6-modda. Terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlariga ko‘maklashish
Davlat boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, shuningdek fuqarolar terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlariga ko‘maklashadilar va zarur yordam beradilar.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi xalqaro hamkorligi
Terrorizmga qarshi kurash sohasida O‘zbekiston Respublikasining chet el davlatlari bilan, ularning huquqni muhofaza qiluvchi organlari, maxsus xizmatlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
II. DAVLAT ORGANLARINING TERRORIZMGA QARShI KURASh SOHASIDAGI VAKOLATLARI
8-modda. Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha davlat organlari
Terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi;
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti;
Terrorizmga qarshi kurashda ishtirok etayotgan davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda terrorchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish va uning oqibatlarini minimallashtirish borasida hamkorlikda harakat qilishlarini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati:
terrorchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish yo‘li bilan terrorizmga, shu jumladan xalqaro terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiradi;
terrorchilar, terrorchilik guruhlari va terrorchilik tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni to‘playdi hamda tahlil qiladi, ulardan kelib chiqayotgan tahdidning milliy xavfsizlikka qay darajada xavfli ekanligini baholaydi, tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga zarur axborotlar taqdim etadi;
terrorchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishidan Davlat chegarasining himoya qilinishi va qo‘riqlanishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali qurol, o‘q-dorilar, portlovchi, radioaktiv, biologik, shuningdek kimyoviy yoki boshqa zaharlovchi moddalarning, terrorchilik harakatini sodir etish maqsadida ishlatilishi mumkin bo‘lgan predmet yoki materiallarning noqonuniy olib o‘tilishi oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish choralarini ko‘radi;
chegara oldi mintaqasida va chegara oldi zonasida terrorchilarni, terrorchilik guruhlarini aniqlaydi, zararsizlantiradi, qarshilik ko‘rsatilgan taqdirda esa ularni yo‘q qilish choralarini ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va kategoriyalangan obyektlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan davlat muassasalarini, ushbu muassasalarning xodimlari hamda ularning oila a’zolarini himoya qilishni ta’minlaydi;
xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida chet el davlatlarining tegishli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
terrorchilikka qarshi kurashuvchi bo‘linmalarning terrorchilarni, terrorchilik guruhlarini aniqlash, zararsizlantirish va yo‘q qilish hamda terrorchilik tashkilotlarini tugatish ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |