1 Mavzu: “Arxeologiya” fani predmeti, maqsad va vazifalari Reja: Arxeologiya fan sifatida. Arxeologiya fanining predmeti, maqsadi va vazifalari


Download 21.29 Kb.
Sana15.06.2023
Hajmi21.29 Kb.
#1479346
Bog'liq
1 mavzu arxeologiya


1 Mavzu: “Arxeologiya” fani predmeti, maqsad va vazifalari
Reja:
1.Arxeologiya fan sifatida. Arxeologiya fanining predmeti, maqsadi va vazifalari.
2. Arxeologik manbalar. Moddiy manbalar. Yozma manbalarning qadimgi va o’rta asrlar tarixini o’rganishdagi o’rni.
3.Arxeologiya fanining yordamchi tarmoqlari. Arxeologiya tadqiqot usullari. Madaniy qatlam.
Arxeologiya so’zi asli yunon tilidagi ikki so’zdan kelib chiqqan bo’lib, «arxios» qadimgi, «logos» fan yoki so’z demakdir. Tarixiy fan insoniyatning o’tmishini, insoniyat jamiyati taraqqiyotining rivojlanish qonuniyatlarini o’rganadi, Arxeologiya fani ham aynan shu maqsadni amalga oshirishni o’z oldiga vazifa qilib qo’yadi. Shuning uchun ham fanda arxeologiyani tarixning bir qismi deyish rasm bo’lgan. Aslida arxeologiyani insoniyat tarixining eng uzoq davom etgan boshlang’ich va sinfsiz davri desak to’g’riroq bo’ladi.
Arxeolog olimlarimizni fikrlariga ko’ra insoniyat tarixi, mehnat qurollarini yasashdan boshlanadi. Ajdodlarimiz tomonidan mehnat qurollarini yasash davri ya`ni, hayvonot dunyosidan ajralib chiqishi yer sharining hamma joyida bir vaqtda sodir bo’lgan emas. Afrikaning Efiopiya mamlakatida insoniyat ajdodlarining faoliyatlari 3 million yil muqaddam boshlangan bo’lsa, bizning Markaziy Osiyo mintaqasining O’zbekiston hududida bunday voqea hozirgi kunimizdan 1 million yil avval sodir bo’lgan. Ana shu 1 million yillik ajdodlarimizning tarixini qariyb 99,75 foizini sinfsiz jamiyat, faqat 0,25 foizinigina sinfiy jamiyat tashkil qiladi, xolos. Aniqrog’i, insoniyat tarixini 99,75 foizi ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalarining birinchisi bo’lgan ibtidoiy jamiyat tarixiga taalluqli bo’lsa, faqat 0,25 foizi sinfiy jamiyatlar: quldorlik, feodalizm, kapitalizm va imperializm kabilarni o’z ichiga oladi.
Tarix fani ajdodlarimiz tarixini yoritishda asosan ikki xil ko’rinishdagi manbaaga tayanadi: 1. Yozma manbalarga 2. Moddiy ashyolarga. Yozuvning ilk bora paydo bo’lganiga besh ming yildan ortiqroq vaqt bo’lganini va yer sharining juda ko’p joylarida nisbatan ancha kech yuz berganini hisobga olsak, yozma manbalar faqat sinfiy jamiyatlar haqidagina ma`lumot bera olishi mumkinligiga iqror bo’lamiz. Chunki yozuvning paydo bo’lish davri sinfiy jamiyatning vujudga kelish davri bilan bir vaqtga to’g’ri keladi. Aniqrog’i sinfiy jamiyatni boshqaruvchi davlatning paydo bo’lish bilan yozuvga ehtiyoji kuchayadi. Ilk yozuv va sinfiy jamiyat paydo bo’lgan hududlardan biri Misrdagi yozma manbalarda o’z atroflaridagi sinfsiz jamiyatda, ya`ni ibtidoiy tuzum sharoitida yashagan xalqlarning; urf - odatlari, kiyimlari, yuz tuzilishlari, xatto ularning bir - birlaridan farqlari, harakterlari to’g’risida yozib qoldirganlar. Ammo bu ma`lumotlar biz uchun qanchalik ahamiyatli bo’lmasin bu yozma manbaalar ibtidoiy tuzumning oxirlarida yashagan odamlar hayotini juda oz qismini yoritadi, xolos.
Ajdodlarimizni eng qadimgi davridan to sinfiy jamiyat paydo bo’lgunga qadar, ayrim xollarda esa sinfiy jamiyatning kattagina qismini ham asosan arxeologiya fani o’rganadi va har tomonlama keng ma`lumotlarni beradi. Taniqli rus olimlaridan YU. N. Zaxaruk: «arxeologik manbalar ko’p xollarda, yozma manbalarga qaraganda to’laroq va aniqroq ma`lumotlarni beradi. Chunki bu manbalar jamiyatni eng muxim tomoni bo’lgan moddiy ishlab chiqarish faoliyatini ko’rsatadi» - deydi. Shuning uchun ham arxeologiya yordamchi fanlar qatoriga kirmay, u o’zining moddiy ashyolariga tayangan xolda, yirik tarixiy muammolarni xal qilish va-zifasini o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. Arxeologiya ko’p qirrali fan bo’lib, u inson tarixining ilk shakllanishidan tortib, to ijtimoiy ongining ma`lum darajada taraqqiy etgunga qadar bo’lgan davrni o’rganadi. Arxeologik yodgorliklarni va ulardan qazib olingan topilmalarni o’rganishda arxeologlar arxeologiya fani uchun yaqin bo’lgan va xatto unga mutlaqo daxli bo’lmagan fanlarning yutuqlaridan ham foydalanadilar. Masalan, u yoki bu yodgorlikning mutlaq yoshini aniqlashda va ba’zi arxeologik topilmalarni qotirishda fizika va kimyo fanidan foydalanadilar. Arxeologiya fani bir necha tarmoqlarni o’z ichiga oladi: numizmatika - tangalar to’g’risidagi fanni, epigrafika - toshlardagi yozuvlarni o’rganuvchi fanni va nihoyat sfragistika - muxrlarni o’rganuvchi fanni. Insoniyatning qadimgi davrini aks ettiruvchi yozma manbalar bizgacha juda oz miqdorda etib kelgan. Moddiy manbalar esa arxeolog olimlarimiz tomonidan juda ko’plab topilmoqda va har tomonlama o’rganilmokda. Bu jarayon o’zining murakkabligi tufayli mutaxassis arxeolog olimlar tomonidan ancha qiyinchiliklar bilan amalga oshirilmoqda. Bu jarayonning murakkabligi shundaki, ming xatto million yillar avval ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan mehnat qurollari, ya’ni moddiy manbalarning barchasi ham qanday bo’lsa shundayligicha bizgacha saqlanib kelmaydi. Balki tabiatning ta’sir kuchi natijasida o’zgaradi. Buning ustiga ular doimo to’la ravishda saqlanib kelmaydi. Arxeologik topilmalarni to’la xolatda yoki chala xolatda topilishi, aniqrog’i bizgacha etib kelishi u yoki bu yodgorlikdagi madaniy qatlamning qay xolatda saqlanganligiga ham bog’liq. Madaniy qatlam odatda ibtidoiy odamlarning qarorgoxlarida materikdan to yuqori qatlamgacha bo’lgan oraliqda joylashib uni qalinligi ajdodlarimizni o’sha qarorgoxda uzoq yoki qisqa vaqt yashaganliklariga bog’liq bo’ladi, agar uzoq vaqtlar yashagan bo’lsa qalin, oz muddat yashagan bo’lsalar yupqa bo’lishi mumkin. Umuman madaniy qatlam deyilganda ana shu qarorgoxda materikdan to ustki qatlamgacha bo’lgan qatlamdagi ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan mehnat qurollari va ularning chiqindilari, gulxan qoldiqlari tushuniladi. Umuman ajdodlarimiz tomonidan yasalgan va ularni faoliyatlarini aks ettiruvchi narsalarni o’zida saqlab qolgan tuproq aralashmasi madaniy qatlam hisoblanadi. Madaniy qatlamlar ajdodlarimizni yashagan sharoitlariga qarab har xil bo’ladi: bitta yodgorlikda bir nechta madaniy qatlam mavjud bo’lib, ularning barchasi bir davrni mezolit yoki neolit davrini aks ettirishi mumkin. Ammo bu qatlamlarni birinchisi ilk davri bo’lgani uchun, undagi mehnat qurollari dag’alroq va soddaroq bo’lsa, qolganlari asta sekin rivojlanishlari natijasida ixchamlashgan va takomillashgan bo’ladilar. Demak bir yodgorlikda misol uchun beshta madaniy qatlam mavjud bo’lib, ularning barchasi bitta neolit davriga mansub bo’lsa, bu neolit yodgorligida uch ming yil yashagan odamlarning dastlabki ming yilligiga oid mehnat qurollari sodda ko’rinishga ega bo’ladi. Keyingi ming yillikdagilari esa tobora takomillashib boradi. Shuni alohida aytish joizki, ayrim yodgorliklardagi madaniy qatlamlar yuqorida aytilganidek faqat bitta davrni emas balki bir nechta davrni ham aks ettirishi mumkin. Bunga misol qilib O’zbekiston xududida joylashgan Ko’lbuloq yodgorligini ko’rsatishimiz mumkin. Bu ajdodlarimiz ashell’ davridan to mezolit davrigacha bo’lgan davr mobaynida yashaganlar. Demak ular ashell’, must’e va yuqori paleolit kabi davrlarni o’z boshlaridan kechirganlar. Bu davrlarni bir biridan tabiiy qatlamlar ajratib turadi. Tabiiy qatlamlar, madaniy qatlamlardan farq qilib ularda ajdodlarimiz tomonidan vujudga keltirilgan mehnat qurollari yoki boshqa qoldiqlar bo’lmaydi. Chunki bu tabiiy qatlamlar insonlar tomonidan emas balki, tabiat tomonidan vujudga keltirilgan qumlik, tuproq kabilardan paydo bo’lgan qatlamlardir. Bular shamol, bo’ronlar uchirib kelgan va uzoq vaqtlar o’tishi natijasida yuzaga kelgan. Odatda bunday qatlamlar u yoki bu sabablarga ko’ra qarorgohlarda uzoq vaqt hayot to’xtashi natijasida sodir bo’ladi. Bunday sabablardan biri, ajdodlar o’z qarorgoxlarini o’zgartirganlaridan so’ng uzoq vaqt qaytib kelmaganliklaridir. U yoki bu yodgorliklarni madaniy qatlamlarini birin ketin o’rganilishi arxeologlar uchun juda katta ahamiyatga egadir. Chunki bunday o’rganish qarorgoxlardagi ajdodlarni birinchidan taraqqiyot jarayonlarini ko’rsatsa, ikkinchidan ularni xronologiyasini ya’ni sanasini aniqlashda katta rol o’ynaydi. Eng muximi bu madaniy qatlamlarda ajdodlarimizning arxeologlar uchun juda zarur bo’lgan moddiy ishlab chiqaruvchi manbalarini ifodalovchi mehnat qurollari va ularni ma’naviy hayot faoliyatlarini ko’rsatuvchi dali-liy ashyolar saqlanib qolgan. Bu arxeologik ashyolarga suyangan xolda ularning bir birlaridan farqlari, yoshlari va tarqalgan hududlari aniqlanadi.
Buday xolat esa o’z navbatida arxeologlarga ma’lum bir hudud uchun harakterli bo’lgan arxeologik madaniyatni ajratish imkonini beradi. Arxeologik madaniyatlar u yoki bu yodgorliklarning mehnat qurollariga qarab yoki o’sha yodgorliklarning nomlariga qarab ataladi. Masalan O’rta Osiyo hududida neolit davrida bir vaqtning o’zida uch xil yo’nalishdagi madaniyatlar mavjud bo’lgan.

  1. Kaltaminor madaniyati,

  2. Xisor madaniyati,

  3. Joytun madaniyati.

Kaltaminor madaniyatiga xos xo’jaliklarini asosan ovchilik, baliqchilik va termachilik tashkil qilgan bo’lsa, Hisor madaniyati xo’jaligining asosini chorvachilik tashkil qilgan. Joytun madaniyatiga oid yodgorliklarda esa, bir vaqtni o’zida dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Kaltaminor madaniyatiga oid birinchi yodgorlik Qoraqalpoq avtonom Respublikasining To’rtko’l tumanidagi Kaltaminor qishlog’idan topilgani uchun o’sha yer nomi bilan S. P. Tolstov tomonidan arxeologiya faniga kiritilgan. Joytun madaniyati ham Kopet-Dog’ bilan Qoraqum oralig’idagi yalanglikdan birinchi topilgan ibtidoiy manzilgohni nomi. Hozirgi kunda maxalliy xalq tomonidan Joytun deb atalgani uchun, bu manzilgohni V. M. Masson tomonidan arxeologiya faniga Joytun madaniyati nomi bilan kiritildi. Shuni aytish kerakki Joytun qarorgohlariga o’xshash yodgorliklar keyingi yillarda juda ko’plab topilgan va ularning nomlari har xil. Ammo ular Joytun madaniyati bilan deyarli bir xil bo’lganliklari uchun ularni nomlari har xil bo’lishidan qat`iy nazar ular ham bitta Joytun madaniyati nomi bilan yuritiladi. Shunday qilib, u yoki bu nom bilan yuritiladigan arxeologik madaniyat maz-muniga ko’ra ma`lum bir geografik hududdagi bir necha ibtidoiy makonlarni yig’indisi bo’lib, bularning mehnat qurollari, yashash tarzlari, urf-odatlari, kundalik mashg’ulotlari bir birlariga juda o’xshash bo’ladi.
Mutaxassis arxeologlarning ilmiy ish jarayonlari bir muncha murakkab bo’lib, ular bir necha bosqichdan iboratdir. Birinchi bosqichda arxeolog qadimiy qarorgohlarni topish uchun qidiruv ishlari bilan shug’ullanadi. Bu qidiruv ishlari qarorgohlarni davriga qarab, o’ziga xos usullar bilan olib boriladi. Masalan, g’orlarda yashagan ajdodlarimizni qarorgohlarini qidirishda birinchi navbatda g’orlarni og’zi quyosh tomon qaraganmi? yoki yo’qmi? shunga e`tibor beriladi. Chunki ibtidoiy odamlar o’zlariga qarorgoh tanlaganlarida quyosh nuridan foydalanishga katta ahamiyat berganlar. Ikkinchi navbatda ana shu qarorgohga yaqin joydan suv o’zani o’tganmi? yoki yo’qmi? bunga ham katta e`tibor berilgan. Sababi yashash joylari qanday yaxshi bo’lmasin suvsiz yashash mumkin bo’lmagan. Ana shu kabi talablarga javob bera oladigan g’orlardagina ajdodlarimiz yashaganlar va o’zlaridan bizga meros qilib madaniy qatlamlarni qoldirganlar. Ikkinchi bosqichda arxeolog ana shu topilgan qarorgohlarda qazish ishlarini olib boradi. Bu qazish ishlarini olib borishdan asosiy maqsad, avvalo qarorgohlardagi madaniy qatlamlarni nechtaligini aniqlash va ulardagi arxeologik materiallarni bir biriga aralashtirmay har qaysi qatlamdagi ashyolarni alohida-alohida qilib shifr belgilarini qo’yib olish bo’ladi. Uchinchi bosqichda arxeolog qazib olingan barcha arxeologik materiallarni to’plab olgandan so’ng ularni klassifikatsiya qilish bilan shug’ullanadi, ya`ni ularni hajmiga, shakliga va hokazolariga qarab guruhlarga bo’ladi. To’rtinchi bosqichda arxeolog o’zi topgan o’sha ashyolarni boshqa yodgorliklardan topilgan ashyolar bilan solishtiradi va ular o’rtasidagi o’xshashliklarni topishga harakat qiladi. Shundan so’ng oxirgi hal qiluvchi bosqichda o’zining tarixiy xulosalarini bayon qilishga kirishadi, ya’ni arxeo-logik ashyolarni davrini, ularni funktsiyalarini va shu ashyo egalarining yashash tarzlarini yoritishga kirishadi. Ammo bu jarayon juda murakkab va o’ta qiyin jarayon hisoblanadi. Ayniqsa, u yoki bu yodgorlik hozirgi kunimizdan qancha uzoq davrga oid bo’lsa, shuncha mushkullik tug’diradi. Masalan bronza asriga oid birorta yodgorlikdan topilgan sopol idishlarni xajmiga va shakliga qarab ularni funktsiyalarini ya`ni qaysi maqsad uchun foydalanganliklarini aniqlash mumkin. Lekin. ajdodlarimizni ilk faoliyatlariga oid bo’lgan shell va ashell xatto must’e davrining toshdan yasalgan mehnat qurollarini funktsiyalarini aniqlash juda murakkab masalalardan hisoblanadi. Sababi juda ko’p xollarda ana shu qadimiy toshdan ajdodlarimiz tomonidan yasalgan mehnat qurollarini tabiatning ta’sir kuchi natijasida vujudga kelgan tabiiy tosh bo’laklaridan ajratish qiyin. Sababi ularni tashqi ko’rinishlari bir-birlariga juda o’xshashdir. Shunday bo’lishi tabiiydir. Chunki ilk bor ajdodlarimiz ham o’zlari toshdan mehnat qurollarini yasashga aqllari yetmagan davrlarida tabiat ta`sir kuchi natija-sida yuzaga kelgan o’tkir qirrali tosh siniqlaridan kesish, chopish kabi ishlarni bajarishda foydalanganlar. Uzoq vaqtlarni o’tishi bilan ular ana shu tabiiy tosh bo’laklarini o’tkir qirralarini ahamiyatini tushunib yetganlar. Natijada keyinchalik bir toshni ikkinchi tosh bilan urib, ikkinchisidan o’tkir qirrali uchirindilar paydo qila boshlaganlar.
Arxeologiya fani o’zining ilmiy izlanish usullarini va yechilishi lozim bo’lgan masalalarining kengligi tufayli gumanitar fanlar: antropologiya, etnografiya, poleontologiya, tilshunoslik, geologiya xatto aniq fanlar fizika, kimyo, botanika, zoologiya, tuproqshunoslik va boshqa fanlarga suyangan xolda o’z maqsadlarini amalga oshiradi. Arxeologlar ajdodlarimizni ilk ishlab chiqarish va texnika soxalaridagi o’z davrini inqilobiy•darajasidagi bosib o’tgan taraqqiyot yo’llarini qadam baqadam o’rganib keladilar. Inqilob darajasidagi ajdodlarimiz tarixida yuz bergan voqealarga: O’q-yoyning paydo bo’lishini, g’ildiraklardan foydalanishga o’tishni, dehqonchilik va chorvachilikni vujudga kelishini, xo’jalikda metalldan foydalanish sirlarini o’zlashtirilishi kabi voqeliklarni kiritish mumkin. Insoniyat hayotidagi bu kabi yirik voqealarsiz hozirgi hayotimizdagi ulkan yutuqlarni ko’lga kiritishimizni tasavvur qilish qiyin.
Arxeologiya fani gumanitar fan bo’lib u tarbiya ishiga, insonlarni dunyoqarashlarini shakllanishiga, madaniyatini yuksalishiga xizmat qiladi. Arxeologik topilmalar o’zlarining moddiy ashyoligi va aniqligi tufayli yaratilganligi hamda ulardan mehnat quroli sifatida foydalanganliklari sababli ular ajdodlarimiz kundalik hayotlarini aks ettiruvchi, biz uchun qimmatli bo’lgan ma`lumotlarni beradi. Ammo bu ma`lumotlarni xajmi u yoki bu yodgorlikda arxeologik topilmalarni qay darajada saqlanganligiga va ana shu yodgorlikda qazish ishlarini arxeolog tomonidan to’g’ri yoki noto’g’ri usul bilan olib borishga ko’p jixatdan bog’liqdir. Agar arxeolog har qanday yodgorlikda qazish ishlarini olib borishda to’g’ri usulni qo’llasa u ko’zlangan maqsadiga erishishi mumkin. Bordiyu noto’g’ri usulni tanlasa unda u nafaqat maqsadiga erisha olmaydi, balki fan olamida tuza-tib bo’lmaydigan xatto og’ir jinoyatga teng bo’lgan qo’pol xatoga yo’l qo’yadi. Chunki har qanday yodgorlikda arxeologik qazish ishlari bir marta bajariladi. Markaziy Osiyo hududidagi son sanoqsiz yodgorliklarning yoshi o’rta asrlardan to bir million yilga teng. Demak, agar arxeolog tarixiy yodgorliklarni qazish ishlarida noto’g’ri usulni qo’llasa, biz uchun ajdodlarimizdan million yillar davomida meros bo’lib kelayotgan yodgorliklar poymol qilinadi va ular fan uchun o’z ahamiyatini yo’qotadi. Shuning uchun ham arxeologik yodgorliklarda qazish ishlarini olib borishga ma`lum darajada tajribalarga ega bo’lgan mutaxassislargagina ruxsat beriladi. Arxeolog tarixiy yodgorliklarda asosiy qazish ishlarini boshlashdan oldin, yodgorlik qaysi davrga mansub ekanligini bilish maqsadida arxeologlar tili bilan aytganda bo’yi ikki metr eni bir metr bo’lgan shurfini yodgorlikni satxidan to materikkacha qaziydilar. Bu bilan yodgorlikda nechta madaniy qatlam borligini va bu madaniy qatlamlarda qanday arxeologik ashyolar borligini bilib oladilar. Shundan so’ng asosiy qazish ishlarini boshlash uchun o’z usullarini belgilaydilar.
Savol va topshiriqlar.

  1. Arxeologiya atamasining kelib chiqishi, fanga kiritilishi.

  2. Arxeologiya fanining maqsad va vazifalari nimalardan iborat.

  3. Madaniy qatlam nima?

  4. Shurf so’zi va uning mazmunini tushuntirib bering.

  5. Madaniyat va yodgorlik farqini tushuntirib bering.

Download 21.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling