Ogohlantirish: kislorod nam holatda beriladi, aks holda shilliq qavat kuyib qolishi mumkin.
Simptom. Qon tuflash
Qon tuflash — yo’talda qon yoki qonli balg’am ajralishi. Nafas yo’llari tomirlarining yorilishi, yurak poroklari oqibatida o’pkada qon dimlanishi va tomirlar devori o’tkazuvchanligining oshishi ham qon tuflashga sabab bo’ladi. Ko’pincha milk yoki burun qonashi natijasida nafas yo’llariga qon oqib tushadi. Qon tuflashdan farqli o’laroq o’pkadan qon ketishda ko’p miqdorda alvon rangli qon tuflanadi. Odatda qon tuflash qon yo’qotishdek o’limga olib kelmaydi.
Qon tuflashda birinchi yordam:
1. Bemorni tinchlantiring — hayajon va jismoniy zo’riqishlar qon tuflashni kuchaytirishi mumkin.
2. Bemorga yarim o’tirish holatini yaratib bering (bosh tanadan yuqoriroq), bunday holat tuflashni osonlashtiradi; unga salfetka yoki balg’amni yig’ish uchun maxsus idish bering.
3. Bemorga gaplashish va chekishni man qiling.
4. Yutish uchun muz bo’laklarini bering.
5. Qaysi o’pkadan qon ketayotganligi ma’lum bo’lsa, ko’krak qafasiga muz solingan rezina xalta qo’ying.
6. Shifokorni chaqiring.
Ogohlantirish: ko’krak qafasiga banka, xantalma, grelka qo’yish qat’iyan man qilinadi.
Simptom. Nafas olish a’zolari kasalliklarida isitma chiqishi
Turli xil mikroorganizmlar tomonidan kuzatilgan o’pka kasalliklari o’tkir davrida harorat ko’tarilishi — isitma bilan kechadi. Bemorning qarindosh-urug’lariga harorat o’lchash tartibining yo’l-yo’riqlarini ko’rsatish, bemorni ko’rishda, turli xil muolajalarni bajarishda haroratni o’lchash va uning ahamiyatini baholash zarur.
Yuqori haroratda yurak-tomir sistemasi va nafas olish funksiyasini kuzatib turish muhim ahamiyatga ega. Isitmalayotgan bemorga ko’p miqdorda (1,5 l gacha) suyuqlik — choy, mors, kompot, bulyon beriladi. Ovqat yengil hazm bo’ladigan, vitaminga, ayniqsa C vitamini, uglevodlarga boy bo’lishi kerak uni tez-tez va oz-ozdan berish lozim. Harorat tushayotganda ko’p ter ajralib chiqadi. Bemorni quruq choyshab bilan artish, ichki kiyimlarini almashtirish zarur. Bemor bir daqiqa ham xo’l kiyimda yotmasligi uchun kechkurunga bir necha juft ichki kiyim qoldirish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |