1-mavzu: Zoologiya fani predmeti, rivojlanish tarixi, sistematikasi va ahamiyati


Download 35.24 Kb.
Sana26.05.2020
Hajmi35.24 Kb.
#110333
Bog'liq
1.0.maruza


1-ma'ruza.

1-mavzu: 1.1. Zoologiya fani predmeti, rivojlanish tarixi, sistematikasi va ahamiyati.

                                     



Reja:

 

1. Kirish.



2. Zoologiya fani obyektlari va predmeti.

3. Zoologiya fani maqsadi va vazifalari.

4. Zoologiya fanining paydo bo‘lishi, rivojlanish tarixi va shakllanishiga hissa qo‘shgan olimlar.

5. O‘zbekistonda zoologik tadqiqotlarning rivojlanishi.

6. Zoologiya fanining soha va tarmoqlari .

7. Umurtqasiz hayvonlar olami bilan tanishuv.

8. Hayvonot sistematikasining asoslari. Kladistik metod.

 

Tayanch  iboralar:



Zoologiya tushunchasi; hayvonot dunyosining paydo bo‘lishi va rivojlanishi, xayvonot dunyosi turlari soni; Zoologiya faniga asos solgan qadimgi dunyo olimlari; Aristotel ishlari; uyg‘onish davri olimlari: K.Gesner, K.Linney, J.B.Lamark, K.Ber, Ch.Darvin, E.Gekkel, I.Mechnikov, I.Skryabin va b.q.r. Morfologiya; anatomiya;  gistologiya; tsitologiya; embriologiya; molekulyar biologiya; sistematika; filogeniya; paleozoologiya; ekologiya; fiziologiya; protozoologiya; gelmintologiya; entomologiya; araxnologiya; ixtiologiya; ornitologiya; mammalogiya; hayvonot dunyosi sistematikasi asoslari; K. Linney sisitematikasi; tur; urug‘; oila; turkum; sinf; tip va hokazolar. Kladogramma; Kladistika.

 

 



         Kirish

         Zoologiya qisqacha ifoda etganda, hayvonlar to‘g‘risidagi fandir, aslida esa u hayvonlar dunyosining xilma-xilligi, tuzilishi, hayoti, sistematik guruhlari o‘zaro qarindoshlik munosabatlari va kelib chiqishi (filogeniyasi) hamda geografik tarqalishi to‘g‘risidagi fandir. (grekcha: zoo - “hayvon”, logos – “fan”). Bugungi kunda zoologiya fani tarixan shakllangan va butun dunyoda qabul qilingan 2 bo‘lim - umurtqasizlar va umurtqalilar zoologiyasidan iborat.

          Zoologiya fanining asosiy o‘rganadigan obyekti va predmeti – Hayvonot dunyosidir. Shuning uchun zoologiya fanining maqsadi va vazifalari – hayvonot dunyosini planetamizda tutgan o‘rni, biosfera va insoniyat hayotidagi ahamiyatini o‘rganishdan iboratdir.

         Eramizdan bir mlyard yilcha muqaddam eng sodda shaklda paydo bo‘lgan va uzoq davrlar mobaynida murakkab takomillanish jarayonlari asosida rivojlanib, hozirgi davrda yer planetasining deyarli hamma qismini egallagan hayvonlar dunyosi nihoyatda xilma-xildir. Hozirgi paytda turli muhitda yashayotgan va o‘zining sodda yoki murakkab tuzilishi, yohud katta-kichikligi bilan bir-biridan keskin farqlanadigan hayvonot dunyosi 1 mln 500 mingdan oshiqroq turni o‘z ichiga oladi.

Odamzod hayotining dastlabki rivojlanishi, hayvonot dunyosi bilan mustahkam bog‘langan holda borgan. Turli arxeologik qazilmalar odamzodning rivojlanishi va hayotida turli xil hayvonlar katta o‘rin tutganligidan dalolat beradi. Odamzod ibtidoiy rivojlanish davrlarida turli xil umurtqasizlar, baliqlar va sut emizuvchi hayvonlarni ovlab hayot kechirgan bo‘lsa, keyinchalik ba’zi sut emizuvchi hayvonlarni  o‘ziga o‘rgatib, xonakilashtira borgan.

F. Engelsning ko‘rsatishicha mazkur hodisa, ya’ni hayvonot mahsuloti (go‘sht, hayvon oqsili)dan foydalanish insonning shakllanishida ahamiyatga ega bo‘lgan. Shuning uchun ham qadimgi davr odamlarida bir qancha hayvonlarning tuzilishi, hayoti hatto ularning o‘zaro munosabatlari va xulq-atvori to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plana borganligi aniqlangan.

 

 

4. Zoologiya fanining paydo bo‘lishi,rivojlanish tarixi va shakllanishiga hissa qo‘shgan olimlar.



         Zoologiya qadimgi fanlardan bo‘lib, bu fanga eramizdan ilgarigi 384-322 yillarda yashagan gretsiyalik olim, faylasuf Aristotel (Arastu) asos solgan. Arastu o‘sha zamonda fanga ma’lum bo‘lgan 454 xil (tur) hayvonlarni tuzilishi hayoti va tarqalishini sistema asosida bayon qilib bergan. Arastu asarlaridagi hayvonot dunyosi sistemasi ko‘p jihatdan hozirgi sistemaga yaqin bo‘lib, unda hayvonlar; qonlilar (umurtqalilar) va qonsizlar (umurtqasizlar) degan katta guruhlarga, bular esa o‘z navbatida yana sakkizta kichik guruhlarga: tirik tug‘uvchi to‘rt oyoqlilar (sut emizuvchilar), tuxum quyuvchi ikki oyoqlilar (qushlar), tuxum quyuvchi  to‘rt oyoqlilar (sudralib yuruvchilar) oyoqsiz tuxum quyuvchi jabralilar (baliqlar) hashoratlar, qisqichbaqasimonlar kabilarga ajratgan. Arastuning zoologiyaga oid asarlari o‘zining to‘la va mazmunligi bilan, hatto XVIII asrda yozilgan asarlardan ham  ajralib turadi.

Uyg‘onish davrlarigacha jumladan o‘rta asr davrlarida ham zoologiyaning rivojlanishida deyarli siljish bo‘lmadi. Barcha to‘plangan ma’lumotlar sistemaga solinib hikoya tarzida berilar edi. Bu paytda kelib Arastu sistematikasi unitilib ketgan edi. Jumladan nemis olimi K. Gesnerning besh tomli “Zoologiya qomusi”  (XVIIasr) shu tarzda yozilgan bo‘lib hayvonot dunyosi alifbo tarzida ko‘rsatilgan edi.

Zoologiya fanining qaytadan rivojlanishi 1735 yildan, ya’ni mashhur shved olimi K.Linneyning “Tabiat sistematikasi” nomli kitobining maydonga kelishi bilan boshlandiki, bu kitobda ma’lum bo‘lgan hayvonlarning ancha qo‘lay bo‘lgan sun’iy sistematika asosida o‘rganish metodlari ifodalangan edi.

XVIII va XIX asr boshlarida hayvonot dunyosining xilma-xilligi va tuzilishini har tomonlama o‘rganish va zoologik sistemani rivojlantirishga Spalantsani, Byuffon, Sent-Iler, J.B. Lamark, J. Kyuve kabi G‘arbiy Yevropa olimlari va shuningdek Lomonosov, Pallas, Volf, K. Ber va F. Rule kabi olimlar katta hissa qo‘shdilar.

Hozirgi zamon biologiya faniga asos solgan CH.Darvin (1859 й.)  evolyutsion ta’limotining vujudga kelishi ilmiy materialistik zoologiya fanining rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Chunki bu ta’limot “hayvon va o‘simliklarning turlarini bir-birlari bilan bog‘lanmagan holda yakka-yakka xudo tomonidan yaratilganligi haqidagi dunyo-qarashlarga qattiq zarba berdi va biologiyani to‘liq ilmiy asosga qo‘ydi”.XIX asrning ikkinchi yarmi ilmiy materialistik zoologiyaning rivojlanish davri bo‘ldi.

Darvin evolyutsion nazariyasi asosida zoologiyaning taraqqiy etishi va rivojlana borishida A. Uolles, T. Geksli, F. Myuller, E. Gekkel kabi G‘arbiy Yevropa olimlari bilan bir qatorda mashhur rus olimlari A. O. Kovalevskiy ва V.O.Kovalevskiy, I.I Mechnikov, Bogdanov, SHevyakov, Zavarzin, Xolodkovskiy, Knipovich, Zernov, Pavlovskiy, Skryabin ва бошқалар katta xizmat ko‘rsatdi.

 

         5. O‘zbekistonda zoologik tadqiqotlarning rivojlanishi.



Halqimiz qadimdan biologik madaniy merosga ega bo‘lib kelgan. O‘rta asrlarda O‘rta Osiyoda yashab ijod etgan olimlardan Muhammad Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino va b.q.r. tabiiy fanlarini rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar.

O‘rta Osiyoni tabiatini o‘rgangan olimlardan I.A.Seversov, A.N.Krasnov, D.N. Kashkarov, E.R.Korovin maktablarini shakllanishida bioekologik yo‘nalish muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Kashkarov D.N, Zoxidov T.Z, Meklenburtsov R.N. o‘z ilmiy asarlarida O‘rta Osiyo biotsenozlarini bioekologik nuqtai-nazardan tasvirlab berishgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi FA O‘simliklar va hayvonot olami genafondi instituti olimlari O‘zbekiston hayvonot olamiga bag‘ishlangan ishlarni olib borganlar va bormoqdalar.

O‘zbekistonda ekologik yo‘nalishdagi ishlarning asoschilari D.N.Kashkarov, va E.P.Korovin hisoblanadi. Ularning 1930 yillarda chop etilgan “Muhit va jamoa”, “O‘rta Osiyo va Qozoston cho‘llarining turlari va ulardan xo‘jalikda foydalanish istiqbollari”,” Cho‘ldagi hayot” asarlarining yaratilishi bo‘ldi.

O‘zbekistonda hayvonot olamini o‘rganish D.N.Kashkarov faoliyati bilan boliq. U 1928 yilda AQSH ga bordi va bu erda biologiya jumladan zoologiya o‘sha vaqtda ancha rivojlangan edi. U 7 oy yirik ekologlarning Adams, SHelvord, Chepman, Grinell, Elli, Teyler, Forxis va boshqalarning ishlarini o‘rgandi va 12 ta universitet, muzey va qo‘riqxonalar bilan tanishdi.

Uning davomchilari zoolog-olimlar akademiklar T.Z.Zoxidov, A.M.Muhammadiyev, O‘zFA sining muxbir a’zolari V.V.Yaxontov, M.A.Sultonov, R.O.Olimjonov hayvonot olamining tadqiq qilishda izlanishlar olib borganlar. Bu borada E.Gan, O.G.Davletshina, M.Qodirova, X.S.Solixboyev, O.P.Bodanov, G.I.Ishunin va b.q.r. ishlari ham taxsinga sazovar.

Bugungi kunda O‘zR FA O‘simliklar va hayvonot olami genafondi institutining bir guruh zoolog olimlari hamda O‘zR FA muxbir a’zosi, prof. D.A.Azimov boshchiligidagi olimlarning olib borayotgan ishlari mustaqil Vatanimizda hayvonot olami ekologiyasining dolzarb muammolariga bashlangan

 

6. Zoologiya fanining soha va tarmoqlari

Zoologiya rivojlana borishi bilan bir qatorda uning ma’lum bo‘limlari: hayvonot olamining tuzilishi, sistematik guruhlari, geografik tarqalish qonuniyatlari yoki hayvon organlarining hayotiy yo’nalishlarini o‘rganadigan ayrim zoologik fanlar vujudga kela boshladi. Shunday qilib zoologiya bir qancha bilimlarni birlashtirgan fanlar sistemasiga aylandi.

Hayvonlarning tuzilishi va individ (embrion) rivojlanishini Morfologiya  fani tekshiradi.Morfologiya o‘z navbatida anatomiya, gistologiya, sitologiya, embriologiya,  qiyosiy anatomiya, qiyosiy embriologiya, molekulyar biologiya kabi qator fanlarga ajraladi.

Sistematika – hayvonot dunyosining sistematik takson guruhlari va ularning o‘zaro qarindoshlik munosabatlarini o‘rganadi.

Filogeniya – har bir guruh vakillari o‘rtasidagi o‘zaro o‘xshashliklarni, embrion taraqqiyoti hamda ularning qadimgi (paleontologik) avlodlarning tuzilish hususiyatlari  asosida turlarning kelib chiqishi va tarixiy rivojlanishi masalasini o‘rganadi.

Paleozoologiya - hayvonlarning toshga aylangan qadimgi qazilma avlodlari va ular bilan hozirgi guruhlar o‘rtasidagi qarindoshlik (filogenetik) munosabatlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Ekologiya - hayvon organizmlarini, ular yashab turgan organik muhit (o‘simlik va boshqa hayvon turlari) va noorganik muhit o‘rtasidagi munosabatlar, moslanishini o‘rganadi.

Fiziologiya -  hayvon organlarining vazifalari va ularda kechadigan sheriklik hodisalari va yo’nalishlarini aniqlash, tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi.

Bulardan tashqari zoologiyaning ma’lum yo’nalishda tadqiqot ishlarini olib boradigan maxsus sohalari shakllangan bo‘lib, ular har bir soha: bir tip yoki bir sinfga mansub bo‘lgan hayvonlar guruhini har tomonlama chuqur o‘rganadi.

Masalan, shu yosinda: protistologiya- sodda hayvonlar, gelmintologiya, entomologiya, malokalogiya  ixtiologiya, ornitologiya, teriologiya kabi fanlar vujudga kelgan.

 

7. Umurtqasiz hayvonlar olami bilan tanishuv.

Umurtqasiz hayvonlarni o‘rganish nihotda beqiyos hayvonot olamini bilish uchun katta yo‘l ochadi. Umurtqasiz hayvonlarning nihotda ko‘pligi va xilma-xilligi ularga bo‘lgan dunyoqarashni lol qoldiradi va ilmiy kashfiyotlar qilishga manbai bo‘lib xizmat qiladi. Umurtqasizlar yer yuzida mavjud bo‘lgan hayvonot olami turlarining 99% ni tashkil etadi. Hozirgi kunda bir paytlar yer yuzida yashagan umurtqasizlarni 1 mlndan ortiq turlari qayd qilinganligini hisobga olsak, hayvonot olamining yerda yashagan va tarqalgan umumiy turlar soni 30 mln dan oshadi.

Bir qaraganda umurtqasizlar xilma-xilligi va soni oxiri yo‘qdek tuyuladi. Lekin bu xima-xillik qaysidir umumiy o‘xshashlik tomonlari  bilan oson o‘rganiladigan mavzu bilan ifodalanadi. Hayvonot olamini guruhlash, tabaqalash, (taksonlar) ga ajratish mavzulardan biri – ya’ni har bir taksonni “tuzilish plani” (Bauplan) orqali ifodalash, nomlash hisoblanadi. Bunga misol qilib bo‘g‘imoyoqlilar taksonini olish mumkin. Bugungi kunda bo‘g‘imoyoqlilarga kiruvchi bir necha  yuz minglab turlar uchun: tana segmentlarga bo‘lingan, lichinka o‘sishi vaqtida tashlaydigan tashqi –ekzoskelet va bo‘g‘imoyoqlar xosdir.

 

8. Hayvonot sistematikasining asoslari. Kladistik metod.

XVIII asr boshlariga kelib hayvonot dunyosini o‘rganishda ma’lum qat’iy tartib va sistemani joriy etish zaruriyati yaqqol sezila bordi va shu zaruriyat ta’sirida shved olimi  К.Линней (1707-1778) ning “sun’iy sistema”  deb ataluvchi ancha qulay turkumlashtirish metodi vujudga keldi.

         K. Linneyning 1735 yilda nashr etilga “Tabiat sistemasi”  nomli kitobida bayon etilgan mazkur hayvonot sistematikasiga asos etib TUR  kategoriyasi olingan. K. Linney ta’rifcha dunyodagi  hayvonlar turlardan tarkib topgan. Har bir tur – bir ota-onaning bolalari kabi bir-biriga o‘xshash bo‘lib, ular o‘zaro erkin qo‘shila oladi, shu bilan birga naslli (ko‘paya oladigan) nasl bera oladi. Mazkur ta’rifga muvofiq, masalan: ot bilan eshak erkin qo‘shilmaydi, erkin qo‘shilsa ham nasl bera olmaydi.

         Shu qoidaga muvofiq bir-biriga juda o‘xshagan turlar bir urug‘ (avlod)ga birlashtiriladi. Masalan: it, bo‘ri, qashqir turlari bir-biriga o‘xshaydi, binobarin ularni bitta itlar urug‘iga birlashtiriladi. O‘z navbatida bir-biriga har tomondan o‘xshash urug‘lar mavjud. Masalan, itlar urug‘i sirtlonlar urug‘iga o‘xshash. Bu o‘xshash urug‘lar oila  deb ataladigan guruhlarga birlashtiriladi.

         Ko‘p oilalar ham o‘zlarining hayotiy yo’nalishlari tuzilishlari bilan bir-birlariga o‘xshagan, itlar, mushuklar, qunduzlar oilalari yirtqichlar turkumiga birlashtirilgan.

         Turkumlar o‘z navbatida sinflarga   birlashtirilgan.

         Mazkur sistema hayvonlarning tashqi yaqqol ko‘ringan belgilariga asoslanganligi uchun uni olimlar “Sun’iy sistema” deb ataydi, shu bilan birga K. Linney sistemasida hayvon turlarini nomlarini lotin tilida va mazkur tur mansub bo‘lgan urug‘ning nomi qo‘shib aytilishi joriy qilindi. Masalan: itlar turi -  Sanus-canus (itlar urug‘iga kiradigan it) bo‘rilar turi Canus-lupus (itlar urug‘iga kiradigan bo‘ri) sherlar turi Pelus leo – (mushuklar urug‘i – sher) Pelus tigris – ( mushuklar urug‘i - yo‘lbars)

         Turlarni nomi urug‘ nomiga qo‘shilib aytilgani uchun bu qoidani “binar nomenklatura” (ikki yoqlama yoki qo‘shaloq nomlanish) deb ataldi.

         K. Linney tuzgan sistemaga solish qoidasi hayvonot dunyosini o‘rganish uchun juda katta turtki bo‘ldi.

         Shuning uchun ham “Tabiat sistemasi”  43 yil ichida 13 marta qayta nashr etilib, tabiatshunoslarning asosiy qo‘llanma kitobiga aylangan edi. Shu bilan birga yangi topilgan turlarning nomi ortib bordi. Agarda “Tabiat  sistematikasi” ning dastlabki (1735 yil) nashrida 4208 ta tur ko‘rsatilgan bo‘lsa  uning so‘ngi nashrida hayvonot turlarining soni 20 mingdan oshib ketdi.

         Keyinchalik hayvonlar sistemasi haqidagi fan rivojlana borib “tabiiy sistemaga”  yaqinlashtrildi. Bu sohada frantsuz olimlari J.B.Lamark, J.Sent-Iler va J. Kyuve larning xizmatlari katta bo‘ldi.

         Mashhur olim J.B.Lamark (1744-1829 yil) umurtqasiz hayvonlarning tuzilishi va ularning sistematik holatlarini aniqlash sohasida g‘oyaviy muhim va katta ish qildi. Masalan: “Zoologiya falsafasi” asarida hayvonlar dunyosining 48 ta sinfdan tashkil topganligini ko‘rsatdi va hayvonlarni umumrtqalilar va umurtqasizlarga bo‘linishini aniqladi.

         Jorj Kyuve esa XIX asr boshlarida yozgan zoologiyaga oid asarlarida esa tip kategoriyasini joriy etishni kutarib chiqdi.

         Tip kategoriyasining qo‘llanishi sistemani tabiiy turkumlanishga birmuncha yaqinlashtirdi. Shunday qilib XIX asr boshlarida hayvonot sistemasi birmuncha rivojlandi.

         Endi u 6 kategoriya (guruh)dan tur, urug‘, oila, turkum, sinf, tiр lardan tashkil topdi.

         J. Kyuve sistemasida 4 ta asosiy tip bor edi, bu 4 ta tip hayvonot dunyosining 4 xil “яратилиш плани”  deb, ya’ni “yaratuvchi xudo hayvonlarni mana shu 4 ta tuzilish plani asosida yaratgan” deb ko‘rsatadi. Evolyutsiya nazariyasiga tamomila zid bo‘lgan mazkur reaksion nazariya biologiyada  CH. Darvin ta’limoti vujudga kelgunga qadar hukm surdi. CH. Darvin ning “Turlarning kelib chiqishi” (1859 y) nomli mashhur asari maydonga kelishi bilan hayvonot dunyosi materialistik izga solindi.

Umurtqasizlar xilma-xilligini chalkashtirmaslikni va tabaqlashni yana bir yo‘nalishi – sistematik guruhlar, taksonlar o‘rtasidagi evolyutsion munosabatlarni aniqlash, ya’ni “evolyutsiya daraxti” (shajara daraxti) tuzish hisoblanadi. M.: Omarlar, krablar va krevetkalar umumiy kelib chiqishida shakllangan besh juft lokomotor oyoqlarning bo‘lishi yaqin qarindoshlik belgisi sanaladi. Sistematik guruhlarning evolyutsion tarixi – filogeniya, evolyutsion munosabatlarning chizma tasviri esa – filogenetik daraxt (shajara daraxti) yoki kladogramma deb ataladi.

Kladogramma – ilmiy gipoteza sifatida doimo o‘zgaruvchan va o‘suvchan xarakterga ega bo‘lib, taksonlar evolyutsiyasini – ular umumiy tuzilishi, kelib chiqishi va boshqa xususiyatlari doirasida chizmada tasvirlaydi.

Bugungi kunda biologiyaning eng ko‘zga ko‘rinadigan yutuqlaridan biri bu hayvonlarni tabiiy sistematik tabaqalarga (guruh yoki taksonlarga) ajratishdir. Bu yangi metod – kladistik metod deb atalib, ya’ni organizmlarni evolyutsion yoki qavm-qarindoshlik munosabatlari orqali taksonlarga ajratiladi. Filogenetik munosabatlarni o‘rganish orqali tuzilgan grafik sxemalarda munosabatlarning tasvirlanishi yoki aks etishi “filogenetik sistematika” – kladistika  deb ataladi.

Hozirgi zamon kladistik metodi taksonlar o‘rtasida qavm-qarindoshlik munosabatlarini aniqlashdan iborat. Bunda ham K. Linneyning tip, sinf, turkum kategoriyalaridan foydalaniladi. Lekin bunda “Р”- Phylum – tip, “С” – Сlacc – sinf, “O” – Order – turkum, “F” – Family- oila deb ataladi. Lekin bu harflardan oldin S harfi yozilsa “katta takson”, s harfi yozilsa “kichik takson” , i harfi `yozilsa “infra takson”deb o‘qiladi.

         Hayvonot dunyosining tuzilishi, embrion taraqqiyoti, evolyutsion rivojlanish tarixi va boshqa hususiyatlarning har tomonlama o‘rganilishi va ilgari noma’lum sistema guruhlarga mansub bo‘lgan hayvonlarning topilishi yuqorida bayon etilgan 6 ta kategoriya birligidan tashqari tabiatda bir qancha yirik guruhlar borligi imkoniyatini berdi. Hayvonot dunyosи  - katta bo‘lim, kichik – bo‘lim, tip -  bo‘lim, sinf – turkum- oila – urug‘ – tur.

                  

Nazorat va mulohaza uchun savollar

1. Zoologiya fani nimani o‘rganadi.

2. Zoologiya faniga qachon va kim tomonidan asos solingan.

3. Zoologiya fani rivojlanish tarixi va unga qo‘shgan qadim, uyg‘onish davri chet el va o‘zbek  olimlari.

4.Zoologiya fanining soha va tarmoqlari.

5. Hayvonot sistematikasining asoslari .

6. Kladistik metod nima?

 

1- mavzu: 1.2. Bir ho‘jayralilar  (Protozoa).

 

Reja:

1. Protozoologiyaga kirish.

2. Bir ho‘jayralilar (Protozoa) umumiy tavsifi.

3. Bir ho‘jayralilar (Protozoa) sistematikasi.

4. Xivchinlilar(Euglenozoa) tipi. Evglenasimonlar(Euglenoidea) sinfi.

5. Yoqali xivchinlilar (Shoanoflagellata) tipi. Retortamonada va Axostylata tiplari.

 

Tayanch iboralar:

         Protozoologiya; Eukariot va  prokariot ho‘jayralar;Bir ho‘jayralilar- Protozoa; ho‘jayraviy tuzilish; hayotiy funksiya, yo‘nalishlar; oziqlanish; harakatlanish; autotrof va geterotrof organizmlar; Xivchinlilar (Euglenozoa); Evglenasimonlar(Euglenoidea); Kinetoplastidalar; Yoqali xivchinlilar (Shoanoflagellata); Retortamonada va Axostylatalar.

 

                   1. Protozoologiyaga kirish.



         Eukariot ho‘jayra deb yoki gavdasi bitta ho‘jayradan tuzilgan hayotiy organizmlarga aytiladi. Bir ho‘jayrali eukariotlar – (prokariot ho‘jayradan farqi, prokariot ho‘jayralarda ya’ni bakteriyalar, viruslarda yadro bo‘lmaydi) oddiy ho‘jayra bo‘lib yadro va membrana qobiq bilan o‘ralgan bo‘ladi. Bir ho‘jayrali eukariotlar yoki organizmlar – Protista (Protistalar) nomi bilan ataladi. Protistalar ichida harakatchan formalar ham uchraydi va ular fanda Protozoa (Protozoalar) deb ataladi. Eukariot ho‘jayralar tuzilishi – ko‘p ho‘jayrali hayvonlar, o‘simlik va zamburug‘lar to‘qimalaridagi ho‘jayralarga o‘xshash bo‘ladi. Eukariot ho‘jayralarda quyidagi organoidlar: yadro, mitoxondriya, xloroplast, sitoplazma, endoplazmatik to‘r, ribosoma, Goldji apparati bo‘ladi. Eukariot ho‘jayralar uch xilda: amyobasimon, xivchinli va kipriklar yordamida harakatlanadi.

         Yerda hayot paydo bo‘lishi haqidagi hozirgi zamon asoslangan gipotezalarda yerda  kislorodsiz muhitda dastlabki hayot kurtaklari “prokariot ho‘jayralar”  3,5-3,9 mlrd yil oldin paydo bo‘lgan deb faraz qilinadi. Prokariot ho‘jayralar paydo bo‘lganidan 2 mlrd yildan keyin “eukariot ho‘jayralar” paydo bo‘lgan. Demak bundan 1,5 mlrd yil oldin eukariot ho‘jayralar paydo bo‘lgan, dastlabki “ko‘p ho‘jayrali organizmlar” paydo bo‘lganiga esa 1 mlrd yil bo‘lgan deb taxmin qilinadi.

         Prokariot ho‘jayralar – orgonoidlari bo‘lmaganligi sababli ular uchun o‘zini ishlab chiqarishi va energiya manbasi bo‘lib ular tomonidan diffuziya yo‘li bilan o‘zlashtirilgan ozuqa ya’ni oddiy organik molekulalar “biomolekulalar” xizmat qilgan. Yashayotgan muhitda erkin kislorod bo‘lmaganligi sababli Prokariot ho‘jayralar da anaerob energiya almashinuvi yoki glikoliz jarayoni yuz bergan. Bu metobolitik yo‘l bilan ho‘jayrani kislorod va ozuqaga bo‘lgan ehtiyoji qondirilgan.

                            Organik molekulalar va organik zahiraga bo‘lgan ehtiyoj tufayli evolyutsiya jarayonida fotosintezga layoqati bo‘lgan shunday qadimgi organizmlar guruhi paydo bo‘ldiki endi ular quyosh yorug‘ligidan foydalangan holda ozuqa moddalarini atmosferadagi SO va N dan sintez qilishni o‘zlashtirdi. Natijada yerda doimiy organik moddalar hosil bo‘lish manbai -  fotosintez jarayoni paydo bo‘ldi. Dastlabki fotosintez qiluvchi mikroorganizmlar – ko‘k-yashil bakteriyalar (sinezelenniye bakterii) bo‘lib ular NO dan elektronlar manbai sifatida foydalangan. Bu atmosferada erkin O ni paydo bo‘lishi va to‘planishiga olib kelgan. Bu esa o‘z navbatida aerob nafas oluvchi tirik organizmlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu  eukariot ho‘jayralar edi.

 

2. Bir ho‘jayralilar (Protozoa) umumiy tavsifi

         Bir hо‘jayralilarga (Protozoa) mansub organizmlar tanasi yagona hо‘jayradan tuzilgan. Bu hо‘jayra mustaqil bir butun organizm bо‘lib yashashga moslashgan.

          Bir hо‘jayralilarga (Protozoa) tanasi bitta hо‘jayradan tuzilganligidan ulardagi hayotiy yо‘nalishlar (harakatlanish, oziq zarralarini olish, hazm qilish, himoyalanish, ayrim va boshqa vazifalar)ni bajarish uchun mazkur hо‘jayrada maxsus qismlar organoidlar rivojlangan.

          Bir ho‘jayralilar (Protozoa) juda mayda hayvonlar bo‘lib, ular ko‘pchiligining kattaligi 150-200 mk keladi. Ko‘pgina sodda hayvonlar bir yadroga ega, ba’zi murakkab tuzilganlari ikki yadroli, ayrimlari ko‘p yadroli bo‘ladi. Ular asosan ikkiga bo‘linib ko‘payadi, ya’ni jinssiz ko‘payadi. Ba’zi turlari murakkab bo‘linish yo‘li bilan bir qatorda jinsiy  ko‘payish  hodisasi ham uchraydi.

         Bir ho‘jayralilar ikki xil usulda oziqlanadi.

         Avtotrof – (yashil xivchinlilar)

         Geterotrof – (chirindixo‘r, parazit)

Bu bir ho‘jayrali hayvonlar yer yuzining hamma joyida uchraydi: okeanlarda, dengizlarda, chuchuk suvlarda, turli o‘simlik hayvonlarning tanasida va hatto nam tuproqlarda hayot kechiradi. Parazit formalari insonda, hayvonlarda xavfli kasalliklar qo‘zg‘atadi.

 

2. Bir ho‘jayralilar (Protozoa) sistematikasi.

         Hozirgi sistematikaga ko‘ra bu tipga 215000 dan ortiq tur kirib bir nechta taksonlarga bo‘linadi.

1. Xivchinlilar(Euglenozoa) tipi.

1.1.Evglenasimonlar(Euglenoidea) sinfi.

1.2.Kinetoplastida (geterotrof xivchinlilar) sinfi.

2. Yashil suv o‘tlari(Chlorophyta) tipi.

2.1. Volvokslar (Volvocida) turkumi.

3. Yoqali xivchinlilar (Shoanoflagellata) tipi.

4.Retortamonada tipi.

5. Axostylata tipi.

6.Alveolata tipi.

6.1.Dinoflagellata kenja tipi.

6.2.Infuzoriyalar (Ciliophora) kenja tipi.

6.3.Sporalilar (Apicomplexa) kenja tipi.

6.3.1. Gregarinea sinfi.

6.3.2. Soccidia sinfi.

6.3.3. Hematozoa sinfi.

7. Amyobasimonlar (Sarcodina) tipi.

7. 1. Foraminiferea sinfi.

7. 2. Actinopoda sinfi.

7. 3. Radiolaria sinfi.

7. 4. Acantharea sinfi.

7. 5. Heliozoa sinfi.

 

3. Xivchinlilar(Euglenozoa) tipi. Evglenasimonlar(Euglenoidea)



sinfi.

 

Euglenozoa tipi, 2 ta sinfga bo‘linadi.

1. Euglenoidea sinfi.

2. Kinetoplastida sinfi.

                   Euglenoidea sinfining harakterli vakillari Euglena viridis, Euglena gracilis  ko‘pincha to‘xtab qolgan ko‘lmak suvlarda ba’zi bir ifloslangan hovuzlar hamda vaqtli suv havzalarida ko‘plab uchrab, suvning ko‘karishi (“gullashi”)ga sabab bo‘ladi. Yashil evglena tanasining oldingi qismida joylashgan ancha uzun xivchinining buralib- eshilganligidan bir tekisda harakatlanadi. U bir necha nihoyatda nozik tolalardan tarkib topgan.

                   Evglena endoplazmasida yashil xromotafora donachalari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Evglena bu donachalar yordamida quyosh nuri energiyasini o‘zlashtirib suv va CO2 dan glyukoza sintezlab autotrof tipda ovqatlanadi.

                   Evglenalar yashash muhitining o‘zgarishiga qarab oziqlanish usulini o‘zgartira oladi. Agar evglenani qarong‘uda saqlansa, u tezda xromotofora tanachalarini yo’qotib, suvda erigan organik moddalarni shilib oziqlanishga ko‘chadi. Bu saprofit (Suvda erigan moddalarni shilib oziqlanishga) oziqlanish deyiladi. Evglenalar ikki xil tipda oziqlana oladi:

                   a) autotrof – o‘simliksimon

                   b) geterotrof – hayvonsimon.

                   Bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi.



Kinetoplastida sinfi. Bu geterotrof usulda hayot kechiradigan xivchinlilarni bir necha xili dengizlarda va chuchuk  suvlarda hamda hayvonlar va inson tanasida parazitlik qilib hayot kechiradi. Vakillari: tripanosoma (Trypanosoma sp.),  leyshmaniya ( Leishmania sp.).

Bularning ayniqsa hayvon va inson tanasida parazitlik qilib nihoyatda xilma-xildir va xavfli kasalliklarni tug‘diradi.

Masalan: triponasomalar – parazit xivchinlilarning eng xavflilaridan bo‘lib, ular turli umurtqali hayvonlar, jumladan insonning qonida hayot kechiradi. Triponasomaning tanasi cho‘ziq yassilashgan bo‘lib oldingi tomondan ayrilgan bitta xivchini orqaga yo’nalib yon tomonga yopishgan. Shu joyda xivchin ektoplazmaga tutashib, to‘lqinlanuvchi parda hosil qiladi. Parazit mazkur parda vositasida harakat qiladi. Murakkab tuzilgan bazal tanacha (kinetoplastlar) xivchinning endoplazmadagi qismida joylashgan. Bir yadroli, bo‘linish yo’li bilan ko‘payadi. Kattaligi 15-30 mk.

Masalan: Uyqu kasali tripanosamasi Afrikada ekvator atrofida va janubiy qismida xavfli kasallik uyqu kasalini keltirib chiqarishi aniqlangan. Bu kasallikni se-se pashshasi tarqatadi. Pashshada uyqu tripanosomasi ma’lum muddatni o‘taydi va uning so‘lak bezlariga kelib joylashib oladi va chaqqanda hayvon yoki odamda o‘tishi mumkin. Qonga tarqalib keyin orqa miyaga joylashib oladi. Tripanosomalar  - «uyqu kasalligi», ni keltirib chiqaradi.  Boshlang‘ich etap larda bemorning qonida yashaydi va sekinlik bilan orqa miya suyuqligiga o‘tadi. Bemor surunkali ko‘p uxlaydi va bu o‘lim bilan tugaydi.  Bu kasallikni tashuvchisi setse pashshasi hisoblanadi. Invaziyani manbasi toq tuyoqli umurtqali hayvonlar (antilopalar) va kasal odamlar sanaladi. Hozirgi vaqtda davolash choralari topilgan.



Leyshmaniya odamning yuzi va qo‘l oyog‘ining teri to‘qimasida parazitlik qilib surunkali yara (yomon yara) hosil qiladi. Bu kasallik hozir ham uchraydi.

Leyshmaniyalar -   leyshmanioz («avg‘on yarasi») ni keltirib chiqaradi. Bularni tashuvchisi – qon so‘ruvchi pashshalar, invaziya o‘chog‘i — yovvoyi kemiruvchilar va kasal odamlar hisoblanadi.



ChlorophytaР. Bu tipni eng ko‘p tarqalgan turlari Volvokslar (Volvocida O) turkumiga ta’luqli bo‘lib eng xarakterli vakili  Volvoks — xivchinli bir ho‘jayrali hayvonlarning sharsimon koloniyasidir. Koloniyaning ho‘jayralari zooidlar deb ataladi. Bir dona sharsimon koloniyasida 3 tadan, 60 000 tagacha zooidlar bo‘ladi. Koloniya markazi yopishqoq modda bilan to‘lgan . Aralash (miksotrof) oziqlanadi. Bir yadroli. Jinssiz ko‘payish ho‘jayraning mitoz bo‘linishi orqali, jinsiy ko‘payish gametalar hosil bo‘lishi orqali boradi.

 

4. Yoqali xivchinlilar (Shoanoflagellata) tipi. Retortamonada va Axostylata tiplari.

 

4.1 . Yoqali xivchinlilar (Сhoanoflagellata Р).

Bu bir ho‘jayrali xivchinlilar bo‘lib dengiz va chuchuk suvlarda tarqalgan. Gavdasini bosh qismidagi bir dona xivchini silindrsimon yoqa ichida joylashgan bo‘ladi. Yoqali xivchinlilarning 600 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ho‘jayra diametri kattaligi 10 mkm dan oshmaydi. Yoqali xivchinlilar oziqlanishi uchun ularning xivchinlari suv oqimini harakatga keltiradi. Natjada suv tarkibidagi bakteriyalar, organik zarrachalar yoqasi ichiga tushadi. Ozuqani fagotsitoz yo‘li bilan organizm o‘zlashtiradi. Yoqali xivchinlilar yakka, koloniya holida hamda erkin va o‘troq hayot kechiradi.

 

4.2 . RetortamonadaР va Axostylata Р.

 

Bu ikkala takson ham geterotrof xivchinlilar bo‘lib, ularda 4 tadan tortib bir necha mingtagacha xivchinlar bo‘ladi. Bu tiplarga mansub 700 dan ortiq turlarning faqat bir nechtasigina erkin hayot kechiradi.  Tiplarning har birini 2 tadan sinflari bor. Aksariyat turlari umurtqali hayvonlar, hasharotlar., xususan tarakan va termitlar ichagida, kislorodsiz muhitda., anaerob hayot kechiradi.



Retortamonadalarning Жиардия (Giardia lamblia) turi AQSH da tarqalgan bo‘lib odamlar ichagida parazitlik qilib, qonli ichburug‘ (qonli ponos) kaslligini keltirib chiqaradi.

Ichak lyambliyalari asosan – o‘t yo‘li, ingichka ichak paraziti. Yo‘g‘on ichakda sistaga aylanadi. Sistalari orqali tarqaladi.

Aksostilatalar ham juda mayda xivchinli parazitlar bo‘lib, ulardan Trixomonas (Trichomonas vaginalus) odamning siydik – tanosil sistemasida parazitlik qiladi va odamga faqat jinsiy yo‘l bilan yuqadi.

Trixomonadalar  – umurtqali hayvonlar xususan sut emizuvchilar siydik tanosil yo‘lida parazitlik qilib, uni yallig‘laydi.

Aksostilatalarnig gipermastegidlar taksoni yog‘ochxo‘r termit va tarakanlarning ichagida mutalistik (simbioz) hayot kechiradi. Yog‘ochxo‘r termitlar va tarakanlar qattiq yog‘och ozuqani gipermastegidlarsiz hazm qila olmaydi. Chunki yog‘ochni suyuq sellyulozaga  gipermastegidlar aylantirib beradi va ikki tur o‘zaro foydali simbioz (mutalistik) hayot kechiradi.

 

 



Nazorat  va  mulohaza  uchun  savollar.

 

1. Protozoologiya nima?



2. Bir ho‘jayralilar (Protozoa) tuzilishi va funksiyalari.

3. Bir ho‘jayralilar (Protozoa) sistematikasi.

4.Xivchinlilar(Euglenozoa) tipi. Evglenasimonlar(Euglenoidea) sinfi vakillari tuzilishida hayvon va o‘simliklarga xos umumiylik. 

5. Kinetoplastida sinfi vakillari va ular tarqatadigan kasalliklar.

6. Yoqali xivchinlilar (Shoanoflagellata) tipi vakillari umumiy belgilari.

7. Retortamonada va Axostylata tiplari vakillari va ular tarqatadigan kasalliklar.

 

 

1-mavzu: 1.3. Alveolatalar (Alveolata) tipi.



Reja:

 

1. Alveolata tipi. Dinoflagellata kenja tipi umumiy belgilari, vakillari va axamiyati.



2. Kipriklilar (Ciliophora) kenja tipi.

3. Sporalilar (Apicomplexa, Sporozoa) kenja tipi.

4. Amyobasimon bir xo‘jayralilar. (Sarcodina).

5. Foraminiferea, Actinopoda, Radiolaria, Acantharea, Heliozoa sinflari vakillari o‘ziga xos belgilari .

6.  Bir ho‘jayralilar kelib chiqishi va evolyutsiyasi.

Tayanch iboralar:

 

         Alveolata; Dinoflagellata; Kipriklilar (Ciliophora); Sporalilar (Apicomplexa, Sporozoa); Amyobasimon bir xo‘jayralilar. (Sarcodina); Foraminiferea va Actinopoda; soda hayvonlar kelib chiqishi va evolyusiyasi. 



 

1.Alveolata tipi. Dinoflagellata kenja tipi umumiy belgilari, vakillari va axamiyati.

                   Alvelotalar tipi 3 ta kenja tipga bo‘linadi. Bular: Dinoflagellyatalar, Kipriklilar va Sporalilar kenja tiplaridir. Bularning barcha vakillarida ribasoma DNK va pellikulalari tarkibida al’veolalar bo‘ladi.

                   Dinoflagellata kenja tipiga 4000 dan ortiqroq tur kirib bu turlarning 2000 ortig‘ida ho‘jayra tarkibida xloraplast bo‘lishi xarakterlidir. Shuning uchun Dinoflagellyatalar ikki guruhga fotoavtotrof va geteroavtotroflarga ajratiladi. Ba’zi turlari ikkala usulni ham o‘zlashtirgan.

                   Fotoavtotroflar dengizlarda birlamchi produtsent sifatida muhim rol o‘ynaydi. Dinoflagellyatalar kenja tipiga tegishli Ksantafillar taksoni vakillari перидинин pigmenti ishlab chiqaradi va dengiz suvini “ qo‘ng‘ir-tillo” rangga bo‘yaydi. Dengiz va okeanlarda zaharli “Qizil oqimlar” hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu oqimga tushgan hayvonlar zaharlanadi. Ulardan olingan mahsulotlarni inson iste’mol qilganda kuchli zaharlanish holatlari kuzatilgan. 

Dinoflagellata kenja tipini aksariat turlari “plankton” hayot kechiradi. Ba’zi dengiz dinoflagellyatalari ko‘p ho‘jayrali dengiz suv o‘tlariga yopishgan holda yashaydi. Barcha turlar bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadi.

 

                   2. Kipriklilar (Ciliophora) kenja tipi.



Bu kiprikli hayvonlarning hozirgi vaqtda 8 mingdan ortiq turi ma’lum bo‘lib, bularning bir qanchasi dengiz va okeanlarda, chuchuk suvlarda, nam tuproqli joylarda tarqalgan. Ba’zilari esa hayvonlar tanasida parazitlik qiladi.

Vakil: Infuzoriya (Paramecium sp.).  Bu hayvonning tanasi yassiroq tuzilgan bo‘lib, oldingi qismi bir oz ensiz tumtoqroq, orqa tomoni serbarroq-uchlik bo‘lib, tanasi umuman tuflini tagcharmini eslatadi. Tanasi kiprikchalar bilan qoplangan (15 mingtagacha) bular yordamida harakat qiladi. 

          Infuzoriya tanasining bir tomonida kattagina botiqlik bo‘lib, buni og‘iz oldi qismi peristom deyiladi. Og‘iz oldi botiqligining oldida ho‘jayra og‘izchasi –sitostoma  joylashgan.

          Infuzoriya asosan suvdagi mikroblar bilan oziqlanadi. Ba’zan u chirindi yoki suv o‘ti parchalari ham oziq sifatida o‘zlashtiradi. Endoplazmaga o‘tgan oziq tomchi bilan o‘ralgan holda oziq vakuoli hosil qiladi.

          Infuzoriya ikkita  qisqaruvchi vakuolalar hosil bo‘ladi, biri oldida – biri orqa tomonidan joylashgan, mikroskop ostida yulduzchaga o‘xshaydi. Bular ayirish vazifasini navbatma-navbat bajaradi. Har 45 minutda o‘z hajmi barobar suyuqlik ajratadi.

         Infuzoriya kattа yadrosi makronukleus  va kichik yadro mikronukleus.

         Infuzoriya ko‘ndalangiga bo‘linib ko‘payadi.

Bundan tashqari Kipriklilar kenja tipini bir necha sinflari bor.

1. Har xil kipriklilar.

         2. Doira kipriklilar.

         3. Parazit infuzariyalar.



Parazit infuzariyalar.

          Bir qancha xil umurtqali va umurtqasiz hayvonlarda hamda insonda parazitlik bilan hayot kechiruvchi infuzariyalarning turlari nihoyatda ko‘p bo‘lib, bular har xil turkum va guruhlarga bo‘linadi.

          Balantidiy (Balantidiu coli) odamning yo‘g‘on va ingichka ichagida parazitlik qiladi. Kattaligi 30-150 mk keladi. Tanasi loviyasimon. Odamning ingichka ichagi devorlarini yallig‘lab, qonli ichburug‘ kasalini keltirib chiqaradi va qizil qon tanachalarini yutib ovqatlanadi. Lekin yo‘g‘on ichakda zarar keltirmasligi mumkin, biroq bunday odam “sista”  tarqatadi.

          Balantidiy cho‘chqa, sichqon, kalamush va odamsimon maymunlarda ham uchraydi. Ot, eshak va qoramollarning ichagida 100 ga yaqin turdagi parazit infuzariyalar uchraydi. Ko‘pincha otlarning yo‘g‘on, ko‘richak ingichka ichagida ko‘payib ketib ot ichagidan olingan 1sm3 suyuqlikda 3 mln.tagacha infuzariya uchraydi.

          Ixtioftirius – karp, sazan va boshqa baliqlarning terisida, suzgichlari yoki jabralarida parazitlik qiluvchi yirik (0,5-1mm) infuzariyalar bo‘lib baliqchilik xo‘jaligida katta zarar yetkazadi. Baliq tanasida (5 sutkada) voyaga yetadi va yetilgan parazit maxsus sistalanib ko‘payadi ya’ni sistalangan 1 ta parazit suv tubiga cho‘kadi va sista ichida minglarcha mayda “kezuvchi”  individlar bo‘ladi. Bu kezuvchi parazitlar sog‘lom baliqlar terisiga yopishib oladi.

         So‘ruvchi infuzariyalar.

         Bu infuzoriyalar uchun voyaga etgan davrda kiprikchalar bo‘lmasligi,  bularning o‘rniga bir nechta maxsus o‘simtalar – suruvchi o‘simtalar – paypaslovchilari bo‘lishi xarakterlidir. Poyachasi yordamida o‘troq hayot kechiradi.

         So‘ruvchi paypaslagichlar – ovqatni ushlab olish, surish vazifalarini bajaradi. Bularga vakil suktoriya infuzoriyasidir. Agarda suktoriyaning oldidan birorta tufel’ka, yoki boshqa infuzoriya o‘tgudek bo‘lsa so‘ruvchi paypaslagichlar darrov uni ushlab oladi va uning butun tanasidagi hamma qismini so‘rib uni endoplazmasiga o‘tkazadi. Suktoriya o‘troq hayot kechiradi.

 

3. Sporalilar (Apicomplexa, Sporozoa) kenja tipi.

          Sporalilar (Apicomplexa, Sporozoa) kenja tipiga kiruvchi hamma hayvonlar turli hayvon va inson organizmida parazitlik qilib hayot kechirishga  moslashgan. Ba’zilari hayvon  to‘qimalarida, jigarida ichagida va odamning qonida hayot kechiradi. 5 ming turi bor. Bu kenja tip uchta sinfga  bo‘linadi.

          3.1. Gregorinalar ( Gregarinea) sinfi. Tuzilishi, ko‘payishi usuli bilan boshqa sporalilardan farqlanadigan gregorinalar faqat umurtqasiz hayvonlarda (chuvalchang, mollyuskalar) ba’zilari esa turli hashoratlarning ichagida, tana bo‘shlig‘ida parazitlik qilib yashaydi. Gregorinaning tanasi deytomerit, protomerit va epimerit degan qismlardan iborat bo‘lib, deytomerit qismida kattagina yadro bo‘lib, ektoplazmadan tuzilgan epimerit qismi ichak ho‘jayralariga yopishishga xizmat qiladi.

          3.2. Koksidiyalar(Сoccidia) sinfi. Sporalilarning eng xarakterli guruhi bo‘lib, deyarli hamma turlari ichak ho‘jayralarining parazitlari hisoblanadi. Bular turli hayvonlarda uchraydi.

          Bularga vakil Eymeriya  uy quyonlarining ichagida parazitlik qiladi. Bularda shunday hususiyat borki quyon eymeriyasi otga yuqmaydi, har bir hayvonning maxsus o‘zining koksidiyasi mavjud. (Koksidiyalarning rivojlanishi gapiriladi).

          3.3. Qon sporalilar (Hematozoa) sinfi. Bular umurtqalilar, jumladan insonning qonida, qon tanachalarida parazitlik qiluvchi bir ho‘jayralardir. Bular ikkita organizmda qushlar va qon so‘ruvchi chivinlarda biridan ikkinchisiga o‘tib hayot kechirishga moslashganligi harakterlidir. Bezgak qo‘zg‘atuvchisi (Plasmodium sp.). insonning jigar va qon ho‘jayralarida yashab xavfli “isitma bezgak” (malyariya) kasalligini keltirib chiqaradi. Ular odam qonida har 48 soatda bir ko‘payadi. Hozirgi paytda bezgak hosil qiluvchi plazmodiylarning 4 ta turi ma’lum.

 

Bezgak qo‘zg‘atuvchisi, malyariyaning(Plasmodium sp.) rivojlanish sikli va migratsiyasi.

 

          Malyariya (bezgak) qo‘zg‘atuvchisi (Plasmodium sp.)  fransuz armiyasi vrachi Lui Levaran tomonidan 1880 yilda Shimoliy Afrikada (kasal soldat qonida topilgan) kashf etilgan.



          Malyariyani qon so‘ruvchi chivinlar orqali odamga yuqishini Britaniyalik harbiy vrach Ronald Ross 1887 yilda Hindistonda aniqlagan.

          Bezgak qo‘zg‘atuvchisi, malyariyaning(Plasmodium sp.) rivojlanish sikli va migratsiyasi qon so‘ruvchi chivindan odamga o‘tishi bilan boshlanadi.

 

O       D       A       M

          1. Qon so‘ruvchi chivin so‘lag bezidagi yupqa chuvalchangsimon shakldagi sporozoidlar chivin odamni chaqqanda odam qoniga o‘tadi.

          2.Sporozoidlar odam qonida harakatlanib odam jigari to‘qimalari ho‘jayralariga o‘tadi.

          3.  Jigar to‘qimalari ho‘jayralarida jinssiz ko‘payish to‘qimaviy shizogoniya yo‘li bilan merazoidlar hosil bo‘ladi.

          4. Jigar to‘qimalarida hosil bo‘lgan merazoidlar jigar ho‘jayrasidan chiqib, qonga o‘tadi va qizil qon tanachalari eritrotsitlarga kiradi.

          5. Eritrotsitlarga tushgan merozoidlar, eritrotsitlarda eritrotsitar shizogoniya yo‘li bilan ikkinchi bor jinssiz ko‘payadi. да Eritrotsitar shizogoniya bitta merozoiddan 10-20 tagacha merozoidlar hosil bo‘ladi va eritrotsitlarni yemira boshlaydi. Shuning uchun isitma siklliligi merozoidlar va ular tomonidan qon plazmasiga ajralib chiqqan metabolizm jarayoni mahsulotlari ajralib chiqishi siklliligi bilan bog‘liq.

          6. Eritrotsitar shizogoniya bir necha bor takrorlangandan so‘ng jinssiz ko‘payishning yangi ovlodi gamontlar ya’ni erkak va  urg‘ochi gametalar  hosil bo‘ladi. Shu bilan malyariyaning odam organizmidagi migratsiyasi tugaydi. Qachonki qonida gamontlar bo‘lgan odamni chivin chaqqanda odam qonidagi gamontlar chivin oshqazoniga o‘tadi va malyariyaning navbatdagi rivojlanish sikli davom etadi. Gamontlar odamdan chivinga o‘tmasa rivojlanish sikli to‘xtab qoladi. Agar gamontlar odamdan chivinga o‘tsa rivojlanish sikli chivin organizmida davom etadi.

 

CH     I     V     I    N

          7. Chivin oshqazoniga tushgan erkak va urg‘ochi gametalar qo‘shilib jinsiy ko‘payish kopulyatsiya yo‘li bilan harakatchan ookineta (zigota) hosil bo‘ladi.

          8. Ookineta chivin oshqazoni bo‘ylab migratsiya qiladi va chivin ichak devorlariga o‘tib ootsistaga aylanadi.

            9. Chivin ichak devorlaridagi ootsista yadrolari bo‘linib, bitta ootsistа dan 10000 tagacha sporozoid lar dunyoga keladi va ular qon orqali chivin     so‘lag beziga o‘tadi. So‘lak bezida malyariya sporazoidi bo‘lgan chivin odamni chaqqanda malyariya odamga yuqadi va migratsiya boshlanadi.

          Shunday qilib Bezgak qo‘zg‘atuvchisi, malyariyaning (Plasmodium sp.) rivojlanish sikli va migratsiyasida odam - oraliq xo‘jayin, qon so‘ruvchi chivinlar - oxirgi xo‘jayin vazifasini o‘taydi. Bezgak qo‘zg‘atuvchisi, malyariya ikki usulda ham jinssiz, ham jinsiy ko‘payadi. Bezgak qo‘zg‘atuvchisi, malyariyaning jinsiy ko‘payishi chivinda, jinssiz ko‘payishi odamda kechadi.

                                               .

                            4. Amyobasimon bir xo‘jayralilar. (Sarcodina).

                   Amyobasimon bir xo‘jayralilar (Sarcodina) boshqa bir ho‘jayrali hayvonlarga qaraganda bir muncha sodda tuzilgan. Sarkodinalar uchun o‘zgarib turuvchi yolg‘onoyoqlilar hosil qilib harakatlanish va shular vositasida oziq zarralarini ushlab olish harakterlidir.

                   Vakil: Amyoba (Amoeba sp.). Ko‘llar, hovuzlar yoki suvi tozaroq kichik havzalar tubida yashaydi. Kattaligi 0,5 mm amyoba (Amoeba sp.)ning mikroskop ostida tanasi atrofida bir tomondan o‘sib ikkinchi tomondan qisqarib turuvchi to‘mtoq-cho‘ziq uchlarini aniq ko‘rish mumkin. Bular yolg‘onoyoqlilar deb ataladigan orgonoidlar bo‘lib amyoba shular vositasida harakatlanadi. Bu oyoqlar oziqni qamrab olishga ham xizmat qiladi.

                   Amyoba tanasi tashqi qavat bilan o‘ralgan bo‘lib, bu ektoplazma deb ataladi. Ektoplazmaning ichki qismi sitoplazma bilan to‘lgan. Sitoplazma tananing qaysi tomoniga harakat qilsa, o‘sha tomonidan yolg‘on oyoq hosil bo‘ladi.

                   Oziq hazm bo‘lishi – Yolg‘on oyoqlar bilan o‘rab olingan oziq endoplazmaga o‘tgach, tiniq suyuqlik pufakcha bilan qoplanadi.

                   Bu pufakcha ovqat hazm qilish vakuolasi bo‘lib u oziqni eriydigan holga keltiradi va shu yo‘l bilan tanaga tarqatadi.

Ayirish – Amyoba endoplazmasidagi tiniq po‘fakcha qisqaruvchi vakuolalar ortiqcha suvni tashqariga chiqarib turadi. Shu bilan birga mazkur “nasoscha” lar moddalar almashinuvi tufayli tanada hosil bo‘lgan CO2 na ham ayirishga yordam beradi. Hamma amyobalar mitoz yo‘li bilan ko‘payadi. Normal sharoitda yashayotgan amyobalar har 24-48 soatda bir ko‘payadi.

                   Himoya va tarqalishi –   Yashash sharoitining yomonlashishi (marta suvning quriy boshlashi) bilan amyoba tanasi kichrayadi. Ektoplazmasi atrofida maxsus himoya qobig‘i (sista) hosil bo‘ladi. Sistaga o‘ralgan amyoba o‘z hayotini uzoq muddat saqlab qola oladi. Sistalashgan amyobalar shamol yordamida uzoq joylarga tarqaladi.

                   Kasallik qo‘zg‘atuvchi amyobalar yoki parazit turlari – Parazit amyobalarning  bir necha xili odamzod ichagida ham uchraydi. Ularning ba’zilari masalan, ichakda yashaydigan Koli amyobasi (Entamoeba coli) insonga zarar yetkazmasdan ichakdagi mikroblar bilan oziqlanadi. Lekin ichburug‘ amyobasi (Entamoeba histolytica) ko‘p  hollarda ichak devorlarida yara hosil qilib, ancha og‘ir o‘tadigan qonli ichburug‘ (dizenteriya - amyoba) hastaligi keltirib chiqaradi. Bularning sistalari odam najasi bilan tashqariga chiqib turadi. Sistalangan amyoba 2-3 oygacha tiriklik hususiyatini saqlay oladi. Bu kasallik asosan issiq va subtropik mamlakatlarda ko‘plab uchraydi.

 

5.  Foraminiferea, Actinopoda, Radiolaria, Acantharea, Heliozoa sinflari sinflari vakillari o‘ziga xos belgilari .

 

 

5.1. Foraminiferea синфи.



5.2. Actinopoda синфи.

5.3. Radiolaria синфи.

5.4. Acantharea синфи.

5.5. Heliozoa синфи.

 

Foraminiferalar va aktinopodalar. Radiolaria, Heliozoa, Acantharea  sinflari. O‘ziga xos belgilari, vakillari.



 

6.  Sodda hayvonlar kelib chiqishi va evolyutsiyasi.

                   Sodda hayvonlar tipiga mansub barcha turlar tanasining bir hujayradan tuzilganligi va bir hujayra – mustaqil organizm bo‘lib yashashga layoqatlanaganligi bilan xarakatlanib, boshqa hamma ko‘p hujayralar hayvonlar (Metazoa)  dan  keskin farqlanadi. Ularning yagona hujayralaridagi turli organoidlarining har biri, ma’lum hayotiy funksiyani bajarib, ko‘p hujayrali hayvonlar tanasidagi organlar zimmasidagi vazifalarni o‘taydi. Uzoq davom etgan era va davrlar mobaynidagi tadrijiy takomillanish natijasida bir ho‘jayralilar o‘rtasida foraminiferalar, xivchinlilar va infuzoriyalar kabi ko‘p jihatdan murakkab tuzilgan formalar paydo bo‘lganki, shu jthatdan qaralganda, ularni “sodda hayvonlar” deb  atash haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. (Shunday bo‘lsa-da mazkur tarixiy nom saqlanib qolgan).

          Mana shu eng qisqa xulosalar ham bir hujayralilarni ko‘p hujayrali hayvonlar bilan, ma’lum darajada, teng-parallel holda takomillashib, turlicha hayt muhitiga layoqatlashgan xilma-xil formalar hosil etganligidan dalolat beradi.

          Ko‘pchilik zoologlarning fikricha, bir ho‘jayralilar o‘rtasidagi eng qadimgi guruh-o‘simliksimon ovqatlanadigan formalarni o‘z ichiga oluvchi xivchinlilar sinfi hisoblanadi. Sarkodinalar-xivchinlilarning qadimgi avlodlaridan rivojlangan deb faraz qilinadi. Xivchinlilar va sarkodinalarga o‘xshagan turlar-xivchin va psevdopodiyalari bo‘lgan rizomastgina urug‘ining mavjudligi va sarkodinalarning jinsiy ko‘payish davrida gametalarda xivchin paydo bo‘lishi va boshqa faktlar bu fikrning dalilidir.

          Sporalilar sarkodinalarning qadimgi avlodlari hisoblanadi. Knedosporidiyalar esa xivchinlilarning avlodlaridan rivojlangan deb ko‘rsatiladi. Lekin, hozirgacha infuzoriyalarning qaysi bir ho‘jayralilardan kelib chiqqanligi masalasi aniqlangan emas. Shunday bo‘lsada, bir qancha olimlar infuzoriyalar bilan ko‘p xivchinlilar o‘rtasidagi o‘xshashliklar va boshqa faktlar asosida, ularni xivchinlilardan kelib chiqqan deb hisoblaydilar.

 

Nazorat  va  mulohaza  uchun  savollar.

 

1. Alveolata tipi. Dinoflagellata kenja tipi umumiy belgilari, vakillari va axamiyati.



2. Kipriklilar (Ciliophora) kenja tipi.

3. Sporalilar (Apicomplexa, Sporozoa) kenja tipi.

4. Amyobasimon bir xo‘jayralilar. (Sarcodina).

5. Amyobasimon bir xo‘jayralilar. (Sarcodina) tipi sinflari, vakillari o‘ziga xos belgilari .



6.  Sodda hayvonlar kelib chiqishi va evolyutsiyasi.
Download 35.24 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling