Axloqshunoslik falsafiy fan sifatida axloqning kelib chiqishi, mohiyati va uning ijtimoiy munosabatlar jarayonida amal qilish qonuniyatlari, tamoyillarini o’rganadi. Ushbu fan axloqni jamiyat va shaxs ma’naviy hayoti tizimining asosiy unsuri sifatida olib qaraydi va shunga ko’ra uning tadqiqot doirasi hisoblanadi. Bunda axloq ma’naviyatning barcha unsurlarini o’zida mujassamlashtiruvchi tizim tashkil etuvchi ijtimoiy hodisa(fenomen) tarzida olib qaraladi.
Axloqshunoslik o’z tadqiqot doirasini asosan ikki yo’nalishda o’rganadi: nazariy—bayon qilish, izohlash va o’rgatish, uqdirish orqali ko’nikmalar hosil qildirish.Birinchi yo’nalish axloqiy norma, me’yor va tamoyillarning mohiyatini ilmiy-falsafiy jihatdan talqin, tahlil qilsa, ikkinchi yo’nalishda ularning mazmun –talablarini shaxs faoliyati hayotning maqsad, mohiyatiga aylantirish bo’yicha tadqiq qiladi. Shu yo’nalish axloqshunoslikning tarbiyaviy didaktik-pandnomaviy xarakterini belgilaydi. Bu o’rinda shuni ta’kidlash kerakki, agar G’arb axloqshunosligida birinchi yo’nalish ustuvor bo’lgan bo’lsa, Sharqda axloqiy ta’limotlar asosan pandnomalar tarzida (masalan, “Kalila va Dimna”, “Qobusnoma”, “Zarbulmasal”) amal qilgan.
Qayd etilgan har ikki yo’nalish bir-birini taqozo etadi va ularning o’zaro birligi tufayli axloqshunoslik tom ma’nodagi amaliy falsafa,insonning o’z-o’zini anglashi orqali uni ma’naviy-axloqiy komillikka erishtirish vazifasini o’taydi.
Axloq tor ma’noda muayyan jamiyat tizimida kishilar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turuvchi norma, xulq atvor qoidalari majmuidir. Bunda mazkur hodisaning mohiyati “odob”, “xulq” tushunchalarining mazmuni orqali anglashiladi
Agar axloq tarixan muayyan ijtimoiy fikr mahsuli sifatida shakllangan, yo’naltiruvchilik, tartibga soluvchilik tabiatiga ega bo’lgan norma, xulq-atvor qoidalari majmui bo’lsa, odob va xulq kishining ixtiyor erkinligi bilan ularni o’zlashtirish va ularga rioya-amal qilishdir.
Darhaqiqat, inson axloqiy me’yor, talablarini bilimlar darajasida o’zlashtirib bilib olgandagina ularni o’z faoliyatining mezoniy o’lchovlari sifatida qabul qiladi.
Talaba «axloq» tushunchasining keng va tor ma’noda qo’llanilishi va ularning mazmunini bir- biridan farqlay bilmog’i kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |