Bryussel karami. Bu xil karamlar 70 sm gacha uzun poya hosil qilib, uning barg qo’ltiqlaridan 20-40 dona mayda karam boshchalar chiqaradi. Bu karamning ta’mi juda yaxshi bo’lib sho’rvalarga, marinadlarga ishlatiladi.
Standart talabi bo’yicha Bryussel karamining boshlari shakllanib yetilgan, butun, toza, sog’lom, kasallanmagan va shkastlanmagan bo’lishi kerak.
Gulkaram. Bu karamning o’sib yetilmagan oqrangli to’pguli (boshi) ovqatga ishlatiladi. Gulkaram oqsillarga va vitaminlarga boy bo’lib, organizmda yaxshi hazm bo’lishi va parxezlik xususiyatiga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Gulkaram suvda qaynatib, sho’rvaga solib, marinadlab va qovurib iste’mol qilinadi.
Standart talabi bo’yicha gulkaram boshlarining o’lchami eng katta ko’ndalang diametri bo’ylab 8 sm dan kam bo’lmasligi, o’zi zich oq yoki oq-sariq, Yangi, toza, zararkunandalar bilan zararlanmagan bo’lishi kerak.
Kolrabi. Kolrabi karami oqrangli mayin va sersuv sharsimon poya meva hosil qiladi. U barraligicha, qaynatilgan va dimlab pishirilgan va quritilgan holda iste’mol qilinadi. Bu karamning mazasi oq karamning mazasiga o’xshab ketadi. Kolrabi tarkibida vitaminlarning ko’pligi va boshqa karamlarga nisbatan 10-12 kun oldin pishishi bilan xarakterlanadi.
Savvoy karami. Bu karamning barglari qat-qat burmali, och-yashil rangli, uzunchoq yoki dumaloq shaklda bo’ladi. Savoy karami tarkibida azotli moddalar, mineral moddalar va S vitamini oqkaramdagidan ko’proq bo’ladi. Bu xil karamlar barra holida iste’mol qilinadi, sho’rva va garnirlar tayyorlash uchun ishlatiladi. Standart talabi bo’yicha savoy karamining boshlari butun, sog’lom, yetarlicha shakllangan, barglari pufakcha-pufakcha, kasallik va shikastlanganlik alomatlari bo’lmasligi kerak. O’zagining uzunligi 3 sm dan ortiq bo’lmasligi, karam boshi massasi esa 0,4 kg dan kam bo’lmasligi talab etiladi.
Qovoqdosh sabzavotlar: Bu guruhga kiruvchi sabzavotlarni poliz ekinlari deb ham atashadi. Poliz ekinlari O’zbekistonning tuproq-iqlim sharoiti qulay bo’lganligi uchun qadimdan Markaziy Osiyo xalqlarining eng muhim va sevimli mahsuloti bo’lib kelgan.
Qovoqdosh sabzavotlar guruhiga bodring, tarvuz, qovun, qovoq, kabachki va patissonlarni kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |