohning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, hamda taqrirlaridir (u zotning huzurlarida birov biror so‘z aytsa yoki biror ish qilsa, u so‘z yoki ishga Payg‘ambar e’tiroz bildirmagan bo‘lsalar buni taqrir deyiladi va u ham sunnat hisoblanadi).
Islomshunoslik qomusiy lug‘atida kelishicha, Sunna Qur’on uchun sharh va tafsilotdir. Sunnati nabaviy Qur’oni karimdan keyingi mustaqil manba. Shuning uchun Sunna Qur’on karimning hukmlarini: a) umumiy hukmlarini batafsil tushuntiradi; b) mutlaq hukmlarni qayd etadi; v) umumiy oyatlarni xoslaydi; g) noaniqlarini sharhlaydi; d) undagi ma’lumotlarni ta’kidlaydi; e) alohida kelgan hukmlarni qoidaga soladi. Sunna mustaqil manba sifatida Qur’oni karimning tushunilmagan joylarini sharhlab, o‘ziga xos masalalar bo‘yicha hukm chiqaradi3.
Sunnaning islom huquqi manbai sifatida e’tirof etilishiga asos sifatida Muhammad (s.a.v) payg‘ambarning o‘zidan juda ko‘plab ko‘rsatmalar4 berilgan. Demak, ushbu ko‘rsatmalarga asoslanib, Qur’oni karimda biron bir masalani tartibga soladigan qoida topilmasa, uni Muhammad payg‘ambarning sunnatlaridan izlash umumiy qoidaga aylangan.
Adabiyotlarda “Sunna” va “Hadis” iboralari keng qo‘llaniladi. “Hadis” so‘zi arabchadan “so‘z” ma’nosini anglatadi. Muhammad payg‘ambarning so‘zlari, uning hayoti, faoliyati va ko‘rsatmalari haqidagi rivoyatlardan iborat, deb ta’kidlanadi1.
Islom entsiklopediyasida yozilishicha, hadis arabchada “xabar” “yangilik” ma’nolarini anglatadi. Hadislar Muhammad (s.a.v)ning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, ko‘rsatmalari to‘g‘risidagi rivoyatlar bo‘lib, ikki qismdan iborat bo‘ladi: matn va isnod. Matn ma’nolardan tashkil topgan hadisning lafzlari. Isnod arabchada tirgak, dalil, asos kabi ma’nolarni anglatadi. Isnod aytilgan so‘zni bayon etuvchiga bog‘lash bo‘lib, hadisning boshlanishidan uni birinchi bo‘lib aytgan va eshitgan kishidan boshlab, hadislarni to‘plovchiga qadar barcha shaxslarning ismlari birma-bir ko‘rsatib o‘tiladi va hadisning asosiy dalili hisoblanadi.
Hadislarni rivoyat etuvchilar soniga qarab hadislar “mutavotir”, “mashhur” va “oxod” turlarga bo‘linadi. “Mutavotir” hadislarni rivoyat qiluvchilar soni shunchalik darajada ko‘p bo‘ladiki, ularning yolg‘on ekanligini asoslashga hech qanday imkoniyat qolmaydi. “Mashhur” hadislarning rivoyat qiluvchilari “mutavotir” hadislar rivoyatchilariga nisbatan kam bo‘ladi. “Oxod” hadislar birinchi uch asrda rivoyat etuvchilarning soni “mutavotir” hadislari rivoyatchilaridan kam bo‘ladi.
Hadislar ijtimoiy hayotning qaysi sohasiga oid munosabatlarni tartibga solishga qarab davlat huquqiy, moliyaviy huquqiy, mulkiy huquqiy, fuqarolik huquqiy, jinoiy huquqiy, sud huquqiy, xalqaro huquqiy oila huquqi turlarga bo‘linadi.
Hadislar tartibga soladigan ijtimoiy munosabatlar qamrovi, aniqlik darajasi, ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olishi, qo‘llanilish shart-sharoitlari bilan Qur’oni karim oyatlaridan ma’lum bir ma’noda afzallik tomonlarga ega. Hadislarning paydo bo‘lishi, ko‘p jihatdan aniq shart-sharoitlar, hayotiy ehtiyojlar, voqeliklar, o‘sha davr talabi taqozosi tufayli yuz bergan.
Qur’ondan so‘ng keng qamrovli va hajmi katta bo‘lgan manba hisoblangan sunnat Qur’on oyatlarini qo‘llab­quvvatlash, Qur’on hukmlaridagi izohtalab o‘rinlarni (mujmal, g‘arib kabilar)ni izohlash, kerak bo‘lsa, ba’zi hukmlarning amal qilish doirasini cheklash yoki kengaytirish va yangi me’yorlar joriy qilish funktsiyalarini bajargan. Masalan, “Niso” surasida ayollarning meros ulushlari ko‘rsatib berilgan bo‘lsa hadislarda ham ushbu me’yor asosida Payg‘ambar (s.a.v.)ning hukm chiqarganligini ko‘rish mumkin2. Shuningdek, ushbu surada uylanish haqida hukm kelgan, hadislarda esa uylanish tartibi va shakli oydinlashtiriladi. Yana meros oyatida umumiy holda meros taqsimoti haqida gap ketadigan bo‘lsa, hadislar qonuniy merosxo‘rga vasiyat qilinmasligi hamda vasiyat meros mulkning faqat uchdan bir qismi miqdoridan oshmasligini ko‘rsatgan3. Shu bilan birga “Niso” surasida nikohlanish ta’qiqlangan ayollarni sanab o‘tilgan bo‘lsa, hadislar unga ba’zi qo‘shimchalarni kiritgan va ba’zi nikoh turlarini ta’qiqlagan4.
Shuni alohida qayd etish joizki, dastlabki davrlarda hadislarning yozma matni bo‘lmagan, ularni Muhammad payg‘ambarinig yaqin qarindosh urug‘lari, sahobalari va izdoshlari yoddan bilishgan. Keyinchalik hadislar ular orqali xalq orasida tarqalgan. VII asrning o‘rtalaridan boshlab hadislarni qog‘ozga tushurish va to‘plash harakati kuchaygan. Hadislarni to‘plash, ularni tizimga keltirish, sharhlash va xalq orasida targ‘ib qilish bilan shug‘ullanuvchlar – muhaddislar deb atalganlar.
Hadislardan manba sifatida foydalanishda ularning qanchalik darajada ishonchli va to‘g‘ri ekanligi alohida ahamiyat kasb etgan. Gap shundaki, barcha hadislar ham ishonchli va to‘g‘ri deb qabul qilinmagan. Ilk islom davrlaridayoq noaniq, to‘qima, soxta hadislar xalq orasida tarqalganligi haqida adabiyotlarda ma’lumotlar bor. Islom tarixida ishonchli va to‘g‘ri hadislarni to‘plash, taqqoslash, qaysi manbadan olinganligini, manbaning qanchalik darajada ishonchli ekanligini aniqlash, matnan va mazmunan qat’iy izchilikda bayon etish eng mas’ulyatli va sharafli vazifa hisoblangan.
IX asr hadis ilmining eng rivojlangan davri – “oltin davri” sifatida tarixga kirgan. Manbalarda qayd etilishicha, ushbu davrda bir necha yuzlab muhaddislar yashab ijod etishgan. Ularning orasida eng mashhurlari Ismoil al-Buxoriy (810-869) Imom Muslim ibn Xajjoj (819-874) Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-892) Imom Abu Dovud Sulaymon as-Sijistoniy (817-888) Imom Ahmad an-Nasoniy (830-911) Imom ibn Mojja al-Kazviniy (834-886) kabilardir. Hadis ilmining shakllanishi va rivojlanishiga vatandoshlarimiz al-Buxoriy va at-Termiziy ulkan hissa qo‘shgan. Ismoil al-Buxoriy jami 600 ming hadisni to‘plab, ulardan 100 mingtasi “sahih” (to‘g‘ri) va 200 mingtasi “g‘ayri sahihi” (to‘g‘ri bo‘lmagan) hadislar ekanligini isbotlagan. Uning “al-Jome’ as-sahih” (Ishonarli to‘plam) nomi bilan atalgan to‘rt jilddan iborat asari islom olamidagi hadis to‘plamlari orsida eng ishonarli va mukammali hisoblanadi. To‘plamga 7275 ta eng “sahih” hadislar kiritilgan. Ushbu asar Misr va boshqa bir qancha mamlakatlarda ko‘p marta nashr etilgan, unga yirik ulamolar 80 dan ortiq sharhlar yozgan. Asar bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Uning to‘rt jildi 1991-1996 yillarda o‘zbek tilida mamlakatimizda ilk bor nashr etildi.
Yana bir vatandoshimiz Imom at-Termiziy 20 yil davomida turli mamlakatlarda bo‘lib hadislarni to‘plagan, ularni mantiqiy izchilikda bir tizimga keltirib o‘zining “al-Jome’ as-sahih” (Ishonarli to‘plam), “al-Jomi’ al-kabir” (Katta to‘plam), “Sunani Termiziy” (Termiziy sunnatlari) nomlari bilan islom olamida mashhur bo‘lgan asarida bayon qilgan. Ushbu asar olti jilddan ibrat bo‘lib, musulmon mamlakatlarida bir necha bor nashr etilgan, unga o‘nlab sharhlar yozilgan. Asarning birinchi jildi mamlakatimizda 1999 ylda ilk bor nashr etildi.
Hadislarga bag‘ishlangan ajdodlarimiz asarlarida ibodat, davlat hokimiyatini tashkil qilish va uni amalga oshirish, soliqlar, mulk va uning turlari, savdo-sotiq, ijara, hamkorlikdagi faoliyat, oila-nikoh, er-xotinlik, bola tarbiyasi, vasiylik va homiylik, meros va uni taqsimlash, jinoyat va jazo, qozilik, sudda ishni ko‘rish, guvohlik, qasam, qaror va hukmning ijrosini ta’minlash, urush va tinchlik, sulh kabilar bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalar bayon qilingan.
Islom huquqining uchinchi asosiy manbasi ijmo‘dir. Arab tilida ijmo‘ so‘zi biror ishni qilishga azmu qaror qilish, biror masala yuzasidan ittifoq bo‘lish, birlashish ma’nolarini anglatadi. Ijmo‘ – bu muhokama qilinayotgan masala yuzasidan muhokama ishtirokchilarining yagona fikrga kelishi, yakdillik bilan qaror qabul qilishidir.
Usulul fiqhga bag‘ishlangan adabiyotlarda ijmo‘ga berilgan quyidagi ta’riflar uchraydi: “Muhammad (s.a.v.)ning vafotlaridan so‘ng biror asrda mujtahidlarning shar’iy hukmga qilgan ittifoqi “ijmo‘” deyiladi”1.
“Musulmonlardan bo‘lgan mujtahidlarning Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ng, biror davrda shar’iy hukmga qilgan ittifoqiga ijmo‘ deyiladi”1.
Ijmo‘ning islom huquqi manbai bo‘lishini tasdiqlovchi bir qator Qur’oni karim oyatlari va Muhammad payg‘ambar hadislari bor: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat). “Ular Parvardigorlariga ijobat etgan va namozni barkamol ado etgan zotlardir. Ularning ishlari o‘zaro maslahat (bilan) bo‘lur va Biz ularni rizqlantirgan narsalardan (muhtojlarga) ehson qilurlar” (Sho‘ro surasi, 38-oyat). “Nimaniki musulmonlar yaxshi deb bilsalar, Allohning nazdida ham yaxshidir” va boshqalar.
Yuqoridagi tahlillarga asoslanib, islom huquqining uchinchi manbai sifatida ijmo‘ – bu biron bir ijtimoiy munosabat bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha mujtahidlarning yakdillik bilan qabul qilgan qarori. Ijmo‘ga ehtiyoj masalani hal qiladigan qoida Qur’oni karim va hadislarda bo‘lmaganda tug‘iladi.
Islom huquqining to‘rtinchi asosiy manbai – qiyos. Qiyos arabcha so‘z bo‘lib “taqqoslash”, “biror narsani o‘ziga o‘xshash narsa bilan tenglashtirish, taqqoslab ko‘rish”, “bir narsani boshqasi bilan o‘lchash”, “biror narsaning o‘lchovini bilish” kabi ma’nolarni anglatadi.
“Usulul fiqh” tadqiqotchilari “qiyos”ga quyidagicha ta’rif beradi: “hukmiga dalil kelmagan voqeani hukmiga dalil kelgan voqeaga, har ikkala voqea hukm illatida (sababida) bir xil bo‘lganligi sababli tobe’ qoldirishdir”2.
“Shar’iy hukmi bo‘yicha Kitob, Sunnat va Ijmo‘da nass (matn) kelgan ishga tenglashtirish “qiyos” deyiladi”3.
Qiyos “huquqiy atama sifatida hukmi aniq bo‘lmagan masalani nass (matn) orqali hukmi aniq masala bilan solishtirib, oralarida mushtarak sabab mavjud bo‘lgan suratda ikkinchi masala hukmini hukmi aniq bo‘lmagan masalaga ko‘chirishdan iboratdir”.4
Mazkur ta’riflardan kelib chiqib qiyosni oddiy tilda tushuntiradigan bo‘lsak, qiyos – bu bir-biriga o‘xshash, mazmunan yaqin ijtimoiy munosabatlardan biriga tadbiq etiladigan huquqiy qoidani ikkinchisiga ham tadbiq etishdir. Bu hozirgi zamon huquq nazariyasida huquqdagi bo‘shliqni to‘ldirishning bir turi – qonun analogiyasiga o‘xshab ketadi. Qiyosdan masalaning echimi – mazkur ijtimoiy munosabatni tartibga soluvchi qoida Qur’oni karimda, Sunnada va Ijmo‘da bo‘lmagan hollardagina foydalaniladi.

Download 73.73 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling