Xususiy ko’rsatkichlardan 1) iste’mol darajasi va usullari; 2) mehnat sharoitlari; 3) turar joy ta’minoti va maishiy qulayliklar; 4) ijtimoiy-madaniy xizmat ko’rsatish darajasi; 5)bolalarni tarbiyalash sharoitlari; 6)ijtimoiy ta’minot va boshqalarni keltirib o’tish mumkin. Mazkur ko’rsatkichlar ijtimoiy taraqqiyot bilan bog’liq, ammo aholi (mehnatkashlar)ning ma’lum guruhlari, hudud va boshqalar bo’yicha aniqlashtirilgan.
Iqtisodiy ko’rsatkichlar inson va jamiyat hayotining iqtisodiy jihatlarini, ehtiyojni qondirishning iqtisodiy imkoniyatlarini ifodalaydi. Jamiyat iqtisodiy taraqqiyoti va har bir insonning farovonligi (nominal va haqiqiy daromadlar, ish bilan bandlik va boshqalar) darajasini aks ettiruvchi ko’rsatkichlar iqtisodiy ko’rsatkichlar sirasiga kiritiladi. Bu ko’rsatkichlar ishchi kuchini (aholini) takror ishlab chiqarish bilan uzviy bog’liq bo’lib, uning iqtisodiy asoslarini ochib beradi. Bu, ayniqsa, aholi daromadlari salmog’i va ularni differensiasiyalashda yaqqolroq namoyon bo’ladi.
Ijtimoiy-demografik ko’rsatkichlar aholining yoshi, jinsi, kasbiy-malakaviy tarkibini, ishchi kuchini jismoniy takror ishlab chiqarishni ifodalaydi. Ular ijtimoiy ko’rsatkichlarda o’z aksini topadi va ijtimoiy soha, umuman, iqtisodiyot taraqqiyoti bilan mustahkam aloqada. Bu omillar aholishunoslikning tabiiy asoslari, ya’ni aholi, uning ayrim guruhlari sonining o’zgarishi, umr ko’rish davri haqida tasavvur hosil qiladi.
Ko’rsatkichlarning obyektiv va subyektiv turlarga bo’linishi insonlar hayot faoliyatidagi o’zgarishlarni asoslash zarurati bilan izohlanadi. Obyektiv ko’rsatkichlar obyektiv (iqtisodiy, texnik va hokazo) bazaga ega bo’lsa, subyektiv ko’rsatkichlar aholi guruhlari yoki alohida shaxslarning mehnat, oilaviy munosabatlar, daromadlar, ish, turmush tarzi va shu kabilardan qoniqishi bo’yicha hisobga olinadi.
Qiymat va natural ko’rsatkichlar. Qiymat ko’rsatkichlari barcha daromad ko’rsatkichlari va pul ko’rinishidagi boshqa ko’rsatkichlar (tovar aylanishi, xizmatlar, tashishlar, pul jamg’armalari va qo’yilmalari va hokazolarning hajmi)ni o’z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |