9-modda. Ijtimoiy sheriklik subyektlari tomonidan birgalikda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazish
Ijtimoiy sheriklik subyektlari:
konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar, jamoatchilik muhokamalari, hasharlar, festivallar, sotsiologik so‘rovlar shaklida va boshqa shakllarda birgalikda tadbirlar;
bitimlar va shartnomalar tuzishga, birgalikdagi loyihalar hamda rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga, birgalikda tadbirlar tashkil etishga qaratilgan maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazishi mumkin.
Maslahatlashuvlar va muzokaralar birgalikdagi uchrashuvlar va jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining fikrlarini so‘rash, ular ishtirokida davlat organlari huzurida ishchi guruhlar, komissiyalar va jamoatchilik-maslahat organlari tuzish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
10-modda. Ijtimoiy sheriklik subyektlari tomonidan bitimlar va shartnomalar tuzish, birgalikdagi loyihalar va rejalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish
Ijtimoiy sheriklik subyektlari bitimlar va shartnomalar tuzishi, shuningdek birgalikdagi loyihalar va rejalarni ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi mumkin.
Bitimlar taraflarning o‘z zimmalariga olgan o‘zaro majburiyatlaridan iborat bo‘lib, ular doirasida taraflar birgalikdagi faoliyatning maqsadlari va vazifalarini, yo‘nalishlarini aniqlaydi, ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish shakllarini ko‘rsatadi.
Shartnomalar ishlar bajarishni yoki xizmatlar ko‘rsatishni, shuningdek ijtimoiy sheriklik subyekti tomonidan moddiy, shu jumladan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutishi mumkin.
Birgalikdagi loyihalar va rejalar, bitimlar hamda shartnomalarni, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga, gumanitar masalalarni hal etishga, aholi turli qatlamlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |