1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon­­ – 2022


Download 1.09 Mb.
bet21/125
Sana22.02.2023
Hajmi1.09 Mb.
#1223317
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   125
Bog'liq
o\'zbek folklori majmuasi yangisi

Yomg‘ir yog‘sin, Susxotin,
Arpa pishsin, Susxotin,
Sigir iysin, Susxotin.
Ko‘klam qurg‘oq kelib lalmiga ekilgan bug‘doy o‘smay qolsa, o‘n-o‘n besh chog‘li yigit-yalanglar yig‘ilishib, bir bolani eshakka teskari mindirib, qo‘liga suv to‘lg‘azilgan kadini tutqazib qo‘yishadi. Ikkita toshbaqani tutib kelib, oyog‘iga ip bog‘lab, eshakka osishadi. Joni og‘rigan jonivorlar zorlanib ovoz chiqaradi. Eshak ustidagi bola esa qo‘lidagi kadiga solib qo‘yilgan naychani aylantirib, toshbaqa ovoziga monand holda «g‘urr-g‘urr» deb baqiradi. Shunday qilib, yigitlar uyma-uy yurishar, har uyga borganda eshak mingan bola: «Voy, jonim! Kuydim-ey! Kuydim-ey!» – deb qichqiradi. Xonadon sohibi bo‘lsa bir chelak suv chiqarib haligi bolaning ustiga sepadi. Yigitlar uy egasi bergan don-dun yoki boshqa biror yegulikni olib qo‘shiq aytgancha boshqa hovli tomon yurishadi:
Havo yog‘mas bo‘larmi,
Tomchi tommas bo‘larmi,
Saksondagi kampirlarni,
Suv oqizmas bo‘larmi,
Sust xotin-o, sust xotin,
Ko‘ylaklari bo‘z xotin.
Dehqonlarni g‘am bosdi,
Omochlarni chang bosdi,
Havo yog‘sin zarchalab,
Bug‘doy bo‘lsin shoxchalab,
Sust xotin-o, sust xotin,
Ko‘ylaklari bo‘z xotin.
Ko‘lbuloqlik Sa’dulla Mirsaparovning xotirlashicha, «Sust xotin» marosimini o‘tkazayotganda dehqonlar omochlarining uchini tepaga qaratib qo‘yishgan. Omochning tig‘iga bitta toshbaqani osib qo‘yib qiynaganlar. Go‘yo jonivorning qiynalganini ko‘rib rahmi kelgan Xudo yomg‘ir yuboradi deb umid qilganlar. Ayollar esa uyma-uy yurishib, «Sust xotin» qo‘shig‘ini aytishgan. Uy egasi bug‘doy chiqarib bersa, xotinlar: «Oblohu akbar! Guldur momo, Jaldir momo kelsin, yomg‘ir yog‘sin, hammamiz seroblikka chiqaylik!» – deb niyat qilisharkan. Marosim nihoyasida yig‘ilgan don-dundan osh pishirib, elga tarqatadilar.
d) Yozgi marosimlar folklori janrlari: shamol chaqirish («Yo Haydar») va shamol to‘xtatish marosimlari («Choy momo», «Yalli momo»), «Haqullo». Marosimning uchinchi lokal varianti Sayram tumanining Pushkin nomli jamoa xo‘jaligida qayd qilingan. Axborotchilarning ma’lumotiga qaraganda, qattiq shamolning oti «Choymomo» bo‘lib, olmapishar vaqtida kuchli shamol esib, mevalarni to‘kib, zarar yetkazadigan bo‘lganda shamolni to‘xtatish maqsadida mazkur marosim o‘tkazilar ekan. Marosimning barcha rituallari, asosan, uchta kampir tomonidan bajarilgan: ulardan biri o‘qlog‘ini minib olsa, ikkinchisi, supurgi ushlab olgan, uchinchi kampir esa yig‘iladigan masalliqlarni to‘rvaga solib ko‘tarib yurgan. Uch kampir ana shu holatda qishloqdagi har bir uy oldiga borib Choymomo qo‘shig‘ini aytganlar. Uy egalari xayr-sadaqa qilib chiqarib bergan narsalarni to‘plab, xudoyi qilib berganlar. Axborotchi Jahon opa Imomrashidovaning eslashicha, ularning qishlog‘ida istiqomat qilgan Bodomgul momo degan kampir ana shunday marosimlarda doim qatnashib kelgan bo‘lib, u quyidagi qo‘shiqni aytgan ekan:
Choymomo, choy, choy, choy,
Chayilib qolsin quv shamol,
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin quv shamol!
Uga-uga beringlar,
Ugilib qolsin bu shamol.
Choymomolar o‘libdi,
O‘g‘li yetim qolibdi,
Choymomoning onasi,
Amakimga boribdi,
Choymomo, choy, choy,
Chayilib qolsin quv shamol,
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin quv shamol!
Uga-uga beringlar,
Ugilib qolsin quv shamol.
O‘zbeklarning shamol chaqirish bilan bog‘liq irim-sirimlari va bu e’tiqodiy inonchlar tizimi bilan aloqador magik aytim matnlarida shamolning afsonaviy homiysi – Haydar yoki Mirhaydar nomi tilga olinadi. Xirmon sovurayotganda havo dim bo‘lib, somon yurishmasa, sopol yoki chinni idishlarni taqillatib, hushtak chalishgan. Shundayam shamol esavermasa, hushtak chalib turib:
Shamolingni qo‘yvor,
Somoni sendan,
Bug‘doyi mendan,
Haydaro, Haydar,
Bolang suvga oqdi,
Yugur ushlab ol!
O‘rta Osiyo turkiy xalqlari folkloridagi shamol homiysining nomi sifatida qo‘llaniluvchi «Haydar» atamasining kelib chiqishi «Avesto»da nomi tilga olingan shamol xudosi «Vata» - «Vata» atamasiga bog‘lanadi.
O‘zbek dehqonlarining an’anasiga ko‘ra, bug‘doyni o‘rib-yig‘ib olgandan keyin, yanchiq paytida «Chosh qurdi», «Chosh oshi», «Xirmon oshi», «Choshning belini bog‘lash», «Haqullo» kabi marosimlar o‘tkazilgan. Bug‘doy o‘rilgach, dehqonlar arava-ulov bilan g‘aramlarni xirmon joyiga tashiganlar. G‘alla tashishda ishtirok etadigan yigitlar aravalarda g‘aramlarni tashiyotib, «Havvor-havvor» qo‘shig‘ini ijro etishgan:
Ko‘z tegmasin sayrog‘ingga, havvor-havvor,
Tosh tegmasin tuyog‘ingga, havvor-havvor,
Asta-asta jebalagin, havvor-havvor,
Quvvat bersin oyog‘ingga, havvor-havvor,
Uzoq yo‘lda hamrohim, havvor-havvor,
Og‘ir yukdan hinqillab, havvor-havvor,
Sola bersam cho‘qqingga, havvor-havvor,
Yo‘rg‘alagin zing‘illab, havvor-havvor.
Bir joyga to‘plangan bug‘doy g‘aramlarini yanchish ishi boshlanadigan kunni qashqadaryolik dehqonlar «ayaq qo‘shdi» deb atashgan. Xirmonga uyulgan g‘aramlarni yanchgandan keyin choshni somondan ajratish uchun xirmon sovurayotgan dehqonning yoniga kelgan kishilar xirmonchining ishi yengillashsin uchun «Xirmonga baraka, xirmonga!», «Mo‘lchilik-ko‘lchilik», «Ko‘p bersin, kam qilmasin» deydilar.
e) Kuzgi marosimlar folklori janrlari: «qovun sayli». Xalqimizning kuzgi mavsumiy marosim folklori tizimida polizlarda turfa qovunlar g‘arq pishgan paytda o‘tkaziladigan «qovun sayli» alohida o‘rin tutadi. Chunki o‘lkamizda qovunning xilma-xil navlari o‘stirilgan bo‘lib, mirishkor dehqonlar bunday sayillarda o‘zlari yetishtirgan yangi navlarni, eng mazali qovunlarni namoyish etishgan.
«Qovun sayli» mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlarida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelingan. Bu sayilda turli-tuman qovunlar namoyish etilgan, yigitlar va o‘smir bolalar «qovun-qovun» o‘yinini o‘ynaganlar. Bunda o‘yinchilar ikkiga bo‘linib, bir-birlariga qovunlarni otib, ularning shirinligi, tilimi tilni yorishini qo‘shiq qilib kuylashgan. Aytishuv shaklidagi bu qo‘shiqning har bir to‘rtligi «Qovun-qovunlar dedim» an’anaviy takrorlanuvchi misra bilan boshlanib, keyingi misralarda istalgan qovun nomini qo‘shib ijro etilavergan:
Qovun-qovunlar dedim,
Mazali qovunlar dedim,
Ey shirinnovvot dedim,
Gurvak qovunlar dedim.
Qovun-qovunlar dedim,
Shirin qovunlar dedim,
Oq bekzodi, ko‘k bekzodi,
Qariqiz qovunlar dedim.
Shirinnovvot qovunimiz,
Mazasidan tomadi bol,
Farhod bo‘lib bellashamiz,
Shirin bo‘lib ko‘nglimiz ol.
O‘ynang qizlar, o‘ynang qizlar,
Bog‘da gulday yashnashaylik,
Shirin novvot bir bahona,
Oshiq ko‘nglin xushlashaylik.
Xorazm viloyati tumanlarida esa «Qovun sayli»da an’anaviy «Shirinnovvot» o‘yini o‘ynalgan. Bu o‘yinni o‘ynash uchun katta ayvoni bor uy tanlangan va yigit-qizlar har xil qovunlarni olib shu uyga yig‘ilishgan. Yigitlar qovunlarni ko‘tarib tomga chiqishgan va ayvon tepasidan ipga bog‘langan qovunlarni pastda turgan qizlar tomonga tushirishgan. Qizlar ilib olish uchun qo‘l cho‘zishganda ular ipni yuqori tortganlar. Shu tariqa o‘yin davom ettirilgan va yigit-qizlar tomonidan lapar usulida qo‘shiq aytilgan.

Download 1.09 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   125




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling