1. O’zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunlari hamda


Sohaga oid ilmiy maqolalardan biriga taqriz yozish


Download 91.46 Kb.
bet6/14
Sana15.11.2023
Hajmi91.46 Kb.
#1775974
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
Bog'liq
1. O’zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunlari

10.Sohaga oid ilmiy maqolalardan biriga taqriz yozish.

Biz kimning avlodimiz? “Insoniyatning qisqacha tarixi”

asariga taqriz

Tarix bu o‘tmish voqealarining ketma-ketligi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligini, rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganuvchi fandir. Rivojlangan davlatlar darsliklarida bu bog‘liqliklar o‘quvchilarga o‘tiladi. Ammo bizning tarix kitobimiz quyidagicha (ko‘pchilikka tushunarli bo‘lishi uchun, asosan “O‘zbekiston tarixi”ni nazarda tutyapman) eramizdan avval: To‘maris, Shiroq, yunonlar istilosi, Spitamen; eramizdan keyin: turk hoqonligi, arablar kelishi, Beruniy, Ibn Sino kabi olimlar, so‘ng mo‘g‘ullar bosqini, Amir Temur davlati, keyin Temuriylar va Shayboniylar ziddiyati, xonliklar, shu bilan ruslar istilosiga o‘tib ketamiz. Bu voqealar va shaxslar faoliyatining bugungi kunimizga ta’siri haqida nechtamiz bilamiz? Masalan, men deyarli bilmayman, ammo bilgim keladi. Aniqrog‘i, biz tarixni voqealar va sanalar shaklida bilamiz, ularning rivojlanish qonuniyati, o‘zaro bog‘liqligi va bugunimizga ta’sirini bilmaymiz va bilishga urinmaymiz. Keling, savollar qo‘yaylik: barmoqlarimiz soni sakkizta bo‘lganda bugun sakkizlik sanoq tizimini qo‘llayotgan bo‘larmidik? Turkiston Muxtoriyati saqlanib qolganda bugun qanday davlatda yashayotgan bo‘lardik? Shayboniyzodalar shialar bilan urushmaganda bugun e’tiqodda shia bo‘larmidik? Chor Rossiyasi va sovetlar o‘lkamizni paxtaga emas za’faron yetishtirishga yo‘naltirganda sanoat va infrastrukturamiz qanday holatda bo‘lardi? Shunga o‘xshash savollar. Faktlarni to‘plash, ularni tizimlashtirish va sabab-oqibat tarozisida o‘lchash hamda qonuniyatlarini aniqlash bu fanning xususiyatidir.
Kitob inson avlodining paydo bo‘lishi, jamoalarga to‘planib yashay boshlashi, o‘zaro munosabatlar, kognitiv inqilob (ya’ni inson bilimining oshib ma’lum bosqichga yetishi va buning vositasida jamiyatni o‘zgartirishi), agrar inqilob (odamzot ekin yetishtirishni o‘rganib o‘zini ta’minlay olgani), o‘zaro xabarlashuv imkoniyati tufayli birlashib yashashga intilishi, ilmiy inqilob, kapitalizm va boshqa masalalarga to‘xtaladi. Va bu jarayondagi birlamchi sabablarni sharhlashga urinadi. Hararining uqtirishicha, inson jamiki mavjudotlar hukmdoriga aylanishiga uning o‘zaro axborot almasha olish va birlasha olish qobiliyati sabab bo‘ldi (shu qobiliyat boshqa mavjudotda bo‘lganda hozir yer yuzining hukmdori u bo‘lardi). Harari deydiki, insonlar birlashgan barcha ijtimoiy tuzilmalar xoh kompaniya, xoh davlat, xoh din, xoh siyosiy partiya – barchasi xayolot mahsuliga (ruschada “mif” va “vimisel”, ya’ni “to‘qima”, “uydirma”, “ertak” ma’nosida tarjima qilingan. Men ayni so‘zni “xayolot mahsuli” deb oldim, chunki bu yerda aynan mif-ertak so‘zi tushmaydi, ma’no ko‘proq “g‘oya”, “aqida” so‘ziga tortadi, nazarimda. Shunday bo‘lsa-da, dinni xayolot mahsuli deb atash islomiy aqidamizga zidligini eslatib o‘taman, e’tibor berish kerak nuqtalaridan biri shudir) ishonish oqibatida yuzaga keladi.
Kitob garchi ilmiy bo‘lsa-da, sodda uslubda yozilgan. Hatto, rus yoki ingliz tilini yangi o‘rgangan o‘quvchi ham qiynalmasdan tushunadi. Muallif muayyan voqelikni ravshanroq tushuntirish uchun badiiylikka yaqin tasvirlardan foydalanadi, sarlavhalarni qiziqarli tanlaydi: “Odam va Havoning bir kuni”, “Pejo afsonasi, “Ruhlar bilan muloqot”, “Urushmi tinchlik?” va hokazo.
Marksizmdan ma’lumki, Karl Marks kishilik jamiyatini beshta ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaga bo‘ladi. Bunday tasnifga u iqtisodchi sifatida ishlab chiqarish vositalariga egalik nuqtai nazaridan yondashadi. Harari “aql-idrokli odam” (Xomo Sapiyens) tarixini to‘rt davrga bo‘ladi: kognitiv inqilob (taxminan eramizdan avvalgi 70-12 ming yillar oralig‘i, bu davrda odamzod tasavvuri rivojlanib aqlini tanigan), qishloq xo‘jaligi inqilobi (taxminan er.av 12 asrdan to eramizgacha, bu davrda qishloq xo‘jaligi rivojlandi), insoniyatning siyosiy tashkilot va imperiyalarga birlashuvi (taxminan eramizdan to 1500 yillargacha) va ilmiy inqilob davri (1500 yildan hozirgacha ilm-fan taraqqiy topish davri). Harari insoniyat tarixini bo‘laklarga ajratishda iqtisod emas, tabiiy fanlar, xususan, biologiya nuqtai nazaridan yondashadi, ya’ni odamni bir biologik tur deb qaraydi.
Harari o‘zaro bir-birini tanib munosabat o‘rnatib guruhga uyusha oladigan odamlar soni uzog‘i bilan 150 nafarga yaqin deydi. Guruhda odamlar soni 150 nafardan ortsa, boshqarish murakkablashadi, yetakchi ularni adashtira boshlaydi. Xo‘sh, shunday ekan, odamlar ming, mln kishilik birlashmalarga qanday uyushadi? Chunki ularni o‘zaro bir “xayolot mahsuli”ga ishonch birlashtiradi, deydi u. Bir-birini mutlaqo tanimaydigan ikki serb o‘zaro gaplashib ketishi mumkin, chunki ular serb xalqi, serb mamlakati va bayrog‘i borligiga shubha qilmaydi. Googlening ikki xodimi tanish bo‘lmasa-da, birgalikda samarali ishlaydi, chunki ular Google nomli kompaniya borligiga, uning aksiyalari va pullari mavjudligiga ishonadi. Ko‘rib turganingizdek, barchasini odamzot o‘ylab topgan xayolot mahsuliga ishonch birlashtiradi.
Kitobda nazariyalarga ko‘p erk berilgani uchun ishonchsiz tuyuluvchi joylari ham uchraydi. Muallif ba’zan o‘zidan avvalgi olimlarning fikrlariga “barchasi ertak” deb bepisand yondashadi. Ayniqsa, insonning odamsimon maymundan kelib chiqishi da’vosi insoniyat Odam Atodan tarqagan deb ishonuvchilarga yoqmasligi tabiiy. Ammo musulmon olimlar orasida Odam Ato birinchi jismoniy odam emas, undan avval ham odamlar bo‘lganligi, Odam Ato esa birinchi payg‘ambar va Yaratganning elchisi sifatida tanlanganligini aytuvchilar ham borligini (Rossiya Islom qo‘mitasi raisi Haydar Jamolning fikrini ko‘ring) unutmasligimiz kerak. Bu haqda turk tafsirchi olimi Mehmet Okuyanning ham qiziqarli fikrlari bor.
Mening Biz kimning avlodimiz? “Insoniyatning qisqacha tarixi” asariga taqrizim quyidagicha:
Avvalo bu kitob ayrim birodarlarimiz ogohlantirganidek, bachchabozlik va dahriylikni targ‘ib qilish uchun yozilmagan. Asosiy mazmunini yuqorida yozdim. O‘quvchi kitobdan qidirganini topadi, bir kitob bilan aqidamiz buzilib ketsa, demak bu mustahkam aqida emas ekan, biz aqidamizni yanayam mustahkamlashimiz, yo‘ldan adashtirmasligini O‘zidan so‘rashimiz lozim. Shunda ham kimdir taqvo uchun o‘qimaslikni istasa, bu uning xohishidir. Bilimsizlik kulfat keltirmaydi, ammo yutqazib qo‘yish yomon, deydilar. Modomiki, shunday ekan, men bunday asarlarni atoqli yozuvchimiz O‘tkir Hoshimov aytganidek mag‘zini yeb po‘chog‘ini tashlab yuborish kerak bo‘lgan kitoblar qatorida ko‘raman. Ilm-fan sezgilarga asoslanadi, turli nazariya, farazlarni ilgari surishi mumkin va mutlaq haqiqatga da’vo qilmaydi, shu bilan birga tinimsiz o‘zgarishda, yangilanishda bo‘ladi.


Ammo biz musulmon olami ilm-fanda, ayniqsa tabiiy fanlarni o‘zlashtirishda benihoya achinarli ahvolga tushib qolganligimizni e’tirof etmasak bo‘lmaydi. Tabiat va jamiyat qonunlarini anglashga urinmaymiz, kelajakni prognozlay olmaymiz. Shu sababli ham dunyo bo‘yicha kashfiyotlarning 1 foizi ham musulmonlar hissasiga to‘g‘ri kelmaydi, boshimiz o‘zaro nizodan chiqmaydi, rivojlangan nomusulmon davlatlar bizni osongina boshqarishadi va kerak bo‘lsa qurbon qilishadi. Abbosiylar davridagi musulmon olimlari “aqidamizga putur yetmasin”, deya Hararining kitobidan parhez qilishimizni ko‘rganda balki kulardi. Chunki ular ilm-fanga oid har qanday kitobni o‘rgangan va “Zevs haqqi” deb boshlanuvchi yunon olimlari asarlarini ham arabchaga tarjima qilishdan bosh tortmagandi. Dunyo olimlari bugun Amerika, Yevropa, Yaponiyaga intilganidek o‘sha davrda Qohira, Bag‘dod, Xorazm, Damashq kabi shaharlarga intilardi. Shubha yo‘qki, biz tabiiy fanlarni o‘rganmasdan katta xato qildik va jabrini tortmoqdamiz. Musulmonlar haqida hozir g‘ayridinlar ularning o‘zlaridan ko‘proq biladi va shu tufayli ham ustundir. Musulmonlar g‘oyaviy muxoliflarini o‘rganishlari, ularning yondashuvi, ilmi, g‘oyalari, davlat boshqaruvi bilan tanishishlari kerak. Aqidamizga putur yetmasin, deb o‘zini chetga tortmasligi zarurdir. Islomiy aqida kerak, ammo bugun birgina aqidaning o‘zi taraqqiy etish uchun yetarli emas. Aqidamiz qachonki qalbimizga joylashib, e’tiqodga aylangandagina foydalidir. Men tabiiy va ijtimoiy fanlarni musulmonlar xuddi diniy ilmlarni o‘rgangandek harislik bilan o‘rganishini orzu qilaman.

Yuval Hararining “Insoniyatning qisqacha tarixi” kitobini o‘tgan yili vazirlikdagi bir yosh tashabbuskor yigit tarjima qilib nashr ettirmoqchi bo‘lgandi, ammo imkoni va resursi bo‘laturib, nega to‘xtaganini bilmayman. Shunga qaramasdan bu bestseller asarning tarjimasiga Nurbek Alimov kirishibdi. Boshini o‘qib ko‘rdim, tarjima nazarimda yomon emas. Qiziquvchilar uchun foydali kitob bo‘ladi, deb o‘ylayman.


Download 91.46 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling