1-Mavzu: Kirish. Fanning predmeti, tadqiqot doirasi, maqsadi va vazifalari. Qadimgi Rim va Yunonistonda ilmiy bilimlarning rivojlanishi


Qadimgi Yunonistonda ilmiy bilimlarning rivojlanishi


Download 80.91 Kb.
bet2/3
Sana02.06.2024
Hajmi80.91 Kb.
#1836516
TuriУчебное пособие
1   2   3
Bog'liq
FT sirtqi1 (1)

Qadimgi Yunonistonda ilmiy bilimlarning rivojlanishi
Mil.av VIII asrda yunonlar finikiyaliklar (mil.av. X asrda yaratilgan 22 undosh harfli)ning alifbosi asosida 24 harfdan iborat o‘z alifbosini yaratdilar. Bu alfavitning yaratilishi, Gomer dostonlarining, xalq eposi asarlarining keng tarqalishi va boshqa ta’sirlar Yunonistonda fanning yanada rivojlanishiga turtki bo‘lgan. Mil. avv. VII-IV asrlarda yunon koloniyalari va o‘sha davrlarda Yunonistonning madaniy markazi bo‘lgan Afinada turli sohalarda ijod qiluvchi buyuk olimlar yetishib chiqdi.
Mil. avv. IV milodiy I asrlarda butun yunon olami va Iskandar bosib olgan barcha xududlarda ellinizm davri hukm suradi.
Bu davrdagi madaniy markazlar asosan Afina, Misr Iskandariyasi va Kichik Osiyodagi bir qancha qadimiy shaharlar edi. Bu davr madaniyati ham bir necha asrlar oldin yashagan yunon olimlari va Sharq halqlari dunyoqarashlarining uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga keldi. Ellinistik dunyo madaniyati shu boisdan murakkab va xilma-xil edi. Ellinizm davrida ayrim mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro aloqalar kuchayib ketadi. Ellinistik madaniyat uchun xos narsa shu ediki, u yunoncha tus olgan edi. Vaziyat ellinistik hukumatlardan fan va texnikani rivojlantirishga e’tibor berishni talab qilardi. Poytaxtlarda ilmiy markazlar va kutubxonalar vujudga keladi.
Iskandariyada Ptolomeylar homiyligida o‘sha vaqt uchun g‘oyat katta kutubxona to‘plangan bo‘lib, unda ellinistik davrning oxiriga borib 700 mingga yaqin papirus o‘ramlarida asarlar mavjud edi. Bu kutubxona o‘sha zamonga qadar to‘plangan yunon-sharq donishmandlarining asarlarini to‘laroq ravishda o‘z ichiga olgan edi. Saroy qoshida kutubxonadan tashqari, Museyon-ilmiy muassasasi ham tashkil etilib, unda olimlar uchun yotoqxona ham bor edi. Ptolomeylar museyonga yunon olimlarini va ellinistik dunyoning barcha mamlakatlaridan yozuvchilarni taklif etdilar. Kunda ular podshohlik ta’minotida bo‘lib, fan, falsafa, adabiyot va fanlarning boshqa sohalari bilan shug‘ullanardilar. Iskandariya olimlari matematika, tabiiyot va texnika fanlari sohasida erishgan yutuqlari bilan hamda mutaxassis-filologlar sifatida dong taratdilar.
Ellinizm davrda fanlar differensiyalashib va sistemalashib bordi. Aristotelning shogirdlari va muxlislari bo‘lmish peripatetiklar tarixi bu differensiyalashish va sistemalashish jarayonining yaxshi misolidir. Peripatetiklar falsafiy maktabiga rahbarlik qilish yuzasidan Arastuning vorisi Teofrast (er.avv.370-285 yy.) faqat faylasufgina emas, balki olim ham edi. U «botanikaning otasi» deb nom chiqargan edi. Teofrastdan keyin maktabga Straton (er.avv. III asr) rahbarlik qildi. Qadim zamonda u «fizik» degan laqab olgan edi. Stratonning alohida xizmatlari shundan iborat ediki, u fizik hodisalarni tajriba orqali tadbiq, etishga intilgan edi. Straton shogirdlari orasida Samos orolida tug‘ilib o‘sgan ajoyib astronom Aristarx (er.avv. 310-230 yy.) bo‘lib, u, yer va boshqa planetalar quyosh atrofida aylanadi, degan gipotezani ilgari surgan edi. Lekin ilm fanning o‘sha vaqtdagi darajasida u o‘zi kashf etgan geliosentrik sistemaning chinligini boshqa olimlarni ishontira olmagan edi.
Iskandariya matematiklaridan birinchisi Yevklid (er.avv. III asr) bo‘lib, uning faoliyati Museyonning dastlabki yillariga borib taqaladi. Yevklid o‘z zamondoshlarining erishgan yutuqlarini sistemalashtirdi, umumlashtirdi va tugalladi. Uning «Ibtido» degan asosiy asari II ming yildan oshiq vaqtdan beri boshlang‘ich geometriya darsliklari uchun asos bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Taxt vorisi bo‘lg‘usi Ptolomey IV Filopatornpng tarbiyachisi, Museyon kutubxonasining mudiri Kirenalik Eratosfen (er.avv. 275-208 yy.) atoqli geograf, astronom, matematik va faylasuf edi. U yer shari aylanasining uzunligini ko‘p daraja aniqlik bilan hisoblab chiqdi va fizikaviy-matematikaviy geografiyaning asoslarini yaratdi. «Geografiya» terminini birinchi bo‘lib Eratosfen ishlatgan edi.
Xullas, Iskandariya birdan-bir fan markazi emas edi. Teofrast Afinada ishlagan. Arximed Sirakuzada yashagan. Atoqli muxandis-ixtirochi bo‘lgan Arximed nazariy mexanikaning asoslarini yaratdi.
Er.avv. III asrda tibbiiyot ancha taraqqiyotga erishdi. U Misrda anatomiyani o‘rganish muvaffaqqiyatlaridan, Misr va Bobilda dori-darmonlar tayyorlash va tadbiq qilishning ming yillik tajribasidan foydalandi. Bu davrlarda Gerofil (er. avv. IV asrning oxiri - III asrning I yarmi) va Erasistrat kabi tib olimlari faoliyat ko‘rsatishdi.
Xullas, ellinizm davrida juda ko‘p ellinistik davlatlarda fan va madaniyat rivoj topgan.
Qadimgi Rim va Yunonistonda falsafiy fikrlarning rivojiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan mifologiyaga asoslangan sodda, boshlang‘ich qarashlar ancha oldinroq paydo bo‘lgan edi. Apennin yarim orolida yashagan qadimgi halqlar ham, Yunonistonda yashagan halqlar ham dastlab tabiatga ta’sir o‘tkazolmagan, tabiat kuchlari ularning hayot yo‘nalishini belgilagan davrda ularda tabiat kuchlarini boshqarib turadigan kuchlar borligiga shaksiz ishonch paydo bo‘lgandi. Shuningdek, o‘sha qadimiy etrusklarda ham, axayyaliklarda ham dinning animizm, totemizm (etrusklarda ot mukaddaslashtirilgan), fetishizm kabi shakllari ham mavjud edi. Keyinchalik Yunonistonda xo‘jalikdagi turli shakllarning rivojlanishi, iqlimning xar xil bo‘lib turishi, hosilning xar yilda xar xil miqdorda olinishi, hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida madaniyatning yuksalishi, uning turli tarmoqlarga bo‘linishi, dengiz kemachiligining rivojlanishi diniy tasavvurlarga ham o‘zining ta’sirini o‘tkazgan. Natijada hamma narsa, hamma xodisalarning o‘z ilohi, xudosi bor degan mifologik tasavvurlar paydo bo‘lgan. Misol uchun yunonlar osmon momaqaldiroq xudosi Zevsni juda xurmat qilishgan. Uni yunonlar barcha ilonlarning xukmfarmosi sifatida Olimp tog‘ida asosini tassavvur qilishgan. Bu xudolar (Gelios, Okean, Tesiy, Poseydon, Afina va boshqalar) xaqidagi mifologik tasavvurlar Gomerning «Iliada va Odisseya» asarlarida saqlanib qolgan.
Qadimgi Yunonistonda fan falsafasi.
Qadimgi Yunonistonda falsafa Xindiston va Xitoyda bo‘lgani singari eramizdan avvalgi VI asrda vujudga keldi va rivojlandi. Yunonistonda falsafiy maktab dastlab Milet shahrida vujudga kelgan. Bu maktabning asoschisi bo‘lgan Fales (er.avv. 624-546 yy.)ni haqli ravishda «yunon fani va falsafasining asoschisi» deb hisoblaydilar. Bu buyuk alloma ayni bir vaqtda faylasuf, matematik, geograf, astronom va siyosiy arbob edi. U savdo-sotiq ishlari bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, o‘sha mamlakatlardagi ilm-fan, madaniyat va falsafa bilan yaqindan tanishgan. Katta bilim va hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Fales voqea-hodisalarni oldindan aytib beruvchi bashoratchi darajasiga yetgan. Jumladan, u quyoshning tutilish vaqtini, quyoshning yil davomidagi harakati 365 kunga teng ekanligini va kichik ayiq yulduzini kashf etgan.
Falesning ta’lim berishicha, olamning asosida suv yotadi. Dunyodagi barcha narsalar suvdan paydo bo‘lgan. Xatto Yerning o‘zi ham suvdan paydo bo‘lib, uning atrofini suv qurshab olgan. Suv mangudir, lekin undan kelib chiqqan hodisalar vaqtinchadir. Bu falsafiy tafakkur rivojidagi muxim yangilik edi. Chunki «hamma narsa suvdan» degan fikr mifologik tafakkurga barham berib, tabiatni ilmiy asosda tushunishga yo‘l ochgan edi.
Milet maktabning ikkinchi buyuk namoyondasi, Falesning shogirdi Anaksimandr (taxminan er. avv. 610- 546 yy.) dunyoning birinchi asosi suv emas, balki uning asosini cheksiz va ma’lum shaklga ega bo‘lmagan apeyron tashkil etadi, deb hisoblangan. Uning ta’lim berishicha, apeyrondan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan issiq va sovuq, quruq va nam singari tomonlari ajralib chiqqan bo‘lib, issiq va sovuq o‘rtasidagi ziddiyatdan suv paydo bo‘lgan. Suvning qurishi natijasida olov, havo va tuproq paydo bo‘lgan. Olamda bepoyon va ko‘p dunyolar mavjud bo‘lib, ular tabiiy ravishda mangu apeyrondan vujudga kelgandir. Anaksimandr birinchi bo‘lib planetalar bilan yulduzlar orasidagi tafovutni ko‘rsatib berdi, quyosh soatini ixtiro qildi, geografik xarita tuzdi.
Milet falsafiy maktabning yana bir vakili Anaksimen (er.avv. 585-525 yy.) fikricha, dunyoning asosi havodir. Mangu bepoyon havo predmet, hodisalarning harakati va barcha o‘zgarishlarning manbasidir. Uning ta’lim berishicha, olovdan tashkil topgan yulduzlar dumaloq va usti tekis holda bo‘lib, ular havo yordamida fazoda muallaq turadi. Anaksimen xudoning borligini rasman e’tirof etdi, lekin xudoning o‘zi ham havodan vujudga kelgan, degan g‘oyani ilgari surdi. Milet maktabi vakillari o‘zlariga xos sodda dialektik ta’limot yaratdilar.
Pifagor maktabining ulug‘ namoyondalari yunon dialektikasi va materializmini keskin rad etdilar. Bu maktabning asoschisi Pifagor (er. avv. 580-500 yy.) bo‘lib, u Samos orolida tug‘ilgan va shu yerda yashagan. Bu yerda urug‘chilik aristokratiyasi yemirilib, uning o‘rniga demokratik tuzum o‘rnatilgandan keyin Pifagor Samosni tark etib, janubiy Italiyaning Karaton shahrida «Pifogor maktabi» deb ataluvchi siyosiy-falsafiy tashkilotga asos soldi. Ittifoqning asosiy maqsadi aristokratiya hokimyatini qaytadan tashkillash edi.
Pifagorchilar Milet maktabi faylasuflarining g‘oyalariga qarshi chiqdilar. Agar Milet maktabi faylasuflari dunyoning asosiga suv, havo singari moddiy elementni qo‘ygan bo‘lsalar Pifagor va uning shogirdlari butun borliqni asosiga sezish mumkin bo‘lmagan mavhum raqam sonini qo‘ydilar. Pifagorchilar raqamni narsadan ajratib, mustaqil mohiyatga mavhum ilohiy kuchga aylantirmoqchi bo‘ladilar. Ularning fikricha, tabiatdagi hamma narsa raqam bilan o‘lchanadi. Olamning tuzilishi va qonuniyatlarini faqat uni ifoda etuvchi raqam oraliq bilish mumkin. Pifagorchilar aslida matematika bilan qiziqqanlari tufayli butun e’tiborlarini tabiat qonunlarini, uning miqdoriy xususiyatlarini bilishga qaratdilar.
Qadimgi Yunonistonning Efes shahrida ham taxminan er. avv.IV-III asrlarda falsafiy maktab vujudga keldi. Antik davr falsafasining yirik namoyondasi, dialektikaning asoschisi, maktabning taniqli vakillaridan biri Geraklit (er. avv. 530-470 yillar atrofida yashab o‘tgan) Efes shahrida aristokrat oilada dunyoga keldi. U quldorlik jamiyatining mashhur faylasufi, «dialektikaning otasi» tabiatshunos olim va siyosiy arbob edi. Geraklitning falsafiy asarlari bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan, 130 falsafiy asarlaridan to‘plangan parchalar (fragmentlar)gina yetib kelgan.
eraklit olamdagi barcha xodisalarni ibtidosi konkret modda-olov, deb tushintiradi. Olamdagi predmet va hodisalarning turli tumanligiga o‘tning mangu harakati sababchidir. Geraklit «Hamma narsadan tarkib topgan dunyoni xudolaridan ham, hech bir odamlaridan ham xech biri yaratmagan, dunyo qonuniyat bilan alangalanib, qonuniyat bilan so‘nadi, abadiy tirik olov bo‘lib kelgan, hozir ham shunday va bundan keyin ham shunday bo‘lajak», -deb yozadi. Geraklit dunyoni qarama-qarshiliklar orqali rivojlanish sabablarini xudodan emas, balki moddaning o‘zidan, uning ichki zaruriy qonuniyatlaridan izladi. Uning fikricha, bu zaruriy qonunlarga odamlar ham buysunadilar. Geraklit «tug‘ilish bilan ular (odamlar) yashashga intiladilar va shu bilan o‘ladilar, yashash o‘lish demakdir», - deb yozadi.
Geraklit bilish jarayonida sezgi a’zolari bilan tafakkurning muxim rol uynashiga katta ahamiyat beradi. Bilish sezgi a’zolari orqali olingan tasavvurdan boshlanib, tafakkur orqali takomillashadi. Chunki tafakkur predmet va hodisalar mohiyatini, qarama-qarshiliklar kurashi va birligini ochib beradi. Shuning uchun tabiatni bilish jarayoni sezgidan boshlanib, tafakkur sari rivojlanadi. Geraklit fikricha, haqiqiy bilimdonlik tabiat ovoziga quloq solib, u bilan birga harakat qilishdan, uning umumiy harakat qilishdan, uning umumiy harakat qonunini chuqur bilishdan iboratdir.
Qadimgi Yunonistonning Afina shahri eramizdan avvalgi V asr o‘rtalarida iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazga aylandi. Bu davrning mashhur faylasuflari Levkipp va Demokritdir.
Tabiatshunoslikka oid ilmiy bilimlarning rivojlanishi moddiy olam, undagi mayda zarralar haqidagi tushunchalarning paydo bo‘lishiga turtki berdi. Bu tushunchalarni dastlab Levkipp (er.avv. 500-440yy.) atrofida o‘zining og‘zaki falsafiy mulohazalarida bayon etdi. U qadimgi yunon falsafasida birinchi bo‘lib atomistik qarashlarni ilgari surdi. Levkipp ta’limotiga ko‘ra, olamdagi hamma narsalar juda mayda, bo‘linmaydigan zarrachalardan-atom («atomos» yunoncha, so‘z bo‘lib, «bo‘linmaydigan» degan ma’noni bildiradi)lardan iboratdir. Levkipp dunyodagi narsalariing paydo bo‘lishini ma’lum zaruriyat va sababiyat bilan izohladi.
Qadimgi Yunoniston falsafasida yangi yo‘l boshlagan buyuk olim Demokrit (er.avv. 460-370 yy.) hisoblanadi. U savdo-sotiq ishlari bilan Misr, Vaviloniya, Hindiston, Xabashiston va arab mamlakatlarida bo‘lib, bu mamlakatlar olimlarining ta’limoti va madaniyat namunalarini o‘rganadi. Demokrit o‘z davrining butun ilmiy boyligini o‘zlashtirgan, har tomonlama bilimdon faylasuf edi. U yunonlar orasidan chiqqan birinchi qomusiy olim bo‘lib, 70 dan ortiq mavzuda ilmiy asarlar yaratdi.
Demokrit ham Levkipp singari olamning moddiyligini e’tirof etdi va uning atomistik ta’limotini rivojlantiradi. Demokrit pifagorchilar ta’limotiga zid ravishda dunyoning birinchi va dastlabki asosini atomlar bo‘shliq tashkil etadi degan g‘oyani ilgari suradi. Uning fikricha, olam «buyuk bo‘shliq» bo‘lib, cheksiz fazoda atomlar doimo harakatlanadi. Uning bir- biri bilan to‘qnashuvi natijasnda turli olamlar paydo bo‘ladi. Bu olamlar koinotda doim paydo bo‘lib, yo‘qolib turadilar. Demokritning fikricha, biz yashab turgan olam hali gullab-yashnash davrinn kechirmoqda. Tabiatdagi hamma narsalar, jumladan, odamlar ham atomlardan tarkib topgan. Atomlar ko‘zga ko‘rinmaydigan mayda moddiydan iborat bo‘lib, bo‘linmas, o‘zgarmas va sifat jihatdan bir xildir. Ular bir-birlaridan shakli, tartibi va holatiga ko‘ra farqlanadilar.
Demokrit atomlarning sifatiy farqini inkor etdi. O‘zining jon to‘g‘risidagi atomistik prinsipini ilgari surdi. Uning fikricha, jon tananing harakat manbasi bo‘lib, u atomlardan tashkil topgandir. Biroq tanani tashkil etuvchi atomlar oddiy atomlardan shu bilan farqlanadiki, ular dumaloq shakldagi nozik va nihoyatda harakatchan atomlardir.
Demokrit o‘z bilish nazariyasida predmet va hodisalarni ikkiga bo‘ladi:
«Xaqiqatda bor» predmet va hodisalar;
Kishilar fikricha bor hodisalar.
Demokrit fikricha, «haqiqatda bor» predmetlar faqat atomlar, bo‘sh fazo va har bir atomga xos bo‘lgan zichlik, hajm, bo‘linmaslik, shakl, qattiqlik, yumshoqlik, og‘irlik, yengillik, zamon va makondir. Bu sifatlar obe’ktiv xarakterga egadir. Ko‘pchilik kishilarning fikricha, mavjud narsa va hodisalar: issiq, sovuq rang, maza, hid, tovushdir. Bular atom va bo‘shliqning xususiyatiga ega bo‘lmay, balki kishi tasavvurining mahsulidir.
Bundan tashqari, Demokritning fikricha, kishi sezgilarining turlicha bo‘lishi ham atomlarning hajmi, miqdori, tartibi va shaklining qandayligiga bog‘liqdir. U ana shularga asoslanib, hissiyot va tafakkurning bilish jarayonidagi rolini alohida ta’kidladi. Demokrit sezgi a’zolarimiz orqali aniq, hodisalarni bilish mumkin, deyish bilan birga biror narsa to‘g‘risida bilim hosil qilish uchun tafakkur ishtirok etishi kerak, degan g‘oyani ilgari surdi.
Ulug‘ mutafakkirning ta’kidlashicha, kishilar hamma vaqt tabiatga taqlid qilib, tabiatdagi go‘zalliklardan rassomlikni, o‘rgimchak va asalaridan qurish va to‘qishni o‘rgandilar: bulbul va qaldirg‘ochning sayroqi ovoziga taqlid qilib, musiqani yaratdilar.
Xullas, Demokritning atomistik nazariyasi o‘tgan davr mobaynida fan va falsafiy tafakkur taraqqiyotida juda katta rol o‘ynadi.
Qadimgi Yunoniston falsafasida olamning mohiyatnii Demokritga nisbatan butunlay boshqacha tushuntirgan yangi bir falsafiy olim Platon (er.avv. 427-347 yy.) nomi bilan bog‘liqdir. Platon Demokritning falsafiy ta’limotiga keskin e’tiroz bildirdi. U asosan Pifagor va Sokrat g‘oyalarini izchil rivojlantiradi. Afinada akademiya (falsafiy maktab) tashkil etdi. Platonning bizgacha «Davlat», «Siyosat», «Qonunlar» singari asarlari yetib kelgan. Platon o‘z zamondoshlaridan professional faylasuf va ayni vaqtda donishmand ekanligi bilan ajralib turadi. U falsafiy adabiyotga birinchi bo‘lib dialog janrini olib keldi.
Platon moddiy olamning ob’ektiv qonuniyati to‘g‘risidagi ta’limotni rad etib, bir-biridan ajralgan ikki dunyo-g‘oyalar va narsalar dunyosi bor, odamlar ham narsalar dunyosida yashaydilar, deb ta’lim berdi. G‘oyalar dunyosini birlamchi, mangu, harakatsiz, o‘zgarmas, zamon va makonga bog‘liq emas, deb: «narsalar dunyosi» esa zamon va makonga bog‘liq, u o‘tkinchi xarakterga ega, deb tushuntirdi. Narsalar dunyosi g‘oyalar dunyosining soyasidir. Moddiy dunyo va undagi predmetlar to‘g‘risidagi tasavvurimiz xissiy bilish orqali olinadi. Ammo xissiy bilish haqiqiy bilish emas, chunki kishilar xissiy bilish orqali moddiy predmetlarnigina bila oladilar. Moddiy predmetlarning boshlang‘ich asosi bo‘lgan «g‘oyalar dunyosi»ni faqat sof tafakkur orqaligina bilish mumkin, deb ta’lim beradi.
Geraklit va Demokritning bilish nazariyasi tabiat qonunlarini chuqur bilishga va fan rivojiga qaratilgan bo‘lsa, Platon, aksincha, kishilarni tabiatni o‘rganishdan qaytarmoqchi bo‘ladi. U barcha bilimlar kishilar ruhida tayyor holda mavjud, deb hisobladi. Uning fikricha, bilish o‘lmas jonning «ilohiy g‘oyalar dunyosi»ni xotirlashdir. Platon «xotirlash» nazariyasini jonning o‘lmasligi to‘g‘risidagi nazariyasi bilan bog‘ladi. Uning bilish nazariyasidagi muhim xizmati shundaki, bilishda tafakkurning rolini alohida ta’kidladi.
Platon, dialektikaga savol qo‘yish va javob berish asosida qurilgan og‘zaki munozara san’ati, deb ta’rif beradi.
Aristotel (er. avv. 384-322 yy.) qadimgi yunon mutafakkirlari orasida har tomanlama kamolotga yetgan, iste’dodli olim va faylasufdir. U 20 yil mobaynida Platon akademiyasida tahsil ko‘rdi, uch yil Aleksandr Makedonskiyga (er.avv.356-323yy.) ustoz va murabbiylik qildi. Afinada «Lakey» falsafiy maktabiga asos soldi.
Aristotelning qiziqish doirasi nihoyatda keng bo‘lgan qomusiy olim bo‘lib, falsafaga doir «Jon to‘g‘risida», jamiyat hayotiga doir «Siyosat», shuningdek, «Analitika», «Kategoriyalar», «Ritorika» singari asarlar yaratdi. U falsafani borliqning umumiy xususiyatlari to‘g‘risidagi fan, deb ta’riflab, unga «birinchi falsafa» deb nom berdi (keyinchalik «Metafizika» deb yuritiladi). Borliqning ba’zi bir xususiyatlarini o‘rganuvchi matematika va fizika singari fanlarni esa «ikkinchi falsafa» deb atadi.
Aristotel Platonning g‘oyalar dunyosi to‘g‘risidagi ta’limotini rad etdi. Platon ta’limoticha, g‘oyalar mangu, o‘zgarmas bo‘lib, ularning soyasi bo‘lgan moddiy predmet va hodisalar esa doimiy harakatdadirlar. Aristotel fikricha, Platonning bu prinsipp asossizdir, chunki moddiy predmet va g‘oyalar bilan g‘oyalar dunyosi o‘rtasida sababiy bog‘lanish yo‘qdir.
Aristotel fikricha, falsafa bilimlarning boshlang‘ich sabablarini ochib beradigan eng yuqori fandir. U moddiy olamni bilish, sezishdan boshlanadi, sezish faqat tirik organizmgagina xos bo‘lib, u tashqi dunyoning ta’siri natijasida vujudga keladi. Sezgilarni badan, ko‘rish, eshitish, ta’m va hid sezgilari ajratadi. Aristotel o‘z bilish nazariyasida sezgi va xissiy bilish moddiy olamni bilishning faqat boshlanish ekanligini ta’kidladi. Biroq u tafakkurni sezgilardan va ob’ektiv reallikdan ajratadi.
Aristotelning falsafiy merosida mantik, (logika) salmoqli o‘rin egallaydi. U formal logikaning asoschisidir. Logikani bilish uchun muhim bo‘lgan tafakkur shakllari va isbotlash to‘g‘risidagi fan, deb ta’rifladi. Logikaning ko‘plab qonunlari va kategoriyalarini ishlab chiqdi va taxlil qildi. «Organon» asarida falsafiy tushunchalar tasnifi (klassifikasiyasi)ni berdi.
Aristotel bilishning umumiy metodi bo‘lgan deduktiv logika metodini taklif qildi. Bu metodga ko‘ra, bilish ayrim faktlarni bilishdan umumiy xulosalar chiqarishga qarab boradi.
Aristotel qadimgi yunon falsafiy merosini chuqur o‘zlashtirib, uning birinchi taqrizchi va tanqidchisi darajasiga ko‘tarildi. O‘z falsafasi hamda logikasida Yunonistonning butun fani, madaniyati rivojlanishini yakunladi va uni umumlashtirdi. Aristotel Geraklit bilan bir qatorda qadimgi dunyo dialektikasiga asos solgan eng yorqin mutafakkirlardan biri sifatida falsafa tarixiga kirdi.
Qadimgi Yunoniston falsafasida ellinizm davri muhim o‘rin tutadi. Bu davrning buyuk fan arbobi va faylasufi Epikur (er. avv. 341-270 yy.) hisoblanadi. U 14 yoshidanoq fan va falsafa bilan shug‘ullangan. Eramizdan avvalgi 307 yilda Afina falsafiy maktabi - «Epikur bog‘i»ni tashkil etgan. Uning «Tabiat to‘g‘risida» nomli yirik falsafiy asari bizgacha yetib kelgan.
Epikur Demokrit tarafdori bo‘lib, uning atomistik ta’limotini himoya qildi, uni yangi tushinchalar bilan boyitib yanada rivojlantirdi. Uning fikricha, olam moddiy, materiya esa mangu va bepoyondir. Agar Demokrit atomlarning shakliy va miqdoriy tafovutlarini ko‘rsatgan bo‘lsa, Epikur atomlarning hajm va og‘irligi tomonidan ham farqini ko‘rsatib, atomistik nazariyani yanada rivojlantirdi. U atom harakatini manbasi o‘z- o‘zidan kelib chiqadigan atomninng ichki xususiyati ekanligini isbotladi. Epikurning bilish nazariyasi ham o‘ziga xos xususiyatga egadir. Bilish yoki ilmiy bilish, Epikurning fikricha, faqat kuzatish va xissiy qabul qilishdir. Predmetlarning ustki qavatida moddiy zarrachalar to‘xtovsiz o‘tib harakatlanib turadi. Bu zarrachalar juda yengil, yupqa va xarakatchan atomlardan iboratdir. Bu oqim narsalarning po‘sti va obrazini tashkil etadi. Yana shu oqim kishilarning sezgi a’zolariga ta’sir etib, ularda ko‘rish, hid bilish va eshitish sezgilarini vujudga keltiradi, deb ta’kidladi. Falsafaning asosiy vazifasi Epikurning fikricha, kishilarga baxtli bo‘lish yo‘lini ko‘rsatishdir.
Epikur o‘z falsafasini uch qismga: fizika, logika va etikaga bo‘ldi. U ayniqsa, etika masalalariga alohida e’tibor berdi.
Xulosa qilib shuni aytpsh mumkinki, qadimgi Yunoniston madaniyati rivojida fan katta rol uynay boshlagan. O‘z davrining texnika, tabiiyot, matematika, geometriya fanlari va uning sohalarini doimiy ravishda rivojlanib, kengayib borgan. Badiiy adabiyot, tasviriy san’at takomillashib fan darajasiga ko‘tarila boshlagan.
Posidoniy, Zarron, Siseron, Arximed, Geron, Feofrast, Aristarx, Evklid, Eratofen, Gerofil, Gipparx singari buyuk mutafakkirlarning kashfiyotlari fan va texnika sohalarining tiklanishi va yuksalishida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Qadimgi davr Kallimax, Feokrit, Lukresiy, Vekandr, Lisipp, Apelles, Agesandr, Epikur, Zenon singari mashhur fan va adabiyot namoyondalarini yetishtirib berdi.
Qadimgi zamon bilimlari, arxitektura va san’ati sirlarining yechimi ustida hozirgi zamon fani hamon bosh qotirmoqda.

Download 80.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling