1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon – 2022
Download 1.09 Mb.
|
o\'zbek folklori majmuasi yangisi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Beshik to‘ylari folklori.
3. Oilaviy marosimlar. Oilaviy marosimlar tizimi ham o‘z navbatida ikki katta guruhga ajratiladi. 1. To‘y marosim-lari folklori. 2. Motam marosimlari folklori.
To‘y marosimi folklori. To‘y dunyoning barcha xalqlariga xos marosimdir. «To‘y» atamasi «to‘ymoq», «el-yurtga ziyofat bermoq» ma’nolari orqali muayyan kishi hayotidagi muhim burilish nuqtasini anglatadi. Binobarin, to‘y ham moddiy, ham ma’naviy oziqlanish marosimidir. O‘zbek to‘y marosimlari nikoh to‘ylari bilangina chegaralanib qolmay, balki xatna (sunnat), beshik to‘yi kabilardan ham tashkil topgandir. Bu marosimlar turli munosabatlar bilan o‘tkazilganligi tufayli ularda ijro etiladigan folklor janrlari ham xilma-xillik kasb etadi. Beshik to‘ylari folklori. Odatda beshik to‘yi oiladagi birinchi (to‘ng‘ich) farzand uchun o‘tkaziladi va u tantanali kechadi. Ba’zan oilaning moddiy turmush darajasi bilan bog‘liq holda bu tartib o‘zgarishi ham mumkin. Sunnat to‘yi folklori. Xalqimizda o‘g‘il bolalarning «qo‘lini halollash», ya’ni sunnat qilish marosimining o‘ziga xos folklor an’analari mavjud bo‘lgan. «Sunnat» so‘zi aslida arabcha bo‘lib, Payg‘ambarimiz bajargan va boshqalarga ham tavsiya qilgan amallardir. Bu marosim ko‘pgina joylarda «xatna to‘yi» deb ham ataladi. Zero, «xatna» atamasi arab tilidagi «kesmoq», «qisqartmoq» ma’nolarini anglatuvchi «xatnun» so‘zidan olinganligi uchun o‘g‘il bolalar jinsiy a’zosi uch qismi terisini kesish bilan bog‘liq marosim ham «xatna to‘yi» deb yuritiladi. Bolani xatna qilish an’anasining tarixiy ildizlari ibtidoiy jamoa davridagi sinov-initsiatsiya rituallari, xususan, bolalarni bir yosh-jins mansubiyatidan boshqasiga o‘tkazish bilan bog‘liq qadimgi udumlarga borib taqaladi. Xatna qilish odati qadimiy Misr, Indoneziya, Avstraliya, Afrika xalqlarida ham kuzatilgan. Sunnat qadimiy Bobilda yashagan somiy xalqlar o‘rtasida ham keng tarqalgan. Xatna O‘rta Osiyoda qadimdan mavjud bo‘lgan degan taxminlar bo‘lsa-da, biroq u islom dini kirib kelgandan (VIII asr)dan so‘ng keng tarqalgan. Bu marosim mamlakatimiz viloyatlarida «xatna to‘yi», «sunnat to‘yi», «ummat qilmoq», «huydo-huydo qilmoq», «chuk to‘yi», «to‘yi pisar», «chukburon», «gula qildirish», «kestirish», «chukron to‘yi», «o‘g‘il to‘yi», «nevara to‘yi», «qo‘l halollash to‘yi» kabi nomlar bilan ataladi. Mamlakatimizning turli viloyatlarida o‘tkaziladigan xatna to‘yi o‘z tarkibiga mansub udumlari bilan bir-biridan farqlanib turadi. Xorazm vohasida istiqomat qiluvchi aholi orasida xatna to‘yi «maslahat palovi», «ko‘rpa iyma», «bug‘doy artish», «un artish», «idish tayyorlash», «xo‘nayo‘g‘ich yo‘nish», «chopon bichish», «po‘ssiq pishirish», «potiya olish», «bola gizlash», «qo‘l bog‘lash», «bog‘lov puli olish», «ko‘vish gizladi», «suyunchi puli», «usta haqqi», «bola ko‘rdi», «emish», «usta yo‘qlov», «hormasin», «pul tutar», «xalta to‘ldirar», «pul sanar», «oltin qovoq», «ko‘rpa yig‘ar» kabi udumlarni o‘z ichiga oladi. Surxon vohasi «o‘g‘il to‘yi» marosimining tarkibi «ko‘rpa tikdi», «kichik maslahat» yoki «kichik to‘y», «maslahat oshi», «o‘tin oshi» yoki «o‘tin yig‘ar», «qozon qurish», «non pishirar», «Bibi mushkul», «kiyit pichar», «xatmi Qur’on», «nahor oshi», «bola keldi» yoki «hayyor do‘st», «bola kiyintirar», «chanki», «katta to‘y», «qo‘noq berish», «gula qilish», «supra qoqdi», «bola ko‘rar», «xizmat oshi», «usta yo‘qlandi» kabi uzvlardan tashkil topgan. Andijon viloyatida esa «sunnat to‘yi»ning tarkibida «bug‘doy tozaladi», «eshik tozaladi», «supra yozdi», «o‘tin oshi», «supra soldi», «supra ochdi», «maslahat oshi», «tandir qurdi», «un eladi», «novvoy soldi», «devonai Bahovaddin noni», «qozon qiyshaydi», «so‘qim oshi», «so‘qim yiqilmayapti», «xatmi Qur’on», «sabzi archdi», «ertalabki osh», «ko‘rpa yig‘di», «jiyan tovoq», «lakki», «to‘polon oshi», «to‘qqiz tortdi», «ot chopdi», «osh yedi», «peshdasturxon», «oqsoqol tovoq», «yigit og‘a tovoq», «ot yasatti», «ulush», «bola berkitdi», «qo‘l bog‘ladi», «bog‘landi puli», «chukron», «chukron oshi», «chukron noni», «keskilik», «kulola», «kalish berkitdi», «sovrin haqi», «to‘ylik», «o‘pka urushtirdi», «xo‘roz so‘ydi», «kurash», «bola ko‘rdi», «shavla yedi», «ketar shavla», «mehmon oshi», «usta yo‘qladi», «hormasin» singari udum, marosim, rasm-rusum va odatlar mavjud. Sunnat to‘yida maxsus jarchi tomonidan qishloq-mahalla ahlini to‘yga chorlash udumi «jar» deb atalgan. Chortoq tumanidagi Hadikent qishlog‘ida yashagan Qo‘yvoshboy polvon degan kishining o‘g‘liga qilgan sunnat to‘yiga jarchi shunday deb chaqirgan: Qo‘yvoshboyning oshi bor, Oltmish qo‘yning boshi bor, Bola-chaqang ola bor, Qil jo‘rjinni sola bor. Boysun tumanining To‘da qishlog‘ida uzoq yillar mobaynida jarchilik qilgan Boynazar Mustafoqulovdan yozib olingan ma’lumotga ko‘ra, xatna to‘yidan avval to‘y egalari jarchini mehmonga chaqirib, kichikroq ziyofat berib, sarpo (odatda, chopon) kiygiziladi. To‘ydan bir kun burun jarchi otga minib yurib, qishloqni aylanib chiqadi va quyidagi jar aytimini ijro etib, odamlarni to‘yga chaqiradi: Odamlar-o, odamlar, Bog‘da bitgan bodomlar, Chupron to‘yi chachalab, To‘y qilarlar kechalab, To‘ydan keltirdim xabar, Kelinglar xesh-u tabar! Yer o‘choqlar o‘yildi, Chorqirra qo‘ylar so‘yildi, Ko‘pkarining solimiga, Qo‘shalab qo‘chqor qo‘yildi, Kimning bo‘lsa tulpori, Qolmasin, kelsin bari! Odamlar-u, odamlar, Eshitmadim demanglar. Qani, naqshni olib chiqinglar, «Naqsh» bazmini boshlaymiz, e-he-hey! – deb hammani bazmga chorlagan ovozi boshlab bergan. Download 1.09 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling