O‘zbek tili punktuatsiyasining tamoyillari quyidagilardir:
1. Logik-grammatik tamoyil. Bu tamoyilda tinish belgilarining qo‘llanishi nutqning mazmuni, tuzilishi, intonatsiyasi bilan bog‘liq.
2. Stilistik tamoyil. Bunda tinish belgilarining qo‘llanishi nutq stili bilan aloqador bo‘ladi.
3. Differensiya tamoyili. Bu tamoyilda tinish belgilarining qo‘llanishi yozuv texnikasi (formasi)ni aniqlash (differensiya qilish) bilan bog‘liq. Tinish belgilarining qo‘sh qo‘llanish sistemasi (masalan boshida yoki oxirida ikki qo‘shtirnoqning barobar qo‘llanishi) ham shu tamoyilga a’loqador.
O‘zbek tilida ishlatiladigan tinish belgilari
O‘zbek tilida tinish belgilari 10 ta. Ular quyidagilar:
Nuqta .
So‘roq belgisi ?
Undov belgisi !
Nuqtali vergul ;
Ko‘p nuqta (uch nuqta) …
Vergul ,
Ikki nuqta :
Tire -
Qavs ( )
Qo‘shtirnoq “”
Tinish belgilarining tasnifi
O‘zbek tilida tinish belgilari quyidagi xususiyatlari asosida klassifikatsiya qilinadi:
1. Qo‘llanish o‘rniga ko‘ra.
2. Qo‘llanish usuliga ko‘ra.
3. Tuzilishiga ko‘ra.
Tinish belgilari qo‘llanish o‘rniga ko‘ra uchga bo‘linadi:
Gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilari.
Gap ichida qo‘llanuvchi tinish belgilari.
Aralash holda qo‘llanuvchi tinish belgilari.
Gap oxirida qo‘llanuvchi tinish belgilariga nuqta, so‘roq va undov belgilari kiradi.
Gap ichida qo‘llanuvchi tinish belgilariga vergul kiradi.
Aralash holda qo‘llanuvchi tinish belgilariga ikki nuqta, nuqtali vergul, qo‘shtirnoq, qavs, tire, ko‘p nuqtalar kiradi. Bulardan tire gap boshida va o‘rtasida;ikki nuqta, nuqtali vergul gap o‘rtasida va oxirida; qo‘shtirnoq, qavs, ko‘p nuqta gap boshida, o‘rtasida va oxirida qo‘llanadi.
Tinish belgilari qo‘llash usuliga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Yakka holda qo‘llanuvchi tinish belgilari.
2. Yakka va qo‘sha qo‘llanuvchi tinish belgilari.
Yakka holda qo‘llanuvchi tinish belgilari yakka va qo‘sha qo‘llanadi.
O‘zbek yozuvida uslubiy aniqlik, ravonlik hamda turli xil leksik-grammatik ma’nolarni ifodalash uchun tinish belgilarini qo‘shaloq qo‘llash hollari ham uchrab turadi.
1.His-hayajon bilan aytilgan so‘roq gaplar oxirida so‘roq va undov belgilari ketma-ket qo‘yiladi.
- Axir, ablah, - dedi Yunus, - birovning uyiga oyog‘ingni artmasdan kirgani ibo qilasan, nega havoni bulg‘atgani ibo qilmaysan?! (A.Qahhor)
2. So‘roq va undov gaplar kuchli his-hayajon bilan aytilsa, ketma-ket ikkita yoki uchta bir xil belgi qo‘yilishi mumkin.
Ey, purviqor tog‘lar! Nega jimsiz, nega!!! ( Cho‘lpon)
3. So‘roq va undov mazmunini bildirgan gaplarda fikr tugallanmay qolsa, mazkur belgilardan so‘ng ikki nuqta qo‘yiladi.
“Ertaga! – deya xotirjam dilidan o‘tkazdi va birdan to‘xtadi – xo‘sh, ertaga nima bo‘ladi?..” (N.Qilichev)
Muallif gapi va ko‘chirma gaplar o‘rtasida tinish belgilari ketma-ket ishlatilishi mumkin.
“Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi”, deb yozgan edi A. Qahhor.
Tinish belgilari tuzilishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Bir elementli tinish belgilari.
2. Ko‘p elementli tinish belgilari.
Bir elementli tinish belgilariga vergul, tire, nuqta kiradi.
Qolgan tinish belgilari ko‘p elementlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |