1-mavzu. Xufyona iqtisodiyotning nazariy va metodologik asoslari


Download 0.52 Mb.
bet17/41
Sana25.10.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1721042
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   41
Bog'liq
1-mavzu. Xufyona iqtisodiyotning nazariy va metodologik asoslari-fayllar.org

Kompyuter jinoyatlari. Kompyuter jinoyatlarini, odatda, EHMlarda ishlash huquqiga ega xizmatchilar sodir etadilar. Xizmatchilar, ma’muriyat vakillari, boshqaruvchilar professional dastur tuzuvchilarga nisbatan ko‘proq aybdor bo‘ladilar. AQShda sodir etilgan kompyuter jinoyatlarining har mingtadan yettitasigina professional dastur tuzuvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Kompyuter jinoyatlari bilan bog‘liq muammolarning yaqin yillarda yuzaga kelishiga qaramasdan, ularni tasniflash masalasi aniq yo‘lga tushgan. Olimlar ushbu jinoyatchilikniig quyidagi turlarini ajratadilar:
  1. Jismoniy suiiste’mollik - o‘z ichiga:


  • anjomlarni buzish, yo‘qotish;


  • dastur yoki axborotni yo‘q qilish;


  • yolg‘on, soxta ma’lumotlarni kiritish;


  • turli yetkazuvchilar (disketa, perfokarta va boshqalar) dagi axborotlarni o‘g‘irlashni qamrab oladi.


  1. Operatsion suiiste’molchilik o‘z ichiga firibgarlikni (o‘zini boshqa shaxs o‘rnida tavsiya etish), sanksiyasiz kompyuterlarning oxirgi malumotlarini chiqaruvchi qurilmalardan foydalanishni oladi.


  2. Dasturlar bo‘yicha suiiste’mollik o‘z ichiga mantiqiy bomba, troyaliklar oti va boshqa shu kabi nomlar bilan atalgan dasturlarni matematik ta’minlanganlik tizimiga kiritishni oladi. Birinchi dasturda kompyuterga muayyan bir davr ichida topshiriq kiritiladi yoki sanksiyalanmagan harakat qo‘shiladi, ikkinchisida esa oddiy mavjud dasturga suiiste’molchining topshirig‘i kiritiladi.


  3. Elektron suiiste’molliklar o‘z tarkibiga sxemali va apparatli o‘zgarishlarni, muayyan bir davrda dasturni o‘zgartirish kabi natijalarni beruvchi o‘zgarishlarni oladi.


Olimlar o‘rtasida bu turdagi jinoyatlarni yanada qisqa tavsiflash fikrlari mavjud: 1) EHMlarga yoki ularning alohida qismlariga nisbatan vandalizm; 2) EHMdan axborotni o‘g‘irlash; 3) EHM orqali yoki uning yordamida o‘g‘irlik sodir etish. Birinchi turdagi jinoyatlar EHM egasiga ziyon yetkazish, EHMni ishdan chiqarish maqsadida amalga oshiriladi. Jinoyatchi tomonidan o‘chirib yuborilgan magnit tasmadagi axborotni tiklash juda ko‘p vaqtni va katta pul mablag‘larini taqozo etadi. EHMlardan axborotni hamda qimmatli dasturlarni o‘g‘irlash raqibni obro‘sizlantirish yoki raqib firma ma’lumotlarini tarqatish maqsadida amalga oshiriladi. Bu jinoyatlarni sodir etadiganlar firma, kompaniya to‘g‘risida ma’lumotlarga hamda EHMga kirish imkoniyati bo‘lgan shaxslardir. Bunday xatti-harakatdan maqsad kompyuter yordamida shaxsiy maifaatni qondirishdir.


Jinoyatchilar tovar va mulklarni o‘g‘irlash bilan birga, EHMga tovarlarni belgilangan joyga jo‘natish xususida buyurtmalarni kiritishi va shunga yarasha qo‘llanmalarni ishlab chiqishi mumkin. Eng ko‘p xavf moliya sohasidagi jinoyatlardan yuzaga keladi. Hisoblash texnikasi orqali amalga oshirilgan oddiy firibgarliklar jinoyatchilarga soxta jamg‘armalarni va ularga foydalarni olish imkonini beradi. Bir necha yillik tajriba hamda tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, axborotning EHM orqali o‘tishining barcha bosqichlarida u jinoiy tajovuzga duch kelishi mumkin ekan. Jinoyatchilar EHMlarga yolg‘on yoki eskirgan, soxta hisob raqamlari va shu kabilarni kiritishlari va natijada katta daromadlarni o‘zlashtirishlari mumkin.
    1. Xorijiy mamlakatlarda iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish


muammolari


Iqtisodiy hayotni tartibga soluvchi huquq tarmoqlari ichida muhim o‘rinni ma’muriy-huquqiy tartibga solish va uning asosiy shakli bo‘lgan monopoliyalarga qarshi kurash hamda moliyaviy qonunchilik egallaydi. Ammo oxirgi o‘n yillikning o‘ziga xos tomoni iqtisodiy faoliyatga nisbatan jinoyat huquqining rivojlanishi bo‘ldi.
G‘arb mamlakatlarida iqtisodiy rivojlanishning o‘ziga xosligi turli davrlarda xususiy tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan boshqarishning bir xil emasligidadir. Ba’zida davlatning nazorat funksiyasi kuchaygan, ba’zida esa iqtisodning rivojlanish darajasiga qarab susaygan bo‘ladi. Bu moyillikni AQSh misolida yaqqol ko‘rish mumkin. AQSh da G‘arbiy Yevropa mamlakatlaridan farqli o‘laroq davlat sektori hech qachon katta ulushni tashkil qilmagan, keng hajmdagi milliylashtirish o‘tkazilmadi, ya’ni davlat tomonidan tartibga solish davlat boshqaruviga aylanmadi.
Amerika hukumati boshqa mamlakatlarda qo‘llanilgan dunyo bozoridagi raqobat kurashida o‘z pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida trestlarga yordam berish, rag‘batlantirish siyosatidan foydalanmagan. AQSh sharoitida xo‘jalik faoliyatini davlat tomonidan boshqarishning asosiy ko‘rinishi antitrest qonunchiligini yaratish bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu faoliyat, birinchi navbatda, alohida monopolistik uyushmalarning o‘z manfaatini ustun qo‘yish siyosatiga qarshi halol raqobatni saqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bu borada yaratilgan qonunchilik uncha katta bo‘lmagan monopoliyalar manfaatini himoya qilishga qaratilgan.
Ma’lumki, katta monopolistik uyushmalar, gigant korxonalar raqobat kurashining keskinlashuviga sabab bo‘ladi. Qonunlar ichida 1890 yil qabul qilingan Sherman qonuni alohida o‘rin tutadi. Bu qonun o‘zga normativ moddalardan farqli o‘laroq, monopoliyalarni qonundan tashqarida deb e’lon qilgan va bu qonunga itoat etmaganlar uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Sung Kleyton (1914 yil), Robinson-Petman (1936 yil), Seller Kefauer (1950 yil) va boshqa qonunlar qabul qilingan.
Ammo hayot shuni ko‘rsatdiki, trestlar faoliyatini boshqarish umuman olganda, kam samarali bo‘lib kelmoqda. Qonunlarning bo‘zilishi xususidagi ishlarni hal etish yillar davomida tugallanmay qolgan. Bu esa, o‘z navbatida, yirik monopolistik uyushmalarga bir necha, ba’zi hollarda o‘n yillab o‘z faoliyatlarini davom ettirish, imtiyozlardan foydalanish natijasida katta-katta daromadlar olish imkonini bermoqda. AQSh da har yili minglab firma qo‘shilishib, yiriklashib bormoqda. 70-yillarda ularning soni yiliga 2 mingdan oshib ketgan edi. Bunday sharoitda davlat tomonidan qattiq nazorat qilish zaruriyati tutilgan, ayniqsa, 70-yillarda bu ishga katta e’tibor berilgan va, birinchi navbatda, iste’molchining huquqini himoya qilish (masalan, XX asrning 60-yillarida 20 dan ortiq, 70-yillarda esa 150 dan ziyod qonun iste’molchilar huquqini himoya kilish)ga qaratilgan bo‘lsa, 80-yillarda bu siyosat borasida bir oz yumshoqlik, sustkashlik kuzatildi.
Hukumat bu yillarda ishlab chiqarishni konsentratsiyalash, kapitalning yirik korporatsiyalar qo‘lida jamlanishiga yo‘l berdi.
Natijada yangi yirik korporatsiyalar davri boshlandi. Ammo mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda bunday siyosatning salbiy natijalari namoyon bo‘la boshladi. Jamoatchilik fikrini o‘rganish korporatsiyalar siyosatiga qarshi chora-tadbirlarni, ular faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.
1985 yildan boshlab, yana eski monopoliya va raqobat bo‘yicha qonunchilikka rioya qilish kuchaytirildi. 1981-1987 yillar mobaynida Antitrest boshqarmasi yiliga o‘rtacha 80 tadan jinoiy ishi sudga yo‘lladi.
Trestlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik nafaqat AQShda, balki Yevropa mamlakatlarida ham mavjud. Yevropada bu borada vujudga keltirilgan tizim amerikaliklar tizimidan bir oz farq qiladi. Kanada, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda ham shunga o‘xshash qonunlar qo‘llaniladi.
Yevropa tizimi nafaqat Yevropa mamlakatlarida, balki Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa mamlakatlarda ham qabul qilingan. Bu tizim asosida (Sherman qonunidan farqli o‘laroq) monopoliyalarni g‘ayriqonuniy deb e’lon qilish yotmaydi. Monopoliyalar mavjudligi tan olinib, qonunlar ular tomonidan yo‘l qo‘yilgan jinoiy ish va mumkin bo‘lgan suiste’molliklarga qarshi kurash choralarini belgilaydi.
Germaniya Federativ Respublikasidagi tizim AQSh va Yevropada shakllangan tizimlar o‘rtasidagi oraliq tizimdir. G‘arb mutaxassislarining fikricha, umuman olganda antimonopol qonunchiligi iqtisodiy jinoyatlarning o‘ziga xos ko‘rinishi bo‘lgan korporatsiyalar jinoyatiga qarshi qaratilgan vositalardan biri dir.
Ko‘pgina qonuniy me’yorlar iqtisodiy jinoyatlarga qarshi iqtisodiy faoliyat sohasini tartibga solishga qaratilgan. Rivojlangan bozor munosabatlari mavjud mamlakatlarda davlatning iqtisodiy hayotga aralashuvi savdo sohasidagi, qishloq xo‘jaligini tartibga soluvchi, soliq, bank va moliya qonunchiligi orqali amalga oshiriladi. Bu qonunlarning ko‘pchilik moddalarida sodir etilgan huquqbuzarliklarga jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Bu sohadagi qonunchilikning rivojlanishi iqtisodiy jinoyatlarga nisbatan, mas’uliyatni kuchaytirish tomon bormoqda. Bunga yorqin misol sifatida XX asrning 30-40 yillarida AQSh da qabul qilingan bir qator qonunlarni keltirishimiz mumkin. Ularda barcha xatti-harakat uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. 1933 yilda qabul qilingan Qimmatbaho qog‘ozlar to‘g‘risidagi, 1934 yilda qabul qilingan Qimmatbaho qog‘ozlarni ayirboshlash to‘g‘risidagi, Kredit shartnomasi to‘g‘risidagi (1939 yil), Qimmatbaho qog‘ozlar egasining himoyasi to‘g‘risidagi (1940 yil) va boshqa qonunlarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Qonunchilik rivojlanishining keyingi bosqichi XX asrning 70- 80 yillariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda barcha rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi maxsus qonunlar qabul qilindi, mavjudlari muayyan darajada ko‘rib chiqilib, jazolarni og‘irlashtirish tomonga o‘zgartirildi. Xususan, AQShda: Tovar ayirboshlash to‘g‘risidagi (1976 yil). Bank jamg‘armalari siri to‘g‘risidagi (1976 yil), Trestlarga qarshi protsedura va sanksiyalar to‘g‘risidagi (1974 yil) qonunlarga asosan oldingi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilib, bu boradagi g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi va mas’uliyat kuchaytirildi.
Jinoyatchilikni nazorat qilish to‘g‘risida (1976 yil) qabul qilingan qonunda AQShda bu bo‘yicha mutasaddi tashkilotga trestlarga karshi qaratilgan qonunlarni buzganligi uchun korporatsiyalarni jinoiy javobgarlikka tortish borasida shtatlarga yordam berish va ular imkoniyatini oshirish maqsadida mablag‘lar ajratish yuklatilgan.
1977 yili qabul qilingan Xalqaro korrupsiya to‘g‘risidagi qonun Amerika konsernlariga xorijiy mamlakatlarning rasmiy vakillariga pora berishni tasdiqlaydi. 1978 yildagi qonun asosida tibbiy yordam ko‘rsatishning Mediker va Medikeyd dasturlari bo‘yicha firibgarlik uchun sanksiyalar kuchaytirilgan va Sog‘likni saqlash, Ta’lim hamda Ijtimoiy ta’minot vazirliklariga har qanday vrach yoki tibbiyot xodimiga o‘sha dasturlarda ishtirok etishni taqiqlash huquqini beradi. Kompyuter tizimi himoyasi to‘g‘risidagi (1979yil), Kredit kartochkalarini soxtalashtirish va qalbakilashtirishga qarshi kurash to‘g‘risidagi (1984 yil) qonunlar AQSh Qonunlar to‘plamining 1029 bo‘limdan iborat Moliya sohasida va ularga kirish vositalarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq nokonuniy faoliyat to‘g‘risidagi 18-bo‘limini to‘ldirdi. Bu bo‘lim soxta kirish vositalarini -kredit kartochkalari, raqamlar, hisob- kitob schyoti raqamlarini ishlab chiqarish, foydalanish yoki o‘zga shaxsga berish borasida sodir etilgan huquqbuzarliklarni o‘z ichiga oladi.
GFRda 1974 yili ko‘pgina huquqbuzarliklarga jinoiy javobgarlik belgilangan, vijdonsiz raqobat to‘g‘risidagi qonunga (1909 yil qabul qilingan) o‘zgartirishlar kiritilgan. 1976 hamda 1986 yillarda keyinchalik Jinoyat kodeksiga qo‘shilgan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash qonunlari qabul qilingan.
1976 yili qabul qilingan qonunda soxta bankrotlikka, kredit va subsiditsiyalar bo‘yicha firibgarlikka, sudxo‘rlikka javobgarliklar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, kompyuter yordamida firibgarliq soxta pul ishlash, sanoat shpionaji, kompyuter sabotaji, cheklar va kredit kartochkalar bo‘yicha suiiste’molchiliklar, turli mukofotlarni o‘zlashtirishlarga javobgarlik ko‘zda tutilgan yangi qonun ham qabul qilingan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash chora-tadbirlari xususida gapirganda, shuni ham nazarda tutish kerakki, bu voqelik yangi bo‘lmasa-da, biron-bir mamlakatda shu kunga qadar ularga qarshi kurashning kompleks dasturi ishlab chiqilmagan. Mavjud dasturlar yo cheklangan yoki ko‘z-ko‘z qilish uchun ishlab chiqilgan. Bunday holatning yuzaga kelishi iqtisodiy jinoyatlarning, bir tomondan, jamiyatning bazis munosabatlari bilan, ikkinchi tomondan, ustqurma munosabatlari bilan bog‘liqligidadir. Ba’zi tadqiqotchilar iqtisodiy jinoyatlarni bozor munosabatlarining immanent sharti, erkin tadbirkorlikning mavjudligi, uni ta’minlash uchun jamiyat to‘laydigan majburiy to‘lov mukofotdir, deb ta’kidlaydilar. Bunday qarashlar muayyan ravishda mazkur jinoyatlarga qarshi kurash olib borishni murakkablashtiradi.
Bu o‘rinda yana iqtisodiy o‘sish sikllari va iqtisodiy jinoyatchilik o‘rtasidagi bog‘liqlik mavjudligini ham ta’kidlash lozim. Iqtisodiy inqirozlar davrida, bir tomondan, iqtisodiy jinoyatlarning o‘sishi (og‘ir iqtisodiy sharoitda har qanday vositalar bilan moddiy holatini yaxshilashga urinish bilan bog‘liq), boshqa tomondan, bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashning kuchayganligini kuzatish mumkin (bunday holat iqtisodiy jinoyatlarning o‘ziga xos hususiyati bilan bog‘liq bo‘lib, iqtisodga yoki uning alohida tarmog‘iga zarar yetkazadigan eng muhimi, bu jinoyatlar inqirozlar davrida, iqtisod zaiflashganda namoyon bo‘ladi).
Iqtisodiy jinoyatlarni tag-tugi bilan yo‘q qilish mumkin emasligini tushungan g‘arb mutaxassislari ularning masshtablarini cheklash zaruriyati xususida fikr bildirmoqdalar. Ammo bu masalani yechishda bir qator ilmiy, amaliy va texnik qiyinchiliklar yuzaga keladi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashni murakkablashtiradigan yuqorida qayd etilgan iqtisodiy jinoyatlar tushunchasining noaniqligi, qonunchilikning takomillashmaganligi, bu jinoyatning aniq, muayyan jabrlanuvchisi yo‘qligi va boshqalar) omillardan tashqari, bunday jinoyatlarni aniqlash va ochish katta muammo ekanligini ham ta’kidlash mumkin.
Nazorat savollar
  1. Nima uchun sobiq rejali iqtisodiyot sharoitida xufyona iqtisodiyot vujudga kelgan?


  2. Buyruqbozlik iqtisodiyoti sharoitida davlat sektoridagi “oq yoqalilar” xufyona iqtisodiy faoliyatining asosiy shakllari nimalardan iborat?


  3. Nima uchun aynan XX asrning 70-80-yillarida sovet iqtisodiyotida xufyona iqtisodiyot miqyoslari kuchaygan?


  4. G‘arb sovetologlari Brejnevizm deb atalgan davrga qanday izoh berganlar?


  5. Bozor xo‘jaligining tijorat sohasida xufyona iqtisodiy faoliyatning “oq yoqali” shakllari nimalardan iborat?


  6. Bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy jinoyatlarning asosiy turlarini tavsiflab bering.


  7. Soxta bankrotlikning maznuni nimadan iborat va u qanday salbiy oqibatlarga olib keladi?


  8. Iste’molchilar huquqlarini buzishga qaratilgan iqtisodiy jinoyatlarga misollar keltiring.


  9. Xorijiy mamlakatlarda iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish tajribalarini izohlab bering.


  10. O‘zbekistonda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi qanday chora- tadbirlar ko‘rilmoqda?


O‘zbekistonda koronovirus tarqalishi munosabati bilan kiritilgan karantin davrida qanday iqtisodiy jinoyalarga qarshi qanday kurash olib borildi.?



Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   41




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling