Mahsulotning tashqi ko‘rinishi. Tayyor mahsulot ildizpoyadan va er ostki yotiq novdadan tashkil topgan. Novdalar uzunligi 5–15 sm, diametri esa 0,6–1,5 sm. Ildizpoyaning ustki tomoni kulrang-qo‘ng‘ir, ichi esa och sariq rangli bo‘ladi. Mahsulot hidsiz bo‘lib, og‘izni lovullatuvchi achchiq mazasi bor.
Kimyoviy tarkibi. Mahsulot tarkibida 0,8 % gacha yurak glikozidlari, tanin, kauchuk, oz miqdorda alkaloidlar, organik kislotalar, triterpen (oleanol kislota, amirin, lupeol va boshqalar) hamda boshqa birikmalar bo‘ladi.
Ildizpoya va stolonidan 0,17–0,50 % gacha simarin (gidrolizlanganda simaroza kandiga va strofantidin aglikoniga parchalanadi), apokannozid, sinokannozid, 0,33% gacha K-strofantin-β va boshqa yurak glikozidlari ajratib olingan. Urug‘ida 0,35%, bargida esa kam miqdorda yurak glikozidlari bor.
Ishlatilishi. Nashasimon kendir o‘simligining preparatlari yurak kasalliklarida (qon aylanishining II va III darajali buzilishida) ishlatiladi. Bu o‘simlik preparatlarini chet mamlakatlardan keltiriladigan strofant o‘simligi preparatlari o‘rnida ishlatish tavsiya etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |