1-Mavzu. Axloqshunoslik fanining tadqiqot doirasi, maqsadi va vazifalari Reja
Download 4.7 Mb.
|
etika,estetika,mantiq
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ma’naviy barkamol inson aql bilan fazilat birligida amal qiladigan kishidir. Fazilat insonning qo’lga kiritgan sifatidir”.
- Amaliy yo’nalishdagi vazifalari ;
Abu Rayhon Beruniy
xloqning paydo bo’lishi masalasini moddiyunchilik-dahriylik yo’nalishi bo’yicha talqin etishda asosan ingliz tabiatshunosi Charlz Darvin(1809-1882)ning evolyusion nazariyasiga tayanishdiki, unga muvofiq odam hayvonot olamidan uzoq tadrijiy taraqqiyot natijasi o’laroq paydo bo’ladi. Shuning uchun ham ana shu jaryonning mahsulidir. Darvinning ushbu ta’limoti keyinchalik tabiatshunoslar, faylasuflar tomonidan rivojlantiriladi. Ana shundaylardan biri rus anarxisti, faylasufi P. A. Kropatkin (1842-1921)dir. U o’zining “Adolat va axloqiylik” nomli asarida o’zaro yordam,(vzaimopomosh) haqqoniylik (spravedlivost) kabi axloqiy instiktiv hissiyotlar hayvonot dunyosiga xos bo’lib, ular keyinchalik kishilik jamiyati taraqqiyoti jarayonida tom ma’nodagi axloqiylik tamoyillari sifatida shakllanadi degan darvincha qarashni bayon etadi.1 Hozirgi zamon ilm –fani kashfiyotlari moddiyuncha dahriylik g’oyasining asossizligi va olamni Yaratuvchi ibtido Kuch-Xudoning mavjudligini isbotlab berishga xizmat qilmoqda. Bu o’rinda aniq fanlar sohasida inqilob qilgan Albert Eynshteyn (1882-1944)ning quyidagi e’tirofini esga olish xarakterlidir: “ Men o’zimning nisbiylik nazariyamni kashf qilganimdan so’ngina Yaratuvchi kuch- Xudoning mavjudligiga ishonaboshladim”2 XX asrning 60-70 yillarida tabiatshunos olimlar – G. Xaken, I. Prigojin, I. Stengerslar tomonidan ilgari surilgan va olamning tuzilishi, paydo bo’lishi haqidagi mavjud tasavvurlarni o’zgartirib sinergetika ta’limoti “ yo’qdan bor bo’lmaydi va bordan yo’q bo’lmaydi” degan moddiyuncha –dahriylik g’oyasining puch ekanligini ko’rsatib beradi. Talaba rejaning ikkinchi savoli bevosita birinchi savolning manqiy davomi ekanligini yaxshi anglab olmog’i zarur. Chunki axloqiy tafakkurning barcha bosqichlarida axloqning mohiyati, uning amal qilishi masalasi asosiy tadqiqot doirasi, bahs mavzui bo’lib kelgan. 2. Axloqiy tafakkur taraqqiyotining asosiy bosqichlari. Ilk axloqiy qarashlar bundan uch yarim ming yillar ilgari yuzaga kelgan bo’lib, to bugungi kunga qadar uning nazariy – falsafiy ta’limot sifatida shakllanishi quyidagi davr bosqichlarida kechadi: Qadimgi davr axloqiy tafakkuri; O’rta asrlar, uyg’onish davri axloqiy ta’limotlari taraqqiyoti Yangi davr (XVII-XVIIIasrlar) axloqiy ta’limotlari. Hozirgi davr (XIX-XX asrlar axloqiy fikr taraqqiyoti. Dastlabki axloqiy qarashlar nazariy –falsafiy yo’nalishda qadimgi Sharq – Shumer, Bobil, Misrda shakllana boshlagan. Bundan ushbu mintaqalardan topilgan mix xatlar bilan giltaxtalarda yozib qoldirilgan matallar, maqollar shaklidagi yodgorliklar guvohlik beradi. Shumerliklar o’zlarinning ezgulik, haqiqat tamoyillari bo’lmish ma’budalariga atab qo’shiqlar madh etilgan va ular keyinchalik alqov-gimnlarga aylangan. Va ular xalqni hamjihatlikda yashashga, ezgulikka yo’naltiruvchi axloqiy norma , qoidalar vazifasini o’tgan. Qadimgi Misr va Bobilda axloqqa doir qarashlar epos, xalq dostonlari, pandnomalarda bayon etilganki, ularning ayrimlari bizgacha yetib kelgan.Xususan,“Pxotatep o’gitlari” , “Xo’jayinning o’z quli bilan hayotning mazmuni haqida suhbati”, “Gilgamish” eposi,” Arfisi qo’shig’i” kabi bitiklarda “baxt”, “burch”, “adoloat”, “hayotning mazmuni” kabi axloqiy mezoniy tushunchalar tavsiflanadi, axloqiy me’yorlar xususida fikr yuritiladi. Talaba mazkur savolni o’rganishda mintaqamizdagi dastlabki axloqiy qarashlar barcha dunyoviy fanlar uchun yakka xudolik g’oyasi asosi bo’lib xizmat qilgan diniy falsafiy ta’limot xususida batafsilroq to’xtalmog’i lozim. Qadimgi Turonzamin va Eronzamindagi axloqiy tafakkur zardushtiylik dini negizida shakllangan bo’lib, uning asosiy g’oyasi “Avesto” da o’z ifodasini topgan. Ezgulik va yovuzlik o’rtasidagi azaliy kurash mazkur g’oyaning asosini tashkil etadi. Bunda Axuramazda ezgulik, Axriman yovuzlik kuchlarining timsoli sifatida ko’rsatiladi va ezgulik xudosi madh etiladi. Chunki faqat ugina kishilarga baxt-saodatga erishtiradi, kamolat sari yetaklaydi. Shunga ko’ra “Avesto” da ilgari surilgan, “ezgu so’z, ezgu fikr va ezgu amal” g’oyasi mohiyatan axloqiy qoida, tamoyillarki, bular har bir kishini ana shu g’oya asosida yashashga yo’naltiradi. Bu o’rinda “Avesto” dan quyidagi istibohni keltirib o’tamiz: “Yaqin kishisiga mehribon bo’lish, muhtojlik va xavf—xatar ostida qolganda ko’maklashish, yovuzlikka qarshi, kishilar baxt-saodati uchun faol kurashiga shaylik, hamma bilan ahil va totuvlikda, o’z maslakdosh birodarlari bilan do’stlik va hamjihatlikda yashashga intilish ezgu amaldir. Inson o’z fikr–xayolida boshqalarga hasad qilmasligi lozim, chunki bunday hasadda u kishi yaxshi niyatini yo’qotadi, burch va adolatni unutadi va nojo’ya harakat qiladi. “Avesto”da insonning axloqsizligini yovuzlik, yomonlikka qo’l urushi uchun ham oldindan jazo bo’lishi va u dunyoda bunday kishilarga beriladigan jazo haqida fikr yuritiladi. Unda keltirilishicha, odamzot hayotining ikkinchi davri Zardushtning diniy islohotlari bilan bog’liq faoliyati bo’lib, u din va imon uchun beomon kurashlar bilan xarakterlanadi, 3000 yillik kurashlardan so’ng Zardushtning farzandi boshchiligida dunyoda osoyishtalik va farovonlik davri yuzaga keladi. Ahriman yengiladi. Uchinchi davrda qiyomat qoyim boshlanadi va o’liklar tirilib, Xudo huzuriga o’z qilmishlari haqida hisob bergani borishadi. Hamma ishlardan voqif bo’lgan Xudoning oldiga yuboriladi va hisob-kitob qilinadi. Ezgu amal bilan mashg’ul bo’lganlar jannatga kiritiladi, yovuz ishlar bilan shug’ullanganlar jahannam azobiga mahkum bo’ladilar. Shuni ta’kidlash kerakki, yakka xudolik, oxirzamon, jannat va do’zax haqidagi g’oya birinchi bo’lib zardushtiylik tomonidan ilgari surilgan bo’lib, bu keyinchalik barcha dunyoviy dinlarning asosiy g’oyasiga aylanadi. Qadimgi davr axloqiy tafakkuri Hindiston, Xitoy va Yunonistonda yuksak taraqqiyot bosqichiga ko’tariladi. Vedachilik, yo’ga, jaynchilik, buddachilik, lokayata deb ataladigan diniy-falsafiy oqimlar qadimgi Hindiston axloqshunosligining shakllanishida muhim rol o’ynaydi. Bular orasida vedachilik yetakchi oqim hisoblanadi. “Vedalar” diniy-falsafiy mazmunga ega bo’lgan muqaddas bitiklar bo’lib, ularda qadimgi davrda yashagan ma’naviy hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, axloqiy qarashlari haqida muhim ma’lumotlarni o’zida mujassamlashtirgan. Vedachilik ta’limotiga ko’ra, jamiyat to’rt tabaqaga-brahmanlar (qohinlar), kshtariylar (harbiylar), va ishchilar (dehqonlar, kosiblar), shchudriylar (qullar). Va har bir tabaqa muayan darajadagi tug’ma axloqqa egadirlar. Ular ichida qohinlar yuksak axloqqa ega bo’lib, axloqan qullar tuban odamlar hisoblanadi. Yoga, jaynchilik va baddohchilik oqimlari vedachilikdan farqli ravishda axloqiy fazilatlar tug’ma bo’lmasdan, ular har bir shaxsning o’z-o’zini tarbiyalash, kamol toptirish natijasida shakllanadi deb tushuntiradilar. Qayd etilgan oqimlar orasida buddahchilik yetakchi falsafiy-axloqiy-ta’limot bo’lib, u to hozirgi paytgacha ham Hindiston, Xitoy, Yaponiya ijtimoiy-siyosiy hayotida yetakchi mavqyeini egallab kelmoqda. Buddahchilikning asoschisi Siddxariyxa Gautama laqabi Budda-sanskritcha buddaha-nurlangan miloddan avv. 567-488 y). dirki, u o’z ta’minotini vedalar matnlari asosida yaratadi. Uning ta’limotining negizini quyidagi “to’rt oliy haqiqat” tashkil etadi. Bu dunyodagi hayot azob-uqubatlardan iborat. Bu azob-uqubatlarning sabablari bor. Bu sabablarni anglab olish va xalos bo’lish mumkin. Azob-uqubatlardan xalos bo’lish, ularni bartaraf etish yo’llari bor va ularni bilib olish mumkin. Va bunda axloqiy me’yor va tamoyillarga qat’iy rioya qilishni ana shunday yo’llaridan biri deb ko’rsatiladi. Bular: har bir kishi yomonlik qilishdan, yolg’on gapirishdan, o’g’rilik qilishdan, his-tuyg’ularga ortiqcha berilishdan, saqlanish, mast qiluvchi ichkiliklardan o’zini tiyish, turmush o’rtog’iga xiyonat qilmaslik, zebu ziynatga berilmaslik. Xitoydagi axloqiy tafakkur daochilik va konfusiylik ta’limotlari negizida shakllanadi. Daochilikning asoschisi Lao-Szi (miloddan avval. VI-V asrlar) bo’lib, uning falsafiy-axloqiy qarashlari “Dao de szin” nomli asarida bayon etilgan. Uning fikricha, borliqda “dao” deb ataladigan, uning uyg’unligini ta’minlab turadigan obyektiv qonuniyat amal qiladi. Inson ham ana shu qonuniyatga bo’ysindai. U ana, shu qonuniyat tamoyillariga amal qilgan paytda axloqiy komillikka yo’l tutadi, undagi barcha salbiy xislatlar, axloqsizliklar daocha nisbatan xilof xatti-harakatlarning natijasidir. Lao-Szi hamma joyda mavjud, hamma narsani boshqaradigan, hamma hatti-harakatlarga mayoq bo’ladigan «dao» (yo’l, yo’l-yo’riqlar, tartib, qonun) bor deb biladi.Dao- «sirli ezgu amal»- dir. U- tabiat va jamiyatning oliy qonuni. Hukmdorlar daoni bilishni, uning talablarini bajarishi kerak. Kishilardaoga itoat etib, o’z burchlarini bajaradi,ezgu amallarga intiladi. Daoni bilmagan, uni inkor etgan hukmdor nafsning quliga aylanadi. Natijada fuqarolar o’rtasida ahillik yo’qoladi. Ko’rinib turibdiki, dao, Lao-szi nazarida, tabiat va jamiyatga taalluqli umumiy qonun bo’lib, kishilar ushbu qonunga amal qilsa, baxtiyor yashaydi, xalq o’rtasida norozilik bo’lmaydi. Konfusiylik axloqiy-siyosiy ta’limot bo’lib, uning asoschisi Kun-szi (Konfusiy – miloddan avval. 551-479) dir. Uning axloqiy qarashlari «Shiszin»(«Qo’shiqlar kitobi»), «Suhbatlar va mulohazalar» («Lun yuy») kitobida aforizm, hikmatlar shaklida bayon etilgan. «Agar xalq faqat qonunlar vositasida boshqarilib, jazolar yordamida tartib saqlanadigan bo’lsa, deydi mutafakkir, xalq jazodan qochadigan bo’ladi, axloq-odobni pisand qilmay qo’yadi. Mabodo xalq ezgu amallar bilan boshqarilib urf-odatlar orqali tartib saqlanadigan bo’lsa, odamlar uyatni biladi, odob doirasidan chetga chiqmaydi» (Mudresы Podnebesnoy. Simferopol 1998, s.58) Konfusiy ta’limotining markazida davlat va jamiyatni urf-odatlar, «zarur xulq- atvor» olrqali boshqarish turadi.. Demak, Konfusiy qonun va jazo choralaridan axloqiy xulq-atvorni ustun qo’yadi, jamiyatda shakllangan urf-odatlar, an’analar, axloqiy qoidalarga amal qilish- boshqarishning asosidir. To’g’ri, Konfusiy huquqiy xulq atvorni alohida kategoriya sifatida talqin qilmaydi, uning fikricha, xulq- atvor axloqiy tushuncha, ezgu amal, xolos. Biroq bu ezgu amal ijtimoiy- siyosiy hayot, davlat va jamiyatni boshqarish tizimiga chambarchas bog’langan. Mutafakkir xulq-atvor bilan boshqarishni davlat va jamiyatni boshqarishning bosh a’moli darajasiga ko’taradi.Uning xulq atvorni «O’zaro kelishuv» - muroqaba bilan bog’laganini esa hozirgi tolerantlik (bag’rikenglik) nazariyasining ibtidosi deyish mumkin. Darhaqiqat, xulq-atvor va ezgu amal o’zaro bog’liqdir. Shuning uchun Konfusiy ularni sinonim tushunchalar sifatida ishlatadi. «Ezgu amallar bilan boshqaruvchi Sharq yulduziga o’xshaydi, u boshqa yulduzchalar qurshovida bo’ladi»,- deydi Konfusiy. Ulkan «yulduz» insonparvar bo’ladi, u ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlarni nizolarni oson bartaraf etadi. Insonparvarlik esa yomon xulq-atvordan, zo’ravonlikdan xoli bo’lib, urf-odatlarga zid hatti-harakatlardan o’zini tiyadi. Shuning uchun mutafakkir, «nima xalq-atvorga zid bo’lsa, unga qarab bo’lmaydi, uni tinglab bo’lmaydi, ado etib bo’lmaydi», deb hisoblaydi. Uning fikricha, inson taqdirini “osmon” qonuni belgilaydi, odamlarning tabaqaga bo’linishi, qismatini o’zgartirib bo’lmaydi. Shu bois kichik kattaga, xizmatchi xo’jayinga bo’ysinmog’i, itoat qilmog’i kerak. Uning uqdirishicha, “jen”, “li” deb ataladigan samoviy axloqiy-insonparvarlik qonuniyatlari mavjudki, kishilar ularga so’zsiz rioya qilishi zarur. «Li» tushunchasi tartib, bo’ysunilishi zarur bo’lgan qoida, dngan ma’noni anglatadi. Tarib bo’lmasa, jamiyat barqaror rivojlanmaydi. Kishilar ushbu qoidalarga bo’ysungan, rioya qilganlarida aloqiy fazilatlarga ega bo’ladi. Ushbu qonuniyat jamiyatda quyidagi tamoyil bo’yicha amal qilinishi kerak: Imperator-Osmon o’g’li, u osmon ostidagilarning barchasiga ota. Demak, podsho-podsho, ota-ota, mulozim-mulozim, o’g’il-o’g’il bo’lishi darkor. Kishilar ushbu qonuniyatlarni o’rganib, o’zlashtirib olishlari uchun o’zining jamiyatdagi o’rni, mavqyei darajasini va o’z burchlarini yaxshi bilishlari zarur Talaba axloqshunoslikning alohida ilm sohasi tarzida shakllanishi qadimgi Yunonistonda nihoyasiga yetganligini yaxshi anglab olmog’i lozim Qadimgi davr axloqiy tafakkuri tizimlashgan ilmiy-falsafiy bilim sohasi sifatida Yunonistonda shakllanadi. Bunga Suqrot, Aflotun, Arastu, Demokrit kabi mutafakkirlar katta hissa qo’shadilar. Demokrit (eram.avval.460-370)ning axloqiy qarashlari asosida aql insonning ma’naviyati, axloqning negizini tashkil etadi va uning takomili bilan kishi baxtga erishishi mumkin, degan g’oya yotadi. Uningcha donolik (aqllilik) axloqiy fazilatlarni, xususan, yaxshi fikrlash, yaxshi xulq-atvorni hosil qiladi. Suqrot (eram.aaval. 469-399) axloqining negizining donishmandlik tashkil etadi va u o’zgarmas va mutlaq tabiatiga egadir. Donishmandlik esa o’z-o’zini anglashdan boshlanadideb tushuntiradi. Uning «Kuch bilimda», «O’z-o’zini bil» kabi fikrlari hozirgacha ham “Li” fikrlari o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Suqrot ham Konfusiy kabi tartibli umumiy qonun qoidalarni axloqning asosi deb hisoblaydi. Uningcha “nimaiki qonuni bo’lsa, o’sha adolatlidir”. Bu o’z davrida Afinadagi mavjud tuzum qonun, qoidalarini qattiq tanqid ostiga olgan va shunga ko’ra unga siyosiy ayb qo’yib o’limga hukm etiladi. Uning shogirdlari Suqrotni o’limdan qutqarib qolish yo’lini taklif qilganda, bu unga rozi bo’lmaydi va sud hukmiga bo’ysunishni aytadi. Suqrot falsafaning markazida axloq masalalari turadi va bu masalalarning qanday tarzda hal qilinishi jamiyat hayoti ravnaqini belgilaydi deb hisoblaydi. Aflotun (eramizdan avvalgi 347) ning axloqiy qarashlarining falsafiy asosini g’oyalar va jon (ruh) to’g’risidagi ta’limot tashkil etadi. Uning fikricha, bu olamdagi barcha narsa hodisalar, g’oyalar dunyosining soyasidir. Demak, axloq ilohiy asosga ega. Aflotun davlatni boshqarish, siyosatni amalga oshirishda axloqning tutgan rolini o’zining ana shu qarashlaridan kelib chiqgan holda tushuntiradi. Uning bu haqidagi qarashlari “Davlat”, “Siyosat” kabi asarlarida bayon etilgan . Arastu (eramizdan avvalgi 384-322) birinchilardan bo’lib axloqshunoslikni mustaqil fan sifatida falsafadan ajratib, uning predmeti, vazifalarini belgilab bergan mutafakkirdir. U mazkur ilm sohasini amaliy falsafa deb ta’riflaydi hamda uni “etika” deb nomlaydi. Arastu ixtiyor erkinligini axloq tizilmasining asosi tarkibiy qismi deb ko’rsatadi. Shuningdek Aflotundan farqli ravishda axloqni ruhning tug’ma xusisiyati emas, balki tafakkur bilan bevosita ixtiyor erkinligi natijasida hosil qilinadigan fazilat talqin qiladi. Arastu inson o’z ma’naviy barkamolligiga o’zida ana shunday fazilatni shakllantirish bilan erishadi, deb hisoblaydi. U bu haqida shunday deb yozadi: “Ma’naviy barkamol inson aql bilan fazilat birligida amal qiladigan kishidir. Fazilat insonning qo’lga kiritgan sifatidir”. O’rta asrlarda axloqiy tafakkur musulmon Sharqida yuksak taraqqiyot darajasiga ko’tarilgan. Agar G’arb-Ovro’pada bu davrda turg’unlik-sxolastika hukm surgan bo’lsa, bu mintaqada, xususan Markaziy Osiyoda Uyg’onish davri yuz beradi. Bu davrda axloqshunoslik mashshoiyyunlik (arastuchilik) va tasavvuf falsafiy-diniy ta’limotlari rivojlanadilar. Beruniy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushdlar Arastu ta’limotini rivojlantirgan va axloqshunoslik masalalarini ana shu yo’nalishda talqin qilgan mutafakkirlardir. Abu Nasr Forobiy (873-950)ning axloqiy qarashlari uning “Fozil odamlar shahari”, “Shaharni idora etish kitobi”, “Baxt-saodatga erishuv haqida risola” kabi asarlarda bayon etilgan. Farobiyning qarashicha, axloqiy kamolotga erishishi insonning o’z qo’lidadir. Bunga esa tarbiya va o’z-o’zini tarbiyalashi orqali erishiladi. Barcha xalqlar baxtga erishish uchun bir-birlari bilan hamkorlik munosabatida bo’lishlari kerak deb ko’rsatadi faylasuf. Baxt, uning talqinicha, tabiat haqidagi bilimlarni o’zlashtirishdir. «Insonlik mohiyati, deb yozadi faylasuf, -baxt-saodatga erishuvdir. Inson bu maqsadni o’zining oliy g’oyasi va istagiga aylantirib faydalansa u baxt saodatga erishadi ».3 Forobiy o’zida o’n ikkita xisatni birlashtirgan kishigina axloqli bo’la oladi, deb ko’rsatadi. Ulardan ba’zi birlarini keltiramiz. «-Haqiqatni va haqiqat tarafdorlarini savadigan bo’lsin, yolg’on va yolg’onchilarga nafrat bilan qaraydigan bo’lsin; - O’z tabiati bilan adolatni sevadigan va adolat uchun kurashuvchilarga, adolatsizlikka nafrat bilan qaraydigan bo’lsin.»4 Abu Rayhon Beruniy (973-1048) har qanday bilimlar insonning axloqiy kamolotga xizmat qilish kerak deb biladi. U “burch” “nomus”, “yaxshilik va yomonlik”, “adolat”, “vijdon” mezonli tushunchalarni ana shu nuqtai nazardan turib talqin qiladi. Uning axloqiy qarashlari “Hindiston”, “Javohirot” asarlarida o’z aksini topgan. Abu Ali ibn Sino (980-1037)ning axloqiy qarashlari “Salomon va Ibsol haqida qissa”, “Zafarnoma”, “Risolat at-Tayyor”, “Aksam al umum al aqlini” asarlarida bayon etilgan. Ibn Sino axloqiy fazilatlarni tug’ma emas, balki tarbiya mahsuli deb hisoblaydi. Uningcha, kamolotga intilish yaxshilikdir. Savol javob tarzida yozilgan “Zafarnoma” nomli pandnomasida yaxshilik tushunchasi quyidagicha tavsiflanadi. “Yaxshilarning yaxshiligi nimada? Dedi: - Xoksorlik, beminnat saxovat hamda mukofot ta’ma qilinmagan xizmatida”5 Forobiy, Ibn Sinoning falsafiy-axloqiy qarashlari arab faylasufi Ibn Rushd (1126-1198) tomonidan rivojlantiriladi. Uning axloqshunoslikka oid fikrlari “Tahofut ut-tahofut” asarida bayon etilgan bo’lib, bunda u ixtiyor erkinligi masalasi ustida fikr yuritadi. Uningcha, inson xulq-atvori bilan bog’liq xatti-harakatlar azaldan belgilab qo’yilmaydi, u ixtiyor erkinligiga egadir. Bunday erkinlikni inkor etish Yaratuvchining mohiyatiga ziddir, zotan insonning axloqqa zid xatti-harakatlarini taqdiri azal bitiklari deb bo’lmaydi. Illo o’z bandalariga yomonlik sog’inishi, ularni yovuzlikka boshlash yaratuvchining atributlariga kirmaydi. O’rta asrlar musulmon Sharqida tasavvuf diniy-falsafiy ta’limoti VIII asr boshi va IX asr boshlarida Markaziy Osiyoga keng yoyila boshlaydi va u Abduxoliq G’ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro kabi bir qator mashhur mutasavvuflar tomonidan o’ziga xos ma’naviy-axloqiy ta’limot sifatida rivojlantiriladi. Ahmad Yassaviy (taxm. 1103-1166) axloqiy qarashlarini teran falsafiylik bilan yo’g’rilgan “Devoni hikmat” nomli o’git-pandnomasida bayon etadi. Uningcha, Xudoga-Haqiqat, Ezgulik timsoliga erishish uchun nima xizmat qilsa, ularning barchasi axloqiy fazilatlardir. Yassaviy Xudoga yaqinlashish, uning vasliga vosil bo’lish yo’liaxloqiy fazilatlarni o’zida mujassamlashtiruvchi faqrlikdir deb biladi. Ya’ni: «Faqr Haq taoloning bog’i vaslidin daraxte turur, ul daraxtning butog’i aql tutur, reshasi hidoyat turur… Faqr martabasi yetti turur: javonmardlik turur, sipohiylik turur, xirqa turur, sabr turur, shukr turur, tavakkul turur. Faqr maqomi sakkiz turur: tavba turur, ibodat turur. Muhabbat turur, sabr turur, shukr turur, rizo turur, zuhd turur, orifliq turur».6 Uning barcha hikmatlari ana shu faqr maqomi, martabasi tamoyillari bilan yo’g’rilgan pandnomalardir. Masalan: Diydorini italab qilsang, ey zokirlar, Jondin kechib xalqa ichra ko’ring diydor, Shavqing bila Alloh aytib, rostga qaytib Tun uyqusin harom aylab, bo’lgil bedor. Nafsing seni, boqib tursang, nelar demas, Zori qilsang, Alloh sari bo’yun sunmas. Qo’lga olsang, yabon qushdek qo’lga qo’nmas, Qo’lga olib, tun uyqusin ilgil bedor. Sendin burun o’ronlaring qayon ketti, Bu dunyog’a mayl qilmay, yig’lab o’tti, Umring oxir bo’ldi, navbat senga yetti, Gunohingga tavba qilg’il, ey badkirdor.7 Tasavvufning Yassaviya yo’nalishi uning nomi bilan atalib kelinadi. Abduxoliq G’ijduvoniy (1103-1220) insonni ma’naviy-axloqiy komilikka olib boruvchi yo’llar (rashha)larni ishlab chiqadi va bular keyinchalik naqshbandiya tariqati uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Ushbu tamoyillar to’rtta bo’lib, ular: 1. Hush dar dam: zikr vaqtida har bir chiqayotgan nafas hushyorlik bilan chiqmog’i, g’aflatga tushmaslik lozim, har nafas olib chiqarish paytida Allohni zikr qilish darkor. 2. Nazar bar qadam: solik (tariqat a’zosi) qayerda bo’lmasin har bir qadamiga nazar solishi, ogoh bo’lib yurmog’i lozim. 3. Safar dar vatan: solikning yomon odatdan xushxulqlikka yo’nalishi. 4. Xilvat dar anjuman: zohiran xalq bilan, botinan Haq bilan bo’lish zarurligi. Bahouddin Naqshband (1318-13890) tasavvufni ma’naviy-axloqiy ta’limot darajasiga ko’targan mutasavvufdir. U asos solgan naqshbandiya tariqati Markaziy Osiyo xalqlarining ma’naviy hayotidan chuqur o’rin egallaydiki, bugungi kunda ham u ma’naviyatimizni shakllantirishda, milliy mafkuramizni kishilar qalbiga singdirishda katta ahamiyatga egadir. Naqshbandiya tariqati G’ijduvoniy ta’limotining takomili bo’lib, uning asosida “Dil ba yoru dast ba kor” (“Ko’ngil Xudoda, qul esa ishda bo’lsin”) degan diniy (ilohiylik)lik va dunyoviylikni o’zida mujassamlashtiruvchi shior yotadi. Mazkur shiorning mazmuni shundaki, axloqiylik insonning baxt-saodatiga yo’naltirilgan bunyodkorlik ishlarida namoyon bo’ladi va bunday axloqiylik esa ilohiylik bilan yo’g’rilgan bo’lishi lozim. Naqshband G’ijduvoniyning insonni komillikka olib boruvchi yo’l (rashha)larni yanada to’ldirib, mukammallashtiradi. Uning bunday rashhalari quyidagilar: - « Yodkard», bu zikri lisoniy (til zikri) yoki zikri qalbiy ( dil ziri) dir. Bunga ko’ra Solik zikrni faqat tili bilan emas, balki ko’ngli bilan atadi. - «Bozgasht» zikr aytuvchi tili va dilida kalimai tayyiba (Lo iloha)ni aytganda bu kalima orqasidan «Xudovando, mening maqsudim» sensan» kalimasini aytadiki, bu bozgasht kalimasidir. Bu bilan u yomon fikrlarni o’zidan haydaydi. - «Nigohdosht» - har xil keraksiz yomon fikrlardan xalos bo’lishi, fikrni jamlash. Aytishlaricha, Xoja ubaydullohAhror nigohdoshtda shunday malaka hosil qilgan ekanlarki, kun chiqishdan avval to choshgohgacha ko’nglini o’zga narsalarning fikridan saqlay olar ekanlar. - « Yoddosht» - Allohni doimo zavqu shavq bilan yodda tutib, ogoh bo’lishdir.8 Naqshbandiya tariqatining barcha raxshalari insonni sevmasdan Allohni, Alohni sevmasdan esa insonni qadrlab, unga yaxshilik,ezgulik ko’rsatib bo’lmaydi degan g’oya bilan sug’orilgan. Bu o’rinda Naqshband hazratlarining holati haqidagi hikoyatni keltiramiz. Naql qilishlaricha, ul zot daladan o’tayotganlarida uni tanimagan bir dehqon polizdan bir sapchani unga peshkash qiladi. Bu ish ularga juda maqbul bo’ldi. Bir necha vaqtdan so’ng Xazrati Xoja shunday deydilar: «Hali xalq bizni tanimagan paytda bir dehqon bizga nisbatan haqqini o’tkazdi. Yaxshilikkka yaxshilik qilish ulug’ ishlardan hisoblanadi. Ikki musulmon har vaqt bir-biri bilan uchrashib qolsa, birinchisi avval salom bersa, ikkinchisi to hayot ekan, uning salomi haqqini ado etaolmaydi».9 Najmiddin Kubro (1154-1226)ning axloqiy qarashlari “Sharxus-sunna val-misolihu”, “Usuli ashari”, “Favoinhul-jamol” nomli asarlarida bayon etilgan. Kubraviya tariqatining mohiyati quyidagi o’nta axloqiy qoidalarda mujassamlashgan: tangriga o’z hohishi bilan yuzlashish; zuhd fi dunyo-har qanday lazzatdan o’zni tiyish; tavakkul- Ollohga e’tiqod va bu yo’ldan har qanday nopok narsalardan voz kechish; qanoat; uzlat-xilvatni ixtiyor qilish; mulozamat az-zikr; tavajjuh-Xudoga muhabbat qo’yish; nafsni yengish; muroqaba-tafakkur, mushohada qila bilish; rizo-Xudo xushnudligi erishish. Tasavvuf (naqshbandiya) tariqati ma’naviy-axloqiy ta’limot sifatida Temur va Temuriylar davrida xalq mafkurasiga aylanadi va kishilarni mo’g’ul istilosiga qarshi kurashga, bunyodkorlik ishlariga safarbar etish uchun xizmat qiladi. Amir Temurning “Kuch-adolatda” degan shiori mazmuni naqshbandiya tariqatining “Dil ba yoru dast ba kor” tamoyili bilan yo’g’rilgan edi. Temuriylar davrida Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi ijodkorlar naqshbandiya tariqati tamoyillari asosida ijod qiladilar va uning g’oyalarini hayotga tadbiq etishda ibrat namunalarini ko’rsatadilar. Abdurahmon Jomiy (1414-1492)ning “Bahoriston” asarida muhabbat, baxt, burch, yaxshilik va yomonlik kabi axloqiy mezoniy tushunchalar xususida fikr yuritiladi. Ularning mazmun mohiyati kichik-kichik, hikoyalar, masallar, qit’alar orqali ifodalanadi. Shuningdek, «Bahoriston»da Jomiy o’z davrining muammolari, g’oyalari, umuminsoniy, axloqiy tamoyillar haqidagi qarashlarini bayon etadi. Shuning uchun bu kitob faqat Sharqdagina emas, G’arbda ham mashhur bo’lib ketdi. U 1846 yilda nemis tiliga, 1882 yilda ingliz tiliga, 1925 yilda fransuzchaga, 1935 yilda rus tiliga tarjima qilinadi. Bu yerda asardagi hikoyatlardan ba’zilarini keltirib o’tamiz. «Ikki donishmand orasida ishq-muhabbat haqida so’z ketdi. Biri dedi: - Ishqning xosiyati hamisha mehnatu balodur va hammavaqt oshiqning tortgani xasratu jafodir. –Jim bo’l! Dedi unga ikkinchisi. – Sen hech qachon jangdan keyingi sulhni ko’rmagansan, firoq ketidan visol kayfini surmagansan, sof dillilik oshiqlardan latifroq kishi olamda topilmas va agar bu andishadan uzoq bo’lsa, undan iflosroq kishi bo’lmas». Qit’a Ishq nurining jilvasi mardlar dilin jamoli, Dili go’zal bo’lmaganga, mayl qilmas muhabbat!10 Jomiy «Xaft avrang» asarida yozadi: Qoldiray desang jahonda yaxshi nom Yaxshilik qil, yaxshilik qilg’il mudom. Yaxshilikni sen o’zingga pesha qil, Hyech kishiga ranju ozor bermagil.11 Buyuk shoir o’zining aytganlariga umri davomida amal qilib yashaydi. Shu bois Alisher Navoiy uni «Kamolot cho’qqisining nurli quyoshi deb ataydi». Alisher Navoiy (1441-1501) insonni oliy qadriyat deb biladi va bunga har bir kishi eng avvalo o’zida axloqiy fazilatlarni shakllantirish orqali erishadi. Inson bu dunyoga bir marta kelar ekan, deb uqdiradi mutafakkir shoir o’zida ana shunday fazilatlarni kasb etib yashamog’i kerak: Kamolot kasb etkim olam uyidin, Senga farz o’lmag’ay g’amnok chiqmoq. Jahondin notamom o’tmak biaynih, Erur hammomdan nopok chiqmoq. Uning “Mahbub ul-qulub”(«Qalblar sevgilisi») asari bevosita axloqiy masalalarga bag’ishlangan bo’lib, unda axloqiy me’yorlar, tamoyllar o’git, hikmatlar tarzida bayon etiladi. Ushbu asar buyuk shoirning umri oxirida(1500-1501) yilda yozilgan bo’lib , uning davomida to’plangan hayotiy tajribasi, umrguzaronligining sarhisobidir. Asar uch qism va xotimadan iborat. Birinchi qism- «Xaloyiq ahvoli, fe’l atvori» da u o’zi yashagan jamiyatdagi turli ijtimoiy tabaqalarning o’rni, vazifasi, burchiga bo’lgan munosabatlari haqida fikr yuritiladi. Bunda odil shohlar, vazirlar, amaldor qoziyu beklarning burchlari hikmatli tavsiflarda bayon etiladi. Biz bularni bugungi axloqshunoslik fanida « kasb odobi», «etiket», «muomalo odobi» kabi tushunchalar bilan ifodalaymiz.Shunga ko’ra ushbu hikmatu, o’gitlar bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgan emas. Bu o’rinda undagi 12-13- qozilar va qonunshunos muftilar to’g’risidagi fasllardan ba’zi iqtiboslar keltirib o’tamiz. «Agar qozi» poraxo’r bo’lsa, islom dini qo’rg’oniga rahna soluvchi bo’ladi; agar u o’zi pora berib, qozilik mansabiga o’tirgan bo’lsa, pora evaziga shariat qonuni buza oladi. Qozi qonun yo’lidan bir qadam hali toymasligi- to’ri yo’ldan chiqmasligi lozim». «Mufti (islom dini huquqshunosi- izoh bizniki) hiylagarlik bilan yolg’on fatvo(xukm) yozar ekan, u qalamining uchi bilan shariat yuzini qora qilgan bo’ladi, shu qilgan ishi uchun haq olib, o’z moliga qo’shsa-dinni dunyoga(molga) sotgan bo’ladi . Bunday mufti –odam o’ldiruvchi tabibdir. Fatvo berishda pul evaziga «ha» yoki «yo’q» degan hukmni qilgan bo’lsa, u qalam tebratuvchining qo’lini qalamdek kesmak kerak».12 Kitobning ikkinchi- «Yaxshi fe’llar va yomon xislatlar to’g’risida» deb nomlangan qismida odob,xulq bilan bog’liq axloqiy me’yorlar xususida fikr yuritiladi. Xususan,bunda hozirgi axloqshunoslikda tasniflanmaydigan «Tavba», «Tavoze’», «sabr-qanoat»ni insonning muhim axloqiy fazilati deb tafsiflaydi: Shu haqda iqtiboslar keltirib o’tamiz: «Tavba –gunohkor bandaning ko’ngil ko’zgusini gunoh zangidan tozalaydi; avf sayqali bilan u ko’zguning yuzini yoritadi. Tavba-baxtsizlik yo’lining oxiri va to’g’rilik yo’lining boshlanishidir; u takabburlik g’aflatidan seskanmoq va bashariyat uyqusidan uyg’onmoq va o’zining noloyiq ahvolini anglamoq va behuda fe’llarini tashlamoqdir».13 «Tavoze’(odob saqlash, xokisor, kamtar bo’lish- izoh bizniki) xalqning muhabbatini jalb qiladi, odamlarni u bilan do’stlashtiradi. Tavoze’- takabbur muxolifga muloyim va kamtarlik yo’lini ko’rsatadi. Tavoze’li(odobli) inson barcha odamlarning yaxshisidir va barcha xalqlar uchun yoqimlidir».14 «Mahbub ul-qulub» ning uchinchi qismi «Turli foydali maslahatlar va maqollar» deb ataladiki, u mohiyatan o’z ahamiyatini hech qachon yo’qotmaydigan pandnomadir. U o’z ichiga har biri g’oyat teran falsafiy mazmunga ega bo’lgan 117 ta tanbihlar (hikmatli o’gitlar) ni oladi.Ularning har biri hadisona mazmunga ega o’git, pand- nasihatlardir. Agar aytish joiz bo’lsa, mazkur tanbihlar inson komilligi haqidagi tamoyillardir. Ulardan ayrimlarini keltirib o’tamiz. «Eshitmoq-kishini boyitadi; ko’p gapirmoq_ sayozlatadi. Ko’p gapirgan- yanglishadi. Ko’p yegan- ko’p yiqiladi. Tan kasalining sababi- ko’p yemakdir, qalb kasalining sababi – ko’p demakdir».15 «Saxovat- insoniyat bog’ining hosildor daraxti, balki u daraxtning mevasidir… Yer tagida yashirinib yotgan xazinaning tuproqqa foydasi tegmaydi».16 «Ilm o’rganmoq- e’tiqodni mustahkamlashdir, ammo boylik orttirmoq uchun emas».17 XV asrdan boshlab Ovro’pada uyg’onish davri boshlanadi va bu keyinchalik Yangi— ilm-fan, ma’rifatning rivojlangan davrning shakllanishiga zamin tayyorlaydi. Uyg’onish davridagi axloqiy qarashlar gumanizm-insonparvarlik g’oyalari ta’sirida rivojlanadiki, bunga Lorenso Valla, Nikallo Makiavellalar katta hissa qo’shadilar. L.Valla (1407-1457) “Haqiqiy va yolg’on ezgulik”, “Ixtiyor erkinligi haqida” nomli asarlarida barcha jonzotlarning tabiatan o’zini asrashga va iztirobdan qochishga intilishini ta’kidlaydi va buni o’zining axloqiy qarashiga asos qilib oladi. U muhabbat, ixtiyor erkinligi masalalarini ana shunday biologik qarashidan kelib chiqqan holda tavsiflaydi. Uningcha, muhabbat lazzatga o’xshash hissiy idrok etishdir, ixtiyor erkinligi esa har bir kishining yaxshi yashash uchun intilishi va yomonlikdan qochishidir. M.Makiavelli (1469-1577) axloqshunoslik masalalarini din, siyosat bilan bevosita bog’liq tarzda talqin qiladi. Uning bunday qarashlari “Podshoh”, “Tin Liveyning birinchi dekadasi” asarlarida bayon etiladi. I. Kant va G.Gegellar Yangi davr axloqshunosligi rivojiga katta hissa qo’shgan nemis mumtoz falsafasining namoyandalaridir. I.Kant (1924-1804)ning axloqiy qarashlari undan keyingi davr axloqshunosligiga katta ta’sir ko’rsatadi. U “qat’iy imeriativ” (“mutlaq buyruq”) yoki “axloqning oltin qoida”si degan nom olgan g’oyani ilgari suradiki, unga muvofiq mazkur buyruq (imperitiv) xatti-harakatning mazmuniga bog’liq bo’lmagan holda xulq-atvorning yalpi umumiy qonuni bo’laoladigan qoidaga amal qilishni talab etadi. Mazkur qoidaning muhim talabi: bu “ ... faqat shunday qoidaga muvofiq harakat qilki, unga amal qilish barobarida uning eng umumiy qonun bo’lib qolishini xohlab qolishing mumkin bo’lsin”18. Kantning fikricha, insonning tabiiy mayllari irodaga ta’sir o’tkazadi va ayni paytda iroda erkin aql yordamida o’rnatilgan qonunga bo’ysunadi. Bu axloqiy majburiyat-amr sifatida qat’iy imperativ-mutlaq buyruq mavqyeiga egadir. Va shundan kelib chiqqan holda axloqiylikning mezoni adolatdir, deb hisoblaydi faylasuf. Kantning axloqiy qarashlari uning “Xulqlar metafizikasi”, “Axloq metafizikasi” asarlarida o’z aksini topgan. V.Gegel (1770-1831) axloqshunoslik masalalalarini huquq, siyosat bilan bog’liq tarzda talqin qiladi. Uning axloqiy imperiativ haqidagi qarashi shunday: “Qonunlar harakat qilmaydi, balki faqat inson harakat qiladi”. U cherkovning tarkidunyochilik axloqiga qarshi chiqadi va har qanday fazilat “Huzur-halovat baxsh etsa, shunchalik saodatga eltadi”, deb hisoblaydi. Eng yangi davr axloqshunosligi bevosita shu davr falsafiy fikri uchun xos bo’lgan irrasionalizm (lot. Irrationalis-g’ayri aqliy) uslubi ta’sirida rivojlanadi. Ekzistensiyachilik, pragmatizm, pozitivizm, ruhiy tahlil kabi axloqiy yo’nalishlar ana shunday uslubiy ta’sir natijasida shu davrda yuzaga keladi. Eskzistensiyachilik (lot.Existenlia-mavjudlik) XX asr axloqshunosligidagi yetakchi yo’nalishdir. Mazkur ta’limotda kishining har lahzada hayot va o’lim oralig’ida kechadigan ichki kechinmalari mavjudligi asosiy masala sifati olib qaraladi. Ushbu ta’limot nemis faylasufi Karl Yaspers (1983-1869) tomonidan ilgari suriladi va undan keyinchalik fashizmning g’oyaviy quroli, mafkurasi sifatida foydalaniladi. Chunki Yaspers insondagi zo’rlik, shafqatsizlikka moyil biologik jihatlarni uning ma’naviy-axloqiy javobgarlikdan ozod holatdagi mavjudligi tarzida talqin qiladi. Keyinchalik ekzistensializmga fransiyalik Jon Pol Sartr (1905-69) tomonidan gumanizm ruhi singdiriladi. Pragmatizm AQSh da yuzaga kelgan bo’lib, uning namoyandalari (Ch.Pirs, J.Dyui) axloqiy me’yorlar, normalar kishining foydali faoliyati talablariga bo’ysinadi, degan qarashni ilgari suradilar. Shunga ko’ra, deb hisoblaydi ular, axloq kishi xatti-harakatlari, fe’l atvorlarining normalari emas, balki uning istak va niyatlaridir. Va ular har bir kishining o’z hohishi, o’z maqsadi bor bo’lgani uchun ularda shunga muvofiq o’zi uchun nima yaxshi va nima yomon ekanligini aniqlashga yordam beruvchi axloqiy me’yori, o’lchovlari bo’ladi. Ruhiy tahlil ta’limotining asoschisi avstriyalik psixolog Zigmund Freyd (1856-1939) bo’lib, u axloqiy masalalarni kishi ruhiyatida muhim mavqyeni egallovchi ongsizlik hodisasi orqali talqin qiladi. Freydning fikricha, inson shaxsi uchta- Id,Ego, Superego komponomentlarining o’zaro birligidan tashkil topadi. Freydning fikricha, ongsizlik inson shaxsi tarkibidagi Markaziy komponentdirki, u inson tanasining ichki ehtiyojidan kelib chiqadi. Ongsizlikda hech qanday zamon ta’siri bo’lmaydi va unda hech qanday yaxshilik ham, yomonlik ham yo’q, u axloqiy me’yorlarga bo’ysinmaydi. Inson shaxsi tarkibidagi Ego (onglilik) va Superego(oliy ong) komponentlari bevosita Id bilan bog’liqdir. Ego Id negizida, Superego esa Ego zaminida vujudga keladi. Shaxsdagi barcha axloqiy me’yorlar, xulq-atvor talabalari Superego komponentida mujassamlashadi va ma’naviy-axloqiy taqiqlar qatlamini hosil qiladi. XIX asrning ikkinchi yarmida Ovro’pa Sharq mamlakatlarida ro’y bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy o’zgarishlar turli yo’llar bilan Turkiston hayotiga ham kirib kela boshlaydi. Bu davrda Rossiya chorizmi 1870 yilga kelib Qo’qon xonligini bosib oladi va Buxoro hamda Xiva xonliklarini o’z vassaliga aylantiradi. Turkiston xalqlarining chorizm mustamlakachiligiga qarshi kurashi- jarayonida ma’rifatchilik harakati yuzaga keladi. Mazkur harakat yangi taraqqiyot, ilm-ma’rifatga chaqiruvchi, millatni uyg’otuvchi kuch sifatida maydonga keladi. Asta-sekin ma’rifatchilik harakatidan jadidchilik o’sib chiqadi. Va u yangicha ta’lim-tarbiya maktab, maorif tizimini yo’lga qo’yish masalalarini kun tartibiga qo’yadi. Bu davrda Ahmad Donish, Berdaq, Abay, Abdulla Avloniy kabi ma’rifatparvarlar yetishib chiqadi. Ahmad Donish (1827-1897) mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumni tanqid ostiga oladi. O’z yurtining Ovro’pa mamlakatlaridan iqtisodiy, madaniy jihatdan orqada qolishning asosiy sabablarini ko’rsatib berishga harakat qiladi. Uning fikricha, agar hukmdor adolatli siyosat yuritsa, ilm-fan, san’atning gullab-yashnashiga yo’l ochib bersa, mamlakat obod bo’ladi, xalq farovonlikka erishadi. Qoraqalpoq shoiri Berdaq (1927-1900) “Axmoq podsho”, “Xalq uchun”, “Bo’lgan emas” kabi asarlarida axloqiy me’yorlar, tamoyillarni poetik uslubda bayon etadi. Abay Ibrohim Qunanbayev (1845-1904) jamiyatdagi barcha salbiy hodisalarning sababi axloqiy qoida, talablarga rioya qilmaslikdir deb hisoblaydi.Uning fikricha, odam bolasi onadan axloqsiz bo’lib tug’ilmaydi, uning axloqsizligi tarbiyasizlik natijasidir. Abay hayo, uyat, insof, odillikni insonning eng asosiy fazilatlari deb ko’rsatadi. Masalan, u uyatni kishining or-nomusi, o’zining yaramas xulqiga qarshi turuvchi ichki isyonidir deb tavsiflaydi. Abdulla Avloniy (1848-1734)ning axloqiy qarashlari XXasr boshlari Turkiston ijtimoiy-pedagogik fikr taraqqiyotida alohida o’rin egallaydi. U axloqiy tarbiya, ilm-ma’rifat masalalarini shu davrining talab, ehtiyojlaridan kelib chiqib tahlil qiladi va bunda zamonaviylik, dunyoviylikni asosiy mezon qilib oladi. Avloniy tarbiyani uch turga bo’ladi: badan tarbiyasi, fikr tarbiyasi va axloqiy tarbiya. Bulardan axloqiy tarbiyani shakllantiruvchi, martaba, komillikka ko’taruvchi tarbiya deb hisoblaydi. Avloniy mazkur tarbiyaning jamiyat va shaxs ravnaqida qanday muhim rol o’ynashni ko’rsatib beradi. Bu borada uning “Tarbiya—biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir.”, degan fikri hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgan emas, bil’aks alohida kasb dolzarblik etmoqda. Rejadagi uchinchi savolni o’rganishda mazkur fanning kishilik jamiyatining barcha davrlarida ma’naviy- ma’rifiy rol o’ynaganligiga e’tiborni qaratmoq lozim. Bunda mazkur masalaning mohiyati ikkinchi savol orqali anglashilishi ma’lum bo’ladi. 3.Axloqshunoslikning vazifalari, jamiyat ijtimoiy – ma’naviy hayotidagi o’rni uning falsafiy fan ekanligi bilan belgilanadi. Ma’lumki, inson, uning mohiyati falsafaning azaliy muammolaridan biri hisoblanadiki, buning tadqiqi axldoqshunoslikning alohida ilm sohasi sifatida falsafadan ajralib chiqishni yuzaga keltiradi. Axloq inson mohiyati, uning borlig’ining substansiyaviy (javhariy) jihati bo’lib, «homo sapiensye» ni—“aqlli mavjudot”ni qanday qilib «noto motalisus» – “axloqiy mavjudot”ga aylantirish eng qadimgi davrdan to hozirgacha ham yechimini topmagan muammo bo’lib kelmoqda. Hozirgi davr jahon sivilizasiyasiga xavf solayotgan global ekologik muammolarni insonning “aqlli mavjudot” sifatidagi xatti-harakatlari keltirib chiqargan bo’lsa, uni bartaraf etuvchi ham uning o’zi hisoblanadi. Buning uchun esa u tom ma’nodagi “axloqiy mavjudot” darajasiga ko’tarilmog’i, o’z-o’zini anglab yetmog’i lozim bo’ladi. Darhaqiqat, bugungi kunda Yer yuzidagi-oqsil moddalarning yashashiga, hayotga xavf solayotgan ekologik muammolar, aytish mumkinki, insonning uzoq yillar mobaynida tabiatga “axloqsiz mavjudot” sifatida munosabatida bo’lib kelganligining natijasidir. Bu o’rindda mashhur avstriyalik biolog, Nobel mukofoti sovrindori Konrad Lorensning quyidagi so’zlari mutlaq haqiqatdir: “Yoppasiga va tez yoyilib borayotgan jonli tabiatga begonalashish hodisasining asosiy sababi sivilizasiyamiz kishisidagi estetik va axloqiy to’poslikdir”. Shu nuqtai-nazardan olib qaraganda, axloqshunoslik fani global miqyosdagi hayot-mamot masalalarini hal etishda muhim rol o’ynaydi. Uslubiy ko’rsatmalar boshida ta’kidlaganimizdek, axloqshunoslik o’z tadqiqot obyektini nazariy (bayon qilish; izohlash) va amaliy (didaktik, o’rgatish) yo’nalishlarida o’rganadiki, uning vazifalari ham ana shu tomonlar bilan belgilanadi. Nazariy yo’nalishdagi vazifalari: 1) axloqni o’ziga xos ijtimoiy ong shakli, ijtimoiy hodisa (fenomen) sifatida o’rganish; 2) uning boshqa ijtimoiy ong shakllari bilan o’zaro dialektik birlikda jamiyat va shaxs ma’naviy hayoti tizimida amal qilish qonuniyatlarini ochib berish; 3) axloqiy mezoniy tushunchalar, me’yor va tamoyillarning bahoviy, qadriyatli tabiatini ko’rsatib berish; 4) gumanitar-pedagogik tavsiyalar qoidalar ishlab chiqish. Amaliy yo’nalishdagi vazifalari; 1) Axloqiy bilimlarni inson shaxsi dunyoqarashi, e’tiqodiga aylantirish; 2)Har bir shaxs axloqiy ongi va faoliyatini uyg’unlashtirish orqali uning axloqiy madaniyatini shakllantirish; 3) Axloqiy tarbiyani boshqa tarbiya yo’nalishlari bilan uzviy aloqadorlikda olib borishni amalga oshirish. Axloqshunoslik fani hozirgi paytda mamlakatimizda o’ziga xos modeldagi fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish borasidagi vazifalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bunday jamiyat ijtimoiy munosabatlarning mukammal uyg’unligini taqozo etadiki, bunga milliy istiqlol g’oyasini o’zida mujassamlashtirgan ma’naviy-axloqiy me’yorlar, tamoyillarning hayotga tadbiq etilishi orqali erishiladi. Jamiyatimizdagi hozirgi yangilanish jarayonida axloqshunoslikning o’z o’rni bor. Uning oldida yangi demokratik va huquqiy davlat barpo etishga kirishgan mamlakatimiz fuqarolarining, ayniqsa, yoshlarning axloqiy darajasiga mas’ullik va har tomonlama kamol topgan zamon kishisi tarbiyasini nazariy asoslashdek ulkan vazifalar turibdi. Ularning faqat qadimiy va har doim zamonaviy bo’lib kelgan axloqqa yangicha yondashuvlar asosidagina amalga oshirsa bo’ladi. Yangicha yondashuvlardan biri – axloqshunoslikda milliy g’oya va mustaqillik mafkurasiga e’tiborni kuchaytirish bilan bog’liq. Chunki zamonaviy komil inson an’anaviy axloqiy qadriyatlar bilan yo’g’rilgan yangicha mafkuramizni o’zida mujassam etgan, milliy g’oyani o’z ruhiy olamiga singdirgan yetuk shaxs bo’lmog’i lozim. Uning qalbida axloq mafkuraviylikni va mafkura axloqiylikni uyg’unlashtirgan ma’naviy hodisalarga aylanmog’i kerak. Chunki, mafkura bir yoqlama, mahdud, o’ta siyosiylashtirilgan g’oyalar tizimi emas, u ham xuddi axloq kabi axloq bilan yonma-yon turib insonni yuksak ma’naviy parvozlarga da’vat etuvchi botiniy kuchdir. Prezident I.A.Karimov buni teran mantiqiylik bilan shunday ifodalaydi: «U (milliy mafkura – A.M.) insonga faqat moddiy boyliklar va moddiy ne’matlar uchun emas, avvalo, Olloh taolo ato etgan aql-zakovat, iymon-e’tiqod tufayli yuksak ma’naviyatga erishish uchun intilib yashash lozimgini anglatadigan, bu murakkab va tahlikali dunyoda uning taraqqiyot yo’lini yoritadigan mayoqdir». Zero, milliy g’oya bilan umumbashariy qadriyatlar muvozanatini baraqaror saqlashni yashash sharti bilan deb bilgan mustaqillik mafkurasi axloqni to’ldiruvchi va boyituvchi hodisa sifatida o’zining bosh maqsadini axloqiy vazifalarga hamohang tarzda amalga oshiradi. «Xalqni buyuk kelajak va ulug’vor maqsadlar sari birlashtirish, mamlakatimizda yashaydigan millati, tili va dinidan qat’iy nazar har bir fuqaroning yagona Vatan baxt-saodati uchun doimo ma’suliyat sezib yashashga chorlash ajdodlarimizning bebaho merosi, milliy qadriyat va an’analarimizga munosib bo’lishga erishish, yuksak fazilatli va komil insonlarni tarbiyalash, ularni yaratuvchilik ishlariga da’vat qilish, shu muqaddas zamin uchun fidoyilikni hayot mezoniga aylantirish – milliy istiqlol mafkurasining bosh maqsadidir» I.A.Karimov
Istiqlol mafkurasining g’oya, mazmuniga axloqiy me’yor, tamoyillar ruhi singdirilgandagina ular kishilar tomonidan botiniy e’tiqod, dunyoqarash darajasida o’zlashtiriladi. Boshqacha qilib aytganda, milliy istiqlol g’oyasi ixtiyor erkinligi, axloqiy tanlov orqali o’zlashtirilgandagina o’zgartiruvchi intellektual-axloqiy kuchga aylanadi. Mavzuni takrorlash, mustahkamlash va uni mustaqil o’rganish uchun interaktiv rejimidagi savol va topshiriqlar. 1. Axloqning kelib chiqishi haqida qanday qarashlar mavjud? Siz ularning qaysi biriga qo’shilasiz va buning sababini izohlab bering. 2. “Axloq”, “odob”, “xulq” tushunchalari mazmunini ochib bering (muhim belgilarini ajratib ko’rsating) va ularni konkret misollar bo’yicha izohlab berishga harakat qiling. 3. Axloqshunoslikning falsafiy fan ekanligi nima bilan belgilanadi? 4. Axloqni obyektiv xarakterga ega deyish mumkinmi? 5. Axloqdagi umuminsoniy va milliylik jihatlarini qanday tushunasiz? 6. Milliy istiqlol g’oyasining tamoyillari bilan axloqiy me’yor, tamoyillarning umumiyligini va farqini izohlab berishga harakat qiling. Download 4.7 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling