10-mavzu: sug’urta reja: Sug’urta haqida tushuncha va uning o’ziga xususiyatlari
Qayta sug’urta qilishning mohiyati va turlari
Download 169.01 Kb.
|
SUG’URTA
4. Qayta sug’urta qilishning mohiyati va turlari
Qayta sug’urtalash tarixi sug’urtadan ancha keyin boshlangan, chunki qayta sug’urtalash, ta’bir joiz bo’lsa, sug’urtalovchilarni sug’urtalashdir. O‘rta asrlar oxirida dengiz yuklarini sug’urtalashning rivojlanishi bilan sug’urtalovchilarning qayta sug’urtaga bo’lgan ehtiyojlari orta boshladi. Birinchi yuridik ahamiyatga ega bo’lgan qayta sug’urtalash shartnomasi Genuyada 1370-yili ikki savdogar orasida tuzilgan4. shartnoma Genuyadan Bryuggega dengiz orqali jo’natilgan sug’urta obyektini qayta sug’urtalashdan iborat edi. Yevropada XIX asrda sanoat rivojlanishi bilan qayta sug’urtalashga bo’lgan ehtiyojni faqat etarli moliyaviy resurslari va chet el mamlakatlarida sho’’ba korxonalari mavjud bo’lgan sug’urtalovchilar qondirish qobiliyatiga ega bo’lgan. Keyinchalik fakultativ qayta sug’urtalash shartnomalari, risklarni to’liq yoki qisman qoplash shartnomasi ishlab chiqildi va joriy etildi. Bunday shartnoma birinchi bo’lib 1821-yilda tuzilgan. Qayta sug’urta operatsiyalari XIX asrning o’rtalarida alohida tadbirkorlik turiga aylandi. 1846-yilda Keln qayta sug’urta jamiyati tashkil etildi. Dastlab, qayta sug’urta sug’urtalovchining sug’urta shartnomalari bo’yicha javobgarligida ishtirok etishdan iborat bo’lgan bo’lsa, o’tgan davrlar mobaynida u tavakkalchilikni ikkilamchi taqsimlovchi kuchli mexanizmga aylandi va keng miqyosdagi turlarga hamda shakllarga ega bo’ldi. Qayta sug’urta sug’urta faoliyatini va sug’urta operatsiyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlovchi zaruriy mexanizm hisoblanadi. Ma’lumki, sug’urta ehtimollar nazariyasiga asoslangandir. Ko’p hollarda sug’urta tashkilotlari to’laqonli muvozanatlashgan risklar portfelini yaratish imkoniyatiga ega bo’lmaydi. Bunga sabab sug’urtalangan obyektlar miqdori ko’p emas yoki portfel tarkibida katta yoki xavfli risklar joylashganligidir. Bundan tashqari amaliyotdan ma’lumki, har qanday sug’urta tashkiloti, hatto risklarni sug’urtaga qabul qilishda ularni yaxshi o’rganib chiqqan taqdirda ham, odatda sug’urta shartlari turli xatarlarni qoplaganligi uchun, sug’urtalangan obyektlarga suv toshqini, bo’ron, zilzila kabi tabiiy ofatlar va yong’in natijasida birdaniga zarar etishi mumkin. Sug’urtalovchining mablag’lari va hatto barcha aktivlari uning sug’urtalanuvchi oldida portfel bo’yicha javobgarligining uncha katta qismini tashkil etmaydi, lekin yuqoridagi ko’rsatilgan ofatlar esa uning moliyaviy holatiga katta ta’sir ko’rsatish bilan birga, hatto inqirozga yuz tutishiga olib kelishi mumkin. Sug’urtaga qabul qilingan risklar bo’yicha sug’urta summasini tenglashtirish va sug’urta portfeli muvozanatini ta’minlash, sug’urtalovchining moliyaviy imkoniyatlariga asoslanib, sug’urta summalari bo’yicha javobgarliklarni to’g’ri taqsimlashda va sug’urta operatsiyalarini moliyaviy mustahkamligini va rentabelligini ta’minlash maqsadida qayta sug’urta tizimi tashkil etilganligini ta’kidlash kerak. Qayta sug’urtalash orqali sug’urtalovchi o’zining faoliyatiga xavf soladigan quyidagi 3 ta riskning oldini oladi: i. tasodifan yuzaga keladigan zararlar xavfi: sug’urta hodisasi ro’y berishining aniqligi; tabiiy ofat natijasida juda ko’p polislar bo’yicha bitta riskdan sug’urtalovchi majburiyatlarining yuzaga kelishi. ii. davr xavfi: pulning qadrsizlanishi natijasida sug’urtalovchi to’plagan sug’urta mukofotlarining sug’urta qoplamasini to’lashga yetmasligi; texnologiyaning taraqqiy etishi natijasida belgilangan sug’urta stavkasi va sug’urta shartlarining olingan majburiyatga to’g’ri kelmasligi. iii. xatolik xavfi: sug’urta ta’riflarini noto’g’ri hisoblash (statistika axborotlarini noto’g’ri talqin qilish). Har bir sug’urta tashkilotining maqsadi mana shu risklarning oldini olish va qayta sug’urtalash imkoniyatlaridan to’g’ri foydalanish hisoblanadi. Qayta sug’urtalashning iqtisodiy mohiyati sug’urta tashkilotlari tasarrufida dastlabki tashkil etilgan jamg’armani qayta taqsimlashdir, ya’ni bevosita sug’urtada sug’urtalovchi sug’urta mukofotlari hisobidan jamg’arma tashkil qiladi. Qayta sug’urtalashda esa yangi jamg’arma tashkil etilmasdan, sug’urta korxonalari tashkil etgan jamg’armani yo’naltirish va qayta taqsimlash bilan jamg’arma tashkil etiladi. Risklarning va jamg’armalarning ikkilamchi taqsimlanishi, ya’ni qayta sug’urtalash sug’urtanuvchiga ma’lum bo’lmasligi mumkin. Bunday qayta taqsimlanish ikkinchi darajali bo’lib, bu jarayon sug’urtalovchi va qayta sug’urtalovchi o’rtasida ro’y beradi. Bunday fikrlarni Kristofer Pfayffer5, Shaxov V.V6, Folkner Xenke7, U. Konkelar8 o’zlarining ilmiy ishlarida ko’rsatib o’tganlar. Jamg’armalarning qayta taqsimlanishi sug’urta tashkilotlari uchun yangi sug’urta turlarini yaratish va rivojlantirishga hamda sug’urta operatsiyalarini kengaytirishga sharoit yaratadi. Mutaxassislar sug’urta bozorini tahlil qilib, uni bevosita sug’urta bozori va qayta sug’urta bozoriga ajratishadi. Bevosita sug’urta bozori – bu sug’urta tashkilotlari bilan ularning mijozlari o’rtasida yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlardir. Biroq, bitta sug’urta tashkiloti har doim ham sug’urtalanuvchiga ishonarli sug’urta himoyasini ta’minlab bera olmaydi, ayniqsa agar gap sug’urta qiymati va xavfi katta bo’lgan obyektlar haqida ketganda. Shuning uchun ham sug’urta tashkilotlari muvozanatlashgan sug’urta portfelini yaratish, moliyaviy barqarorligini oshirish va zimmasiga olgan majburiyatlarni to’liq bajarish uchun qayta sug’urtalash bozori xizmatlariga murojaat etadi. Har bir sug’urta tashkilotining mijozi shuni bilishi kerakki, uning oldida sug’urta qoplamasini to’lashda, u bilan shartnoma tuzgan sug’urta tashkiloti javobgar bo’ladi. Zero O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 959moddasida ko’rsatilgandek: “Qayta sug’urtalashda sug’urta tovoni yoki sug’urta pulini to’lash uchun asosiy sug’urta shartnoma bo’yicha sug’urtalovchi javobgar bo’lib qolaveradi”. Bundan ko’rinib turibdiki, qayta sug’urtalovchi sug’urtalovchiga, faqat, ulushi miqdorida zararni qoplashga kafolat beradi va sug’urtalanuvchi bilan munosabatda bo’lmaydi. Ba’zan, sug’urta tashkiloti reklama sifatida sug’urta qildiruvchiga risklari mashhur va ishonchli qayta sug’urta tashkilotlarida sug’urtalashini ma’lum qiladi. Lekin, bu holat sug’urta tashkilotiga sug’urta qoplamasini to’lab bera olmaganda, qayta sug’urtalovchidan to’g’ridan-to’g’ri qoplamasini talab qilish huquqini bermaydi. Qayta sug’urta operatsiyalari faoliyati faqat qayta sug’urtalashga ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkilotlari yoki bevosita o’rnatilgan talablarga javob beradigan sug’urta tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda sug’urta tashkilotlari ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkilotlari xizmatidan foydalanadi. Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi sug’urta bozorida ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkilotlari tashkil etilmagan. Hozirda O‘zbekistonda qayta sug’urtalash ishlari, bevosita, belgilangan tartibda sug’urta tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Qayta sug’urta, so’zsiz, sug’urta tizimida muhim ahamiyatga ega. Sug’urtalanuvchi nuqtai nazaridan, sug’urtalovchining qayta sug’urtalashda ishtirok etishi yuqori sifatli sug’urta xizmatlarini taqdim etishga, zararlarni o’z vaqtida va to’liq qoplashga ko’mak beradi. U sug’urtalovchining ishonchlilik darajasini oshiradi va shu bilan birga mijoz bilan o’zaro munosabatlarini samarali bo’lishini ta’minlaydi. Sug’urta sug’urtalashga riskni qabul qilish bilan bog’liq iqtisodiy munosabatlar tizimi (risklarni birlamchi joylashtirish). Sug’urtalovchi muvozanatlashgan sug’urta portfelini yaratish va sug’urta operatsiyalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilib olingan riskning bir qismini o’zaro kelishilgan holda boshqa sug’urtalovchiga berishi (riskni ikkilamchi joylashtirish) mumkin. Qayta sug’urta aktiv (riskni berish) va passiv (riskni qabul qilib olish) ko’rinishga ega. Bundan tashqari, qayta sug’urta nisbiy va nonisbiy shaklda bo’ladi. Ayrim holatlarda, qayta sug’urta operatsiyalari qayta sug’urta brokeri - ikkita tomon, ya’ni sug’urta tashkiloti va qayta sug’urta tashkiloti o’rtasida vositachilik qiluvchi shaxslar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Qayta sug’urta munosabatlarining uzoq rivojlanish davomida uning yangi shakl va turlari paydo bo’ldi. Eng qadimiy qayta sug’urta shartnomasi shakllaridan biri fakultativ qayta sug’urta shartnomasidir. Fakultativ qayta sug’urtalashda sug’urtalovchi riskni, xohlasa qayta sug’urtalashga beradi, xohlasa o’zida olib qoladi va mos ravishda qayta sug’urtalovchi xohlasa riskni o’ziga oladi, xohlasa olmaydi9. Obligatorli qayta sug’urtalash bir martalik qayta sug’urtalashdan farqli, unda tomonlarning munosabatlari mustahkamlanadi. Obligatorli qayta sug’urtalashning asosiy jihati ekstsedent qayta sug’urtalash va ulush xajmini aniqlash bilan bog’liq. Obligatorli qayta sug’urtalash shartnomasiga asosan sug’urta tashkiloti o’ziga qabul qilgan riskni qayta sug’urtalash shartnomasiga asosan qayta sug’urta tashkilotiga berishi shart, o’z navbatida qayta sug’urtalovchi bu riskni qabul qilishi shart. Obligatorli qayta sug’urtalashda sug’urta tashkilotining sug’urta mukofotlarini, sug’urta tariflarini, sug’urta xodisalarini oldini olish va sug’urta qoplamalarini to’lash huquqi o’zida qoladi. Lekin, ularning hammasi sug’urtalovchining va qayta sug’urtalovchining manfaatlarini ko’zda tutgan holda bo’lishi kerak. Obligatorli qayta sug’urta shartnomasi bo’yicha qayta sug’urta to’lovlarining hammasi sug’urta mukofotidan foizlar hisobida to’lanadi. Obligatorli qayta sug’urtalash shartnomasi noaniq muddatga tuzilib ikki tomonning roziligi bilan bekor qilinishi mumkin. Bunday shartnoma sug’urta tashkiloti uchun foydalidir, chunki bunda hamma qabul qilingan risklar qayta sug’urta himoyasiga ega. Obligatorli qayta sug’urta fakultativ qayta sug’urtadan farqli, u sug’urta portfelining katta qismini o’z ichiga oladi. Obligatorli qayta sug’urta shartnomasi fakultativ qayta sug’urta shartnomasidan ancha arzonroq. Shuning hisobiga xalqaro qayta sug’urta bozorida ushbu qayta sug’urta turi katta salmoqni tashkil etadi. Obligatorli qayta sug’urtadan farqli, fakultativ qayta sug’urtada qayta sug’urtalovchi o’ziga qabul qilayotgan risk haqida to’liq ma’lumotga ega bo’ladi. Ushbu shartnoma bo’yicha bir martalik bitimlar amalga oshiriladi. Fakultativ qayta sug’urta shartnomasi tomonlarga to’liq erkinlik beradi. Sug’urta tashkilotining qayta sug’urtalovchiga fakultativ qayta sug’urtalash bo’yicha berayotgan taklifida risk haqida quyidagi ma’lumotlar ko’rsatilishi kerak: sug’urta tashkilotining nomi va manzili; qayta sug’urta turi: proportsional yoki noproportsional; riskning joylashgan joyi; sug’urta manfaati; shartlar-sug’urtalangan xavflar (qaysi risklardan sug’urtalanadi va qaysilaridan sug’urtalanmaydi (istisnolar) to’liq ko’rsatiladi); umumiy sug’urta summasi, qoplamaning qaysi valyutada to’lanishi, stavkalar; franshiza; qayta sug’urtalovchiga mukofot, qayta sug’urta komissiyasi va boshqa xarajatlar; fakultativ qayta sug’urtaning boshlanishi va tugash sanasi; taklif qilingan ulush; zararning oldini olish imkoniyati va choralari; ekspert xulosasi; bevosita sug’urtadagi sug’urtalovchining ulushi. Odatda fakultativ qayta sug’urtalash jarayoni sekin kechadi, chunki qayta sug’urtalovchi riskni obdon o’rganguncha bir muncha vaqt ketadi. Qayta sug’urtalovchi riskni o’rganib bo’lib, sug’urta tashkilotiga o’zi qabul qila oladigan ulush miqdorini aytadi. Yirik qayta sug’urtalovchilar o’zlarining fakultativ qayta sug’urtalash bo’linmalariga ega. Fakultativ qayta sug’urtalashda qayta sug’urtalovchining vazifasi bevosita sug’urta tashkilotining imkoniyatini kengaytirish bilan cheklanib qolmasdan, balki riskni baholash, sug’urta shartnomalari shartlarini belgilash, zararni oldini olish va ushbu masalalar bo’yicha maslahat berishdan ham iborat. Fakultativ qayta sug’urta sug’urtalovchi va qayta sug’urtalovchiga ko’p qulayliklar yaratishi bilan birga kamchiliklarga ham ega. Fakultativ qayta sug’urtaning asosiy kamchiliklari quyidagilardan iborat: qayta sug’urtaga berilayotgan risk bo’yicha ma’muriy ishlar hajmining ko’pligi; riskni joylashtirishda sug’urtalovchining har bir qayta sug’urtalovchi bilan aloqada bo’lishiga ketadigan ko’p vaqt; sug’urtalovchi sug’urtalanuvchidan birdaniga uning moliyaviy imkoniyatlaridan katta riskni qabul qila olmaydi; fakultativ qayta sug’urtalovchi tomonidan o’rnatiladigan komission haq nisbatan kamroq bo’ladi. Yuqoridagi sanab o’tilgan kamchiliklarga qaramasdan fakultativ qayta sug’urta quyidagi sabablarga ko’ra amalda qo’llaniladi: oddiy sug’urta shartnomalariga to’g’ri kelmaydigan maxsus risklarni qayta sug’urtalashda; obligatorli qayta sug’urtalash shartnomasida qayta sug’urtalash limitidan oshgan summani qayta sug’urtalashda; shartnoma bo’yicha risklarning zarar xavfi juda yuqori bo’lganda va qayta sug’urtalovchining javobgarligini cheklashda; bozorning boshqa sug’urta tashkilotlari band etgan segmentida sug’urta tashkilotining teng ishtirok etishi. sug’urta qildiruvchi faoliyatining yangi yo’nalishlarini sug’urtalayotganda sug’urtalovchining moliyaviy imkoniyatlarni oshirishda; sug’urtalovchiga sug’urtaga qabul qilish amaliyotini baholashda; alohida ahamiyatga ega bo’lgan risklarni sug’urtalashda qayta sug’urtalovchining tajriba va salohiyatidan foydalanish. Qayta sug’urta qilish operatsiyalari nisbiy va nonisbiy shaklda amalga oshiriladi. Nonisbiy qayta sug’urta qilishga nisbatan nisbiy qayta sug’urtalash ancha ilgari paydo bo’lgan. Shu nuqtai nazardan qaraganda nisbiy qayta sug’urtalashni, ba’zan, an’anaviy qayta sug’urtalash ham deb atash qabul qilingan. Nisbiy qayta sug’urta qilishning asosiy mohiyati shundaki, qayta sug’urta tashkilotining riskni taqsimlashdagi ulushi sug’urta tashkiloti aniqlagan nisbat asosida oldindan aniqlanadi. Ushbu nisbatga qarab, qayta sug’urtalash mukofotining va sug’urta tashkilotining tegishli ulushi aniqlanadi. Nisbiy qayta sug’urta qilishning prinsipi “qayta sug’urtalovchi sug’urta tashkilotining riskini bo’ladi”, degan fikrdan iborat. Qayta sug’urta shartnomasining asosiy shartlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 959-moddasida o’z ifodasini topgan. Xususan, unda qayd etilishicha “sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalovchi o’z zimmasiga olgan sug’urta tovonini yoki sug’urta pulini to’lash xavfi uning tomonidan to’liq yoki qisman boshqa sug’urtalovchida (sug’urtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sug’urta qilish shartnomasi bo’yicha sug’urtalanishi mumkin10”. Qayta sug’urta qilish shartnomasini tuzgan sug’urta shartnomasi (asosiy shartnoma) bo’yicha sug’urtalovchi keyingi shartnomada sug’urta qildiruvchi hisoblanadi. Qayta sug’urta qilishda sug’urta tovonini yoki sug’urta pulini to’lash uchun asosiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urta qildiruvchi oldida ushbu shartnoma bo’yicha sug’urtalovchi javobgar bo’lib qolaveradi. Biroq asosiy sug’urta shartnomasi bo’yicha sug’urtalanuvchi hisoblangan sug’urta tashkiloti sug’urta hodisasi yuz berishidan oldin tugatilgan taqdirda, uning ushbu shartnoma bo’yicha huquq va majburiyatlarining qayta sug’urta qilingan qismi qayta sug’urta qilish shartnomasi bo’yicha sug’urtalovchiga o’tadi. Ikki yoki bir nechta qayta sug’urta qilish shartnomalarini ketma-ket tuzishga yo’l qo’yiladi. Bunday shartnomalarning har biri keyingi qayta sug’urta qilish shartnomasiga nisbatan asosiy sug’urta shartnomasi deb hisoblanadi. Xalqaro amaliyotda sug’urta tashkilotlari va ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkilotlari o’rtasida vositachilik faoliyatini amalga oshiruvchi qayta sug’urta brokerlari muhim rol o’ynaydi. Shuni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonunida qayta sug’urta brokeri tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “O‘z nomidan va qayta sug’urta qilish shartnomasi bo’yicha sug’urta qildiruvchi tariqasida ishtirok etuvchi sug’urtalovchining topshirig’iga binoan qayta sug’urta qilish shartnomasi tuzilishini va ijro etilishini tashkil qilish bo’yicha faoliyat yurituvchi yuridik shaxs qayta sug’urta brokeri hisoblanadi”11. Biroq, 2019-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasida birorta ham qayta sug’urta bilan shug’ullanadigan brokerlik idoralari tashkil etilmagan. Holbuki, xalqaro qayta sug’urta bozorlarida qayta sug’urta brokerlarining faoliyati keng taraqqiy etganligini inobatga olsak, bunday tashkilotlarning keyinchalik milliy sug’urta bozorimizda tashkil etilishiga shubha qilmasa ham bo’ladi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2007-yil 15-sentyabrda amalda bo’lgan “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonuniga qo’shimcha va o’zgartirishlar, shu jumladan yangi 81 modda kiritilgan. Bu moddada sug’urta hamda qayta sug’urta brokerlarining huquq va majburiyatlari yoritilgan. Quyida sug’urta hamda qayta sug’urta brokerlarining huquq va majburiyatlarini keltirib o’tamiz: Sug’urta va qayta sug’urta brokerlari quyidagi huquqlarga ega: sug’urtaning (qayta sug’urta qilishning) har qanday turi bo’yicha vakolatlar doirasida vositachilik faoliyatini amalga oshirish; sug’urta (qayta sug’urta qilish) shartnomasi tuzilgan taqdirda, sug’urtalovchini (qayta sug’urtalovchini) tanlash; sug’urtalovchidan litsenziyaning mavjudligi, ustav fondining miqdorlari, sug’urta zaxiralari va qabul qilingan majburiyatlar to’g’risida, shuningdek sug’urtalovchining to’lovga qobiliyatliligi va moliyaviy barqarorligiga doir boshqa ko’rsatkichlar haqida ma’lumotlar olish; ekspert va maslahat xizmatlari ko’rsatish. Sug’urta va qayta sug’urta brokerlari qonun hujjatlariga hamda o’zlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishlari mumkin. Sug’urta va qayta sug’urta brokerlari: sug’urta faoliyati to’g’risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi; sug’urta shartnomasini tuzish va ijro etish bo’yicha to’liq, ishonchli hamda xolisona axborotni mijozlarning so’rovlariga ko’ra taqdim etishi; mijozning tijorat sirini va boshqa sirini tashkil etadigan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi shart. Sug’urta va qayta sug’urta brokerlarining zimmasida qonun hujjatlariga hamda o’zlari tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo’lishi mumkin. Qayta sug’urta qilish shartnomalari bir tomondan sug’urta tashkilotlari o’rtasida o’zaro tuzilishi yoki ikkinchi tomondan, sug’urta tashkiloti va ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkiloti o’rtasida tuzilishi mumkin. Dastlab, sug’urta tashkiloti o’zining moliyaviy qobiliyatini mustahkamlash maqsadida qabul qilib olingan riskning bir qismini boshqa sug’urta tashkilotida yoki ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkilotida sug’urtalash to’g’risida qaror qabul qiladi. Ushbu qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida sug’urtalovchi ixtisoslashgan qayta sug’urta tashkilotiga murojaat qiladi. Agar qayta sug’urta tashkiloti riskni qayta sug’urta qilishga rozilik bildirsa, ular o’rtasida qayta sug’urtalash shartnomasi tuziladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shartnoma shartlarida, unda ishtirok etuvchi tomonlarning huquqlari va majburiyatlari, olingan majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan javobgarlik, shartnomani kuchga kirishi, amal qilish va bekor etilishi qoidalari mujassam bo’lishi kerak. Shuningdek, shartnomada qayta sug’urtalash mukofoti miqdori va javobgarlik hajmi ko’rsatilishi zarur. Qayta sug’urta qilish shartnomalari ba’zi o’ziga xos belgilariga ega bo’lib, ushbu holat uni boshqa turdagi shartnomalardan farqlaydi. Shuning uchun ham qayta sug’urta sohasini nazariy jihatdan qaysi sug’urta tarmog’iga kiritish yoxud uni mustaqil sug’urta sohasi sifatida qarash ancha bahs munozarani talab qiladi. Agar sug’urta hodisasi ruy bersa, bu haqda sug’urta korxonasi qayta sug’urta korxonasiga darhol xabar qilishi kerak. O‘z navbatida, qayta sug’urta korxonasi shartnomada ko’zda tutilgan qoplamani to’lashi shart. Qayta sug’urta korxonasi shartnoma buyicha o’z majburiyatlarini to’la-tukis bajarsa, u holda shartnoma bajarilgan hisoblanadi. 1 Ермасов С.В., Ермасов Н.Б. Страхование: Учебное пособие для вузов. – М.: ЮНИТИ-ДАНА, 2004. – 5 с. 59 O‘zbekiston Respublikasining “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonuni.// Xalq so’zi, 2002-yil, 28-may. 2 O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 28-maydagi “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonuni (qo’shimcha va o’zgarishlar bilan birga). 3 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 31-maydagi “Sug’urtachilarning moliyaviy barqarorligini yanada oshirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” PQ-1544-son Qaroriga ilova. 4 Кристофор П.: “Введение в перестрахование”. “Аникл”, 2002. -14 б. 5 Кристофор Пфайффер “Введение в перестрахование” Анкил 2002. 3 б. 6 Шахов В.В. “Введение в страхование”. Москва, Финанси и Статистика 1992. 150 б. 7 Фолкнер Хенке “Вопросу надзора над перестраховочними предприятиями” ИНРЕ 1996, №3. 14 б. 8 У.Кноке “Основние аспекти надзора за деятелностно перестраховочних компании” ИНРЕ 1996, №2 17б. 9 Гомелля В. Рубин Ю. “Страховой портфел”. Москва 1994. 347 б. 10 O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. – T.: Adolat, 2002. 11 O‘zbekiston Respublikasining “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonuniga qo’shimcha va o’zgarishlar kiritish to’g’risida. – Xalq so’zi, 2007-yil 15- sentyabr. Download 169.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling