1. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin
Download 61.51 Kb.
|
2184 18.01.2011 (1)
[OKOZ: 1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.86.00 O‘quvchilar, talabalar va tarbiyalanuvchilarning huquqlari va ijtimoiy himoyasi] [TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim] PDF-faylidagi rasmiy manba O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRINING buyrug‘i TA’LIM MUASSASALARIDA O‘QUV-TARBIYA JARAYoNIDA O‘QUVChILAR VA TALABALAR BILAN YuZ BERGAN BAXTSIZ HODISALARNI TEKShIRISh VA HISOBGA OLISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 18-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2184] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman: 1. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi. Vazir A. XAITOV Toshkent sh., 2010-yil 23-dekabr, 202-B-son O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 23-dekabrdagi 202-B-son buyrug‘iga ILOVA Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risida NIZOM Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibini belgilaydi. I. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari (bundan buyon matnda ta’lim muassasalari deb yuritiladi) uchun taalluqlidir. 2. Mazkur Nizom ta’lim muassasalarining rejalashtirgan darslari, amaliy mashg‘ulotlari, laboratoriya ishlari, harbiy ta’lim bo‘yicha dars mashg‘ulotlari, sport mashg‘ulotlari, ijtimoiy foydali mehnati, hasharlar va musobaqalar hamda ushbu muassasalarda o‘tkaziladigan boshqa o‘quv-tarbiya ishlari vaqtida o‘quvchilar va talabalar (bundan buyon matnda ta’lim oluvchilar deb yuritiladi) bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olishga tatbiq etiladi. 3. Tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan ta’lim oluvchilar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. 4. Tekshiriladigan va hisobga olinadigan baxtsiz hodisalar turiga mazkur Nizomning 2-bandida keltirilgan holatlarda ro‘y bergan turli tan jarohatlarini olish, shikastlanish, issiqlik ta’siri, portlash, falokatlar, imoratlar va konstruksiyalar buzilishi, kuyish, muzlash, qizish, elektr toki yoki yashin urishi, hayvonlar, hasharotlar va sudralib yuruvchilar tomonidan hamda terroristik harakatlar natijasida shikastlanishlar, zaharlanishlar, tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, suvga cho‘kish, turli avariya holatlari va boshqalar) kiradi. 5. Baxtsiz hodisa tufayli olgan jarohati jabrlangan ta’lim oluvchining kamida bir kunlik o‘quv mashg‘ulotlarini qoldirilishiga sabab bo‘lsa, mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shakldagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi. 6. Baxtsiz hodisa yuzasidan tekshirish olib borayotgan komissiyalar baxtsiz hodisalarni tekshirish yuzasidan ichki ishlar bo‘limlari, sog‘liqni saqlash muassasalari, yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari va yong‘in xavfsizligi xizmati organlari bilan hamkorlik qiladi. 7. Yuz bergan baxtsiz hodisalarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tekshirilishi hamda hisobga olinishini, shuningdek baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga oid chora-tadbirlarning bajarilishini ta’lim muassasasining yuqori turuvchi organlari va tarmoq kasaba uyushmasi nazorat qiladi. II. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish 1-§. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olishning umumiy qoidalari 8. Ta’lim oluvchi bilan yuz bergan har qanday baxtsiz hodisa jabrlanuvchi yoki uning yonida bo‘lgan guvohlar tomonidan ta’lim muassasasi rahbariyatiga darhol xabar berilishi kerak, u esa o‘z navbatida: jabrlanuvchiga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilishini va uni tibbiy-davolash qismiga yoki boshqa davolash muassasasiga yetkazishni tashkil etishi; tekshirish komissiyasi ish boshlaguniga qadar hodisa joyidagi vaziyatni va jihozlar holatini hodisa yuz bergan daqiqada qanday bo‘lsa, shundayligicha (agar bu atrofdagilar hayoti hamda salomatligiga tahlika solmayotgan bo‘lsa va halokatga olib kelmasa) saqlab qolishi; yuz bergan baxtsiz hodisa bo‘yicha darhol yuqori turuvchi organiga xabar berishi shart. 2-§. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida ta’lim oluvchilar bilan yuz bergan oqibati og‘ir bo‘lmagan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish 9. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida ta’lim oluvchilar bilan yuz bergan oqibati og‘ir bo‘lmagan baxtsiz hodisalarni tekshirish uchun ta’lim muassasasi rahbarining buyrug‘iga ko‘ra uning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari raisligida, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi va ota-onalar qo‘mitasi vakillari ishtirokida komissiya tuziladi. Mazkur baxtsiz hodisaning kelib chiqishida bevosita javob beruvchi ta’lim muassasasining tegishli xodimlari komissiya tarkibiga kiritilmaydi. 10. Baxtsiz hodisani tekshirish bo‘yicha tuzilgan komissiya quyidagilarni: uch kun ichida baxtsiz hodisaning ro‘y berish sabablarini tekshirishi, guvohlar va baxtsiz hodisani kelib chiqishiga bevosita aloqador bo‘lgan shaxslardan hamda imkoni bo‘lsa jabrlanuvchilardan tushuntirish xatlari olishi; mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq baxtsiz hodisa sabablarini bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rsatilgan dalolatnomani uch nusxada tuzishi va imzo chekib, tasdiqlash uchun ta’lim muassasasi rahbariga berishi lozim. Ta’lim muassasasi rahbari tekshirish tugaganidan so‘ng uch kundan kechiktirmay jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakillariga davlat tilida yoki boshqa maqbul tilda rasmiylashtirilgan baxtsiz hodisa to‘g‘risidagi dalolatnomani berishi kerak. 11. Ta’lim muassasasi rahbari baxtsiz hodisani keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish choralarini ko‘radi va tekshirish tamom bo‘lgandan so‘ng uch kun davomida tasdiqlangan dalolatnomani jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakillariga, ta’lim muassasasining yuqori turuvchi organiga yuboradi va tekshirish materiallari bilan birga bir nusxasi ta’lim muassasasining o‘zida qoldiriladi. 12. Baxtsiz hodisalar ta’lim muassasasi tomonidan mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan Ta’lim oluvchilar bilan sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarni hisobga olish jurnalida hisobga olinadi. 13. Jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakillari dalolatnomada voqeaning biror bir muhim tafsiloti tushirib qoldirilganligini, voqealar buzib ko‘rsatilganligini aniqlaganda yoki boshqa noroziliklar yuzasidan ta’lim muassasasining yuqori turuvchi organiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. 3-§. Baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish 14. Quyidagi baxtsiz hodisalar maxsus tekshiriladi: bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq ta’lim oluvchilar bilan yuz bergan guruhiy baxtsiz hodisalar; o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar; oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar. Baxtsiz hodisa natijasida ta’lim oluvchilarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning og‘irlik darajasi to‘g‘risidagi xulosa davolash-profilaktika muassasasi tomonidan beriladi. 15. Guruhiy, o‘lim bilan tugagan va oqibati og‘ir baxtsiz hodisa to‘g‘risida ta’lim muassasasi rahbari darhol quyidagilarga xabar berishi lozim: ta’lim muassasasining yuqori turuvchi organiga; tuman (shahar) hokimligiga; baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi ichki ishlar bo‘limiga; tarmoq kasaba uyushmasi kengashiga; jabrlanuvchining qonuniy vakillariga. 16. Guruhiy, o‘lim bilan tugagan va oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar ta’lim muassasalarining bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, hududiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlarining buyruqlariga asosan tuzilgan maxsus tekshirish komissiyalari tomonidan tekshiriladi. Ushbu maxsus tekshirish komissiyalariga tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, hududiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshliqlari o‘rinbosari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari o‘rinbosari raislik qiladi va uning tarkibiga tarmoq kasaba uyushmasi, ta’lim muassasasining mehnatni muhofaza qilish va ota-onalar qo‘mitasi vakillari kiritiladi. Guruhiy, o‘lim bilan tugagan va oqibati og‘ir baxtsiz hodisalar yuz berganda maxsus tekshirish komissiyasi tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasida ko‘rsatilgan dalolatnoma mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan maxsus tekshirish dalolatnomasi tuzilgandan so‘ng rasmiylashtiriladi va ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi. 17. Ikki va undan ortiq ta’lim oluvchining o‘limi bilan tugagan baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish ta’lim muassasalari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi yoki Xalq ta’limi vazirligi buyruqlariga asosan tuzilgan maxsus tekshirish komissiyalari tomonidan olib boriladi. Ushbu maxsus tekshirish komissiyalariga tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori o‘rinbosari, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari raislik qiladilar hamda uning tarkibiga hududiy o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari boshliqlari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining tarmoq kasaba uyushmasi raisi hamda baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan ta’lim muassasasi rahbari va mehnatni muhofaza qilish ishlariga mas’ul xodim hamda ota-onalar qo‘mitasi vakillari kiritiladi. 18. Maxsus tekshirish komissiyasi o‘n kun mobaynida baxtsiz hodisani tekshirib chiqadi, mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan maxsus tekshirish dalolatnomasini tuzadi. Maxsus tekshirish komissiyasi a’zolari jabrlanuvchi va ularning qonuniy vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etadi. 19. Maxsus tekshirish komissiyasi a’zosi maxsus tekshirish komissiyasi chiqargan xulosalaridan norozi bo‘lsa, shuningdek ular zarur deb hisoblagan boshqa hollarda o‘z fikrini yozma ravishda bayon qilishi mumkin. 20. Maxsus tekshirish komissiyasi talablariga ko‘ra baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan ta’lim muassasasi rahbariyati: baxtsiz hodisani tekshirishda ishtirok etish uchun o‘zlarining oralaridan ekspert guruhi tuzish mumkin bo‘lgan ekspert-mutaxassislarni taklif qilishi; texnik hisoblashlar, laboratoriya tadqiqotlari, sinovdan o‘tkazish va boshqa ishlarni tashkil etishi; baxtsiz hodisa yuz bergan joyni suratga olishi va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etishi; maxsus tekshirish uchun zarur bo‘lgan transport vositalari bilan ta’minlashi; maxsus tekshirish komissiyasi a’zolari ishlashi uchun ularga jihozlangan alohida xona ajratib berishi; baxtsiz hodisani maxsus tekshirish hujjatlarini tuzish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq texnik vositalari bilan ta’minlashi shart. Texnik hisoblashlar, laboratoriya tadqiqotlari, sinovdan o‘tkazish va taklif qilingan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladigan boshqa ishlar, shuningdek transport va aloqa vositalarining xarajatlari baxtsiz hodisa yuz bergan ta’lim muassasasi hisobidan amalga oshiriladi. Maxsus tekshirish komissiyasi a’zolari maxsus tekshirish davomida ta’lim muassasasi rahbaridan, uning o‘rinbosarlaridan, guvohlar va boshqa aloqador shaxslardan yozma, og‘zaki va audio (video) tasvirlarda tushuntirishlar olishga haqli. 21. Ekspert guruhi maxsus tekshirish komissiyasi raisining farmoyishiga muvofiq tuziladi. Ekspert xulosasini talab qiluvchi masalalar va ekspert guruhi xulosasi bo‘lgan materiallar yozma ravishda rasmiylashtiriladi. 22. Maxsus tekshirish hujjatlariga quyidagilar kiradi: har bir jabrlanuvchiga alohida tuzilgan mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shakldagi dalolatnoma; mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shakldagi maxsus tekshirish dalolatnomasi; rejalar, sxemalar, hodisa joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, baxtsiz hodisa yuz bergan joyning chizmasi, fotosuratlari; tushuntirish xatlari; jabrlanuvchiga yetkazilgan jarohatning xususiyati va og‘irligi, o‘limi sabablari to‘g‘risidagi tibbiy xulosa; ekspert guruhining (zarur bo‘lganda) baxtsiz hodisa sabablari haqidagi xulosasi, laboratoriya va boshqa tadqiqotlar, tajribalar, tahlillar va hokazolarning natijalari; maxsus tekshirish komissiyasini tuzish haqidagi buyruq va boshqa hujjatlardan ko‘chirmalar. 23. Maxsus tekshirish tugagandan so‘ng besh kun muddatda maxsus tekshirish komissiyasi tekshirish hujjatlarini: baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan joydagi ichki ishlar bo‘limiga; ta’lim muassasasining yuqori turuvchi organiga; O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tarmoq kasaba uyushmasiga taqdim etadi. 24. Baxtsiz hodisa yuz bergan ta’lim muassasasi maxsus tekshirish hujjatlarini zudlik bilan ko‘rib chiqib, baxtsiz hodisa kelib chiqish sabablarini bartaraf etish to‘g‘risida maxsus tekshirish komissiyasi taklif qilgan chora-tadbirlarni bajarishi shart. III. Yakuniy qoidalar Oldingi tahrirga qarang. 25. Mazkur Nizomga rioya qilmagan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. (25-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) 26. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi bilan kelishilgan. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri B. XODIYEV 2010-yil 15-dekabr Xalq ta’limi vaziri A. MARAHIMOV 2010-yil 15-dekabr Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV 2010-yil 15-dekabr Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV 2010-yil 15-dekabr Madaniyat va sport ishlari vaziri A. JABBOROV 2010-yil 15-dekabr Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z. RO‘ZIYEV 2010-yil 15-dekabr O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA 2010-yil 15-dekabr O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Sh. JAVLONOV 2010-yil 15-dekabr “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV 2010-yil 15-dekabr “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV 2010-yil 15-dekabr Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA
Download 61.51 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling