10-mavzu: mustaqillik yillarida o‘zbekistondagi ma’naviy va madaniy taraqqiyot. Reja
Download 46.13 Kb.
|
10-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTONDAGI MA’NAVIY VA MADANIY TARAQQIYOT.
10-MAVZU: MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTONDAGI MA’NAVIY VA MADANIY TARAQQIYOT. Reja: Tarixiy xotira yosh avlodni tarbiyalashning muhim omili sifatida Tarixiy meros, mutafakkir avlodlarning ma’naviy meros kelajak yutuqlarimiz garovi Milliy va diniy qadriyatlarimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni Mustaqil yurt san’ati, adabiyoti va me’morchiligida milliy qadriyatlarning aks etish. Biron bir jamiyat ma’naviy imkoniyatlarini, odamlar ongida ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustaxkamlamay turib o‘z istiqbolini tasavvur eta olmaydi. Xalqning madaniy qadriyatlari, ma’naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan. Uzoq vaqt davom etgan qattiq mafkuraviy tazyiqga qaramay, O‘zbekiston xalqi avloddan avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o‘ziga xos an’analarini saqlab qolishga muvaffaq, bo‘ldi. Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi. Darhaqiqat, O‘zbekistondagi ijtimoiy sohaning tub ildizlaridan bo‘lmish ma’naviy sohning keng rivojlanishi xalqimiz ko‘z o‘ngida, uning faol ishtiroki bilan bo‘ldi. Xalqimiz o‘z tarixi, urf-odatlari, milliy va diniy qadriyatlariga o‘zgacha ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi jahon ahli tamonidan e’tirof etilgan. Shuningdek, bozor munosabatlari sharoitida ma’naviyat va ma’rifat ishlariga g‘oyat katta e’tibor berilishi mustaqil O‘zbekistonda yangi jamiyat ko‘rinishining o‘ziga xos hususiyatlaridan biridir. Biz ma’naviy qadriyatlarni tiklashni, milliy o‘zlikni anglashning o‘sishidan, xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb xisoblaymiz. Tarix xotirasi, xalqning, jonajon ulkan, davlatimiz xududining xolis va xaqqoniy tarixini tiklash milliy o‘zlikni anglashni, ta’bir joiz bo‘lsa, milliy iftihorni tiklash va o‘stirish jarayonida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Tarix millatning xaqiqiy tarbiyachisiga aylanib bormokda. Buyuk ajdodlarimizning ishlari va jasoratlari tarixiy xotiramizni jonlantirib, yangi fuqarolik ongini shakllantirmokda, ahloqiy tarbiya va ibrat manbaiga aylanmokda. O‘zbekistonning birinchi rahbari Islom Karimov mustaqillik ostonalarida, ya’ni 1990-yil 20-yanvarda Toshkent shahar faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Toshkentni yuksak madaniyatli shaharga aylantirish kerakligi, zamondoshlarini emas, kelajak avlod ham u bilan haqli ravishda faxrlanadigan shaharga aytantirish masalasi qo‘yildi. Ushbu yig‘ilishda Islom Karimov shunday degan edi: “Tariximiz uchun ham, hozirgi kun uchun ham o‘zbek ishchilarining, o‘zbek dehqonlarining, o‘zbek ziyolilarining uyalishlariga hech bir asos yo‘q. Aksincha, ular juda og‘ir sinovlarga, ba’zan esa nohaq sinovlarga qaramay, o‘zlarining mashaqqatli ishlarini munosib ravishda ado etib kelmoqdalar, bu bilan ular haqli ravishda faxrlanishlari mumkin. Biz yaqinda bo‘lajak Navro‘z bayramini an’anaviy bayram sifatida nishonlash to‘g‘risida masalani muhokama qildik. Har jihatdan diqqat e’tibor bilan muhokama qildik, “qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarilgan”, o‘zboshimchalik bilan zararli, halqqa begona qarorlar qabul qilingan, an’analarimiz, urf-odatlarimizning asriy negizi oyoq osti qilingan o‘tmish davr saboqlarini hisobga oldik. Avvalo, odamlarning, butun xalqimizning ko‘pdan-ko‘p istak va talablarini hisobga olib, biz bu yil Navro‘zni yangichasiga, katta umumxalq bayrami sifatida tantana bilan o‘tkazish haqida qaror qabul qildik”. 1992-yil Prezident farmoni bilan Ramazon va Qurbon hayit kunlari umumxalq bayrami, deb e’lon kilindi. Xalqimiz asrlar davomida nishonlab kelgan bayramlaridan biri — «Navro‘z» umumxalq bayrami sifatida qayta tiklandi. Hali SSSR tarkibidagi O‘zbekiston SSRda xalqimizning diniy ulamolari xotirasini sharaflab, ilmiy anjumanlar o‘tkazish an’anasi boshlab yuborildi. O‘zbekiston SSR Prezidenti I.Karimov Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziyning 1200 yilligiga bag‘ishlab o‘tazilgan ilmiy anjuman (1990 yil 14 sentyabr) ishtirokchilariga yuborilgan tabrigidan qisqa keltirish o‘rinli bo‘lar edi: “O‘zbekiston hukumati mo‘minlarning istaklarini inobatga olib, musulmon dunyosining eng muqaddas yodgorliklaridan biri – Xalifa Usmon “Mushafi”ni ular ixtiyoriga qaytarib berdi. Qator tarixiy obidalar diniy tashkilotlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Yangi masjidlar ochilmoqda. Makka va Madinani ziyorat etishga borayotgan musulmonlar ko‘paydi... Davr shu kunning zarur muammolarini hal etishga intilish barobarida ona tarixning ilg‘or an’analaridan saboq olishni ham taqazo etadi. Qadimiy Movarounnahr va Xuroson farzandlarining jahon ilmu-ziyosi tarixiga zarvaraqlar ila bitilgan asarlari oz emas. Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muso Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Rudakiy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa yuzlab zotlarni jahon yaxshi biladi. Bu zakiylar silsilasida Imom-At Termiziyning aziz nomlari ham yorug‘ yulduzday charaqlab turibdi”.1 Mustaqil O‘zbekistonda ma’naviy yuksalishning bosh yo‘li deb avvalo, avlodlar merosini chuqur o‘rganish, undan faxrlanish dastlabki o‘rinlarga qo‘yildi.Markaziy Osiyo tarixida siyosiy aql-idrok bilan ma’naviy jasoratni, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni o‘zida mujassam etgan buyuk arboblar ko‘p bo‘lgan. Ularning nomlari, jaxon sivilizatsiyasi tarakqiyotiga ko‘shgan buyuk hissalari hozirgi kunda butun dunyoga ma’lum. Tarixiy tajriba, an’analarning meros bo‘lib o‘tishi — bularning barchasi yangidan-yangi avlodlarni tarbiyalaydigan qadriyatlarga aylanib qolmog‘i lozim. O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bir vaqtda ma’naviy merosimizni, madaniy qadriyatlarimizni tiklash va ularni xalqimizga etkazish borasida keng ko‘lamda faoliyat olib borilmokda. Shu borada «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazini tashkil kilish va ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan. 1994-yil 23-apreldagi va keyingi Prezident farmonlari respublikada ma’naviy va mafkuraviy ishlarni yuksaltirishda katta axamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2000-yilning 2-iyunidagi Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi yangi farmoni esa mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy isloxotlarni izchil amalga oshirish, milliy istiqol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini xalqimiz ongi va qalbiga singdirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirishga karatilgan muhim dastur bo‘ldi. O‘zbekiston birinchi rahbari I.Karimov 2008-yilda chop etilgan “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” nomli asarida ma’naviyatning mustaqil O‘zbekiston uchun ahamiyatiga shunday to‘xtalgan edi: “Biz xalqimizning dunyoda xech kimdan kam bo‘lmasligi, farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada ma’naviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi... Mana shunday qarash fikrlari umumlashtirilib, insonga xos orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarish, uning ongli hayot kechirishu uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy olamni bamisli parvoz qilayotgan qushning ikki qanrotiga qiyoslasak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi.” Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qadriyatlar, urf-odatlar, buyuk ota-bobolarimizning bizga qoldirgan meroslarini o‘rganish va targ‘ib etish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu boradagi tadbirlar mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq amalga oshirila boshlandi. Xususan, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning rivojlanishi uchun davlat tomonidan katta mablag‘lar ajratildi. O‘zbekistondagi barcha davlat teatrlari, madaniyat uylari, san’at oliy o‘kuv yurtlari, folklor-etnografik guruxlar madaniyat o‘choklariga aylanib qoldi. Teatr sahnalarida yangi zamonaviy spektakllar qo‘yila boshladi. Badiiy adabiyotda partiyaviylik, sinfiylik nuqtai nazaridan yondashishga chek qo‘yildi. Bahovuddin Naqshband, Feruz, Xo‘ja Axror, Cho‘lpon, Fitrat kabi allomalarning nomlari tiklanib, asarlari chop etidsi. 20 asrning 90-yillarida SSSRning parchalanishi va O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi bilan o‘zbek adabiyoti taraqqiyoti tarixining yangi davri boshlandi. Bu davr adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari haqida gap ketganda eng avvalo, sovet davrida qoralanib kelingan Amir Temur singari tarixiy siymolar va o‘zbek xalqining tarixiy qahramonlari haqida asar yozish imkoniyati yaratildi. O‘zbek adabiyoti milliy adabiyot sifatida kamol topa boshladi. 1991-yili buyuk alloma, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy yubileyini o‘tkazish katta voqea bo‘ldi. Bu tantanaga bag‘ishlanib respublikamizda shoirning asarlari nashrdan chikarildi. Alisher Navoiyning 550 yilligi munosabati bilan xaykalning ochilish marosimida (1991-yil 1-oktyabr) O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimov shunday niyat bildirgan edi: “O‘z tarixi va ajdodlarini siylagan xalqning kelajagi albatta porloq bo‘ladi. Ishonamizki, O‘zbekistonimiz tez orada dunyo xamdo‘stligi o‘rtasida o‘ziga munosib o‘rinni egallaydi, inshoollo. Ana o‘shanda ham Alisher Navoiyning qutlug‘ nomi bizga madadkor bo‘ladi”. O‘zbekistonning mustaqilligi natijasida badiiy ijod, tasviriy san’atga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Sharqning buyuk musavviri Kamoliddin Behzod tavalludining 540 va 550 yilligi keng nishonlandi. Rassom tavalludining 545 yilligi YUNESKO qaroriga binoan xalqaro miqyosda Toshkentda o‘tkazildi. Behzod nomidagi muzeyga asos solindi. 1994-yil Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kunining 600 yilligi keng ko‘lamda, jahon miqyosida nishonlandi. YUNESKOning Parijdagi qarorgohida yubileyga bag‘ishlangan haftalik o‘tkazildi. Mustaqillik yillarida buyuk sohibqiron Amir Temurning 660 yilligi bo‘lib o‘tdi. YUNESKO tomonidan 1996-yil «Amir Temur yili» deb e’lon qilindi. Shu yili YUNESKOning Parijdagi qarorgoxida «Temuriylar davri, fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi» mavzuida anjuman va unga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Mamlakatimizda «Temur va temuriylar» muzeyi, Amir Temur nomi berilgan bog‘lar, ko‘chalar barpo etildi. Barcha viloyatlar va shaxarlarda har yili Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiylarga bag‘ishlanib kechalar o‘tkazildi, 1999-yili mamlakatimizda Jaloliddin Manguberdining 800 yillik tavalludiga, «Alpomish» dostoni yaratilishining 1000 yilligiga bag‘ishlangan turli kechalar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. O‘zbeksitonda unga atab bir nechta haykallar o‘rnatilgan, Xorazm viloyatida Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan memorial majmua qurilgan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va bevosita ishtiroki bilan buyuk vatandoshlarimiz fiqx ilmining bilimdoni, nomi Sharq va G‘arbda mashhur bo‘lgan Abul Xasan ibn Abu Bakr ibn Abduljalil al Farg‘oniy al-Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi, Kalom ilmining asoschisi Imom Abu Mansur al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligi butun mamlakatimizda keng nishonlandi. Islom olamining allomasi Iso at-Termiziyning 1200 yilligi, Maxmud az-3amaxshariyning 920 yilligi, Najmiddin Kubroning 850 yilligi, Baxovuddin Naqshbandiyning 675 yilligi keng ko‘lamda nishonlandi. Ularning boy asarlari nashrdan chiqarildi. Ma’naviy xayotni takomillashtirish maqsadida Imom al-Buxoriyning yubileyiga bag‘ishlab, Qur’oni Karimdan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan «Al-jome’ as-saxih» (Ishonarli to‘plam), «Al-adab al-mufrad» (Adab durdonalari) o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqarildi. 1998-yili Imom al-Buxoriy tavalludining 1225 yilligi, Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi jahon miqyosida keng nishonlandi. Respublikada yubileylar munosabati bilan allomalar hayotiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar va badiiy ko‘rgazmalar ochildi. Yurtimiz hali ittifok tarkibida bo‘lgan, Kremlning hukmronlii xali kuchini yo‘kotmagan bir paytda – 1990-yil iyun oyida Respublika Prezidenti Islom Karimov «Musulmonlarning Saudiya Arabistoniga haj qilishi to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi. O‘zbekiston hukumatining xar tomonlama qo‘llab-quvvatlashi bilan 1991-yilda haj qilish baxtiga 350 kishi sazovar bo‘lgan bo‘lsa, 2001-yili xojilarning soni 3801 kishiga etdi. Jami mustaqillik yillari haj ibodatini ado etishga muvaffaq bo‘lganlarning soni 31.057 kishini tashkil qildi. “Movarounnahr” diniy boshqarmasi faoliyati respublikamiz hayotida o’z o’rnini egalladi. Din inson ruhini poklashi, odamlar o’rtasida mehr-oqibat tuyg’ularinimustahkamlashi, milliy qadriyat va an’analarni asrashga xizmat qilishi bilan jamiyat hayotida muhim o’rin tutib kelga. O’zbek yurti azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan makondir. Hozirgi kunda ko’p millatli O’zbekiston Respublikasida islom dini bilan bir qatorda o’n yettita diniy konfessiyalar yonma-yon faoliyat olib bormoqda. 1995-yili rus pravaslav cherkovi Toshkent va O’rta Osiyo eparxiyasi tashkil etilganligining 125 yilligi yubileyi, O’zbekiston yevangel-lyuteran jamoasi tashkiletilganligining 100 yilligiga bag’ishlangan “Bir osmon ostida” shiori bilan musulmon va xristian dinlari vakillari o’rtasida o’tkazilgan muloqot kata ahamiyat kasb etdi. Toshkentda 2000-yilning sentabrida YUNESKO rahnamoligida “Jahon dinlari tinchlik madaniyati yo’lida” mavzuida dinlararo muloqot, xalqaro anjuman bo’lib o’tdi. Unda AQSh, Fransiya, Rossiya, Eron, Isroil, Hindiston, Xitoy,Vatikan kabi o’ttizga yaqin mamlakat, shuningdek, xalqaro diniy muassasalar vakillari qatnashdilar. Anjumanni o’tkazish uchun aynan O’zbekiston tanlangani bejiz emas. Zero,bu o’lkadan dunyoga dong’I ketgan buyuk allamolar, islom olamida kata hurmatga ega bo’lgan buyuk zotlar yetishib chiqqan. Shuningdek, Islom konferensiyasi tashkilotining tuzilmalaridan biri bo‘lgan Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan Toshkent shahrining 2007-yilda islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi O‘zbekiston, xususan uning poytaxti islom sivilizatsiyasi tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega ekanidan yana bir dalolatdir. O‘zbekiston mustaqilligi sharofati bilan arxitektura ilgarigi cheklovlar iskanjasidan qutildi, odat bo‘lib qolgan tizginlar kesib tashlangan edi. Arxitektura ustidan o‘rnatilgan davlat monopoliyasi o‘z kuchini qisman yo‘qotdi, ayniqsa, xususiy uy-joy qurilishida yangi sifat va sur’at darajasi tez ko‘tarildi. O‘zbekiston shaharlari, ayniqsa, poytaxt Toshkent qisqa muddat ichida me’moriy jihatdan juda o‘zgarib ketdi, zamonaviy talablarga javob beradigan ko‘rkam, obod, sarishta bog‘ shahriga aylandi. Istiqlol davrining qaldirg‘och binolari qatorida Oliy Majlis, Oqsaroy qarorgohi, Toshkent hokimiyati, Turkiston saroyi, Milliy bank, Interkontinental, «Markaziy mehmonxona» kabi mehmonxonalar diqqatga sazovor. O‘zbek Milliy akademik drama teatri binosi juda ulug‘vor ko‘rinishli sifat bilann ta’mir etildi, O‘zbekiston konservatoriyasiga muhtasham yangi bino qurildi, Temuriylar muzeyi barpo etildi. O‘zbek xalqi tarixiy xotirasini tiklash yo‘lida juda muhim me’moriy tadbirlar amalga oshirildi. Ayniqsa, Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyati Xartang qishlog‘ida ulkan me’moriy majmuot (maqbara, masjid, me’moriy idora, kutubxona va oshxona) yangi loyiha asosida tiklanishi (1998) musulmon dunyosida g‘oyat minnatdorlik va katta olqish bilann kutib olindi. Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yilligi munosabati bilan Quva va Farg‘ona shaharlarida haykal va saylgoh bog‘lar barpo etildi. Samarqandda Imom Moturidiy qabri ustiga me’moriy yodgorlik tiklandi, Burhoniddin Marg‘inoniy xotirasiga bag‘ishlangan me’moriy majmuot Marg‘ilon shahrida bunyod etildi. Toshkentda qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan me’moriy muzey bog‘ tashkil qilindi, u «Shahidlar xotirasi» muqaddas ziyoratgohiga aylandi. Mustaqillik davri dramaturgiyasida o‘zbek xalqining tarixiy takdirida katta rol o‘ynagan, ammo sovet davrida qoralanib kelingan Amir Temur, Bobur, shuningdek, Ulug‘bek va Jaloliddin Manguberdi singari davlat arboblari obrazini yaratishga alohida e’tibor berildi. Yubileylari xalqaro miqyosda nishonlangan Alpomish, Ahmad al-Farg‘oniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlarga haykallar o‘rnatildi, ularga bag‘ishlangan rasmlar ijod qilindi. Nafis mo‘‘jaz rasm, xattotlik va kitob naqqoshligi qayta tiklandi. Ayniqsa, Kamoliddin Behzod yubileylari nishonlanishi, bu sohaga katta e’tibor natijasida respublikada miniatyura, naqqosh va xattotlar guruhi yuzaga keldi. H.Soliev xattotlik asarlari xalqaro miqyosda tan olindi. Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilib, T.Boltaboev, H.Nazirov, G‘.Kamolov uning birinchi sohiblari bo‘ldilar. 1999-yil Toshkentda Mirkaziy Osiyodagi birinchi Islom Universiteti ochildi. Mamlakatimizda 10 ta diniy ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent islom instituti, 9 ta o‘rta maxsus o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ikkitasi xotin-qizlar o‘quv muassasasidir. Ma’naviy sohadagi o‘zgarishlarning keng ko‘lami ayniqsa so‘nggi uch yilda yanada aniq namoyon bo‘la boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajaruvchi, Bosh Vazir Sh.Mirziyoev 2016-yil 16-oktyabrda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilishi marosimida nutq so‘zlar ekan “anjumanning “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori bizning ustivor yo‘nalishlarimizni aniq ifoda etadi” deb alohida ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston rahbari “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab avaylash, o‘rganish va avlodlardan-avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustivor yo‘nalishlaridan biridir. Yangi tahdidlar, jumladan “ommaviy madaniyat” xavfi va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotgan, odob-axloq, qadriyatlarning yo‘qolishi xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda.” deb fikr bildirdilar. 2 Diniy qadriyatlarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Diniy qadriyalardan xavfsirash emas, undan ilmu ma’rifat yo‘lida, yosh avlodlning tarbiyasi yo‘lida foydalanish o‘z natijalarini bera boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev diniy qadriyatlarga o‘ziga xos yondashuv, ya’ni xalqimiz kelajagi va yoshlarimiz tarbiyasidagi beqiyos o‘rinni teran anglash lozimligini doimo uqtirib keldi. Jumladan, “Azaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom haqiqatni anglash demokdir, u odamzodni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi”. Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishi boshlandi. Bundan maqsad – islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini, ma’rifiy islomni bolalarimiz ongiga singdirish uqtirib o‘tildi. Shu yo‘lda bizning buyuk ajdodlarimiz qanday ulug‘ ishlarni amalga oshirganliklari haqida ular ana shu maskanlarga kelib o‘zlari uchun kerakli, eng muhim bo‘lgan bilim va tasavvurlarga ega bo‘ladi. Eng asosiysi ularning qalbida boy tariximiz, madaniy merosimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi kamol topadi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlangan nutq, 2017-yil 7-dekabr). Shuningdek, Imom Termiziy nomlaridagi ilmiy tadqiqot markazlari, islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi. Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, “Jag‘olatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida kurash olib borishga imkoniyat yaratildi. Demak, Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy ilmiy markazida xadisshunoslik, Imom Motrudiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada - Marg‘iloniy markazida Islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida Tasavvuf, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy markazida Aqida ilmi maktablari tashkil etildi.3 O‘zbekistonda milliy adabiyotni va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Kitobxonlik xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilindi. Bunda yangicha, ta’sirchan uslublardan, moddiy rag‘batlashtirishdan unumli foydalanildi. Shunisi bilan quvonarliki, ilmga chanqoq millatimiz yoshlari orasidan yuzlab badiiy, tarixiy asarlarni o‘qigan, taxlil qilgan, minglab misra she’rlarni yod olib uni xalqimiz ma’naviy kamoloti yo‘lida foydalanayotgan yosh avlod shakllandi. Shoir, yozuvchi, ilm axliga bo‘lgan ehtirom hali bu sohadagi ulkan siljish bo‘ldi. Yurtboshimiz Sh.Mirziyoev bu sohadagi davlat siyosatini shunday izohlaydilar: “O‘zining noyob iste’dodi va mohoratini xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga bag‘ishlagan, inson qalbining muxandislari bo‘lgan ijodkor ziyolilar doimiy g‘amxo‘rlik masalasi bizning dasturimizda alohida o‘rin egallaydi”. Ijodiy tashkilotlar, badiiy uyushmalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy texnik bazasini, infratuzilma tarmoqlarini mustahkamlash ishlariga e’tibor yanada kuchaytirildi. Ayniqsa, madaniyat, san’at, adabiyot va matbuot olamiga kirib kelayotgan iqtisorli yoshlarni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlashtirishga, ularni uy-joy sharoitlarini yaxshilashga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Milliy bog‘ining eng so‘lim go‘shasida Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasi binosi barpo etildi. Ijodkorlar uyi qurilib, foydalanishga topshirildi. Mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning halqchilligini, insonparvarligi, ijtimoiy adolat mezonlarining muvozanati jamiyatda ayollarga munosabat, ularni qo‘llash borasidagi davlat siyosatini samarasiga bog‘liq. 2017-yilda mamlakatimiz xotin-qizlari orasida 514 nafar fan doktori, 6 nafar akademik, 15 nafar O‘zbekiston Qahramoni, 17 nafar senator, 154 nafar Qonunchilik palatasi deputati borligi, shuningdek, mahalliy kengashlar deputatlarining 23 foizidan ziyodini aynan ayollarimiz tashkil etdi. O‘nlab xotin-qizlarimiz “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga sazovor bo‘lganlar. Shular qatorida 240 nafar yosh iste’dod egalari “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Bu sohada O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlarining beminnat xizmatlarini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Misol uchun, O‘zbekiston “Olima ayollar uyushmasi” tomonidan xotin-qizlarimiz orasida ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlardan innovatsion g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish, ilmiy natijalarni chop etish, ayniqsa, yosh tadqiqotchilar o‘rtasida turli tanlovlar tashkil etish, g‘oliblarni munosib taqdirlash kabi xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 2017-yilda madaniyat, adabiyot va san’at, ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli 12 ta muhim xujjat qabul qilindi. Yurtimizdagi ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkalash maqsadida O‘zbekiston ijorkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilxom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat sa san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va boshqalar hamkorligida “Do‘stlar klublari” tashkil etildi. 2017-yil 3-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘iga tashrif chog‘ida Adiblar xiyoboni majmuasini barpo etish begilangan edi. Shu yili 18 aprelda davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, xiyobonning me’moriy-g‘oyaviy loyihasi ishlab chiqildi va Toshkent shahridagi Milliy bog‘ hududida 8 gektardan ziyod maydonda Bobur, Ogahiy, Berdaq, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Avloniy, Cho‘lpon, Qodiriy, To‘lepbergen Qayipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari atoqli namoyandalar xotirasiga bag‘ishlangan yangi yodgorlik majmualari iborat Adiblar xiyoboni barpo etildi. Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 20 dan ziyod atoqli shoir va adiblarning haykallari yaxlit me’moriy va badiiy kompozitsiya asosida yaxlit me’moriy ansambli yaratildi. Shuningdek, bu yerda Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi barpo etilgani ham hamohanglik kasb etdi. Qoraqalpog‘istonda va bir qator viloyatlarimizda ulug‘ adiblarimizning nomlari bilan atalgan ijod maktablari barpo etildi. Shuningdek, Qo‘qon shahri, Jizzax va Xorazm viloyat teatrlari qayta rekonstruksiya qilindi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali tashkil etildi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar, ma’naviy barkmollik sari yo‘l o‘ziga xos kechmoqda. Bu boradagi davlat siyosatini, zamon ruhini anglashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvdagi ma’ruzasi ahamiyatga molikdir. Mamlakatimiz rahbarining chiqishlari bu boradagi yutuqlarni e’tirof etishlari va shuning barobarida sohadagi muammolarni chuqur taxlil etilari zamirida kechdi. Zero ma’naviy taraqqiyot mamlakat va millat taraqqiyotining o‘ziga ekanligi asrlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan. Ochiq muloqot, madaniyatimiz va san’atimizning rivojlanish jarayonlarini xolisona va tanqidiy takomili, muammolar yuzasidan atroflicha fikrlashning ohangida kechgan uchrashuv ko‘plab masalalarni o‘z echimini topishga xizmat qildi. Prezidentimiz ijodkor ziyolilarga qarata: “Albatta biz xalqimizning ma’naviy kamol topishida madaniyat namoyondalarining ulkan xizmatlari borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Lekin, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib xolisona aytaylik: ijodkor ziyolilarimizning bugungi faoliyati jamiyatimizni, eng avvalo el-yurt taqdiri ulun doimo kuyunib, yonib yashaydigan, bedor qilib egalari bo‘lgan sizlarning o‘zingizni qoniqtiradimi? O‘ylaymanki, hozirgi kunda madaniyat va san’at axlida, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi etishmayotganini o‘zlaringiz ham xis qilib turibsiz”. Biz ushbu fikrlarni keltirar ekanmiz, bugungi kunda mamlakat taraqqiyotiga barcha fuqarolar birdek daxldor ekanligi, befarqlik va loqaydlik bugungi kundagi eng dolzarb odatlar ekanligi tinimsiz uqtirib borilayotgani, ijtimoiy faollik bugungi tezkor xalqaro jarayonlarda barqaror ishtirok etishning muhim omili ekanligini teran anglashimiz kerak. Yig‘ilishda bugungi kunda O‘zbekiston ulkan qurilish va bunyodkorlik makoniga aylanib borayotgan davrda adabiyot va san’at, ommaviy axborot vositalari ma’naviyatning turli jabhalari oldiga muhim vazifalar belgilandi. O‘zbekistondagi eng katta ma’naviy hodisalardan biri 1997-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” musiqali festivalidir. O‘zining betakror ruhi bilan takrorlanmas, haqiqiy san’at bayrami bo‘lmish ushbu musiqa festivalida 1997-yil 31 ta ta davlatdan 57 nafar san’atkor ishtirok etgan bo‘lsa, 2018-yilda 58 nafar davlatdan 241 nafar mohir xonanda va sozandalar ishtirok etdi. Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning bebaho merosi, engilmas sarkanda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibida “O‘zbekiston tarixi” kanali o‘z faoliyatini boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi» faxriy unvonini belgilash to‘g‘risida» 2000-yil 14-mart Farmonidagi baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash va o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotini keng targ‘ib etishdagi, o‘z ijodi va ijrochilik faoliyati bilan xalqimizni, ayniqsa yoshlarni ko‘p ming yillik madaniyatimiz sarchashmalaridan bahramand qilishdagi salmoqli hissalari hamda Vatan istiqloli va shon-sharafini ulug‘lash yo‘lida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini rag‘batlantirishning maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis etildi.4 Shuningdek, 2019-yil 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida xalqaro baxshichilik san’ati festivali o‘tkazildi. Termiz shahrida baxshilar maktabi yangidan tashkil etildi. Respublikasiz bolalar musiqa va san’at maktablarida yuzlab yoshlarimiz folklor san’atini o‘rganmoqdalar. O‘zbekistonda 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” nashr etilmoqda. Yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur 5 tashabbus keng jamoatchilik tomonidan, ayniqsa, yoshlarimiz katta qiziqish bilan kutib oldi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 5 ta muhim tashabbusning har bir yo‘nalishi ma’lum bir sohani o‘z ichiga qamrab oladi. Download 46.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling