10-mavzu. Agrar bozorning shakllanishida tabiiy omillarining xususiyatlari


Yer bozori tushunchasi va uni tartibga solishning huquqiy normalari


Download 147.81 Kb.
bet2/4
Sana02.06.2024
Hajmi147.81 Kb.
#1837226
1   2   3   4
Bog'liq
10-мавзу, маъруза

2. Yer bozori tushunchasi va uni tartibga solishning huquqiy normalari.
Bozor munosabatlari sharoitida tabiiy resurslarga nisbatan mulk huquqi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular ichida yer alohida o‘rin tutadi. Dunyoning ko‘pchilik rivojlangan davlatlarida yer fuqarolik ayirboshlash ob’ekti doirasiga kiritilishiga qaramay, unga nisbatan umumiy tartibda davlat mulkchiligi saqlanib qolgan.
Bugungi kunda yer munosabatlari sohasida yer uchastkalariga egalik qilish va undan foydalanish hamda mulk sifatida realizatsiya qilishning shakl va usullari, tartibi o‘zgarib ketdi. Yer uchastkalari endilikda oldi-sotdi qilinadigan meros huquqi asosida, ijara asosida egalikka beriladigan bo‘ldi. Umuman olganda, yerga egalik huquqi vujudga kelish tartibining huquqiy masalalari ustida ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish, ularning tushunchasi va yuridik tabiatini ochib berish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Ta’kidlash lozimki, yerga oid munosabatlar konstitutsiyaviy asosga ega.
Bu boradagi maxsus qonun esa Yer kodeksidir. Yer kodeksining 18-moddasida yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqining vujudga kelish asoslari belgilangan.
Fuqarolik qonunchiligi esa yer qonunchiligi barobarida yerga nisbatan mulkiy munosabatlarning huquqiy asoslarini ham belgilaydi. Yer fuqarolik huquqining ob’ekti doirasiga kiritiladi, albatta. Bundan tashqari, Fuqarolik kodeksida mulkdor bo‘lmagan shaxslarning ashyoviy huquqlari ham belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida yer uchastkalari fuqarolik muomalasiga ma’lum darajada belgilangan cheklovlar doirasida kiritilishi ko‘rsatilgan. Ya’ni, bunda davlatning yerga nisbatan monopol huquqi cheklanadi.
Fuqarolik kodeksida yer uchastkalarining oldi-sotdisi umumiy tartibda oldi-sotdi shartnomalariga oid normalar bilan tartibga solinadi. Yerni oddiy tovar sifatida ifodalash qiyinligi sababli yerni fuqarolik muomalasiga kiritib, uning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda Fuqarolik kodeksining 15-bobida yer uchastkasining oldi-sotdisi bilan bog‘liq bo‘lgan normalarni alohida normalar sifatida o‘rnatish lozim. Bundan tashqari, yer uchastkalarini hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish yuzasidan amaldagi­ normalar o‘zgartirishga muhtoj. Chunki yer fuqarolik muomalasiga kiritilgach, unga nisbatan davlatning monopol huquqi cheklanadi. Yer uchastkasining xususiy mulkdori­ uni nafaqat sotib olish, balki hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yishga ham haqli bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchast­kalarida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan shaxs mulk huquqini olmaydi va imorat uni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanadi. Ayni vaqtda o‘ziga qarashli bo‘lgan yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs yoxud ushbu imorat joylashgan yer uchastkasi mulkdorining imoratga nisbatan mulk huquqi sud tartibida e’tirof etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24 sentabrdagi «Yakka tartibda qurilgan uyga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi 14-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlari to‘plami. 1999-2005.) o‘zboshimchalik bilan qurilgan uyga nisbatan mulk hu­quqini e’tirof etish haqidagi qoidalar tahlil etilgan. Qarorning 3-bandiga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulkiy huquqlar bilan bog‘liq da’volar sudlarga taalluqli emas. Arizachi ushbu talab bilan tegishli hokimiyatga murojaat qilishi lozim.
Yerga oid shartnomalarning xususiyatlari to‘g‘risida gapirganda, yerga nisbatan mamlakatimizda asosan davlat mulkchiligi o‘rnatilgani, u umummilliy boylik ekani, shartnoma tuzishda taraflardan biri sifatida davlat (yoki u vakolat bergan davlat organi)ning ishtirok etishi, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tilishi, davlat va umumxalq manfaatlarining ustuvorligi, tabiat qonuniyatlarining e’tiborga olinishi kabilarni ta’kidlash o‘rinlidir. Demak, yerdan foydalanishga doir shartnomalar tuzilganda, albatta, davlat organining qarori yoki ruxsat beri­shining talab etilishini e’tiborga olish lozim.
Yerga doir shartnomalar ichida eng ko‘p tarqalgan shartnoma turi yer ijarasi shartnomasidir. Manbalarda yer ijarasi tushunchasini aniqlashga qaratilgan ko‘plab qarashlar mavjud. Yer ijarasi tushunchasi to‘g‘risida olimlar o‘rtasida aniq bir yakdillik yo‘q. Ammo umumlashtirib shuni aytish lozimki, yer ijarasi shartnomasi Yer, Fuqarolik kodekslari va ayrim qonunlarda turli shakllarda o‘z ifodasini topgan. Ammo ular mazmunan deyarli bir ma’noni anglatadi.
Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi yer uchastkasini ijaraga olganlik huquqini tasdiqlovchi hujjatdir. Tuman hokimi tomonidan ijaraga yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin yer resurslari bo‘yicha tuman xizmati tomonidan 5 kun muddatda namunaviy shaklga muvofiq yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi tayyorlanadi. Yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasida yerlarning turlari bo‘yicha yer uchastkasining maydoni, sug‘oriladigan yerlarning sifati aks ettiriladi, ijaraga berish muddatlari, taraflarning huquq va majburiyatlari belgilanadi, shartnomani bekor qilish shartlari va yer uchastkasidan foydalanish masalalari bo‘yicha nizolarni hal etish yo‘llari ko‘rsatiladi.
Yer ipotekasi, ya’ni ko‘chmas mulk garovi garov munosabatlarining turlaridan biridir. FKning 265-moddasiga muvofiq ko‘chmas mulkni garovga qo‘yish ipoteka hisoblanadi. Yer ipotekasi mulkiy munosabatlarni amalga oshirishning huquqiy shakllaridan biri bo‘lib, o‘z tabiatiga ko‘ra ashyoviy huquq turlaridan biridir.
Ashyoviy huquq turi sifatida yer munosabatlari fuqarolik huquqi normalari bilan tartibga solinib, quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi:­birinchidan, u o‘zgalar mulkini egallash hisobiga vujudga keladi; ikkinchidan, yerdan foydalanuvchining huquqi mulk egasining huquqiga nisbatan o‘z mazmuniga ko‘ra chegaralangan bo‘ladi; uchinchidan, yer ipotekasi mulk egasining roziligi bilan shartnoma asosida kelib chiqadi; to‘rtinchidan, mulkdorlik yer egasida saqlanadi, foydalanuvchiga o‘tmaydi.
Shuningdek, yer munosabatlarida yerga nisbatan ijara huquqini yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqini garovga qo‘yish shartnomasi bugungi iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasining «Garov to‘g‘risida»gi qonuni 43-moddasiga ko‘ra garovga qo‘yuvchiga tegishli bo‘lgan egalik qilish va foydalanish huquqi, shu jumladan, ijarachining huquqlari va o‘zga mulkiy huquqlar garov narsasi bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlarning (fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklarining) yerga nisbatan bo‘lgan ijara huquqlari, shuningdek, meros qilib qoldiriladigan egalik qilish huquqlari garov ob’ekti hisoblanadi. Bunday qoida Yer kodeksining 24-moddasida ham o‘rnatilgan bo‘lib, unga ko‘ra yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olish uchun garovga qo‘yilishi mumkin.
Shuni ta’kidlash lozimki, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomada yer uchastkasini uzoq muddatga ijaraga olish huquqining Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan 2004 yil 13 mart kuni 6/17-son qaror (ro‘yxat raqami 1336, 08.04.2004) bilan tasdiqlangan «Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi qiymatini baholash tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq aniqlangan qiymati ko‘rsatilishi lozim. Yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shart­nomaga, uning ajralmas qismi sifatida tuman yer resurslari xizmati boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan yer uchastkasining ijaraga olish huquqi garovga qo‘yilayotgan qismi alohida ko‘rsatilgan holda ushbu huquqni garovga qo‘yish uchun tuman hokimining yozma roziligi ilova qilinadi.
Yerga oid navbatdagi shartnomalardan biri o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi, ya’ni servitutdir. Bu yer huquqining yangi instituti bo‘lib, unga ko‘ra ma’lum ehtiyoj yoki zaruriyat tug‘ilganda bir yoki bir necha yer egalari va yerdan foydalanuvchilar o‘zganing yer maydonidan cheklangan tarzda foydalanadilar.
Servitut Yer kodeksida normalanishicha, boshqa maqsadlarda ham belgilanishi, masalan, hovuz qazish va undan foydalanish, xirmonlar to‘plash, mevalarni quritish uchun maydonlar tashkil etish va boshqalardir. Barcha yer fondi toifalaridagi yer uchastkalari servitut ob’ekti hisoblanadi.
Yerdan foydalanish huquqi qonunga qarshi qaratilgan turli xatti-harakatlar orqali buzilishi mumkin. Yerdan foydalanish huquqini buzuvchi bunday xatti-harakatlar turi Yer kodeksining 90-moddasida sanab o‘tilgan.
Yerdan foydalanish jarayo­nida uchrashi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik turlaridan biri yerni qonunga xilof ravishda sotib olish va sotishdir. Ushbu yer huquqbuzarligi davlatning yerga egalik huquqini buzishga qaratilgan g‘ayriqonuniy bitim hisoblanadi.
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan ayirboshlash davlatning yerga nisbatan egalik huquqini buzuvchi g‘ayriqonuniy bitim bo‘lib, bunday bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas deb hisoblanadi va bunday qonunga xilof harakatni sodir qilish oqibatida yer huquqbuzarligi kelib chiqadi.
Yer qonunchiligida yer nizolarini hal etadigan organlar tizimi va ularning vakolatlari belgilab berilmagan. Yer kodeksining 89-modasiga binoan yer nizolari sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi deb belgilangan, xolos.
Ayni vaqtda yer bilan bog‘liq huquqbuzarliklar qonun bilan ta’qib qilinadi.
Jumladan, mansabdor shaxsning ifloslangan yer uchastkalarini dezaktivatsiya qilish yoki boshqacha tarzda tiklash choralarini ko‘rishdan bo‘yin tovlashi yoki bunday ishlarni yetarli darajada baarmasligi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, JKning 195-moddasiga binoan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Yerlarni ifloslantirish yoki buzish og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, huquqbuzar JK­ning 196-moddasiga binoan eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm qilinishi mumkin.
Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston Respublikasida yerga nisbatan mulk huquqini belgilovchi normalar jamiyat va davlat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda zamon talablari darajasida takomillashib boraveradi. Nazarimizda, bugungi kunda quyidagi masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir:
birinchidan, amaldagi yer va fuqarolik huquqi hamda qonunchiligida «yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga nisbatan xususiy mulk huquqi» atamasini kiritish;
ikkinchidan, Fuqarolik kodeksida yer uchastkalarining oldi-sotdisi, ularni hadya qilish, ayirboshlash, garovga qo‘yish yuzasidan tegishli normalarni aks ettirish;
uchinchidan, fuqarolik va yer qonunchiligining yerga nisbatan mulk huquqini belgilovchi ilmiy-nazariy va amaliy normalarini o‘zaro muvofiqlashtirish;
to‘rtinchidan, Yer kodeksining 8-moddasida ko‘rsatilgan yer fondining qaysi toifasi xususiylashtirilishini aniq belgilash.



Download 147.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling