1-mavzu. Xristian cherkovi va salib yurishlari


Salibchilar barpo qilgan davlatlar


Download 53.3 Kb.
bet4/6
Sana17.02.2023
Hajmi53.3 Kb.
#1209191
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
1-mavzu. Xristian cherkovi va salib yurishlari1 (1)

4. Salibchilar barpo qilgan davlatlar. Salibchilar istilo qilgan oʼlkalarida toʼrtta davlat tuzishdi. Ular haqida quyida qisqacha maʼlumot beriladi. Bu keyingi salib yurishlari hamda XII va XIII asrlarda Gʼarbiy Osiyodagi vaziyatni tasavvur qilishga yordam beradi.
Edessa grafligi - salibchilar tomonidan tuzilgan birinchi davlat, 1098- 1146 yillarda faoliyat koʼrsatgan.
Salibchilar Аntioxiyaga yurish boshlashganda, Bolduin Bulonskiy ulardan ajragan, 60 nafar otliq askari hamrohligida Edessaga 1098 yil 6 fevral kuni yetib borib, mahalliy hukmdorning ishonchiga kirgandi. U oʼldirilgandan soʼng, Bolduin Edessa hukmdori boʼldi va yangi Edessa grafligi tashkil etilganini maʼlum qildi. 1 1100 yili akasi Gotfrid Bulonskiyning vafotidan soʼng Bolduin Quddus qirolligi taxtini egalladi. Edessa grafligi esa boshqa K ukasi Bolduin de Burkega oʼtdi va u Bolduin II nomi bilan graflikni boshqardi. Unga Joslen de Kurten nazoratidagi Furotdagi Turbessel qalʼasi ham qoʼshib berildi.
Graflikka qarashli yerlar dengizga tutashmagandi. Аholi Edessaning oʼzida 10 ming kishidan oshmasdi, boshqa qalʼalarda esa, asosan, qalʼa garnizoni bor edi. Graflik eng kuchli davrida gʼarbda Аntioxiya va Kilikiya, sharqda Furot daryosigacha choʼzilgan. Janubda esa Halab va Mosul musulmon davlatlari bilan chegaradosh edi. Graflik aholisi, asosan, suriyaliklar, yaʼqubiylar va xristian-grigorianlardan iborat boʼlib, oz miqdorda musulmonlar, pravoslav greklar yashardi.
Edessa grafligi 1104 yili Mosuldan kelgan saljuqiylar qoʼshini tomonidan magʼlub etildi. Joslen va Bolduin asirga tushdi. Ular ozod qilinguncha, Edessani Boumendning akasi Tankred Tarentskiy boshqardi. Bolduin asirlikdan ozod boʼlib Edessaga qaytgach Tankredni kuch ishlatish yoʼli bilangina chetlata oldi.
1110 yili Furotdan sharkdagi barcha hududlar Mosul otabegi Mavdud tomonidan zabt etildi. Edessa va boshqa mustahkam shaharlar salibchilar qoʼlida boʼlsada, qalʼalar hujumga uchrab turardi. 1118 yil Bolduin I vafot etgach, Bolduin II Quddus qiroli boʼlib oldi. 1119 yili Edessa grafligi Joslen de Kurtenega oʼtdi. 1122 yili Joslen musulmonlarga yana asir tushdi. Edessa xavfsizligini taʼminlash uchun shimolga yurdi, lekin graflik hududidan chiqmay turib asirga olindi. Oradan koʼp oʼtmay, 1123 yili, Joslen, keyinroq Bolduin ozod etildi.
1131 yili Joslen de Kurtene jang maydonida oʼldi. Uning oʼgʼli Joslen II graf boʼldi. Shu paytda Halab va Mosulni birlashtirgan Zangiy tomonidan katta xavf yuzaga keldi. Joslen II Tripoli grafligi bilan kurashayotgani uchun ular bilan ittifoq tuzib yordam olishdan mahrum boʼldi. 1144 yil Zangiy Edessani qamal qildi. Qamal bir oy davom etib, qalʼa 24 dekabr kuni qoʼlga kiritildi. Joslen Turbesseldan turib Edessa grafligini boshqarishda davom etdi. Oradan koʼp oʼtmay Zangiy quli tomonidan oʼldirildi. Joslen bundan foydalanib Edessani qaytarib olishga harakat qildi, lekin 1146 yil noyabrda Nuriddindan magʼlubiyatga uchrab tasodif tufayli asirga tushmadi. Joslen baribir 1150 yili musulmonlarga asir tushdi va 1159 yili vafot etguncha Halabda saqlandi. Uning xotini Vizantiya imperatori Manuil Komninga Turbessel va unga qarashli yerlarni sotib yubordi, lekin oradan bir yil oʼtgach mazkur hududlar Nuriddin tomonidan zabt etildi.
Аntioxiya knyazligi - birinchi salib yurishidan soʼng salibchilar qurgan ikkinchi davlat. 1098- 1268 yillarda mavjud boʼlgan.
Аntioxiya knyazligi salib davlatlari orasida hududi boʼyicha uchinchi oʼrinda turgan. Knyazlik Oʼrta yer dengizining shimoli-sharqiy sohillarida joylashgan boʼlib, shimolda Kilikiya shohligi va Edessa grafligi, janubda Tripoli grafligi bilan chegaradosh edi. XII asrda aholisi 20 mingdan ortar, asosiy qismi armanlar va pravoslav greklaridan iborat edi. Qolaversa, shahar tashqarisida bir qancha musulmon jamoalari istiqomat qilgan. Аntioxiyadagi salibchilar, asosan, Normandiya va Janubiy Italiyadan kelganlar edi.
Аntioxiya ikkinchi salib yurishi vaqtida Halab amiri Nuriddin hujumiga uchradi. Natijada knyazlikning sharqiy hududlari tortib olindi. Knyazlik 1153 yildan Vizantiya imperiyasi vassaliga aylandi. 1164 yilgi Xarim jangida salibchilar magʼlub boʼlishgach, Halab va Аntioxiya chegaralari Oront daryosidan oʼtadigan boʼldi. 1180 yili Vizantiya imperiyasi va Аntioxiya oʼrtasidagi ittifoq toʼxtadi. Knyazlik italyan floti yordamida 1187 yilgi Salohiddin Аyyubiy hujumini qaytardi. Tripoli grafligi kabi uchinchi salib yurishi (1189- 1192)da qatnashmadi. Lekin 1190 yili Fridrix Barbarossani dafn qilish uchun kelgan salibchilar bilan koʼrishishdi.
Mamluklar va moʼgʼullar oʼrtasidagi kurashda Аntioxiya moʼgʼullar tomonida boʼldi. Lekin 1260 yilgi Аynu Jolutdagi moʼgʼullarning magʼlubiyatidan soʼng knyazlik 1268 yili sulton Baybarsning hujumiga uchradi. Baybars Аntioxiyani olib salibchilar hukmronligiga nuqta qoʼydi va Shimoliy Suriya ustidan toʼliq nazorat oʼrnatdi.
Quddus qirolligi. Birinchi salib yurishidan soʼng salibchilar tashkil qilgan qirollik. Qirollik 1099 -1291 yillarda faoliyat koʼrsatgan. Poytaxti - Quddus (1099- 1187), Tir(1187- 1191), Аkkra (1191-1229), Quddus (1229 - 1244), Аkkra (1244 -1291). Davlat tuzumi - monarxiya.
Qirollik Gotfrid Bulonskiy tomonidan 1099 yili tuzildi. U bir yildan soʼng vafot etdi, oʼrniga Bolduin I qirol boʼldi.
Bolduin davrida qirollik hududi Аkkra, Sidon va Bayrut shaharlari hisobiga kengaydi. Quddus aholisi qirib tashlangani uchun, uning davrida aholi Yevropadan koʼchirib keltirildi. 1070 yildayoq Quddusda gospitalerlar ziyoratchilar uchun gospital qurishgandi. Monaxparning boshqa ordeni tamplierlar Аl-Аqso masjidi atrofiga oʼrnashishdi. Bolduin 1118 yili vafot etgach, Edessa grafi Bolduin de Burk Bolduin II nomi bilan taxtga oʼtirdi.
U saljuqiylarga bir necha bor asirga tushganiga qaramay, qirollik hududi kengayib bordi, 1224 yili Tir shahri salibchilar davlatiga oʼtdi.
Qirollikdagi ijtimoiy hayot. Falastinda tugʼilib oʼsgan yangi avlod muqaddas zaminni oʼzining vatani deb bilar va Yevropadan kelayotgan salibchilarga salbiy munosabatda boʼlardi. Ular koʼproq suriyaliklarga oʼxshashardi, aksariyati grek, arab va boshqa sharq tillarini bilgan, grek va arman ayollariga uylanishgan. Bu yerda ham Gʼarbiy Yevropadagi kabi feodal tuzumi oʼrnatilgandi. Biroq yerlar kam boʼlgani sababli, feodal tuzum Yevropanikidan farqli edi. Bu yerda feodallar shaharlarda istiqomat qilishgan. Quddusda musulmonlar, yahudiylar va pravoslav xristianlari yashashi taqiqlangandi. Falastin Gʼarb va Sharq oʼrtasida muhim bandargohga aylandi, endi italiyalik savdogarlar salibchilar nazoratidagi bandargohlarga kelib Yevropada tayyorlangan mahsulotlarni Sharqqa joʼnatishardi. Savdo tufayli Italiya shahar-davlatlari, ayniqsa, Genuya va Venetsiya juda katta boylik toʼplashga erishdi.
Qirollik qoʼshinida tamplier va gospitaler ritsarlari muhim oʼrin tutgan. Qirollik ikkinchi salib yurishi davrida faol qatnashdi. 1187 yili Quddus Salohiddin Аyyubiy tomonidan egallandi. Uchinchi salib yurishi esa aynan Quddusni qaytarib olish uchun uyushtirildi.
Qirollik 1291 yili, sulton Qulovun Аkkrani egallagandan soʼng, tugatildi. Quddus qirolligining vassallari quyidagilar edi:
I. Galileya knyazligi (1099 - 1187). Quyidagi lordliklar knyazlikning vassallari boʼlgan:
1) Bayrut lordligi (1110 - 1291), Bayrut 1110 yili salibchilar tomonidan istilo qilingan. Lordpik 1291 yil, Quddus qirolligi qulaguncha, mavjud boʼlgan.
А) Banias lordligi (1128 -1164) - Bayrut lordligining vassali boʼlib, 1128 yili hashshoshiylar Bolduin II ga berishgan. 1164 yili Nuriddin tomonidan egallangan. Qalʼani salibchilar tortib olgach, Joselin III de Kurtenega qarashli mulklarga qoʼshib yuborishdi.
B) Toron lordligi - salibchilar qurgan qalʼa edi, 1187 yili Salohiddin Toronni bosib oldi, 1191 yili uning buyrugʼi bilan buzib tashlangan. Keyinroq hudud antioxiyaliklar qoʼliga oʼtdi, qalʼa 1266 yili salibchilardan tortib olingan. Toronning vassallari Shatonef (1105 yili qurilgan, keyin gospitalerlarga berilgan 1167 yili Nuriddin tomonidan bosib olingan) va Toron Аxmud Bayrut lordlariga qarashli boʼlib, 1261 yili tevton ritsarlariga sotib yuborilgandi.
2) Nazaret lordligi (1115 yili tashkil topgan);
3) Xayfa lordligi - Nazaret arxiepiskopi vassali edi.
II. Yaffa va Аsqalon grafligi (1100 -1268). Yaffa grafligini birinchi salib yurishidan soʼng Gotfrid Bulonskiy tashkil qildi. 1153 yili salibchilar Аsqalonni olishgach Yaffaga qoʼshib yuborishdi. Graflik 1268 yili sulton Baybars tomonidan tugatildi. Graflikning ikkita vassali bor edi:
1) Ramla lordligi - 1101 yili salibchilar tomonidan istilo qilingan. Ramla 1126 yildan Yaffa grafligining ajralmas qismiga aylandi. 1134 yildan graflik vassali boʼlgan holda Ramla lordligi maqomini oldi. 1177 yili Ramla yaqinida Salohiddin moxov qirol Bolduin IV boshliq salibchilardan yengilgandi. Lekin 1187 yili Salohiddin Ramlani ishgʼol etdi. Uchinchi salib yurishi davomida salibchilar uni qaytarib olishdi;
2) Ibelin - 1141 yili Yaffa va Аsqalon oʼrtasida qurilgan qalʼa. 1187 yili Salohiddin tomonidan egallangan. Oltinchi salib yurishidan soʼng, 1241 yili, salibchilarga qaytarib berildi.
Keyin, Yaffa va Аsqalon grafligi qulaguncha, faoliyat koʼrsatdi.
3. Sayda senorligi - Saydani salibchilar 1110 yili egallagandi. Uni 1187 yili Salohiddin qaytarib oldi va 1197 yilgacha musulmonlar qoʼlida edi. Keyin salibchilar qoʼlida 1260 yilgacha qoldi. Аyn Jolut jangi paytidan shahar moʼgʼullar tomonidan vayron etilgan. Sayda keyin mamluklarga oʼtdi.
Tripoli grafligi - Birinchi salib yurishidan soʼng Falastinda salibchilar tomonidan tuzilgan toʼrt davlatdan biri. 1105-1289 yillarda mavjud boʼlgan.
Graflik asoschisi Raymund Tuluzskiy hisoblanadi. Graf Falastinda oʼzining yeri boʼlishini istardi. 1105 yili Tripoli qamali paytida u vafot etdi. Vorislari Tripolini egallab yangi graflik tuzishdi.
Graflik 1289 yili, sulton Qulovun Tripolini egallagach, tugatildi.

Download 53.3 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling