1-mavzu: Lirik asarlarni sharhlash tamoyillari Reja


Download 23.29 Kb.
Sana29.01.2023
Hajmi23.29 Kb.
#1140270
Bog'liq
1-ma\'ruza Navoiyshunoslik


1-mavzu: Lirik asarlarni sharhlash tamoyillari
Reja:

  1. Sharh, tahlil, talqin, tafsir, ta’vil.

  2. Navoiy asarlariga sharh va izoh yozish an’anasi (lug‘atlar, nasriy “Xamsa”lar, vazn ko‘rsatkichlari).

  3. Navoiy lirik merosiga oid tahlilar. Ularning navoiyshunslikdagi ahamiyati.

Tayanch tushunchalar: Sharh, tahlil, talqin, tafsir, ta’vil, sharh va izoh, lug‘atlar, nasriy “Xamsa”lar, vazn ko‘rsatkichlari.
Adabiyotlar:
1. Sirojiddinov Sh. Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili.– Т.: Akademnashr, 2011.
2. Юсупова Д. Ўзбек мумтоз ва миллий уйғониш адабиёти (Алишер Навоий даври). Ўқув қўлланма. – T.: TAMADDUN, 2016.
3. Исҳоқов Ё. Навоий поэтикаси. – Т.: Фан, 1983.
Sharhnavislik Sharqda keng tarqalgan hodisa: qadim ul-ayyomdan ma’no-mazmuni teran va serqirra, uslubi murakkab, tili og‘ir, ayniqsa, ramzu timsollarga boy asarlarga turli darajadagi sharhlar yozib kelingan. Mumtoz she’riyatda burilish yasagan, alohida maktab yaratgan lison ul-g‘ayb Xo‘ja Hofiz, she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy, Abdulmaoniy Mirzo Bedil asarlariga yozilgan ko‘pdan-ko‘p sharhlar asrlarni bo‘ylab keladi. Qur’oin karimning 70 foiz ma’nosi o‘z aksini topgani, 690 ta hadisga rumiyona sharh berilgani, 270 ta turli mavzudagi hikoyat o‘rin olgani jihatidan Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari ham ko‘plab sharhlar uchun manba bo‘lib xizmat qilgan. So‘fi Olloyorning diniy-tasavvufiy mazmundagi asarlari ham keng sharhlangan. Hind uslubida ijod qilgani, she’rlari bir necha ma’no qirralariga egaligi, mazmuni teran, uslubi murakkabligi uchun Mirzo G‘olib asarlariga ham qator-qator sharhlar yaratilgan.
Sharhlarni oddiy (izoh) va murakkab sharhlar sifatida ikki guruhga ajratish mumkin, deb yozgan edi Srarq adabiyoti va falsafasining bilimdoni Najmiddin Komilov . Darhaqiqat, she’riy asarlarning ma’nosi shunchaki izohlangan oddiy sharhlarga ham, shu bilan birga, bir she’r yoki bayt butun boshli risola va kitoblarda har tomonlama keng va chuqur talqin qilingan murakkab sharhlarga ham ko‘p duch kelamiz. Chunonchi, oriflar sultoni sifatida musulmon Sharqida dong taratgan Srayx Abusaid Abulxayr Mehnaviyning bir ruboiysi ilmu adab va tasavvuf ahli o‘rtasida shunchalik shuhrat tutganki, birgina Sayyid Ne’matullo Valiy uning sharhiga 3 ta risola bag‘ishlangan. Qosim Anvor, Shayx Ozariy, Ya’qub Crarxiy va Xoja Ahror Valiylar ham uni sharhlab risolalar bitganlar . Yoki Ubaydiy taxallusi bilan qalam tebratgan Buxoro xoni Ubaydulloxonning bir kuni peshindan keyin badiha tarzida aytgan arab tilidagi so‘fiyona ruboiysi sharhiga bag‘ishlab esa arab tili va falsafasi bilimdoni Mavlono Ansoriddin Ibrohim namozshomga qadar bir risola tasnif etib, uning “har bir misrasi bobida olti yuz ellik ma’no aytgan” ekan.
O‘z-o‘zidan, durdona asarlarning sharhu talqinlari ko‘p bo‘ladi. Ularning aksariyati muallifning hatto etti uxlab tushiga kirmagan bo‘lishi mumkin. Holbuki, matn o‘shanday talqinlarga ham imkon berishi bilan betakror. Ayni jihatdan Sharqda Abulmaoniy – Ma’nolar otasi sifatida dong taratgan Mirzo Abdulqodir Bedil bilan bog‘liq bir rivoyat diqqatga sazovor.
Ma’lumki, bizda bedilxonlik davralari mashhur bo‘lgan – ularda shoir she’rlari o‘qilib, keng sharhlangan, turli ma’no qirralari ochib berilgan. Shoir she’rlaridagi qavat-qavat ma’no qatlamlarini tushuntirib beradigan qilni qirq yoradigan bedilxonlar etishib chiqqan. Ana shunday bedilxonlik davralaridan birida zukko bedilxonlardan biri shoir bir she’rining to‘qson to‘qqizta ma’nosini aytib, hammani qoyil qoldirgan. Lekin kechasi tushiga Bedil kirib, o‘sha she’rning yuzinchi ma’nosini aytib bergan ekan.
Ko‘pincha muallif ko‘zda tutgan asosiy ma’no ana shu yuzinchi ma’no bo‘ladi. Qolgan to‘qson to‘qqiztasi shoir muxlislari va tadqiqotchilarining tasavvuru taxayyul asosidagi turli sharhu talqinlari hisoblanadi.
Rivoyatdan kelib chiqadigan yana bir ibratli jihat shundaki, olimlarimiz ko‘pincha u yoki bu asarning to‘qson to‘qqiztalab ma’nosini izlab topadilaru asl ma’noga – yuzinchi ma’noga etib borolmaydilar. Holbuki, asl maqsad o‘sha – yuzinchi ma’no.
TAHLIL (ar. – tekshirish, hal qilish) – adabiy asarning mazmun-mohiyatini idrok etish, uning yaxlit estetik hodisa sifatidagi mavjudligini turli aspektlarda o‘rganib, o‘ziga xosligini ochib berish va qimmatini belgilashga qaratilgan hissiy-intellektual faoliyat. Tahlil atamasi ilmda keng qo‘llanuvchi analiz (yun. analysis – qismlarga ajratish) terminining sinonimi sifatida ishlatiladi. Har ikki atama ham butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqasi va butunlikning yuzaga chiqishidagi o‘rnini o‘rganishni ko‘zda tutadi. Ayrimlar badiiy asarni tirik organizmga qiyos etishadi-da, “uni qismlarga ajratish jonsiz tanaga aylantirishdan boshqa narsa emas”, degan qarashga tayanib, tahlilga qarshi chiqadilar. Biroq bu xil qarash asossizdir. Zero, birinchidan, adabiyotshunoslikdagi tahlil ham – o‘qish, faqat bunda badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o‘qish tushuniladi. Ya’ni tadqiqotchining asarni qismlarga ajratishi maqsad emas, bir vosita – asarning badiiyat hodisasi sifatidagi mavjudligini, undagi o‘quvchi ongi va ruhiyatiga ta’sir qilayotgan, uning u yoki bu tarzda tushunilishiga asos bo‘layotgan omillarni o‘rganish vositasidir. Ikkinchidan, B.t. jarayonida har vaqt talqin amali ham majud (bu o‘rinda talqin “interpretatsiya”ning sinonimi). Keng ma’noda “talqin” so‘zi o‘zga tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini anglash, uni ma’lum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish (adabiyotshunosning maqsadi tushunishning o‘zigina emas, tushuntirish hamdir) ma’nolarini anglatadi. Boshqacha aytganda, talqin badiiy asardagi “obrazlar tili”ni “mantiq tili”ga o‘girmoq, obrazlar vositasida ifodalangan mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir. Shunday ekan, chinakam ilmiy bo‘lishi uchun talqinning tahlilga tayanishi shart qilinadi. Zero, agar talqin qiluvchi shaxs badiiy matnni chuqur bilmasa, asar qismlarini, ularning o‘zaro aloqalarini etarli tasavvur qilolmasa, uning talqini ilmiylikdan yiroq sub’ektivlik kasb etadi. Boshqa tomondan, badiiy adabiyotning obrazlar orqali fikrlashi, obraz esa assotsiativ tafakkur mahsuli ekanligi e’tiborga olinsa, talqin sub’ektsiz mavjud emasligi ham ayon. Chunki ijodkorning assotsiativ fikrlashi mahsuli o‘laroq yaratilgan va asarda aks etgan obrazning mazmun qirralari faqat sub’ekt ongidagina (ya’ni uning ham assotsiativ fikrlashi asosida) qayta tiklanishi mumkin bo‘ladi. Bular badiiy asarni tushunish jarayonida tahlil va talqin har vaqt hozirligiga yorqin dalildir. Oddiy o‘quvchidan farq qilaroq, adabiyotshunos badiiy asarni talqin qilishda tahlilga tayanadi, uning talqini tahlil asosida yuzaga kelgani uchun ham ilmiy sanaladi. Shu ma’noda tahlil talqinning ilmiy asosi, badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o‘qish va uqish demakdir.
Ilmiy va badiiy tahlil o‘rtasidagi munosabat. Ilmiy tahlil filologik ta’lim tizimida lisoniy, lingvopoetik, struktural, semiotik tarzda tasniflanishi mumkin.
Badiiy tahlil (yozuvchining hayot materialini tahlil qilishi emas) deyilganda mana shu tahlil tizimini aniq badiiy matnga nisbatan qo‘llanilishi nazarda tutiladi. Prof. Q.Yo‘ldoshev bu jarayonga shunday ta’rif beradi: “Adabiy asarning yozilgan hamda tekshirilayotgan vaqtdagi badiiy va hayotiy mantig‘i hamda estntik jozibasini anglashga yo‘naltirilgan intellektual-hissiy faoliyat badiiy tahlildir” .
2. Uyg‘urlar orasida Alisher Navoiy asarlari shoir hayotligidayoq keng tarqalib, qo‘lyozmalari ko‘plab ko‘chirilgan, maktab va madrasalarda o‘qitilgan. Bu xalq orasida shoir she’rlari asliyatda o‘qilib, dostonlarining nasriy bayonlari yaratilgan. Jumladan, Umar Boqiy 1792-- yilda “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun” dostonlarini nasrda oddiy va tushunarli tilda qayta yozib chiqadi. Ular “Qissai Farhod-Shirin” va “Kitobi Layli-Majnun” nomlari bilan 1909, 1910, 1912, 1915 yillarda Toshkentda toshbosmada nashr etilgan. Mulla Siddiq Yorkandiy esa (yana bir nomi Mirzo Muhammad Husaynbek) “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” va “Lison ut-tayr” dostonlarini nasriy bayon qilib, “Bulbuli gulshani Navoiy” nomi bilan kitob qilgan. Shoir Nizoriy 1806 yili “Navoiy” nomli darslik yozib tarqatgan. Muhammad Saburiy 1806 yili “Navoiyning adolatparvarligi xususida” nomli monografiya yozib, “Saddi Iskandariy” asarini tahlil qilgan. Uyg‘ur xalqi orasida navoiyxonlik kechalari keng tarqalgan. Shoirning yuzga yaqin she’rlari uyg‘ur “O‘n ikki maqom”iga kiritilgan. 1940 yilda Ali Domullo “Farhod va Shirin”dan ilhomlanib, “Ming uy va Farhodu Shirin” dostonini yaratgan. O‘tgan asrning 80–90-yillarida Navoiyning deyarli barcha asarlari Shinjonda nashr etilgan
“Alisher Navoiy ijodini yangicha tilshunoslik va adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish XX asr boshlarida ijod qilgan jadid yozuvchilari va olimlari faoliyati bilan bog‘liqdir. Bu o‘rinda professor Abdurauf Fitrat xizmatlarini alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi. Fitrat mumtoz adabiyotimiz tarixi haqidagi ilmiy tadqiqotlarida, adabiy mavzulardagi maqola va taqrizlarida adabiyotshunos olim sifatida Alisher Navoiyning ijodini sinchkovlik bilan o‘r gandi. Jumladan, Abdurauf Fitratning 1928 yilda nashr qilingan “O‘zbek adabiyoti namunalari” nomli majmuasida Navoiyning deyarli barcha asarlariga murojaat qilib, milliy adabiyotimizning nodir namunalari jamlaganligi hamda uni keng xalq ommasiga etkazish ishiga bel bog‘laganligi Navoiyning shaxsi va ijodiga yangicha munosabat, yangicha qarashning ilk mahsuli edi. Quyidauning bu xizmatlari barobarida lug‘atchilik sohasidagi, ya’ni Navoiy asarlari tilida qo‘llangan so‘zlarning izohi masalasidagi izlanishlari haqida fikr yuritmoqchimiz. Navoiyning avlodlariga qoldirgan saboqlari bisyor bo‘lib, shulardan biri uning til, so‘z haqidagi saboqlaridir. Fitrat bu masalaga alohida e’tibor qaratgani holda majmuada “Muhokamat-ul-lug‘atayn” asaridagi mutafakkir shoir qo‘llagan so‘zlarning ma’no, mazmun-mohiyatini yoritishga harakat qiladi, o‘sha davr kitobxoni uchun tushunarsiz bo‘lgan sof turkiycha, arabcha va forscha so‘zlarni sharhlab, izohini havolalar yoki maqola oxrida maxsus lug‘at tarzida berib o‘tadi. Muallif “Muhokamat-ul-lug‘atayn” asaridan namunalar keltirar ekan, Navoiy keltirgan fors tilida muqobili bo‘lmagan 100 ga yaqin sof turkiycha fe’lni o‘ziga xos tarzda sharhlaydi. Masalan, quvarmoq (turli tusda ko‘rinmoq), iglanmak (mahkamlanmoq), sig‘riqmoq (qochmoq), chiqanmoq (oyoq osti bo‘lmoq), ko‘nkurdamak(qarimoq), yodamoq (holsiz qolmoq), jirg‘amoq (kayf-safo qilmoq), o‘sanmoq (bezmoq) kabi fe’llarning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarining Parij, Boqchasaroy, Qo‘qon nusxalarida berilishini biri-biriga solishtiradi va ayni paytda matndagi xatoliklarni ham ko‘rsatib o‘tadi: “... Qikzamoq: Parij bosmasida shunday yozilg‘an. Qo‘qon bosmasida “qingramoq” shaklida ko‘rsatilgan, to‘g‘risi shu “qingramoq”dir...”;“...mungg‘aymoq: “munglanmoq”. Qo‘qon bosmasida “mungg‘anmoq”yozilg‘an, yanglishdir...”. Ko‘rinadiki, professor Fitrat matndagi sof turkiycha so‘zlar ma’nosi va uning izohiga jiddiy e’tibor qaratgan, chunki bu o‘rinda Navoiy asarlari mazmunini o‘z holichakeng xalq ommasiga etkazish vazifasi birinchi galdagi vazifa hisoblansa, o‘sha davr, ya’ni XXasr boshlaridagi adabiy tilimiz leksik fondidagi arabcha hamda forscha leksemalarni turkiycha so‘zlar bilan almashtirish zarurati, kerakli o‘rinlarda mumtoz badiiy asarlarimiz tilidan ular o‘rniga sof turkiycha muqobillarini topish vazifasi ham kun tartibidagi masalalardan edi. SHuningdek, muallif so‘zlar izohi jarayonidaAlisher Navoiy keltirgan turkiycha ish-harakat leksemalarini Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk”, Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoyi va turki usmoniy” (XIX asr) asarlarida berilgan varianti bilan o‘zaro muqoyasa qiladi: “...Quvarmoq: “turlicha tusda ko‘rinmak”. SHayx Sulaymonning “Lug‘ati chig‘atoyi” da “quvadmoq” yozilg‘an, bu bosmaxona yanglishidir...”;“...Jijchaymoq: anglashilmadi. SHayx Sulaymon lug‘atida “qattig‘ kulmak” ma’nosida“jirjaymoq” so‘zi bor. Balkim, buning ham to‘g‘risi shudir...”.
E’tibor berganimizdek, muallif Navoiy qeltirgan turkiycha so‘zlarning to‘g‘ri izohini berishda nihoyatda ehtiyotkorlik bilan ish tutgan, imkon qadar so‘zlar ifodalagan to‘g‘ri ma’nolarni izlab topishga,ba’zida esa ishonchli manbalar asosida ma’lumotlar olishga harakat qilgan. So‘z tilning oynasi sanaladi. Davrlar bilan bog‘liq fonetik va grammatik o‘ziga xosliklar, avvalo, so‘zda o‘z aksini topadi. Buni yaxshi anglagan Fitrat so‘zlar ma’nosini izohlashda ularning etimologiyasi hamda davrlar o‘tishi bilan sodir bo‘ladigan turli tovush o‘zgarishlarini ham hisobga olgan holda mantiqiy xulosalar chiqaradi:“...siqirmoq: “nola qilmoq”, “sig‘tamoq: “qattiq yig‘lamoq”. Navoiy “Muhokamatul lug‘atayn”da buni siqtamoq shaklida ko‘rsatadir.Yuqoridagi “siqirmoq” ham shu tomurdandir. Bizda bukun “yig‘i, sig‘i”, “yig‘lab, sixtab” so‘zi borkim “sig‘i” shu tomurdandur”.
Yuqoridagi tahlillar asosida shuni aytishimiz mumkinki, filologiya ilmining barcha sohalari bilan jiddiy shug‘ullangan Abdurauf Fitratning lug‘atchilik sohasida olib borgan izlanishlarini ham maxsus tadqiq qilish, so‘zlarni izohlashdagi tamoyillarini o‘rganish hamda o‘zbek lug‘atchiligining shakllanishi va rivojlanishidagi xizmatlarini belgilash bugungi kun o‘zbek leksikografiyasi fani uchun qimmatlidir. Xo‘sh nima uchun Alisher Navoiy asarlarga sharh yozish, ularning nasriy bayonlarini yaratish, lug‘utlar tuzishga ehtiyoji bor:
1. Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Majolis un-nafois” va yaqinda H. Islomov tayyorlagan “Nasoyim ul-muhabbat”dan tashqari asarlari tom ma’nodagi ilmiy-tanqidiy matni yo‘q. Hozirgi paytda mavjud yigirma jildning Navoiy “Mukammal asarlari to‘plami” va boshqa nashrlar ilmiy-ommabop nashrlardan iborat. Birinchi navbatda Navoiyning adabiy va ilmiy merosini to‘lig‘icha ilmiy-tanqidiy matnini yaratish va shu matn asosida har bir asarning sanama so‘zligini yaratish kerak. Navoiy asarlarining to‘liq matni shoir hayotlik davrida Abdujamil kotib, Sulton Ali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan nusxalari faksimile shaklida chop etilishi kerak. Hozircha J. Jo‘raev tomonidan nashrga tayyorlangan xattot Abdujamil kotib ko‘chirgan “Xamsa” ning faksimilesidan boshqa asarlarining faksimilesi nashr etilmagan.
2. Navoiy asarlarining she’riy qismi to‘liq sharhlanishi va undagi lug‘aviy, majoziy, diniy-irfoniy ma’nolari konkordans asosida sharhlanishi kerak. Hozirda Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Jaloliddin Rumiy asarlarining o‘nlab sharhlari mavjud, holbuki Alisher Navoiy asarlarining g‘azallarining N.Komilov boshlab bergan 50 g‘azali va yaqinda B.To‘xliev nashrga tayyorlagan 28 g‘azalining nasriy bayon, sharh va izohlaridan boshqa hech narsa yo‘q.
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiyning yozgan har bir satri hozirgi va kelajak avlod uchun bitmas-tuganmas ma’naviy boylik va olamshumul ahamiyatga ega. Uni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz va hozirgi avlodning ongiga singdirishimiz kerak. Yillar o‘tgan sayin asarlarining tili hozirgi va kelajak avlod lar uchun tobora tushunishi qiyinlashib bormoqda. Navoiyshunoslarning endigi vazifasi uning asarlariga keng qamrovli lug‘atlar tuzib, eng nozik ma’no jilolarigacha tushunarli qilishdir.


Download 23.29 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling