1. Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin


Download 78 Kb.
bet1/2
Sana21.11.2023
Hajmi78 Kb.
#1790583
  1   2
Bog'liq
3099 14.12.2018




[OKOZ:

1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.15.00.00 Transport / 09.15.13.00 Avariyaga qarshi kurash. Yo‘l harakati xavfsizligi. Texnik ko‘rik (shuningdek, 16.04.02.00ga qarang);

2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.02.00 Yo‘l harakati xavfsizligi. Parvozlar xavfsizligi]

[TSZ:

1.Iqtisodiyot / Transport. Yo‘l xo‘jaligi. Harakat va parvozlar xavfsizligi]

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining
Qarori
Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 14-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3099]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyundagi PQ-3786-son “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sudi va Bosh prokuraturasi qaror qiladi:
1. Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-noyabr,
52-son
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-noyabr,
74-son
Oliy sud raisi K. KAMILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-noyabr,
11-192-18-son
Bosh prokuror O. MURODOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-noyabr,
68-qq-son
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sudi va Bosh prokuraturasining 2018-yil 20-noyabrdagi 52, 74, 11-192-18, 68-qq-son qaroriga
ILOVA
Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-iyundagi PQ-3786-son “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash ichki ishlar organining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda DYHXX deb yuritiladi) xodimlari tomonidan ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash bo‘yicha tekshiruv (keyingi o‘rinlarda tekshiruv deb yuritiladi) O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi tomonidan sertifikatlangan transport vositasi haydovchisi tomonidan havoga chiqarilgan etanol bug‘larini aniqlovchi va tekshiruv natijalarini qog‘ozda aks ettiruvchi maxsus texnik vosita — alkotester (keyingi o‘rinlarda texnik vosita deb yuritiladi) yordamida amalga oshiriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2019-yil 16-noyabrdagi 97, 92, 11-87-19 va 59-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3099-1, 10.12.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2019-y., 10/19/3099-1/4131-son)
3. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruv bevosita DYHXX xodimlari ishtirokida tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalarining mas’ul xodimlari tomonidan o‘tkaziladi.
4. Quyidagilar transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holda ekanligini aniqlash uchun tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘ladi:
haydovchining og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;
haydovchi bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);
haydovchi nutqining buzilganligi;
haydovchi qo‘l barmoqlarining qaltirashi;
haydovchi yuz terisi rangining sezilarli o‘zgarganligi.
2-bob. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tkazish tartibi
5. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar ta’siridan mast holatda ekanligini aniqlash DYHXX xodimi tomonidan texnik vosita yordamida qoidabuzarlik yuz bergan joyning o‘zida amalga oshiriladi.
6. Tekshiruv oldidan DYHXX xodimi transport vositasi haydovchisini texnik vositaning ishlash tartibi bilan tanishtiradi, zarur hollarda haydovchining talabiga asosan texnik vositaga tegishli hujjatlarni ko‘rsatadi.
7. Tekshiruv kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi, DYHXX xodimi tomonidan kuzatuv kamerasi (body camera)dan foydalangan holda amalga oshiriladigan tekshiruvlar bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tekshiruv jarayonida DYHXX xodimi transport vositasi haydovchisi va boshqa fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, ularga nisbatan xatti-harakatlari tushunarli va qonunchilik talablari asosida bo‘lishi, shuningdek sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishi lozim.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
9. Tekshiruv o‘tkazishda DYHXX xodimi transport vositasi haydovchisi tomonidan chiqarilgan havo namunasini texnik vositani qo‘llash yo‘riqnomasiga asosan oladi.
10. Transport vositasi haydovchisi tomonidan chiqarilgan havodagi etanol bug‘lari konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda DYHXX xodimi haydovchiga nisbatan alkogolli ichimlik iste’mol qilganligi fakti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
11. Transport vositasi haydovchisi texnik vosita yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan yoxud unda texnik vosita orqali tekshiruv natijalariga e’tiroz mavjud bo‘lgan hollarda DYHXX xodimi transport vositasini boshqarayotgan shaxsning mast holatda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi.
12. Transport vositasi haydovchisi tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan taqdirda DYHXX xodimi unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 136-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi.
13. Texnik vosita yordamida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga asosan, transport vositasi haydovchisi alkogolli ichimlik ta’siridan mast holatda ekanligi aniqlanmagan, biroq uning giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligi belgilari mavjud bo‘lgan taqdirda shaxs tibbiy tekshiruvga olib borilishi lozim.
14. Transport vositasi haydovchisining mast holatda ekanligi texnik vosita yordamida yoki tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalari asosida tasdiqlangan taqdirda DYHXX xodimi tomonidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Ma’muriy bayonnomaga tekshiruv texnik vosita yordamida o‘tkazilgan taqdirda tekshiruv natijalari bo‘yicha ushbu vositadan chop etilgan ma’lumot, tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalari xodimlari tomonidan tibbiy tekshiruv o‘tkazilganda esa, tibbiy xulosa ilova qilinadi.
3-bob. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi
15. Transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruv uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, harbiy bileti va b.) asosida amalga oshiriladi.
Transport vositasi haydovchisining shaxsini tasdiqlovchi hujjati mavjud emasligi uni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmaslik uchun asos bo‘lmaydi.
16. Shaxsini tasdiqlovchi hujjati mavjud bo‘lmagan transport vositasi haydovchisining shaxsini aniqlash DYHXX xodimi tomonidan maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan mobil elektron qurilma (planshet)dan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Mobil elektron qurilma (planshet) xotirasiga kiritilgan transport vositasi haydovchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlar “onlayn” tarzda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi ma’lumotlar bazasi orqali aniqlanadi.
17. Tibbiy tekshiruv transport vositasi haydovchisi to‘xtatilgan (yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan) paytdan boshlab, uzog‘i bilan bir soat ichida o‘tkazilishi lozim.
18. Transport vositasi haydovchisining mast holatda ekanligini aniqlash, narkologik dispansyerlarda narkologlar tomonidan yoki sog‘liqni saqlash idoralari belgilagan tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalarida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan shifokorlar tomonidan o‘tkaziladi.
19. Davolash-profilaktika muassasalarida alkogolli mastlik holatida ekanligiga gumon qilingan shaxslar barcha taraflama klinik tekshiruvdan o‘tkaziladilar va etanol bug‘lari bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida ulardan faqat chiqarilayotgan nafas havosi namunasi olinadi.
Shaxsning giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligiga gumon paydo bo‘lganda mastlik holatini keltirib chiqargan moddani aniqlash maqsadida biologik suyuqliklar (peshob, so‘lak) tekshiruvdan o‘tkazilishi shart.
20. Mastlikning klinik belgilarini aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda (shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatilishini talab qiluvchi holatlar) tekshiruvdan o‘tkazish uchun qon namunasi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qarori asosida tegishli davolash-profilaktika muassasalarida olinadi.
Shaxsning alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosani chiqarish qonning laborator tekshiruvi natijalari asosida amalga oshiriladi.
Shaxsning alkogol mahsulotini iste’mol qilganligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa alkogol mahsulotining qondagi konsentratsiyasi 0,3 promille va undan ortiq bo‘lgan hollarda chiqariladi.
21. Biologik suyuqliklar olingan davolash-profilaktika muassasalarida tegishli laborator uskunalar bo‘lgan holda, ushbu suyuqliklar tekshiruvi shu muassasalarda o‘tkaziladi yoki sud-tibbiy ekspertizalar xududiy byurolari qoshidagi kimyo-toksikologik laboratoriyalariga tekshiruv uchun yuboriladi. Biologik suyuqliklarning olinishi va namunalarining yetkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
22. Sud-tibbiy ekspertiza byurolari tomonidan kimyoviy tekshiruv natijalarining dalolatnomasi biologik suyuqliklar olib kelingan vaqtdan yetti kundan kechiktirmay berilishi shart.
23. Chiqarilayotgan nafas havosi tarkibidagi alkogol miqdorini, insonning biologik suyuqliklari tarkibidagi giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatiga olib kelgan boshqa vositalarning miqdori va sifatini aniqlash uchun O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanishga ruxsat etilgan hamda tekshiruvdan o‘tgan texnik vositalardan foydalaniladi.
24. Shaxsning mast holatda ekanligi to‘g‘risida xulosa chiqarishda biologik suyuqliklarni maxsus laborator tekshiruvidan o‘tkazish zarurati tug‘ilsa, xulosa tekshiruv natijalari olingandan so‘ng chiqariladi va barcha tekshiruv natijalari bayonnomada aks ettiriladi. Laborator tekshirish natijalarining asl nusxasi tekshiruv o‘tkazgan mutaxassis imzosi bilan tasdiqlangan holda tibbiy tekshiruv bayonnomasining ikkinchi nusxasi bilan birga saqlanadi. Bayonnomaning birinchi nusxasi tekshiriluvchini olib kelgan mansabdor shaxsga topshiriladi.
4-bob. Tibbiy tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish
25. Tibbiy tekshiruv natijalari bo‘yicha mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq ikki nusxada bayonnoma tuziladi. Bayonnomada tekshiruv sanasi va tartib raqami alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tgan shaxslar hisobini yuritish daftarining tartib raqamiga muvofiq holda ko‘rsatiladi.
26. Bayonnomaning barcha bandlari hech qanday qisqartirish va boshqa o‘zgartirishlarsiz to‘ldiriladi. Bayonnoma tibbiy tekshiruvni o‘tkazgan shifokor tomonidan imzolanadi va tekshiruv o‘tkazilgan tibbiyot muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
27. Davolash-profilaktika muassasalarida tekshiruvdan o‘tkazish bayonnomasi blanklari bo‘lishi shart.
Davolash-profilaktika muassasalarida tekshiruvdan o‘tkazish bayonnomasi blanklari bo‘lmagan taqdirda ularda ko‘rsatilgan barcha ma’lumotlar aks ettirilgan holda erkin shaklda bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan shaxsga, uning talabiga ko‘ra, tibbiy tekshiruv bayonnomasi nusxasi (qog‘oz yoki elektron shaklda) berilishi shart.
28. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumot mazkur Nizomning 2a-ilovasida keltirilgan maxsus tikilgan, raqamlangan, tibbiyot muassasasi rahbari imzosi va tashkilot muhri bosilgan daftarda qayd etilishi shart.
Daftarning tuzilishi, uni yuritish va saqlash mazkur Nizomning 2b-ilovasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Daftarning tuzilishi, uni yuritish va saqlash tartibini buzgan shifokor o‘rnatilgan tartibda javobgarlikka tortiladi.
29. Tekshiriluvchi shaxsning holati to‘g‘risidagi xulosaning asosi bo‘lib, biologik suyuqliklarning va chiqarilayotgan nafas havosi tarkibining laborator tekshiruvi natijalari inobatga olingan kompleks tibbiy tekshiruv natijalari hisoblanadi.
30. Tekshiriluvchi shaxsning tekshiruvdan yoki ayrim tekshiruv turidan bosh tortgan hollarda, shifokor tomonidan daftarga va bayonnomada “tekshiruvdan bosh tortdi” deb yozib qo‘yiladi.
31. Tibbiy tekshiruv asosida xulosa tuziladi, unda tekshiriluvchi shaxsning tekshiruv vaqtidagi holati aniq yoritilishi zarur. Shifokor xulosa tuzayotganda quyidagi holatlardan birini belgilashi lozim:
mastlik holati aniqlanmadi;
alkogolli mastlik holati aniqlandi;
giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holati aniqlandi (bu holatda aniqlangan modda ko‘rsatilishi shart va xulosa faqat moddaning aniq haqqoniy laborator ta’rifi bo‘lgandagina chiqariladi);
salomatlik holati bo‘yicha yuqori xavf manbai bor ishlardan chetlatishni talab etuvchi funksional holatning buzilishlari mavjud.
32. Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish natijalari to‘g‘risidagi xulosa tekshiruvdan o‘tkazilgan shaxsga uni olib kelgan DYHXX xodimi oldida tanishtiriladi.
33. Tekshiriluvchida xulosaga nisbatan e’tirozlar mavjud bo‘lgan hollarda u boshqa tibbiyot muassasasida qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishini talab qilishga haqli. Bunda qayta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish mastlik alomatlari aniqlangan yoki yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan vaqtdan e’tiboran ikki soat ichida boshqa yaqin masofada joylashgan tibbiyot muassasasida amalga oshirilishi lozim. Ushbu kayta tekshiruvga tekshiriluvchi DYHXX xodimi bilan birgalikda yetkaziladi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
34. O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasida daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish zarurati yuzaga kelgan hollarda, faqatgina ularning roziligi bilan mazkur Nizomda nazarda tutilgan umumiy asoslarga ko‘ra, tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
35. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA


Download 78 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling