1-mavzu. Neokantchilikning Baden maktabi (2-soat) Ma’ruza rejasi


Download 37.25 Kb.
bet2/3
Sana05.01.2022
Hajmi37.25 Kb.
#207742
1   2   3
Bog'liq
1-Баден мактаби

Vilgelm Vindelband 1848-1915 yillarda Germaniyada yashagan. Asosiy asarlari: «Qadimgi davr falsafasi tarixi» (1888), 1893 yilda rus tiliga tarjima qilingan. «Yangi falsafa tarixi» 1-2 jildi (1877-1880). 1902-1905 yilda rus tiliga tarjima qilingan. «Muqaddima» nomli asari ham nashr etilgan.

Genrix Rikkert 1863-1936 yillarda Germaniyada yashagan. Asosiy asarlari: «Bilim predmeti», «Tabiiy-ilmiy tushunchalarni shakllanish chegarasi», «Tabiat haqidagi fanlar, madaniyat haqidagi fanlar», «Falsafa tushunchasi», «Bilish nazariyasida ikki yо‘l», «Qadriyatlar sistemasi» va boshqalar.

Baden maktabi ta’limotining asosiy xususiyatlari:



  • tarixga materialistlarcha yondashuv munosabatlarini inkor qilinishi;

  • tarix fanlarini tadqiq qilish metodologiyasini yaratishga bо‘lgan harakat;

  • qadriyatlar nazariyasini yaratish, falsafani qadriyatlar haqidagi ta’limot sifatida talqin qilish.

Bu maktab vakillari о‘z diqqat e’tiborlarini dunyo tuzilishi muammolarini hal etishga, shuningdek, inson dunyosiga qaratdilar. Umuman, bu masala butun g‘arb dunyosi falsafasiga ham tegishlidir. Jumladan, G.Rikkert falsafaning «metafizik» xususiyatini inkor qiladi, lekin uni dunyoqarash sifatidagi ahamiyatiga urg‘u beradi. Shu bilan birga, falsafani ilmiy bilim mantig‘i hamda fan ta’limoti sifatida talqin qiladi. Falsafaning shu xususiyati umumiy bilimga ega bо‘lishda, ilmiy bilimlarni qadriyat sifatida namoyon qilishda yaqqol kо‘zga tashlanadi.

Lekin neokantchilik uchun ongdan tashqari borliq yо‘q. Bu G.Rikkert tomonidan о‘z-о‘zidan ma’lum haqiqat sifatida qabul qilindi. Shuning uchun dunyoqarashga yо‘l bilim orqali о‘tadi. «Mantiq dunyoni bilishni umumiy nazariyasiga olib keladi»1.



Bilim va qadriyat. G.Rikkert juda murakkab bilish nazariyasini ishlab chiqdi. V.Vindelband va G.Rikkert bilish nazariyasiga materialistcha yondashuvni inkor qiladilar.

Rikkert о‘zining «Tabiiy-ilmiy tushunchalarni shakllanishi chegarasi» nomli asarida tabiiy fanlarni betо‘xtov rivoji haqida, tabiiy-ilmiy dunyoqarashn kengayib borayotgani haqida gapirib о‘tadi. Albatta, Rikkert bu jarayonni qoralaydi. Uning fikricha, «falsafa … tо‘lig‘ligicha tabiiy fanlarga bо‘ysinib qoldi»2, tarixiy fanlar esa, ikkinchi darajali bо‘lib qoldi. Tarixiy fanlar о‘rganilsa ham, ularga tabiiy fanlar metodi orqali yondoshildi. Ular pozitiv tomondan turib tadqiq etildi. Rikkert aytishicha, «bizning tadqiqotimiz tabiiy fanlarga qarshi qaratilmagan balki tabiiy-ilmiy dunyoqarashga qarshi yо‘naltirilgandir»3. Faqat tabiiy bilimlarga asoslangan dunyoqarash biryoqlama, bir tomonlamadir. Ijtimoiy fanlar va tarix, albatta, fanlar rivojiga о‘z ulushlarini qо‘shishi zarur. Rikkert tarixni faqat fan sifatida rо‘yobga chiqarmasdan, balki uni umuman madaniy va dunyoqarash ahamiyatiga urg‘u berishni istaydi. Bu ham unga kamdek tuyuladi. U tarixni materializmga qarshi, ayniqsa tarixni materialistcha tushunishga qarshi qurol bо‘lishini istaydi.

Rikkert bizga tanish bо‘lgan uslubni qо‘llaydi: tarix haqidagi fanlarni butunlay ajratadi. U «tushunchalarni tabiiy-ilmiy shakllanishiga chegara» qо‘yadi. Butunlay materializmga yо‘g‘rilgan tabiiy bilimlarda qо‘llaniladigan mantiqiy uslublarni tarixiy fanlarda qо‘llab bо‘lmasligini isbotlashga harakat qiladi.

Rikkertning tarix fanlarini tabiiy bilimlardan ajratishi, tabiiy fanlarni materialistik xarakterini tan olishidan darak bermaydi. Aksincha, u hamma bilimlarni idealistik talqin qilishga intiladi.

Vindelband va Rikkert I.Kantning «narsa о‘zidasi»ni hissiy taassurotlarning manbai sifatidagi ta’limotini rad etadilar. Biroq ular bilish jarayonining boshlang‘ichi sifatida qandaydir borliqni qabul qiladilar. Bu borliqni talqin qilganda Rikkertda ziddiyatli ikkilanish paydo bо‘ladi. Gohi hollarda borliq subyektdan tashqarida mavjuddir. Subyektning bilish faoliyati shu borliqqa yо‘naltirilgan va bu jarayon borliqni qanday bо‘lsa, shundayligicha tushuntirib berishda sodir bо‘ladi.

Boshqa xollarda esa borliq subyektga, uning ongiga chambarchas bog‘liq xolda talqin etiladi. «Butun borliqning mavjudligi, - deb yozadi Rikkert, - ongdagi borliq sifatida kо‘rilishi shart»4.

Bu yerda qanday ong haqida gap ketayapti, degan savol tug‘iladi? Bu yerda gap individual ong haqida ham emas, mutloq ong haqida ham emas. Rikkert maxsus «gnoseologik subyekt» degan tushunchani kiritadi. Bu inson bilish qobiliyatining har qanday individual, ruhiy xolatidan mavhumlashgan yig‘indisidir. Bu inson bilish jarayonining mantiqiy tuzilmasidir, uni har bir biluvchi subyektning ongidan topish mumkin. Gnoseologik subyektning ijtimoiy timsoli sifatida davr ziyolilarining umumiy tarzda olingan о‘rtacha ilmiy ongini hisoblash mumkin. Bu ong mavjudlikdan, bilinuvchi predmetdan ajratib olingandir, u о‘z-о‘zicha olinadi.

Gnoseologik subyekt borlig‘i nimadan iborat? Rikkert fikricha: «… har qanday borliq bu yaqqol bо‘lgan individual tasavvurdir»5. Vindelband fikricha, «u alohida hissiyotlardir». Bu Baden maktabiga xos bо‘lgan nominalizmdir.

Lekin – bu borliq bizni о‘rab turgan olam emas, u bevosita berilganlikdir, u hali xom ashyodir. Borliqni bilish esa biluvchi subyekt uchun ana shu tasavvur va hissiyotlarni tushunchalarga aylanishlarini tashkil qiladi, tushunchalar sistemasini yaratishni talab qiladi.

Ratsional falsafa uchun obyektivlik asosiy muammo bо‘lgan. Kant uchun esa bilimdagi hukmning eng umumiyligi va zaruriyligi bо‘lgan badenliklarni esa bilimning haqiqiyligi nimada namoyon bо‘lishi qiziqtirgan. Ular uchun haqiqat bilimning о‘zida emas, undan tashqaridagi transdentlikdadir. Nimada degan savol tug‘iladi?

Bilimga metafizik yondoshib, Rikkert shunday deydi, bilim bo borliqqa cheksiz kirish jarayonidir va uning qonuniyatlaridir. Har qanday о‘z-о‘zidan olingan tushuncha mavhumlikdir, u hodisalarning serqirraliligini qamrab ololmaydi. Unda faqat ayrim tomonlar, xususiyatlar, soddalashgan borliq aks etishi mumkin.

Rikkert nuqtai-nazari bо‘yicha fan tomonidan kiritilgan tushunchalar tizimi yig‘indisi, haqiqiy borliqni aks etmaydi, aksincha undan farq qiladigan о‘ziga xos dunyoni hosil qiladi. Empirik dunyo – bu о‘zaro о‘rin almashib turadigan tasavvurlar tartibsizligidir. Aksincha, fan olami - qat’iy tartibga solingan tushunchalar sistemasidir, ular ong qonuniyatlari asosida tuzilgan. Ular biluvchi subyekt maqsad va vazifalariga javob beradi. Rikkert shunday deb hisoblaydi.

Aslida esa, olam xaos emas, u yerda hech narsa о‘z xolicha yuz bermaydi. Olam – bu «koinotdir», u yerning о‘z qonuniyatlari mavjud. Ularni biz ertami, kechmi bilib boramiz. U yerda hamma narsa ritmik tarzda, muntazam ravishda, tartib asosida sodir bо‘ladi.

Biz dunyoni tartibga keltira olmaymiz, aksincha, dunyo haqidagi о‘z tasavvurlarimizni tartibga solishimiz mumkin. Biz dunyo haqidagi qonunlarni ochamiz, ularning tartibini о‘zimiz uchun kashf etamiz. Biz sxemalar, modellar tuzamiz. Ularni borliqqa tatbiq etishga harakat qilamiz. Bu yerda mantiqiy mushohada, empirik umumlashmalar, taassurotlar, fantaziyalar rol о‘ynaydi, zotan bilish jarayoni – bu ijodiy jarayondir. Olam qonunlari – ongda tо‘g‘ridan tо‘g‘ri aks etmaydi. Ularni kо‘ra bilish, topa olish kerak.

Rikkert bilish jarayonini qanday tushungan. Demak, uning fikricha, bilimning haqiqiyligi va obyektivligi transsendentlikdan iborat. Badenliklar uchun bu asos va insonning butun ma’naviy-ruhiy faoliyati (ya’ni iroda, estetik hissiyoti va h.k.) о‘ziga xos dunyo, qadriyatlar dunyosida yotadi.

Badenliklar ta’kidicha, dunyo ikki sohadan, sferadan iborat: borliq va qadriyat. Ular uchun qadriyatlar aflotuncha g‘oyalar kabi borliqqa ega emas, ular mavjud emas, haqiqiy emas. О‘adriyatlar belgilanadi. Vindelband fikricha, ular biz uchun mutloq norma shakliga ega, tafakkurimiz, irodamiz, estetik hissiyotimiz unga bо‘ysingan.

Vindelband aytadiki, garcha haqiqat, gо‘zallik va ezgulik – biz uchun bо‘sh sо‘zlar emas ekan, bizning bilimimiz haqiqat bо‘lishni, xulqimiz yaxshi bо‘lishni, san’atimiz gо‘zal bо‘lishini xohlar ekanmiz, demak, biz mantiqiy, axloqiy va estetik qadriyatlarni tan olamiz. Qadriyatlar haqiqiy emas, ular haqiqatdan yuqoridir, chunki ular hukmlarimizda aks etadigan borliq, harakatlarimiz orqali amalga oshadi, san’at orqali yaratiladi, bularning hammasi qadriyatlardan kelib chiqadi.

Qadriyatlar – bu о‘ziga xos tushunchalardir. Uni aniqlash qiyin, lekin bayon qilish mumkin, misol keltirish mumkin. Qadriyatlar о‘ziga xos olamni tashkil qiladi, faoliyatni baholaydi, ya’ni qadriyat nuqtai-nazaridan hodisalarni, narsalarni tahlil qiladi, u faoliyatning о‘ziga xos turini tashkil qiladi. U dunyoni inson tomonidan ruhiy о‘zlashtirilishi bilan bog‘liqdir.

Qadriyat nima? «Qadriyat» falsafiy kategoriyadir, u mavhum, eng umumiy xususiyatga ega bо‘lgan tushunchadir. Bu inson hayotiga kerakli bо‘lgan, zarur va ahamiyatli g‘oyadir. Qadriyat masalasi kо‘p jabhalarni о‘z ichiga oladi. Qadriyatlarni kelib chiqishi, ularni tabiati, ular moddiymi yoki ruhiymi degan muammolarni о‘rtaga tashlash mumkin. XX asr faylasuflari shunday masalani ilgari surmoqda, «bor narsadan», mantiqiy yо‘l bilan «bо‘lish kerak bо‘lgan» narsani keltirib chiqarish mumkinmi va hokazo, va boshqalar.

Neokantchilarning qadriyat tо‘g‘risidagi ta’limotiga kо‘ra esa, qadriyatni ular ilgaridan berilganlik sifatida, dunyo mavjudligidan tashqaridagi, lekin ana shu mavjudlik uchun ahamiyatli bо‘lgan borliqdir.

Falsafa tarixida Suqrot va Aflotundan boshlab qadriyat va bilish tushunchalari ajratilmagan Aflotunning g‘oyalar dunyosi bilishni ham о‘z ichiga olgan. Ezgulik, gо‘zallik, haqiqat, birlik va borliq va h.k.lar – bir tartibdagi tushunchalar bо‘lgan.

Suqrotning axloqdagi ratsional yondashuvi ham bilim bilan baholovni, qadriyatni yaqinlashuviga olib kelgan. Lekin keyin bilish va qadriyat tushunchalari ajratilgan. Baholovchi faoliyatning о‘ziga xos turi hisoblangan. Neokantchilarda ham xuddi shuni uchratishimiz mumkin.

Neokantchilar kantdagi zarurat va erkinlik о‘rtasidagi uzilishni о‘zlaricha talqin qiladilar. Tabiat haqidagi fanlar – umumiy qonunlarga bо‘ysingan jabhadir, shuning uchun ham ular zarurat orqali sodir bо‘ladi. Madaniyatda, aksincha, inson qadriyatlarni erkin tarzda, ularni anglash darajasiga qarab tanlaydi. Shunday bо‘lsa ham, neokantchilar qadriyatlarga e’tibor beradilar. Ularning fikricha, qadriyatlarsiz umuman inson faoliyati mumkin emas, deb hisoblaydilar.

Vindelband va Rikkert fikricha, qadriyatlar bizlar uchun sof mushohada obyekti emas. Qadriyatlar qat’iy imperativ bо‘lmasa ham, lekin norma shaklidir. Qadriyatlar olami – burchlilik dunyosidir, garchi biz harakat qilayotgan ekanmiz, ularni amalga oshirishga intilishimiz zarur. Agar biz buni qilmasak harakatimiz zoye ketadi. «Bilish predmeti faqat majburiylik sohasida yotadi»6. «Bilish predmeti majburiylikning о‘zidir»7. Butun madaniyat va insoniyatning madaniy hayoti qadriyatlar tufayli ahamiyatlidir. Qadriyatlar amalga oshganda, madaniy ne’matlar, deb ataladi. Madaniy ne’matlar – mavjudlikning qadriyatga ega bо‘lgan qismidir, ular qadriyatlarning о‘zidan farq qiladi.

Shunday ahamiyatga ega qadriyatlar borki, butun mavjudlik ularga bog‘liqdir, ularsiz mazkur mavjudlikni anglab bо‘lmaydi. Neokantchilar fikricha, falsafa bu - qadriyatlar tо‘g‘risidagi ta’limotdir.

Qanday qilib muayyan qadriyatlar bilimning obyektivligi masalasini hal qiladi? Rikkert ta’kidicha, qadriyat bilish predmetini transsendent shaklini hosil qiladiki, usiz bilimning obyektivligi mumkin bо‘lmay qoladi. Bu ta’kidni о‘ziga xos ravishda anglash zarur. Fan, albatta, haqiqiy mulohazani aytishga intiladi. Lekin qanday mulohaza haqiqiy bо‘ladi? Qaysiki mavjudlikka mos kelsa, u haqiqatdir, degan bо‘lar edi materialist. Rikkert fikricha, bu ta’kid notо‘g‘ridir. Haqiqat – fikrlanishi zarur. Bilimga intiluvchi trassendent predmet esa, bu transsendentlik zaruratdir. Shunday tarzdagi qadriyatlar ma’naviy-ruhiy hayotning, faoliyatning turli sohalariga oid bо‘lgan majburiylikning konkret amalga oshishidir. Xuddi shunday – yaxshi amal, shunday amalki biz uni rо‘yobga chiqarishimiz zarur. U ilgaridan yaxshi amal bо‘lgani uchun, biz uni bajarishimiz kerak.

Inson munosabatlariga kelganimizda, Vindelband fikricha, qadriyatlarni anglashi, norma shaklida namoyon bо‘ladi. «Bizning hamma bilimimiz, - deb yozadi Vindelband, - normaga intilishdan iborat, u bizdan tashqaridadair, qonunni anglash, unga itoat qilishimizni talab qiladi»8. Umummajburiy normalarning birligi, Vindelband ta’kidicha, «normal ongni» tashkil qiladi. Bu normal ongni Vindelband empirik ongga qarama-qarshi qо‘yadi. Bu ong butunlay normalarga bо‘ysingan, faqat ular orqali amalga oshadi.

Shunday qilib, Vindelband fikricha, tabiiy, empirik insoniy ong ustida, tajribadan tashqari bо‘lgan, mutloq ong mavjud, bu ongga oddiy ong bо‘ysinishi shart. Endilikda, falsafaning vazifasi, ana shu «normal ongga» yetishishdan iborat, chunki uning о‘zi normal ong haqidagi fandir.

«Normal ongni tan olish falsafaning asosidir… Falsafa – bu normal ong haqidagi fandir»9.

Rikkkertda shunday qilib, bilish predmetini transsendent izlanishi yakun topadi. Lekin bu yerda bir masala о‘z yechimini topmaydi. Biz kо‘rdikki, qadriyatlar olami haqiqiy mavjudlikdan tubdan farq qiladi. Lekin shu bilan birga qadriyatlar, shubhasiz, borliq bilan bog‘langan. Bu bog‘liqlik nimada namoyon bо‘ladi? Empirik yoki ruhiy tarzda bu bog‘liqlikni shunday tushuntirish mumkin, biluvchi subyekt ma’lum bir normalardan foydalanadi, qadriyatlarga intiladi va h.k. Lekin bunday talqin ruhiy xususiyatga ega, u ikki olam о‘rtasidagi mantiqiy aloqani ochib bera olmaydi, ya’ni ichki, immanent olam bilan transsendent olam. Rikkert bu masalani о‘zaro bog‘lovchi zanjirni topish orqali hal qiladi. Bu yangi tushuncha, m a ‘ n o, m a z m u n tushunchasidir.

Har bir mushohada akti haqiqiy bо‘lsa, ma’noga ega bо‘ladi, u mushohadaga bog‘liq emas. 2 x 2 = 4 ga teng mulohazasini ruhiy tushuntirib berish mumkin. Lekin unda ilgaridan hech bir mulohazasiz, mazmun bor. Bu haqiqiy mazmun saqlanib qoladi, garchi men 2 x 2 = 5 ga teng desam ham, yoki 2 x 2 = sham yog‘dusiga teng desam ham.

Rikkert о‘z fikrini rivojlantirib ta’kidlaydiki, ma’no mulohazaning ichiga kiradi, chunki u uning mazmunidir. Shu bilan bir qatorda mazmun transsendentdir. Chunki u mulohaza aktiga bog‘liq emas, mustaqil va mutloq xususiyatga ega. Rikkert mulohaza mazmuni orqali ikki olamni bog‘laydi. Shuni esdan chiqarish kerak emaski, hukmda doimo bir narsa ta’kidlanadi (yoki inkor etiladi), shu ta’kid bilan birga borliq bayon qilinadi. Bu ta’kid orqali, ta’kidlanishi zarur bо‘lgan narsa tasdiqlanadi, shuning uchun ham u haqiqiylik qadriyatiga ega bо‘ladi.

Lekin, K.S.Bakradzeni ta’kidlashicha, «bu qaror yolg‘ondir»10. Gap shundaki, mulohaza aktiga nisbatan olinganda «ma’no» sо‘zi bir mazmunga yoki ahamiyatga ega, qadriyatlarning transsendent dunyosi esa butunlay boshqa narsadir. Rikkertning о‘zi ham bu qarorining ishonarli emasligiga amin bо‘ladi. Bu masala hozir ham ochiq qolgan, lekin boshqa shaklda kо‘tarilgan, ya’ni immanent (ichki) va transsendent ma’nolarning о‘zaro aloqasi sifatida namoyon bо‘ldi. Uni qanday yechim topishi noma’lumdir.

«Bu yerda biz hech qachon hal qilib bо‘lmaydigan muammo bilan tо‘qnashmaymizmi, - deb yozadi Rikkert, - chunki ma’no va borliq, qadriyat va mavjudlik, transsendenlik va immanentlik, mantiqan bir-birini, shubhasiz inkor qilmaydi?»11. Ular bilish jarayonida hamda ruhiy faoliyatda ham qandaydir yо‘l bilan bog‘lanishlari zarur, aks holda hech narsa bо‘lishi mumkin emas, «lekin bunga qaramasdan, ularning aloqasi biz uchun sinoat bо‘lib qolaveradi»12.

Rikkert fikricha, mazkur masala falsafaning abadiy muammosidir. Boshqa masala esa, qadriyatlarni asoslash muammosidir. Biz yuqorida kо‘rganimizdek, qadriyatlar deklaratsiya qilinadi, ularning mutloq xususiyatga egaligini asoslashni biz kо‘rmadik.

Rikkert ta’kidicha, ular empirik bо‘la olmaydi, chunki tajribadan oldin mavjud.Ularni intuitsiya orqali bilib bо‘lmaydi. Bir sо‘z bilan aytganda, badenliklar bu yerda yechimi yо‘q muammo bilan tо‘qnash keladilar.

Vindelband aytadiki, «nazariy falsafa о‘z aksiomalarini isbotlay olmaydi; formal mantiqning tafakkur qonunlari ham, dunyoqarashning asliy tamoyillari ham tajriba orqali asoslanmaydi, lekin mantiq hammasiga aytishi mumkin: haqiqatni xohlasang, ana shu normalarni ma’nosini tushunib, qabul qilishing shart… agar gо‘zallik oddiy hissiyotdan ustun bо‘lsa, biz uni umummajburiy normasini qabul qilishimiz kerak»13.

Vindelband ikki tadqiqot uslubini taqqoslaydi. Ularni genetik va tanqidiy deb ataydi. Genetik uslub insoniyat tarixi davomida u yoki bu aksiomalar, u yoki bu mazmunga ega bо‘lganligini kо‘rsatadi, insonlar qanday qilib eng umumiy fazilatlarni qabul qilganlariga amin bо‘lamiz. Tanqidiy uslub esa tarix bilan shug‘ullanmaydi. U shunday normalarni taklif qiladi va bu ularga amal qilishimiz shart bо‘ladi. Uning zarurligi empirik yoki daliliy emas, balki teleologik (diniy, e’tiqodiy) xususiyatga egadir.

Tanqidiy uslub normal ong mavjud degan ishonchga tayanadi, uning tamoyillari hamma tomonidan tan olinishi zarur.

«Shunday qilib, tanqidiy uslubni asosini umummajburiy maqsadga e’tiqod qilish tashkil qiladi. Kimda bu e’tiqod bо‘lmasa, unda falsafa hech narsa qila olmaydi»14.



Qadriyat va normalarni asoslash bu Vindelband va Rikkertning eng zaif tomonlaridan biridir. Kant uchun nazariy va amaliy aql aprior tarzda mavjud bо‘lsa, neokantchilar uchun esa majburiy normalar shartli tarzda mavjuddir: biz ularni e’tiqodiy qabul qilishimiz kerak, boshqa yо‘l yо‘qdir. Shunday qilib, biz Rikkert va Vindelbandning bilish tabiatiga va qadriyatlarga oid qarashlari bilan tanishib chiqdik.

Download 37.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling