11-mavzu. Sanoat korxonalarining investitsion va innovatsion faoliyati
Investitsiya siyosati va investitsiyalarni boshqarish
Download 234.8 Kb.
|
10-mavzu
Investitsiya siyosati va investitsiyalarni boshqarish
Davlatimiz mustaqillikka erishgan yillardan boshlab, bozor iqtisodiyotiga o`tishning o`ziga xos iqtisodiy rivojlanish yo`lidan bormoqda. Bu yo`lda investitsiya siyosatining ahamiyati juda katta. CHunki investitsiyalar iqtisodiyotda tarkibiy o`zgarishlar, texnik va texnologik yangilanishlar, korxonalarni qayta ta’mirlash ishlarini amalga oshirishni rag`batlantiradi, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga imkon yaratadi. SHu jihatdan O`zbekiston Davlati o`z tuzilmaviy investitsiya siyosatini olib bormoqda. Tuzilmaviy investitsiya siyosati hududlar, tarmoqlar va korxona investitsiya siyosatlaridan tarkib topib, ular o`zaro bog`liqdir. Hududlar investitsiya siyosati investitsiyani sarflashda aholi, hudud va investor manfaatlarini hisobga olgan holda samarali ishlatishga imkon beruvchi hududda olib boriladigan chora-tadbirlar majmui. Tarmoq investitsiya siyosati esa bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini ta’minlovchi tarmoqlar, sanoat mahsulotlarini eksport qilish, import o`rnini bosuvchi ishlab chiqarishni rivojlantirish, ilmiy-texnika taraqqiyotini investitsiya yo`li bilan qo`llab-quvvatlash hisoblanadi. Korxona investitsiya siyosati investitsiyalarni kiritish bo`yicha qaror qabul qilish bilan bog`liq bo`lib, qanday maqsadlarda va qaysi vazifani echish borasidagi savollarga echim izlashni o`z ichiga qamrab oladi. Korxona investitsiya faoliyatini boshqarish investitsiyalardan foydalanish yo`nalishlarini belgilash va manbalarini izlash bilan bog`liq. Korxonalarda investitsiyalardan (kapital qo`yilmalardan) foydalanishning asosiy yo`nalishlari quyidagilar hisoblanadi: yangi qurilish; korxonani kengaytirish va qayta tiklash; ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish va texnik jihatdan qayta qurollantirish; harakatdagi quvvatlarni takomillashtirish. Yangi qurilishga yangi maydonlarda maxsus ishlab chiqilgan loyihalar asosida quriluvchi korxona, bino, inshoot va qurilmalar mansubdir. Faoliyat yuritayotgan korxonani kengaytirish qo`shimcha ishlab chiqarish majmualarining navbatdagi qismlarini yangi loyiha asosida qurish yoki asosiy, qo`shimcha, yordamchi va xizmat ko`rsatuvchi ishlab chiqarishning amaldagi sexlarini kengaytirish yoki qurishni anglatadi. U asosan, faoliyat yuritayotgan korxona hududida yoki unga tutash maydonlarda amalga oshiriladi. Qayta tiklash faoliyat yuritayotgan korxonani ma’naviy va jismoniy eskirgan qurilma va asbob-uskunalarni ishlab chiqarishni mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish, texnologik bo`g`inlar va yordamchi xizmatdagi nomutanosibliklarni yo`qotish yo`li bilan almashtirish yordamida to`liq yoki qisman o`zgartirishni anglatadi. qayta tiklashda eski sexlar o`rniga yangi sexlarni qurishga ruxsat beriladi. Texnik qayta qurollantirish alohida ishlab chiqarish turlarini zamonaviy talablarga asosan yangi texnika va texnologiyalarni kiritish, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizasiyalashtirish va avtomatlashtirish, eskirgan qurilma va uskunlarni yangilash va almashtirish, ishlab chiqarish tuzilmasi va tashkil etilishini yaxshilash yo`li bilan, korxonaning texnik darajasini oshirish bo`yicha chora-tadbirlar majmuasidir. U ishlab chiqarish intensivligini kuchaytirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga yo`naltirilgan. Moliyaviy resurslar va yer tanqisligi sharoitlarida, ikkinchi tomondan esa, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan unumliroq foydalanish uchun yangi qurilishni nisbatan cheklangan holatda, asosan juda zarur hollardagina amalga oshiriladi. SHu sababli bugungi kunda investitsiyalarning eng ko`p tarqalgan yo`nalishlari sifatida, umuman olganda yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarishni ham ko`zda tutuvchi mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta tiklash va texnik jihatdan qayta qurollantirishni ko`rsatish mumkin. YAngi qurilish hamda mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish va qayta tiklashga yo`naltiriluvchi kapital qo`yilmalar asosan quyidagi elementlardan iborat bo`ladi: qurilish-montaj ishlari xarajatlari; mashina va uskunalar sotib olishga sarflanuvchi xarajatlar; loyihaqidiruv va boshqa ilmiy ishlanmalarga sarflanuvchi xarajatlar. Korxonada investitsiyalash jarayoni ichki va tashqi manbalar hisobiga amalga oshirilishi mumkin. Investitsiyalarning ichki manabalari quyidagilar: ishlab turgan asosiy kapitalga hisoblanuvchi amortizasiya ajratmalari natijasida shakllanuvchi, korxonaning o`z moliyaviy vositalari; foydaning investitsiya ehtiyojlariga ajratiluvchi qismi; sug`urta kompaniyalari va muassasalari tomonidan tabiiy ofat va boshqa hodisalarda to`lanuvchi mablag`lar; korxonaning aksiyalar chiqarishi va sotishi natijasida olinuvchi mablag`lar; yuqori turuvchi va boshqa idoralar tomonidan qaytarib bermaslik asosida ajratiluvchi mablag`lar; xayriya va shu kabi boshqa mablag`lar. Investitsiyalarning tashqi manbalari quyidagilar: markaziy va mahalliy byudjetdan, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlovchi turli xil fondlar tomonidan ajratiluvchi qaytarib bermaslik asosidagi mablag`lar; korxonalar Nizom jamg`armasida moliyaviy yoki boshqa moddiy va nomoddiy ishtirok shaklida, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va alohida shaxslarning to`g`ridan-to`g`ri qo`yilmalari shaklida kiritiluvchi xorijiy investitsiyalar; davlat va turli xil fondlar tomonidan qaytarib berish sharti bilan beriluvchi kreditlar, jumladan imtiyozli kreditlar. Hozirda markazlashgan investitsiyalar hissasi kamayib, uning o`rniga to`g`ridan to`g`ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish dolzarbligi oshib bormoqda. Mamlakatimizda siyosiy barqarorlik, investitsiya muhitini juda qulayligi xorijiy investorlar uzoq muddatli investitsiya loyihalarini tuzishda asos bo`lmoqda. Bundan tashqari, jalb etilgan chet el investitsiyalar va kreditlar uchun kafolatlar taqdim etish, soliq va bojxona tariflari bo`yicha imtiyozlar, zayom va foiz stavkalarini subsidiyalash kabi shart-sharoitlar yaratilmoqda, o`nlab qonuniy hujjatlar amal qilmoqda. Qo`shma korxonalar tashkil etish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish keng tarqalgan shakllaridan biri hamkorlikda qo`shma korxonalarni tashkil etishdir. O`zbekiston Respublikasida qo`shma korxona deganda, nizom kapitalining kamida 30 % xorijiy investorlarga tegishli bo`lgan va xorijiy investor faqat yuridik shaxs bo`lgan, nizom kapitalining eng kam miqdori 150 ming AQSH dollariga teng bo`lgan ekvivalent summani tashkil etgan korxonalarga aytiladi. Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona nizom jamg`armasining 150 ming AQSH dollaridan kam bo`lmasligi sifatsiz mahsulotlarining oldi-sotdisi va ularni respublikaga import qilish ishlari bilan shug`ullanishga ixtisoslashgan kichik qo`shma korxonalarning keragidan ortiqcha kirib kelishining oldini olish maqsadida belgilangan. Xorijiy korxonalarni tashkil etish orqali chet el investitsiyalarini jalb qilish bugungi kunda kengayib bormoqda. O`zbekistonda xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar iqtisodiyotning turli sohalarida tashkil etilishi mumkin. Yirik xorijiy kompaniya va korxonalar o`z mol-mulklari bir qismini ajratib, sho`’ba korxonalar ochishi mumkin. Bunday sho`’ba korxonalarga ham qo`shma korxonalarga qo`yilgan talablar belgilangan. Ikki yoki uchdan ortiq davlat yoki korxonalar o`z kapitallarini jamlagan holda halqaro tashkilotlar tashkil etishi mumkin. Konsessiya shartnomalari - bu tabiiy boyliklarni, ayrim foydali qazilmalarni qazib olish va o`zlashtirish uchun tuzilgan shartnomalardir. Lizing shartnomasi esa chet el investitsiyalari ishtirokida asbob - uskunalarni, texnika - texnologiyalarni uzoq muddatga ijaraga olish. Tenderlar esa tanlov asosida investorlarning investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga jalb etilishidir. Erkin iqtisodiy hudud - bu ma’lum hududda chet el investitsiyalari erkin kirib kelishi va ularga nisbatan qator imtiyozlar belgilangan hududdir. O`zbekiston Respublikasining "Erkin iqtisodiyot hududlar to`g`risida"gi Qonunida erkin iqtisodiy hududga quyidagicha ta’rif berilgan: "Erkin iqtisodiy hududlar - mintaqani jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el kapitalini, istiqbolli texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida tuziladigan, aniq belgilangan ma’muriy chegaralari va alohida huquqiy tartiboti bo`lgan maxsus ajratilgan hududdir". Moliyaviy aktivlar - bu qimmatli kog`ozlar bo`lib, u chet el kapitalini jalb etish, chet el kreditlarini olish va chet el kapitalini bank depozitlariga jalb etish uchun emissiya qilinadi. Download 234.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling