104-guruh uchun jahon tarixidan yakuniy savollariga javoblar. Ilk va qadimgi podsholiklar davrida misr
Download 188,27 Kb.
|
JAHON TARIXIDAN YAKUNIY JAVOBLARI (H.X)
14. ORIYLARGACH BO`LGAN HINDISTON. XIX asrning 50-yillarida ingliz generali, ishqiboz arxeolog A. Kanningem Hindistonda arxeologik qazishmalarga boshchilik qildi. U hozirgi Pokistondagi Xarappada qadimgi shaharcha qoldiqlarini ko‘zdan kechirayotganda, noma’lum yozuvlar bitilgan muhrni topdi. Rejali arxeologik qazishmalar XX asrning 20-yillarida boshlandi. Hind daryosi vodiysidan Xarappa va Moxenjo-Daro (sinxi tilida «o‘liklar tepaligi») shaharlari qoldiqlari ochildi. Bu mil.avv. III–II ming yilliklarga oid fanda noma’lum bo‘lgan sivilizatsiya edi. Bu keyinchalik Hindistonda oriylargacha mavjud bo‘lgan Xarappa sivilizatsiyasi deb nomlandi. Janubiy Osiyoda eng qadimgi bo‘lgan hind sivilizatsiyasi Hind daryosi vodiysida (hozir asosan Pokiston hududi; taxminan, mil.avv. XXIII–XVII asrlar) paydo bo‘lib, qadimgi Sharq sivilizatsiyalarining yuzaga kelishiga ko‘ra, xronologiya bo‘yicha uchinchisi hisoblanadi. Hind daryosining g‘arbida neolit davrida (mil.avv. VII–VI ming yilliklar) aholi dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlaydi. Vodiyda paxsa uyli kichik qo‘rg‘onlar paydo bo‘ladi. Hind arxeologi Rakxaldas Banerji 1922-yilda Hind daryosi yaqinidan qadimgi shahar xarobasini ochdi. Shahar qoldig‘i tepalik nomi bilan Moxenjo-Daro («o‘liklar tepaligi») deb ataldi. Shu yili boshqa hind arxeologi Ray Bahodir Dayaram Saxniy G‘arbiy Panjobda Xarappa shahri xarobalarini ochdi. Keyinchalik Chanxo-Daro va Kalibangan shahar qoldiqlari qazib ochiladi. Hozirgi vaqtda hind vodiysi havzasida hind sivilizatsiyasining bir necha yuz qo‘rg‘onlari ochilgan. Hindiston sivilizatsiyasining qo‘rg‘onlarini G.Majumdara, E.Makkey, D. Marshall va M.Vilerlar ilmiy tadqiq qildilar. Natijada bu madaniyatning yuqori darajada rivojlangani to‘g‘risida yetarli arxeologik dalillar to‘plangan. Hind sivilizatsiyasining shahar-qishloqlari ulkan hududga sochilib ketgan: shimoldan janubga 1100 km va g‘arbdan sharqqa 1600 km. Olimlarning hisobiga ko‘ra, eng katta shaharlarda 100 minggacha odamlar yashagan. Shaharlar savdo-hunarmandchilik markazi, ma’muriy hokimiyat turadigan joy bo‘lgan. Aholining ko‘pchiligini tashkil qilgan dehqon, chorvadorlar qishloq joylari da jamoa bo‘lib yashaganlar. Xarappa sivilizatsiyasining xronologiyasi mil.avv. 2500/2300 – mil.avv. 1800/1700-yillar deb ko‘rsatiladi. Xarappa sivilizatsiyasida shaharsozlik qurilish madaniyati yuqori darajada bo‘lgan. Shaharlar qurilishi qat’iy rejalashtirish asosida amalga oshirilgan. Ulkan me’moriy inshootlar, yozuv, o‘lchov va og‘irlik o‘lchovlari tizimi va san’at asarlarini mavjudligi bu davrda davlat va jamiyat tartib-qoidalari rivojlanganligidan dalolat beradi. Asosiy markazlar qazib ochilganda, ular har tomonlama puxta tuzilgan reja asosida qurilgani ko‘rinadi: ko‘chalar bir-biri bilan parallel bo‘lgan, to‘g‘ri burchakda biri ikkinchisi bilan kesishgan, bosh ko‘chalar ancha keng – 10 m gacha bo‘lgan. Misol uchun, Moxenjo-Daro shahri bir necha o‘n ming kishi yashaydigan 2 kv. km maydondan iborat bo‘lgan. Uylar 2 qavatli, kanalizatsiyaga ega. Barcha yirik shaharlar ikki qismdan iborat bo‘lgan: shahar ustida ko‘tarilgan qal’a va «quyi shahar».Moxenjo-Daro va Xarappadan katta miqdorda jez va mis buyumlar, jumladan, boltalarning bir necha turlari, turli shakldagi pichoqlar, tig‘lar va tarozi topilgan. Qilich, xanjar, nayza va kamonlarning metall uchlari quyma va toblab yasalgan. Topilmalar ichida jez va mis oynalar ham mavjud. Oltin, kumush, mis va jezdan bilaguzuklar, uzuk va baldoqlar nihoyatda nafis tayyorlangan. Tosh asosiy xomashyo bo‘lib, toshdan yorg‘ichoqlar, bo‘yoqlarni eritadigan idishlar tayyorlangan. Tarozi toshlari slans, kvarsit, ohaktosh, yashma va alebastrdan yasalgan. Shimoliy-G‘arbiy Hindistonda kulolchilik san’ati yuqori darajada rivojlanib, tasvirli va tasvirsiz sopol buyumlar tayyorlangan. Naqshli sopol idishlar kulolchilik charxida tayyorlanib, tiniq bo‘lmagan qizil rang bilan qoplanib, keyin unga qora tasvir tushirilgan. Loydan yasalgan suv quvurlar, loy g‘ildiraklar, urchuq qismlari, loy bilaguzuk, siyohdon, o‘yinchoqlar va shamdonlar topilgan. Arxeologik qazishmalar natijasida topilgan tasvirlar va suyaklarga ko‘ra, hind sivilizatsiyasida dehqonchilik va chorvachilik yaxshi rivoj topgan. Tur, zebu, kalta shoxli ho‘kiz, buyvol, echki va it boqilgan. Fil qo‘lga o‘rgatilgan. Tovuq va tovus kabi parrandalar bo‘lgan. Bug‘doy, tariq va paxta ekilgan. Ovchilik, termachilik, baliqchilik bilan shug‘ullanganlar. Ho‘kiz qo‘shilgan aravalar transport vositasi sifatida xizmat qilgan. Moddiy madaniyat va san’at yodgorliklari asosida hind vodiysi aholisining diniy tasavvurlari to‘g‘risida tushuncha hosil qilish mumkin. Muhrlardagi tasvirlar bu yerda yashagan aholi daraxtlar, hayvonlar, osmon jismlariga e’tiqod qilganidan guvohlik beradi. Ona ma’buda haykalchasi dinning dehqonchilik xususiyatini ko‘rsatadi. To‘rt hayvon qurshovida Iog holatida turgan erkak ma’bud dunyoning to‘rt tomoni hukmdori deb qaraladi. Mil.avv. XVIII asr oxirida Xarappa madaniyati asta-sekin halokatga yuz tutadi. Hind sivilizatsiyasining siyosiy va ijtimoiy tizimi to‘g‘risida faqat umumiy tasavvur qilish mumkin. Qal’a va shaharlar reja asosida qurilishi davlat hokimiyati mavjudligidan darak beradi. G‘alla ombori va ishchilar uchun xonalar mavjudligi bu hududning aynan Mesopotamiyadagi ibodatxona, davlat xo‘jaligi bilan o‘xshashligini ko‘rsatadi. Ishlab chiqarish taraqqiyoti darajasi, shaharlar va yozuvning mavjudligi, uy-joy inshootlari hajmlarining katta-kichikligi aholi o‘rtasida ijtimoiy tengsizlikdan dalolat beradi. Qadimgi hind sivilizatsiyasining halokati turli hududlarda turli xil bo‘lgan. Ba’zi joylarda iqlimning o‘zgarishi, boshqasida turli epidemiyalar yoki tektonik o‘zgarishlar sivilizatsiya halokatiga olib kelgan. Antropologlarning XX asrning 70-yillaridagi suyak qoldiqlarini yangi uslub asosida tekshirishlari natijasida shahar-qishloqlar aholisining o‘limi sababi bezgak (malyariya) ekanligi aniqlandi. Bu halokat oriy qabilalarining Hindistonga kelishidan bir necha asr oldin yuz bergan.
Download 188,27 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling