O‘rganish sohasi nuqtayi nazaridan tilshunoslik ikki katta guruhga ajratiladi:
Mikrolingvistika (kichik tilshunoslik)
Makrolingvistika (katta tilshunoslik)
Makrolingvistika tilning paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlari, tilning taraqqiy etish qonuniyatlari, tilning ijtimoiy mohiyati, til va tafakkur munosabatlari, til va boshqa signal sistemalari o‘rtasidagi mushtaraklik va farqli jihatlar, tilning tarqalishi kabi masalalarni o‘z ichiga oladi. Mikrolingvistika esa tilning ichki tuzilishini, fonetik, leksik va grammatik hodisalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu yo‘nalishlar asosida tilshunoslikning quyidagi tarmoqlari yuzaga kelgan:
1. Ekstralingvistika sotsiolingvistika va mentalingvistikani o‘zida birlashtiradigan, tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganuvchi fandir. Bunda sotsiolingvistika tilning tabiati va ijtimoiy vazifasini, mentalingvistika esa til va tafakkur, tilning mazmun tomonini o‘rganadi.
2. Intralingvistika tilning ichki tizimini, uning birliklari va kategoriyalari, tilning yaruslari hamda ularning tuzilishini o‘rganadi. Fonologiya, leksikologiya va grammatika intralingvistikaning asosiy bo‘limlari hisoblanadi.
3. Komparativistika qiyosiy-tarixiy tilshunoslik sifatida hind -yevropa tillarining fonetikasi va morfologiyasini qiyosiy o‘rganish asosida paydo bo‘ldi. Qiyosiy tilshunoslikda areal lingvistika, tillarni geneologik va tipologik tasniflash masalalari ham o‘rganiladi.
4. Kommunikativ lingvistika tilni aloqa-aralashuv vositasi sifatida o‘rganadigan, til va nutq, ularning munosabati, uning jamiyatdagi asosiy vazifasi va o‘rni masalalari bilan shug‘ullanadigan sohadir. Til kishilik jamiyatidagi asosiy ijtimoiy hodisa sifatida kommunikativ, ekspressiv va akkumulyativ vazifalarni bajaradi.
Til faqat kishilar o`rtasidagi aloqa vositasi bo`lmay, millatlararo, davlatlararo aloqa quroli hamdir. Bundan tashqari til kishilik jamiyatida asrlar davomida to`plangan tajriba va bilimlarni kelajak avlodga yetkazish uchun ham xizmat qiladi. Tilning bu xususiyati uning akkumulyativ vazifasidir (“akkumulyativ” lotincha “to`plash”demakdir). Tilga xos bo`lgan akkumulyativ vazifa ba’zi lingvistik adabiyotlarda tilning gnoseologik funksiyasi deb ham yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |