11-mavzu. Qang‘ va Davon davlatlarining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti. (2 soat) Reja
Download 365.03 Kb. Pdf ko'rish
|
1 2
- Bu sahifa navigatsiya:
- Qang‘ davlatining tashkil topishi, uning hududlari, aholisi va etnik tarkibi
11-mavzu. Qang‘ va Davon davlatlarining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti. (2 soat) Reja. 1. Qang‘ konfederasiyasining tashkil topishi. 2. Qang‘ davlatining siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti. 3. Davan podsholigining tashkil topishi, uning chegaraviy hududlari. 4. Davan aholisining turmush tarzi, xo‘jaligi va madaniyati. 5. Xitoy manbalarida Qang‘ va Davon podsholigi. Qang‘ davlatining tashkil topishi, uning hududlari, aholisi va etnik tarkibi Antik davr O‘zbekiston hududlarida taraqqiy etgan davlatlardan biri – Qang‘ davlatidir. Qadimgi Xitoy manbalarida Qang‘ davlati mavjud bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar mil.avv. III asr oxiri – II asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Ammo, Qang‘ davlati va qang‘arlar tarixining mashhur bilimdoni K. Sh. Shoniyozovning fikricha, bu davlat mil. avv III asrning boshlarida paydo bo‘ladi. Keyinroq esa, Yunon- Baqtriya davlati va qo‘shni ko‘chmanchi kabilalar bilan bo‘lgan kurashlar natijasida Qang‘ davlati yanada mustahkamlanadi hamda manbalarda O‘rta Osiyodagi yirik davlatlardan biri sifatida tilga olinadi. Dalvtning nomi “qang‘”, “qang‘ar”, “qang‘uy” deb nomlanuvchi kabilaning nomidan olingan bo‘lib, etimologiyasi munozarali hisoblanadi. Qang‘ davlati asosini tashkil etgan kabilalar Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida istiqomat qilganlar. Davlat tashkil topgan dastlabki davrda uning hududiy asosini Toshkent vohasi tashkil etgan. Tashqi harbiy hujumlar tufayli Qang‘ davlati nafaqat mustahkamlanib oladi, balki o‘z chegaralarini ham kengaytirib boradi. Ya’ni, mil.avv. II va milodiy I asrda Qang‘ davlatining hududi ancha kengayib Toshkent vohasi, O‘rta Sirdaryo yerlari, Talas vodiysi va Chu daryosining quyi oqimidagi yerlarni o‘z ichiga olar edi. Qang‘ davlati haqida bizgacha yetib kelgan manbalarda bu davlat hokimiyati qanday idora qilingani, boshqaruv tartibi va shakllari haqida aniq ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Katta Xan sulolasi tarixida (mil.avv. 202-mil. 25 yy) Qang‘ podshosi o‘z oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutganligi haqida ma’lumot beriladi. Bundan xulosa chiqargan tadqiqotchilar o‘sha davrda tashkil topgan Qang‘ davlatida kengash muhim rol o‘ynaganligini, davlat kengashida kabila boshliqlari, harbiy sarkardalar faol qatnashganliklarini hamda ularning fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganligini ta’kidlaydilar. Demak, o‘sha davrlarda podsho saroyi qoshida kengash mavjud bo‘lib, podshoning ichki hamda tashqi siyosati va boshqa barcha davlat ishlari va boshqaruvi bilan bog‘liq masalalar ana shu kengash yig‘ilishida hal qilingan. Qang‘ davlatiga qarashli yerlar bir nechta viloyatlarga (yoki mulklarga) bo‘lingan bo‘lib, ularning har birini jobg‘u yoki yobg‘u (qad. Xitoy manbalarida – chjaovu) deb nomlangan xokimlar boshqargan. Jobg‘ular mamlakat boshqaruvida Qang‘ podsholarining asosiy tayanchi hisoblangan. Jobg‘ular podsholarga yaqin kishilardan, ularning qarindoshlaridan, yirik urug‘-kabila boshliqlaridan tayinlangan. M.I.Filanovichning fikricha, siyosiy tuzilma sifatida Qang‘, ehtimol, mil. avv II asrgacha shakllangan ko‘chmanchi va yarim o‘troq kabilalarning Qang‘ yo‘lboshchilari qo‘l ostida birlashtirilgan turli-tuman ittifoqlaridan iborat bo‘lgan. Dastlab u uncha katta bo‘lmagan kabilalar ittifoqidan iborat bo‘lib, janubda yuechjilar hokimiyatiga bo‘ysunsa, sharqda xunnlarga qaram edi. Ammo, mil.avv. II-mil. II asrda asta-sekinlik bilan u qudratli davlatga aylanadi. Bu davrda Qang‘ davlati manbalarda 120 ming deb ko‘rsatiluvchi kuchli qo‘shinga ega bo‘lgan va qo‘shni Xitoyga nisbatan g‘oyatda mustaqil siyosat olib borgan. Arxeologik manbalarning guvohlik berishicha, Qang‘ qo‘shinlaridagi otliq suvoriylar yuechji suvoriylari kabi yubka shaklidagi burmali sovut, ko‘krakka taqiladigan qalqon kiyishgan. Baland po‘lat yoqalar ularning bo‘ynini himoya qilsa, dubulg‘alar boshni omon saqlagan. Qurollardan qilichlar, nayzalar, jangovar boltalar, kamon va o‘qlar keng tarqalgan edi. Har bir bo‘linma ajdar shaklidagi o‘zining maxsus tug‘iga ega bo‘lgan. Demak, Qang‘ davlati qo‘shinlarida qurollanish va harbiy san’atga alohida e’tibor berilgan. Katta Xan sulolasi tarixida «qang‘lilar mamlakati podshosining turar joyi Loyuenidagi Bityan shahrida» deb ma’lumot beriladi. Boshqa tarixiy manbalarda Loyueni nomi uchramaydi. Binobarin, uning qaerda joylashganligi aniqlanmagan. K. Shoniyozov Bityan shahrini Toshkent vohasida joylashgan deb hisoblaydi. Chunki tarixiy manbalarda aytilishicha, Yaksart-Sirdaryo bo‘yida qadimgi Kanha – Kanka shahri xarobalari joylashgan. Yu.Buryakov uzoq yillik arxeologik tadqiqotlar olib borish natijasida Kanxa shahri mil.avv. III-II asrlarda paydo bo‘lganligini aniqladi. Demak, manbalarda eslatilgan Bityanning tashkil topgan vaqti Kanka shahri paydo bo‘lgan davrga mos keladi. Bu nomlar bitta shaharning ikki xil nomlanishidir. Ushbu shahar Sirdaryoning o‘ng irmoqlaridan biri Ohangaronning quyi oqimida (hozirgi Toshkent vil. Oqqo‘rg‘on tumani hududida) joylashgan. Kanka haqida dastlabki ma’lumotlar Avestoning eng eski qismlari bo‘lgan Yashtlarda Turon kabilalarining turar-joylari sifatida eslatiladi. Sosoniylar davri (224-651 yy.) manbalarida bu shahar «Qandesh» yoki «Qandiz» shaklida tilga olinadi. Shuningdek, Firdavsiyning «Shohnoma» asarida ham Kanka shahri bir nechta marta tilga olinadi. Undan tashqari o‘rta asrlar geograflari asarlarida bu ko‘hna shahar «Kenkrak», «Xarashkent», «Tarband» nomlari bilan eslatib o‘tiladi. Yuqorida eslatilgan Katta Xan sulolasi tarixida «Qang‘ podshosining yozgi qarorgohi Loyuenidan yetti kun yo‘l yurib boriladigan yerda joylashgan» degan ma’lumot beriladi. Shi-gu solnomalarida ta’kidlanishicha «Qang‘ hokimi qishda (sovuqda), yozda (issiq paytlarda) bir yerda yashamas edi». Bu bilan bu fasllarda ularning turar-joylari boshqa –boshqa yerda bo‘lishi o‘qtirib o‘tiladi. K. Shoniyozovning fikricha, keltirilgan axborotdan Qang‘ davlati o‘sha davrlarda (mil.avv. III-I, mil. I-V asrlar) asosan yarim o‘troq kabilalar davlati ekanligini tushunib olish qiyin emas. O‘troq aholidan tashqari Qang‘ davlatining chegarasida bir qancha kabilalar mavjud bo‘lib, ular dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik bilan ham shug‘ulllanib kelganlar. Ular bahor va yoz oylarida o‘z chorvalari bilan ko‘chib yozgi yaylovlarda yashaganlar. Qishda esa an’anaviy qishlov joylariga ko‘chganlar. Antik davrda Qang‘ podsholarining yozgi qarorgohlari an’anaviy qishlov joylaridan shimolda o‘rta asrlardagi O‘tror shahri o‘rnida hozirgi Qozog‘istonnig Aris va Turkiston shaharlari o‘rtasida joylashgan. Keyinroq, ya’ni, ilk o‘rta asrlar davriga kelib yarim mustaqil Choch hukmdorlari O‘trorni o‘z qo‘llarida saqlab qolganlar. Bu shahar ularning yozgi qarorgohi hisoblangan. Mil.avv. II-I asrlarga kelib Qang‘ davlati kuchayishi natijasida bir qancha viloyatlar unga tobe etiladi. N. Ya. Bichurin, Xitoy solnomalarida qang‘lilarga tegishli qo‘yidagi beshta viloyatlar haqida ma’lumotlar borligini ta’kidlaydi: Suse (Susye), Fumu, Yuni, Gi, Yuegyan. Ushbu viloyatlarning qaysi hududlarda joylashganligi haqida tadqiqotchilar orasida yagona fikr yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar (V. V. Bartold, M. Ye. Mason, S. P. Tolstov) Suseni-Kesh (Shaxrisabz), Fumuni- Zarafshondagi Kushoniya, Yunini-Toshkent, Gini-Buxoro, Yuegyanni-Urganch va uning atroflari bilan aynan bir deb hisoblaydilar. Ammo, Qang‘ga tobe viloyatlarning bunday joylashtirish to‘la holda ilmiy asoslanmagan bo‘lib, munozarali hisoblanadi. Qang‘ davlatining etnik tarkibi xilma-xil bo‘lib, uning anchagina katta hududlarida Sug‘diyona, Xorazm va Toshkent vohasida yashovchi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug‘ullanib kelgan o‘troq aholi bilan birgalikda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi chorvadar kabilalar (saklar, massagetlar, toharlar, alanlar va boshqalar) istiqomat qilganlar. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashagan qang‘lilar Qang‘ davlati tashkil topishida asosiy o‘rinni egallagan bo‘lib, Qang‘ podsholari asosan qang‘lilar bo‘lgan. Mil.avv. II - mil. II asrlarda Qang‘ davlati o‘z rivojlanishining yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi. Qang‘ podsholariga bo‘ysunuvchi yarim mustaqil viloyatlarni birlashtirgan bu davlat o‘z vaqtida anchagina kuchli bo‘lib, o‘zbek davlatchiligi tarixida o‘z o‘rniga egadir. Agarda antik davrda O‘rta Osiyoning janubida shakllangan Kushon va Parfiya davlatlari Ahamoniylar, Aleksandr Makedonskiy, Salavkiylar asos solgan davlatlar an’analarini o‘zlashtirib taraqqiy etgan bo‘lsa, Qang‘ davlati taraqqiyotida ko‘chmanchilar davlatchiligi belgilari borligi bilan ajralib turadi. Download 365.03 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling