1-mavzu: Tarix fanini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar modulining maqsad va vazifalari. Tarix ta’limida metod va usul tushunchasi.


Tarix fanini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar modulining boshqa fanlar bilan bog‘liqligi


Download 313.08 Kb.
bet4/12
Sana14.12.2022
Hajmi313.08 Kb.
#1002618
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
1-mavzu Tarix fanini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar modulini

1.3. Tarix fanini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar modulining boshqa fanlar bilan bog‘liqligi.
Tarix fanini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar tarix fani bilan uzviy bog‘liqdir. Tarix o‘qitish o‘quvchilarga tarixiy voqelikni bildirishdan iborat. Shu jihatdan o‘quvchilarning tarixiy voqelikni bilish yo‘llari tarixiy tadqiqotga o‘xshab ketadi. O‘quvchilar tarixni o‘rganishda olimlar tomonidan ilmiy jihatdan tekshirilib ko‘rilgan va tahlil qilib chiqilgan faktlar hamda ilmiy xulosalarga asoslanishi bilan birga, ba’zan faktlarni yanada aniqlash, tarixiy faktlardan umumiy xulosalar chiqarish, umumiy xulosalardan yangi faktlarni o‘rganish uchun foydalanishlari mumkin. Biroq, o‘quvchilarning tarixni o‘rganishi ilmiy tekshirishdan farq qiladi. O‘qitish jarayonida o‘quvchilar tarix fani va uning ba’zi tadqiqot metodlarini bilib oladilar.
Tarix fani kishilik jamiyatining taraqqiyoti jarayonini o‘rganadi. Kishilik jamiyatining taraqqiyot qonunlarini bilish o‘tmish va hozirgi zamonni yaxshiroq tushunib olishga, kelajakni oldindan ko‘rishga imkon beradi. Demak, tarix fani va tarix o‘qitish metodikasi o‘zining alohida o‘rganish ob’ekti, vazifasi hamda tadqiqot metodiga ega hisoblanadi.
Metodika o‘qituvchilarni ta’lim tizimida tarix o‘qitish jarayonining tarkibiy qismlari va ular o‘rtasidagi qonuniyatli aloqalarni ochib berish
bilan birga o‘qitishning samaradorligini oshira borish maqsadida tarix o‘qitish jarayonini tadqiq etish metodlari bilan ham qurollantiradi.

Metodika tarix fani asoslarini ochib berish maqsadida tarixiy manbalar, faktlar va umumiy xulosalardan foydalanadi. O‘qitish metodikasi tarix fanining ba’zi bir tekshirish metodlaridan foydalanar ekan, o‘quvchilarning bilimlarini yaxshiroq o‘zlashtirishlarini va ularni tarix fanining ba’zi tadqiqot metodlari bilan tanishtirishni ko‘zda tutadi. O‘quvchilarning yangi faktlarni tahlil etish va ulardan zarur xulosalarni chiqarish paytida o‘rgangan bilimlari juda ham mustahkam va ishonarli bo‘ladi, shuningdek, o‘quvchilar mustaqil fikrlashga o‘rganadi, bu ularni tadqiqot olib borishning dastlabki usullari bilan tanishtirishga yordam beradi. Shunday qilib, o‘z predmeti, vazifalari va tadqiq etish metodlariga ega bo‘lgan tarix o‘qitish metodikasini tarix fanlari qatoriga kiritib bo‘lmaydi.
Tarix o‘qitishda o‘quvchilarning yoshi, bilimi, fikrlash qobiliyati va umuman psixik faoliyatini e’tiborga olmasdan turib, ularning o‘quv faoliyatiga samarali ta’sir etib bo‘lmaydi. Shu sababli metodika psixologiya fani bilan chambarchas bog‘liqdir.
Tarix o‘qitish jarayonida ustod va shogirdlar o‘rtasida ma’naviy yaqinlik, sog‘lom va estetik kayfiyat vujudga keltirishi o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini faollashtiradi, darsning samaradorligini oshiradi.
Psixologiya fani o‘quvchilardagi psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlarni o‘rganadi, metodika esa o‘quvchilarning psixik faoliyatini ularning tarixiy materialni o‘zlashtirishlari bilan bog‘liq bo‘lgan tomonlarinigina tadqiq qiladi. Shuningdek, uning o‘quvchilardagi psixik faoliyatni tadqiq etish metodlaridan ham qisman foydalanadi. Psixologiya psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi, metodika esa tarix o‘qitishning mazmuni va metodik usullar bilan psixik faoliyat orqali erishiladigan natijalar o‘rtasidagi qonuniyatli bog‘lanishlarni o‘rganadi.
Demak, har ikkala predmetning o‘rganadigan ob’ektlari qisman o‘xshash bo‘lsa-da, vazifalari boshqa-boshqadir. Shunday qilib, tarix o‘qitish metodikasi o‘qitishda yaxshi natijalarga erishish, o‘quvchilarning tarixiy materialni puxta o‘zlashtirishi bilan faoliyati o‘rtasidagi qonuniyatli bog‘lanishlarni ham o‘rganadi, o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda psixologiya faniga suyanadi, o‘quvchilarning psixik faoliyatini o‘rganishda psixologik tekshirish metodlaridan foydalanish yo‘llarni ham ko‘rsatib beradi. Metodika ta’lim-tarbiya haqidagi pedagogika fani, uning tarkibiy qismi bo‘lgan didaktika bilan chambarchas bog‘langan, uning mustaqil bir tarmog‘idir.
Metodika pedagogik jihatdan yaxshi natijalarga erishish maqsadini ham, tarix o‘qitish jarayonining pedagogik jarayon o‘qitishda yaxshi natijalarga erishishini ham ko‘zda tutadi. O‘qitish jarayoning o‘rgatish metodlari pedagogik metodlar bo‘lib, o‘qitish natijalarining ko‘rsatkichlari ham pedagogik ko‘rsatkichlardir. Shunday qilib, tarix o‘qitish metodikasi pedagogika fanining mustaqil bir tarmog‘i bo‘lib, u o‘zining mustaqil tekshirish predmetiga ega.
Metodika fanining nazariy qismini egallash tarix o‘qitish jarayonining umumiy qonuniyatlarini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish va kamol toptira borish ishini yanada takomillashtirish maqsadida foydalanishga yordam beradi.
Tarix ta’limining mazmuni va sinf o‘quvchilarining umumiy saviyasiga qarab bilishning umumiy qonuniyatlari turlicha namoyon bo‘ladi. Tarix o‘qitish metodikasi o‘rganadigan eng muhim qonuniyatlardan biri o‘qitish jarayonining rivojlanish qonuniyatlaridir. Bu rivojlanish ta’lim jarayonida o‘quvchilarning qiziqishi, bilimi, ko‘nikma, malakalari hamda tafakkurining o‘sib borishida namoyon bo‘ladi, ayni bir vaqtda o‘quvchilarning har tomonlama yanada kamol topishini ta’minlaydi. Tarixning har bir kursi, uning bo‘limi va har bir mavzusi o‘quvchilarning bilim olishi, ko‘nikma, malakalarga ega bo‘lishi va kamol topishida muhim bir bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Binobarin, o‘qituvchi tarix o‘qitish jarayonida o‘quvchilarning bilim va malakalarni egallashi, kamol topishi sohasida bosib o‘tilgan bosqichlarni, bunday keyin bosib o‘tiladigan bosqichlarni oldindan ko‘ra bilishi lozim.
Yangi O‘zbekistonni bunyod etish borasida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida mamlakatimiz ta’lim tizimida o‘qitilayotgan fanlar integratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu ustuvor vazifani to‘la-to‘kis bajarish uchun Yurtboshimiz yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishganlarining sarchashmalaridayoq, 2016 yil 30 dekabrda mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvda yurtimiz ziyolilarini ilm-fan yutuqlari sohasida erishilgan natijalarni Vatanimiz ravnaqiga xizmat qilishga qaratishni ta’kidladilar. Nafaqat ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki ularning natijalarini amaliyotga tadbiq etish va mamlakatimizni yanada taraqqiyot bosqichiga ko‘tarish uchun intellektual salohiyatdan unumli foydalanishga chaqirdilar va “Mamlakatni innovatsion rivojlantirish strategiyasi va mexanizmlari eng avvalo shu davlatda yaratilgan intellektual va ilmiy-texnikaviy salohiyatdan qanchalik samarali foydalanish bilan chambarchas bog‘liq”5 ligini ta’kidlab o‘tdilar.
Bu borada fanlararo integratsiya ham muhim rol o‘ynaydi. Traix fani ham hamisha boshqa fanlar bilan o‘zaro integratsiyada o‘rganilgan va o‘qitilgan. Ayniqsa, tarix va psixologiyaning o‘zaro munosabati, bir-birini to‘ldirishi ham uzoq tarixga ega. Negaki, tarixchi tarixiy tadqiqotlarni amalga oshirish va ushbu fanni ta’lim muassasalarida o‘qitish jarayonida tarixiy voqea-hodisalarning turli xususiyatlari va o‘ziga xos jihatlariga to‘qnash keladi va turli uslublarni qo‘llash orqali ularning mohiyatini anglashga harakat qiladi. Bu uslsblar aksariyat hollarda tarix fanining o‘ziga bevosita aloqador bo‘lsa, tarixiy voqea-hodisalarning ayrimlari holatiga ko‘ra turli boshqa fanlar (shu jumladan psixologiya fani)ning o‘rganish va o‘rgatish uslublariga xos bo‘lishi mumkin.
Tarixchilar o‘z tadqiqotlarida, professor-o‘qituvchilar esa tarixiy voqea-hodisalarni yosh avlod ongi va qalbiga singdirish jarayonlarida ko‘pincha mashhur tarixiy shaxslar, san’at namoyondalari, xalq ommasi qahramonlarining ruhiyatini o‘rganadilar va tarixiy voqea- hodisalarning kelib chiqish sabablari, borishi hamda yakunlariga ulardagi ruhiy holatlarning ta’sirini bayon qiladilar. Tarix o‘qituvchilari dars jarayonida tarixiy voqea-hodisalar ishtirokchilarining ruhiyati, uning voqealar rivojiga ta’sirini bayon qilar ekan, masalaga talaba va o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda yondashadi. Emmotsiyalarga o‘ta berilmasdan yoshlarning xotirasi, his-tuyg‘ulari, ruhiyatidan kelib chiqib o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etadi.
“Tarixiy tadqiqotlar jarayonida tarixiy voqea-hodisalarning inson ruhiyatiga ta’sirini o‘rganishga e’tibor beriladimi?” – degan savol ham berilishi tabiiy. Bu savolga javob tariqasida bunday holatlarning ilk tarixiy asarlarda ham kam bo‘lsada uchrashini aytib o‘tmoqchimiz.
Ammo faqat XVIII asrga kelibgina tarixiy tadqiqotlarda insonning ichki dunyosi va ruhiy holatini o‘rganishga ham harakat qiladilar. XIX asr oxirlariga kelib psixologiya fan sifatida qaror topganidan so‘ng, eksperimental psixologiya va psixiatriya yuzaga kelib, XX asrning 60 yillariga esa “psixotarix” vujudga keldi. “Psixotarix”ning vujudga kelishi tarixiy voqea hodisalarning inson ruhiyati bilan bog‘liq jihatlarini o‘rganish imkonini yaratdi.Psixologiya tili bilan aytganda, psixotahlilning klinik “tarix” (psixologik jihatdan tahlil etilgan, voqea-hodisalar ishtirokchilarining ruhiy holati o‘rganilgan holda tadqiq etilgan tarix) lari tarixchilarga insonning ichki dunyosini teranroq anglashga yordam berdi.
Bu sohadagi tadqiqotlardan yorqin misollar keltirsak, mavzuning mohiyati yanada oydinlashadi. Tarixda mashhur insonlarning tarjimai holini o‘rgangan tadqiqotchi E. Erikson tarixiy voqea-hodisalarni o‘rganishda tarix va psixologiyaning o‘zaro aloqadorligini hamda uning ijobiy ahamiyatini ko‘rsatib o‘tdi. U insoniyat tarixida mashhur tarixiy shaxslar Marten Lyuter va Maxatma Gandining tarjimai hollarini o‘rganish jarayonida ularning hayoti-faoliyatidagi motivlarini aniqlaydi. Uning xulosasiga ko‘ra, bolalar o‘z otalarining, ajdodlarining hayotlaridagi erisha olmagan narsalariga erishishga harakat qilganligi bu shaxslar faoliyatining asosiy motivlari bo‘lganligini aniqlagan edi. Shu tariqa tarixchilar tomonidan alohida faoliyatiga xos bo‘lgan umumiy holatlar aniqlandi va psixologiyadagi bunday tipologiya tarixchilar tomonidan fanga kiritildi. Fikrimizcha ayni paytda tarix ilmidan tadqiq olib boradigan olimlarimiz va o‘quv mashg‘ulotlari olib boradigan professor-o‘qituvchilarimiz ham psixologiya fanining eng so‘nggi ilmiy yangiliklari, uning tadqiqot uslublarini doimiy ravishda o‘zlashtirib borishlari zarur.
Tarixiy tadqiqotlarda va tarixiy voqea-hodisalar mazmun-mohiyatini yosh avlod ongi va qalbiga singdirishda psixologiyaning qo‘llanilishi ommaviy harakatlar, inqiloblar, xalqaro munosabatlar, harbiy to‘qnashuvlar va boshqa shu kabi tarixiy jarayonlarning ichki ruhiy holati haqida ham to‘laroq tasavvur hosil qilishiga yordam beradi hamda tadqiqot va o‘quv jarayonlariga kreativ yondashuvlar imkoniyatini yaratadi.
XIX asrda psixologiya fanida insonni ong boshqaradi, degan tushuncha mavjud edi. Bugungi kunga kelib insonni xotira boshqarishi birlamchi ahamiyat kasb etayotganligi fanimizga ayon bo‘lib bormoqda. Xotira esa motivatsiya, hissiyot va tuyg‘ular orqali namoyon bo‘ladi. Buning yorqin misoli tarix fanini o‘qitish jarayonida talabalar hamda yosh avlod ongida “xotira urushlari” paydo bo‘lishidir. Bunday holatning yuzaga kelmasligi uchun psixologiya fani kategoriyalaridan unumli foydalanish zarur bo‘ladi. Masalan, ikkinchi jahon urushida fashistlar amalga oshirgan qirg‘inbarotlar va fashistlarning “xolokost” siyosati (yahudiylarning ommaviy qirg‘in qilinishi) ni, konslagerlardagi qirg‘inbarotlar haqida ma’lumot berishda tushuntirishda psixologiyaning tadqiqot usullaridan keng foydalanib, bu ishlarda nemis xalqi aybdor emasligini, bular fashizmning kirdikorlari ekanligini tahliliy tushuntirish lozim. Toki, yosh avlod ongi va qalbida nemis xalqiga nisbattan mavjud bo‘lgan mehr-muhabbat hech qachon so‘nmasin.
Masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratmoq lozim. Bir davlatning “milliy” tarixi boshqa davlatning “milliy” tarixiga mos kelmasligi mumkin. Kesishuv nuqtalarida “xotira urushlari” yuzaga keladi. O‘quvchilar ongida ana shunday “xotira urushlari” kelib chiqishining oldini olish uchun professor- o‘qituvchilar o‘z bayonlarida talaba va o‘quvchi-yoshlarning sezgilariga kuchli ta’sir etadigan, ularda his-hayajon uyg‘otadigan masalalarni psixologiya fanining imkoniyatlaridan foydalanib, ularning xotirasiga moslashtirgan holda bayon qilishlari lozim. “O‘zbekiston tarixi” fanidan “Arablar istilosi”, “Mo‘g‘ullar istilosi”, “Rossiya imperiyasi bosqini” kabi mavzularni o‘tish talaba va o‘quvchi- yoshlar ongi va qalbida arab dunyosiga, mo‘g‘ul xalqiga hamda buyuk rus xalqiga nisbatan munosabatlarida salbiy qarashlar shakllanishiga hech qachon yo‘l qo‘yilmasligiga erishishimiz darkor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shakvkat Mirziyoev 2020 yil 9 mayda “Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaning 75 yilligi va “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida O‘zbekiston xalqining ikkinchi jahon urushidagi buyuk g‘alabaga qo‘shgan hissasini ko‘rsatuvchi ilmiy izlanishlar natijasida topilgan yangi ma’lumotlarni keltirdilar.6 Bu yangi ma’lumotlarni o’rgatar ekansiz, talaba-yoshlar va o’quvchilar O’zbekiston xalqining fidoyiligi, frontdagi janglarda ko’rsatgan qahramonligi va oxirgi bir burda nonini ham qardosh xalqlar bilan baham ko’rganligi haqidagi yangi ma’lumotlardan yanada ruhlansalar, tarixda ro’y bergan istelochilik urushlari ularning ongida “xotira urushlari” ni keltirib chiqaradi.
Yoshlar ruhiyatida “xotira urushlari” ning kelib chiqishining oldini olishda tarix fanining psixologiya fani bilan integratsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Taniqli olimlarimiz R. Ishmuhamedov va M. Yuldashevlar takidlaganidek, hozirgi davrda sodir bo‘layotgan innovatsion jarayonlarda ta’lim tizimi oldidagi muammolarni hal etish uchun, yangi axborotni o‘zlashtiradigan va o‘zlashtirgan bilimlarni o‘zlari tomonidan baholashga qodir bo‘lgan, zarur qarorlar qabul qiladigan, mustaqil va erkin fikrlaydigan shaxslar kerak7. Shuning uchun ham ta’lim va tarbiyada innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanib ilm-fan va ta’limda integratsiya jarayonlarini yanada kuchaytirish mumkin. Shundagina yoshlar ruhiyatida paydo bo’lishi mumkin bo’lgan “xotira urushlari” ning oldini ola olamiz.
Tarixiy xotirani yosh avlod ongi va qalbida bugungi zamon talablari darajasida shakllantirishda psixologiya fanining kategoriyalaridan unumli foydalanish muhim rol o‘ynaydi. Yuksak ma’naviyatli va intellektual salohiyatli yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, jahon raqobatiga bardosh beradigan va jahon standartlariga mos kadrlarni tayyorlashdek ustuvor vazifa esa tarixiy xotirasi metindek mustahkam insonlarni tarbiyalashni talab etadi.
Xulosa qilib aytganda, tarix fanini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar tarix ta’limi sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘quvchilar ongi va qalbida yaqin va olis o‘tmish tarixiy qonuniyatlarini milliy ruhda singdirish, undan saboq olish va xulosa chiqarish ko‘nikmalarini shakllantiradi.



Download 313.08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling