Muolaja. Dorivor moddalarni ingalyatsiya usuli bilan kiritish
Ogohlantirish: ingalyatsiyalar soni va oralig’ini shifokor belgilaydi.
Bajarilishi:
1. Dorivor moddaning nomini o’qing, preparat haqidagi ma’lumotni bemorga yetkazing, muolajaning borishi haqida tushuntiring.
2. Qo’lingizni yuving.
3. Dorivor modda solinmagan ingalyatsiya ballonchasidan foydalanib, bemorga muolajaning bajarilishini ko’rsating.
4. Bemorni o’tqazing yoki uni turgan holatida bajaring, chunki turganda nafas olish samaraliroq bo’ladi.
5. Ingalyatordan himoya qalpoqchasini yeching.
6. Ballonchani to’nkarib, silkiting.
7. Bemordan chuqur nafas chiqarishni iltimos qiling; ingalyatorning mundshtukini bemorning og’ziga soling, bemor uni labi bilan mahkam qisib olsin; bemorning boshi orqaga sal egilgan bo’lsin.
8. Bemordan chuqur nafas olishni iltimos qiling va bir vaqtning o’zida ballonchaning tubini bosing.
9. Ingalyator mundshtukini bemorning og’zidan oling; nafasni 5—10 sek. ushlab turishni iltimos qiling.
10. Bemor tinch nafas chiqaradi.
11. Bemorga ishlayotgan ingalyator bilan muolajani mustaqil bajarishini so’rang.
12. Ingalyasiya dan keyin ingalyatorini himoya qalpoqchasi bilan yopib, maxsus joyga olib qo’ying.
13. Qo’lingizni yuving.
Yurak astmasi
Yurak astmasi — o’tkir yurak yetishmovchiligi natijasida bo’g’ilishning xuruj bilan kechishi hayot uchun xavfli holat. Ko’pincha arterial bosim ko’tarilishi, miokard infarkti, yurak poroklari oqibatida yuzaga kelishi mumkin. Yurak astmasi ko’pincha tunda xuruj qiladi, nafas olish va chiqarish qiyinlashadi, bemorning holati keskin yomonlashadi. Teri ko’kimtir rangga kirib, ter bilan qoplanadi. Nafas olish bir daqiqada 30-40 martagacha tezlashadi. Yo’tal avvaliga quruq bo’lib, keyinchalik pushti rang balg’am ajralishi mumkin — bu o’pka shishi rivojlanayotganidan darak beradi. Puls tez-tez uradi, odatda noritmik bo’ladi. Ushbu belgilarda shifokorning shoshilinch yordami zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |