13-mavzu. “Etika” fanining predmeti va jamiyat hayotidagi ahamiyati Reja


Download 52.16 Kb.
bet7/17
Sana24.06.2023
Hajmi52.16 Kb.
#1652844
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   17
Bog'liq
8-mavzu lotin “Etika” fanining

Muhabbat bosh mezoniy tushuncha sifatida deyarli barcha asosiy tushunchalarda va tamoyillarda o’z «hissa»siga ega. Shu jihatdan atoqli tasavvufshunos Najmiddin Komilov: «Juda ko’p irfoniy tushuncha-istilohlarning sharhi muhabbatga borib taqaladi», - der ekan, ayni haqiqatni aytadi.8 Na ezgulikni, na yaxshilikni, na vatanparvarlikni, na insonparvarlikni muhabbatsiz tasavvur etib bo’lmaydi. Muhabbat - insoniy mohiyatning erkin tarzda namoyon bo’lishidir, u zo’ravonlik yoki zo’rma-zo’rakilik bilan chiqisha olmaydigan hodisa. U me’yorlar, an’analar, qonunlarga bo’ysunmaydi, lekin yuksak axloqiylik ifodasi tarzida insonga ulkan mas’uliyat yuklaydi, uni jasoratga chorlaydi, u - insonni tash-qi va transsendental olam bilan bog’laydigan, uni yolg’izlikdan olib chiqadigan buyuk kuch.
Muhabbatning obyekti doimo go’zallik, manfaatsiz go’zallik. U - Allohmi, Vatanmi, yormi - muhabbat egasiga undan-da go’zalroq narsa yo’q. Ayni paytda bir obyektni sevgan kishi boshqa obyektlarni ham sevishi tabiiy. Deylik, yorga bo’lgan haqiqiy muhabbat Vatanga, insoniyatga muhabbatni inkor etmaydi, aksincha, barqaror qiladi. Zero, «o’z-o’zicha», «yakka», «xudbin» muhabbatning bo’lishi mumkin emas. Mana shu obyekt bilan subyekt orasidagi farqning «yo’qolishi» eng buyuk, eng mukammal lazzatdir. Buni mavlono Fuzuliy nihoyatda go’zal qilib, bir baytda shunday ifodalaydi:


Ishqdir ul, nasha’i komilkim, andandir mudom
Mayda tashviri harorat, nayda ta’siri sado.9

Komil nash’a, komil lazzatga faqat komil insongina erisha oladi. Demak, muhabbat inson axloqiy hayotining cho’qqisi, komillik belgisidir. Shu bois haqiqiy muhabbat egalari yoshlar tomonidan doimo axloqiy ideal tarzida qabul qilinadi: Farhod va Shirin, Romeo va Juletta, Otabek, Kumush va h.k. Shunday qilib, muhabbatni shaxs erkinligining axloqiy zarurat sifatidagi o’ziga xos ko’rinishi, baxtga erishuvning asosiy omili deyish mumkin.


Ta’kidlash lozimki, muhabbat - oliy tuyg’u, shu ma’noda u oliy tushuncha. Lekin uni tuban, quyi narsa-hodisalarga nisbatan ham qo’llash hollari uchrab turadi. Chunonchi, Fromm singari g’arblik mutafakkirlar, ba’zi rus faylasuflari muhabbat tushunchasini o’likka (nekrofil), mol-dunyoga, pulga nisbatan qo’llaydilar. Ularga nisbatan «o’chlik», «ruju», «hirs» singari tushunchalarni qo’llash ma’qul emasmikan?
Muhabbat ham, axloqshunoslikdagi ko’pgina tushunchalardek, «juftlik» xususiyatiga ega, uning ziddi - nafrat.
Nafrat tushunchasi, albatta, muhabbat singari keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo’ladi, obyektdan chetlashishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanch hissi nafratning kundalik turmushdagi tor, «mayda» ko’rinishidir. Nafratning ularga nisbatan «yirikligi» uning ijtimoiy hodisa sifatida mavjudligidir.
Ayni paytda, nafrat g’azabdan keskin farq qiladi. U, g’azabga o’xshab, o’z obyektini yo’qotishga intilmaydi, undan faqat yuz buradi. Uni muhabbat egasida o’z muhabbati obyektiga nisbatan tashqi bir kuchning noinsoniy, adolatsiz, noinsoflarcha munosabati tufayli o’sha kuchga qarshi qo’zg’aladigan hissiyot deyish mumkin. U davomiylik tabiatiga ega, g’azab kabi o’tkinchi hodisa emas. Agar g’azabning asosida inson fe’lining salbiy holati - oniy badjahllilik yotsa, nafrat uchun chuqur o’ylab qabul qilingan uzil-kesil qaror yotadi. Ko’rinishdan nafrat kishida yoqimsiz taassurot uyg’otsa-da, ko’p hollarda u illat emas, axloqiy fazilat sifatida insonning vijdonliligidan, botiniy jasoratidan dalolatdir.
Nafratdan tashqari yana rashk tushunchasi borki, u - ijtimoiy hodisa emas, ko’p hollarda jinsiy muhabbat bilan yonma-yon keladi. Ma’lumki, muhabbat egasi o’z sevgisini va sevgilisini qizg’anib, asrab qolishga harakat qiladi. Ana shu qizg’anish hissi me’yoridan oshib ketganda rashkka aylanadi. Rashk esa, uni qanchalik ta’rif-tavsif qilmaylik, me’yorning buzilishi, illat.
Ezgulik va yovuzlik axloqshunoslikdagi eng muhim mezoniy tushunchalardan. U inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi - Tangri irodasining inson qalbidagi tajassumi sifatida namoyon bo’ladi. «Ezgu o’y, ezgu so’z, ezgu a’mol» uchligi «Avesto» dan tortib barcha muqaddas kitoblarda yetakchi o’rinni egallashi ham shundan.
Ezgulik - insonga eng kuchli ma’naviy lazzat bag’ishlaydigan, uni ijtimoiy shaxsga aylantirib, haqiqiy baxtga olib boruvchi fazilat; shaxsni komillikka, jamiyatni esa yuksak taraqqiyotga yetkazuvchi yuksak qadriyat. U insonning axloqiy faoliyati tufayli muayyanlashadi, yuzaga chiqadi. Uni sinfiylik yoxud partiyaviylik qobig’iga o’rash mumkin emas. Chunonchi, «sinfiy dushmanni», ya’ni biror bir shaxsni yoki guruhni faqat boshqa sinfga mansub bo’lgani uchun jisman yo’qotish, qanchalik bo’yab-bejalmasin, ezgulik bo’lolmaydi. U tom ma’nodagi yovuzlikdir. Totalitar tuzumlar mafkurasida ezgulikni bunday talqin etishning noilmiyligi, soxtaligi hozirgi kunda hammaga ayon.
Ezgulik va uning ziddi yovuzlik odatiy, kundalik hayot mezonlari bilan o’lchanmaydi, ular ham muhabbat singari qamrovli va ijtimoiylik xususiyatiga ega. Ezgulikning axloqiy ideal bilan bog’liqligi shundan. Shu tufayli u amaliyotda qahramonlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, jasurlik singari tamoyillarni o’z ichiga oladi.
Ezgulik va yovuzlikning yana bir o’ziga xos tomoni shundaki, bu juftlik tushuncha inson faoliyatini baholash xususiyatiga ega. Uni odam bolasining ulug’ligi va tubanligini o’lchaydigan muqaddas tarozuga o’xshatish mumkin. Insonning komilligi, jamiyatning takomilga erishgan-erishmagani shu mezon bilan o’lchanadi. Chunonchi, Lenin, Stalin, Hitler, Pol Potlarni yovuz insonlar, sobiq sho’rolar ittifoqini esa jamiyat sifatida «Yovuzlik saltanati» deb baholanishi buning yorqin misolidir.

Download 52.16 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling