13-mavzu. Islomning O‘rta Osiyoga kirib kelishi va islomlashuv jarayonining xususiyatlari


O‘zbekistonda mustaqillikdan oldingi va keyingi yillarda islom dini siyosiylashuvi jarayonlari va uning yuzaga kelish shakllari


Download 170.76 Kb.
bet21/26
Sana28.12.2022
Hajmi170.76 Kb.
#1022430
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26
O‘zbekistonda mustaqillikdan oldingi va keyingi yillarda islom dini siyosiylashuvi jarayonlari va uning yuzaga kelish shakllari.

Jahon sotsialistik tuzumi parchalanganidan so‘ng bloklararo qarama-qarshiliklar o‘rnini millatlararo, elatlararo, dinlararo kurashlar va nizolar egalladi. Bularga sabab biror diniy ta’limot tarafdorlarining boshqa diniy ta’limot tarafdorlariga nisbatan ayovsiz murosasizligi va hukmron bo‘lishning yangi turlariga intilishlaridir. Eski, umrini yashab bo‘lgan g‘oyaviy olabo‘ji-kommunizm o‘rnida ko‘pchilik shuurida sersoqol terrorchi-mutaassib qiyofasidagi yangi gazanda-islom «yaratildi». Bugungi kunda islamofobiya butun dunyoni qamrab olish xavfini solib turibdi.
Bunga sabab, ba’zi mutaxassislarning fikricha, islom hozirgi kunda siyosiy tiklanish bosqichidan o‘tayotganligidir. O‘z vaqtida nasroniylik ham shu bosqichdan o‘tgan edi. Hozirgi dunyoda bu turli siyosiy-diniy ta’limotlarning vujudga kelishida ifodalanmoqda. Bularga misol qilib, oxir-oqibat tinchlikka, ijtimoiy adolat, demokratiya, barcha xalq va millatlarning teng huquqliligi haqidagi deklaratsiyaga olib boruvchi, shuningdek, davlat mafkurasining asosiy negizi sifatida islomni tan oluvchi «islomiy taraqqiyot yo‘li» nazariyasini kiritish mumkin.
Ammo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov to‘g‘ri ta’kidlaganidek,hozirgi dunyoda «haqiqiy islom va uning qadriyatlari»ni tiklash shiori ostida yuz berayotgan jarayonlar,odatda, turli-tuman va bir-biriga ziddir. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, islom ko‘proq siyosiylashgan jahonshumul din bo‘lgani holda ayni paytda dindorlar hayotiga doir ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy va iqtisodiy qonun-qoidalar tizimini aks ettiradi.
Avval bir mamlakatda, keyinchalik, butun dunyoda islom tamoyillariga asoslangan davlatga asos solishni maqsad qilib qo‘ygan islomizm yoki siyosiylashgan islom esa butunlay boshqa narsa.
Siyosiylashgan islom g‘arb qadriyatlarini (g‘arbcha hayot tarzi, siyosiy tartiblar, siyosiy tuzum tamoyillarini) xushlamaydi, unga xos narsa yuqori siyosiy faollik va vazifalarni hal etishdagi murosasizlik, o‘zining haqligini isbotlash uchun kuch ishlatish usullarini qo‘llashdir. Jazoir, Livan va Misr islomchilari jamiyat va hokimiyatni o‘zlari tuzgan taraqqiyot dasturini qabul qildirish uchun ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik usulini qo‘llaydilar. Kishilar va jamiyat taqdiri haqidagi bu kabi jonbozlik bilan qilinayotgan «g‘amxo‘rlik», shuningdek, «haqiqiy islom»ning o‘ziga xos talqini izsiz qolayotgani yo‘q. Ba’zi mamlakatlarda musulmoncha tartib-intizom va islom qonun-qoidalarini zo‘rma-zo‘raki o‘rnatish diniy guruhlar va mayda millatlar huquqlarining poymol etilishiga olib keldi.
Siyosiylashgan islom rahbarlari aksariyat musulmonlarning o‘z milliy va madaniy tengligini himoya qilgani holda siyosiy tuzum, madaniyat, demokratiya modellarining g‘arbga xos namunalariga ergashishni istamasligidan foydalanishga intiladilar. Islomchilar esa tinchlik o‘rnatish ishiga yondashuvlarda turfa xillikni kuchaytirishga hamda tarix va taraqqiyotning o‘ziga xos xususiyatlarini ikki dunyo va ikki madaniyat (g‘arb nasroniyligi va sharq musulmonchiligi) orasida murosasiz ziddiyat va adovat tug‘ilishi uchun bahonaga aylantirishga intilmoqdalar. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu kabi murosasiz yo‘l allaqachon madaniy va diniy qarama-qarshiliklar doirasidan chiqib ulgurdi, musulmon hamjamiyatlari o‘rtasida avj olgan mojaro esa diniy va siysiy ajralishlarga, kishilarning qurbon bo‘lishlariga sabab bo‘ldi.
Diniy radikallarning asl maqsadi «islomni poklash» yoki «e’tiqod sofligini tiklash» emas, aksincha, o‘z siyosiy maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarib, barqarorlikni buzishdir.
Aksari hollarda, hozirgi dunyoda islom omilining faollashuvi yangi tuzilgan davlatlarning mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash davriga to‘g‘ri kelyapti. Buning bosh sabablari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan juda haqqoniy ko‘rsatib berilgan. Buning birinchi sababi – kommunistik mafkuraning yemirilishi va tegishli xavfsizlik tizimining yo‘qqa chiqishidir. Ikkinchidan, tarixiy va madaniy ildizlari din bilan bog‘liq millating o‘z-o‘zini anglash hissi o‘sib borayotganidir. Uchinchi sabab – idora qilishning bir iqtisodiy tuzumidan boshqasiga o‘tish davrida ro‘y berayotgan chuqur ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlardir.
Buning yana bir sababi, bizningcha, turli ijtimoiy qatlamlarning musulmon huquqi qonunlari va islom an’analariga moyilligidir. Fuqarolik huquqi samara bermagan joyda musulmon huquqi-shariat kuchga kiradi. Pokistonning sharqiy hududlarida yoki Yuqori Misr viloyatlarida yuzaga kelgan vaziyatni misol qilib keltirish mumkin.
Mana shu sharoitda musulmon dinini siyosiylashtirish g‘oyasi yaqqol ko‘rinadi. XX asrning 80-90 yillari uning avjiga chiqqan davridir. Bunga, albatta, ichki va tashqi omillar birgalikda imkon yaratadi.
Ichki omillar demokratik tizim va tartiblarning yetarli rivoj topmaganligi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning boshqa davlatlarga nisbatan orqada qolganligi bilan bog‘liq. Diniy fundamentalizm va uning ashaddiy ko‘rinishlari islom dunyosining iqtisodiy va ijtimoiy ahvol yaxshi bo‘lmagan mamlakatlarida kuchayib borishi qayd qilingan. Iqtisodiy bo‘hron, turmush darajasining pastligi va ishsizlikning avjga chiqishi xalq ommasining norizoligi va hafsalasining pir bo‘lishiga olib keldi. Natijada ruhiy noqulaylik yuzaga kelib, u boshqa shart-sharoitlar va omillar bilan bir qatorda radikal islom asoslarining kuchayishiga olib keldi. Bundan tashqari, ta’lim olish uchun mablag‘ning yetarli emasligi aholining o‘rta hol va nochor qatlamlarining o‘z bolalarini o‘qitish tekin bo‘lgan diniy maktablarga berishiga turtki bo‘ladi. Ammo u yerda o‘quvchilar eskilikka ruju qo‘yish va g‘arb qadriyatlariga ayovsiz dushmanlik ruhida tarbiyalanadilar. Ba’zi musulmon mamlakatlarda o‘n minglab shunday maktablar bor. Bu esa, o‘z navbatida, oddiy fuqarolar ongidan demokratik qadriyatlarning fundamentalistik g‘oyalar tomonidan siqib chiqarilishiga olib keladi.
Bundan tashqari, islomchilarning qo‘llab-quvvatlanishiga sabab shuki, ular ommabop shiorlarni ilgari surgan holda aholining o‘rta hol va kambag‘al qatlamlariga hammadan ko‘proq murojaat qiladilar. Ularning ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashi shu bilan izohlanadi. Mazkur kuchlar nazoratidagi iqtsodiy strukturalar ishsizlar, kambag‘allar, qashshoq bechoralarni tekin boqadilar, ayni paytda ularni «ideal» o‘tmish namunalari asosida quriladigan «eng yaxshi adolatli kelajak»dan umidvor qilib yupatadilar.
Mazkur jarayon kuchayib borishining tashqi omillariga esa dunyoda terrorchilik harakatining keng yoyilishi, qo‘shni davlatlar hududlarida «olovli nuqtalar» mavjudligi, qurolli ixtiloflar, muholif kuchlarning siyosiy takabburligi, islomiy inqilobni chetga chiqarish g‘oyasi va hokazolarni kiritish mumkin.
Qator tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, hozirgi dunyoda aholisi musulmon bo‘lgan davlatlarning barchasida islom oppozitsiyasi mavjud. Ba’zi manfaatdor kuchlar esa o‘z siyosiy maqsadarini amalga oshirishda bundan foydalanmoqda. Shu maqsadda ular katta-katta moliyaviy resurslarni turli bosqinchilik va qo‘poruvchilik rejalarini amalga oshirish yo‘lida sarflamoqdalar. Masalan, Sudanda islomchilar hokimiyat boshiga iqtisodiy va siyosiy bo‘hron g‘alayoni davrida kelib oldilar. Ular sudanliklar hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan korrupsiyani bartaraf qilish bilan bir vaqtda bu bo‘hronni yengib o‘tishni va’da qilgan edilar. Ammo Al-Bashir rejimining islomni ko‘p elatli va ko‘p mazhabli qabilalar shart-sharoitiga zo‘rlab singdirishga urinishlari fuqarolik urushining boshlanib ketishiga sabab bo‘ldi. Natijada iqtisodiyot butunlay barbod bo‘lib, aholining katta qismi nochor ahvolga tushib qoldi.
Musulmon dinining siyosiylashuv jarayoni kuchayishining asosiy tashqi omillaridan biri-siyosiy ta’sir doiralarini kengaytirish uchun kurashdir. Buyuk davlatlarning geosiyosiy va geostrategik manfaatlari markazida turib qolgan yangi davlatlar «manfaatlar va demokratik erkinliklarni muhofazalash» maydoniga aylanib bormoqda, millatlararo, elatlararo, yoki diniy tusdagi mintaqaviy nizolarga jalb qilinmoqda. Buning isboti sifatida Afg‘oniston, Tojikiston, Checheniston, Kashmir va Yugoslaviyadagi nizolarni misol qilib keltirish mumkin.
Radikal islom kuchlari shariat yo‘l-yo‘riqlari va me’yorlariga asoslangan «islom davlati» yoki «xalifalik»ni tuzishga intilmoqdalar. Saudiya Arabistoni, Sudan, Pokiston, Afg‘oniston va Eronda shunday harakatlar kuzatildi. Erondagi islom inqilobi esa musulmon dunyosining ba’zi mamlakatlaridagi ko‘pgina radikal islomchi kuchlar uchun g‘oyaviy va axloqiy jihatdan madad bo‘ldi.
Erondagi islomiy rahbariyat rasmiy ravishda «islomiy inqilobni eksport qilish»ni o‘z tashqi siyosatining tamoyillaridan biri deb tantanali ravishda e’lon qildi. Bu yo‘nalishda bir qator tadbirlar amalga oshirildi, xususan, Quvayt, BAA, Livan va Sudandagi shia mazhabiga mansub qurollangan diniy-siyosiy guruhlarning tashkil etilishi tezlashtirildi.
Islomning siyosiylashuvi natijalaridan yana biri ba’zi mamlakatlarda tinmay ro‘y berayotgan mazhablararo qonli to‘qnashuvlar tufayli siyosiy vaziyatning keskinlashuvidir. Bu to‘qnashuvlar radikal islom tashkilotlari va jamiyatlari harakati bilan yuzaga chiqarilmoqda.Bunga Pokiston, Hindiston va Livandagi voqealarni misol qilib keltirish mumkin.
Tashqi omillar ichida mintaqaviy urushlar va mojarolar asosiy o‘rinni egallaydi. Masalan, Afg‘onistondagi urush islomning siyosiylashuvi va keskinlashuvining kuchayishida portlatkich modda rolini o‘ynadi. U zanjirli reaksiya kabi barcha yirik davlatlar va musulmon mamlakatlariga ta’sir o‘tkazdi. Hozirgacha uning oqibatlari sezilib turadi.
Musulmon mamlakatlarda diniy ekstremizm va terrorizmning tez avj olishi, narkobiznes va qurol-yarog‘ bilan g‘ayriqonuniy savdo qilishning kuchayishi-bular ham afg‘on urushining oqibatlaridir. Dunyoda zo‘ravonlik va terrorizmning avjiga chiqishi afg‘on urushi paytiga to‘g‘ri keladi. Dunyodagi ko‘plab terroristik harakatlarni mablag‘ bilan ta’minlab turgan hammaga ma’lum Usoma ben Laden ayni Afg‘onistonda jangga birinchi marta kirgan.
Bu jarayonga xos harbiy-siyosiy yo‘nalishning kuchayib borishi «afg‘on baynalmilalchisi» yoki mujohidlar tomonida turib jang qilganlar bajarayotgan rol bilan ham bog‘liq. 2001 yilda ularning umumiy soni 30mingdan kam emas edi. 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin AQSh va Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi terrorizmga qarshi harbiy harakatlari boshlangunga qadar bu «afg‘on»larning faoliyati bir qurolli islomiy harakat zonasidan boshqasiga «ko‘chishi» bilan belgilanadi. «Afg‘on»larning harakat yo‘nalishi Afg‘oniston, Bosniya, Tojikiston, Falastin avtonomiyasi zonasi va Chechenistonni qamrab olgan edi. 1999-2000 yillar mobaynida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonda ro‘y bergan voqealar ham qisman islomiy jangarilarni shu yerlarga yuborish bilan bog‘liq. Afg‘oniston va Checheniston kabi urush markazlarida siyosiy, harbiy-siyosiy beqarorlikning saqlanib turishi xalqaro terrorizm asosini yaratish va islom jangarilarining zahirasini yoshlardan tayyorlash uchun qulay sharoit tug‘diradi.
Keyingi yillarda dinning kuchayishi va diniy omilning faollashuvi MDH mamlakatlariga ham xos holat bo‘lib boryapti. Bular orasida 6ta respublika-O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon bor. Bu respublikalardagi aholining ko‘pchilik qismini musulmonlar tashkil etadi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun islom dini ularning ichki va tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkazuvchi asosiy omillardan biriga aylandi. Uning ta’siri mintaqadagi taraqqiyot uchungina emas, balki Yevrosiyo qit’asidagi geosiyosiy kuchlarning umumiy taqsimlanishida ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu bilan birga diniy omilning kuchayishi mintaqaviy mojarolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu mojarolar asosida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, etnik, siyosiy, diniy va boshqa sabablar yotadi. Afg‘onistonda hali ham davom etayotgan ichki beqarorlikning sabablaridan biri ham din bilan bog‘liq jihatlardir. Turli siyosiy kuchlarning hokimiyat uchun kurashda dinni niqob qilib, undan foydalanishi, shuningdek, islomning radikallashuvi natijasida afg‘on mojarosi Afg‘onistonning davlat hududlaridan chetga chiqdi. U nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi hududidagi, balki butun dunyodagi barqarorlik va xavfsizlikka xavf solmoqda.
«Tolibonlar» harakati puchga chiqqaniga qaramay, Afg‘oniston bugungi kunda harbiy-siyosiy mojaro manbai hamda Yevropa va Amerikaga giyohvand moddalarni asosiy yetkazib beruvchi sifatida qolmoqda. Dinni siyosiylashtirish va radikallashtirish tendensiyasi Markaziy Osiyoda aniq qiyofaga kirdi. Bu esa Z. Bzejinskiyning Pokiston-Afg‘oniston-Tojikiston-O‘zbekiston-Eron-Shimoliy Kavkaz chegaralari bo‘yicha mashhur siyosiy «beqarorlik yoyini» ajratib ko‘rsatishi uchun asos bo‘ldi. Yaqin Sharqda islomchilar Falastin, Misr va Sudanda faol harakat qilmoqdalar. Yevropa va AQShda ham islomchilar faoliyatining kuchayishi sezilmoqda. O‘z vaqtida Sovet Ittifoqining parchalanib ketishi islomchilarning siyosiy kuch sifatida bahamjihat harakat qilishiga olib keldi. Natijada Tojikistonda fuqarolar urushi boshlandi. Avval bu mojaro milliy-siyosiy va urug‘-aymoqchilik asosida yuzaga keldi. Islomchilar bu xunrezlik va ichki siyosiy nizolar paytida diniy shiorlar bilan chiqib, hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga harakat qildi, o‘z siyosiy yo‘lini umummilliy manfaatlardan yuqori qo‘yisha intildi. Ularning rahbarlari esa bu kurashda o‘zlarining siyosiy va diniy jihatdan g‘oyat savodsizliklarini ochiq ko‘rsatdilar.
Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy mustaqillikka erishgach, Yaqin Sharqning ba’zi mamlakatlari orasida shu davlatlarga «diniy nazr beruvchi» vazifasini bajarish uchun kurashda raqobat kuchayib bormoqda. Bu mamlakatlar, ayniqsa, Farg‘ona vodiysida «diniy shov-shuv»ning kuchayishiga ta’sir ko‘rsatdilar. Muayyan maqsadni ko‘zlab alohida diniy arboblarni tayyorlash, turli diniy markazlarni kerakli targ‘ibot-tashviqot adabiyotlari bilan ta’minlash, masjidlar qurishga mablag‘ berish-bularning bari muayyan siyosiy maqsadlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Markaziy Osiyo mintaqasiga haddan ziyod qiziqishning birtalay geosiyosiy va iqtisodiy sabablari bor. Markaziy Osiyo buyuk davlatlar va mintaqadagi ayrim davlatlarning diqqat markazidagi hududda joylashgan. Islom tutgan o‘rnining mustahkamlanib borishi musulmon mamlakatlariga din orqali Markaziy Osiyo davlatlarining ichki va tashqi siyosatiga o‘z ta’sirini o‘tkazish imkonini beradi. Hozirgi «katta o‘yin» ishtirokchilari o‘z oldiga uzoqni ko‘zlagan holda maqsad qo‘yganlar. Ularning maqsadi mintaqaning geografik joylashuvi bilan hamda shu mintaqaga qo‘shni bo‘lgan va kelajakda dunyoning geosiyosiy xaritasida katta kuchga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik davlatlar (misol uchun Xitoy)ning geostrategik manfaatlari bilan bog‘liqdir.
O‘zbekistonda islom dini milliy birdamlik va o‘z-o‘zini anglash hissining oshishiga, shuningdek, aholining musulmon qismida ichki hamjihatlik va birodarlikning o‘sishiga ta’sir etdi. Islom dini uzoq davom etgan majburiy turg‘unlikdan keyin 80-yillarda, to‘g‘rirog‘i, 1989 yilning fevralida respublikaning siyosiy maydonidagi mustaqil kuch sifatida o‘zini ko‘rsatdi: ikki ming musulmon Toshkentda Diniy boshqarma rahbariyatining iste’foga chiqishini talab qilib namoyishga chiqdi. Bu harakatning davomi sifatida respublikada yangi masjid va madrasalarning ochilishi ommaviy tus oldi, juma masjidlari soni 1987 yildagi 87 tadan 1997 yilga kelib 3000 taga yetdi.
90-yillarda Sovet Ittifoqining parchalanishi, yangi suveren davlatlarning paydo bo‘lishi va umuman hokimiyat tartiblari va tizimining qayta tuzilishi bilan bog‘liq siyosiy voqealarning yangi to‘lqini ostida siyosiy maydonda bir qator faol shaxslar-tiyiqsiz siyosiy nafsoniyat egalari paydo bo‘la boshladi. Ular kuchayib borayotgan yangidan islomiylashish vaziyatiga muvofiq ravishda «o‘zlariga kerakli oqim»dan foydalanib qoldilar (misol uchun Tohir Yo‘ldoshev, Juma Namangoniy). Vaqt va shart-sharoitlar ularga ommaning diniy faolligi ko‘tarilish g‘alayoni paytida o‘z siyosiy izzat-nafsi va da’volarini yuzaga chiqarishga imkon yaratdi. 1990 yilda Islom demokratik partiyasining Namanganda o‘tkazilgan nolegal s’ezdi O‘zbekistonda islom siyosiy partiyasini tuzishdagi birinchi intilish bo‘ldi. Mazkur s’ezdning ishtirokchilari o‘z nizomini nashr etishga, partiyaga rais qilib A. O‘taevni saylashga ulgurgan bo‘lsada, lekin partiya aslida shakllana olmadi. Bundan tashqari, hanafiya yo‘nalishi tarafdorlari bo‘lgan va islomda partiya tuzishni ma’qul ko‘rmagan ko‘pchilik musulmonlar partiyani butunlay rad etdilar. Islomiy partiyani tuzish masalasiga o‘sha vaqtdagi Musulmonlar diniy boshqarmasi rahbariyati ham salbiy munosabatda bo‘ldi.
1989 yildan so‘ng, ba’zi «hujra»lar radikal oqimdagi mustaqil diniy markazlarga aylanib bordi. Bu markazlarda O‘zbekiston uchun an’anaviy bo‘lgan hanafiyya mazhabidan ko‘ra keskinroq bo‘lgan hanbaliylik maktabining ta’siri kuchaya boshladi. «Vahhobiylar jamoasi» deb atalmish guruh asosida «islom tiklanish partiyasi» kabi jamiyatlar tarkib topa boshladi. Markaziy Osiyo musulmonlari diniy idorasi va davlat tashkilotlari ruxsatisiz Andijon, Qo‘qon va Namanganda yirik vahhobiylik masjidlari ochildi.
Respublikada islomning siyosiylashuvi va radikallashuviga tashqi kuchlarning O‘zbekistonda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun dinni qurol qilib olgani ham ta’sir o‘tkazdi. 1992-1993 yillarda nolegal missionerlarning yog‘ilib kelishi shuni ko‘rsatdiki, bu tashriflardan asosiy maqsad radikal diniy g‘oyalarni keng yoyish edi.
Ba’zi olimlarning fikricha, chet el musulmon tashkilotlari bilan aloqalar natijasida respublikadagi diniy idoralar va markazlar tuzilishida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu markazlarning mafkurasi va malakasi 1991 yil boshida tuzilgan «Adolat» harakatining faoliyati orqali lo‘ndaroq ko‘rindi. Avvalo, u xalq musulmon drujinasi sifatida tuzilgan edi. «Adolat» faollari ko‘chalarni nazorat qildilar, shubhali shaxslarni qo‘lga oldilar, olibsotarlikka, spirtli ichimliklar bilan savdo qilishga va «islom axloqi va qonunlari»ni boshqa xil buzishlarga qarshi kurashdilar. Namangan va Farg‘onada «islom axloqi» tarafdorlari shariat qonunlariga ko‘ra o‘z tartiblarini o‘rnatdilar.Ko‘chalarda «Islom tartibi» «Islom lashkarlari»- mutaassib yoshlardan tuzilgan guruhlar tomonidan o‘rnatila boshlandi.
Eng xavflisi shunda ediki, «Adolat» faollari o‘z hatti-harakatlarini diniy nuqtai nazardan oqlashga intilardilar. «Adolat»ga o‘xshash bo‘lgan «Odamiylik va insonparvarlik» tashkiloti 1991-1992 yillarda Qo‘qonda faoliyat yuritdi. 1991 yilning aprelida ruxsatsiz o‘tkazilgan 40ming kishilik miting «Adolat» yuritgan faoliyatning avjiga chiqqan payti bo‘ldi. Unda ishtirok etganlar O‘zbekistonni musulmon Respublikasi deb, islomni esa davlat dini deb e’lon qilishni talab qildilar. Shu tashkilotlar va harakatlarning bari o‘z mohiyatiga ko‘ra keskin diniy-siyosiy kuchlar edi, chunki ular kuch ishlatish va hukumatga siyosiy bosim o‘tkazish orqali davlat qurilishida o‘z usulini singdirmoqchi bo‘ldilar. Bu tashkilotlar olib borgan harakatlarning mohiyati Afg‘onistondagi «Tolibon» fundamentalistlar harakati amalga oshirgan xatti-harakatlarga juda o‘xshash edi. Bu hol tabiiyki, bu mamlakatning siyosiy rahbariyati va jamoatchilikni ogoh bo‘lishga chaqirdi.
O‘zbekistonda dinning keskinlashuv jarayonining nazorat doirasidan chiqib ketish xavfi tug‘ildi. Shunday sharoitda, qonunni himoya qiluvchi idoralar tomonidan voqealarning yanada rivojlanib ketishining oldini olish maqsadida chora-tadbirlar ko‘rildi. Xususan, amaldagi qonunlarga asoslanib, davlat qurilishini Konstitutsiyaga xilof ravishda o‘zgartirishga da’vat qiluvchi barcha partiya va harakatlarning faoliyati to‘xtatib qo‘yildi. Shundan so‘ng, «Adolat»ning bir qator rahbarlari avval Tojikistonga, so‘ng Afg‘onistonga qochdilar. Yuqorida nomlari tilga olingan radikal diniy guruhlar faqat davlat bilan, xususan, qonunni himoya qiluvchi organlar bilangina emas, balki qolgan dindorlar bilan ham va amalda jamiyatning barcha ijtimoiy qatlamlari, jumladan boshqa mahalliy diniy konfessiyalar vakillari bilan ixtilofga bordilar. Tadqiqotchilarning fikricha, yangi paydo bo‘lgan keskin diniy guruh va tashkilotlarning tutgan yo‘li mojaroli fikrlarning keskinligi va murosasiz ekanligi bilan ajralib turadi. Ular e’lon qilgan hatti-harakatlar dasturi ularning bugungi kunning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy g‘oya va qarashlarini butunlay tushunmasligini aniq ko‘rsatdi. Bu guruhlarning asosiy rahbarlari-qaytadan islomiylashtirish g‘alayonida siyosiy mablag‘ orttirish payida bo‘lgan chalasavod-avantyurachilardir. Shaxsiy manfaat bilan uyg‘unlashib ketgan bu siyosiy xurujlar go‘yo diniy, milliy va madaniy qadriyatlarga qaytish niyatida qilingan emish. Aslida, yuzaga kelgan vaziyatda ushbu maqsadlar ushalmaydigan puch xayolga aylanib bordi, chunki, ular bu qadriyatlar haqida kerakli bilim, malakaga ega emasdilar.
1998-99 yillarda diniy ekstremistik guruhlarning faollashuvi ruy beradi. Bu jarayon ochiq qurolli qarama-qarshilik, targ‘ibot ishlari va varaqa tarqatish kabi faoliyat orqali olib boriladi. «Tavba», «Hizbulloh», «Hizb at-Taxrir al-islomiy» va boshqalar kabi yashirin diniy-ekstremistik guruhlar vujudga keladi.
Bu g‘ayriqonuniy tashkilotlarning asosiy maqsadi – konstitutsiyaviy tizimni izdan chiqarish, hukumatga qarshi ommaviy chiqishlar uyushtirish, davlat rahbariyatini xokimiyatdan chetlashtirish va islomiy xukumat tuzishdan iboratdir. Buning uchun ular hozir ham davlat idoralari va ob’ektlariga qarshi qo‘paruv ishlarini, tinch aholi va davlat arboblariga qarshi terrorchilik xurujlarini davom ettirayotir. «Adolat» harakatining ayrim faollari qurolli to‘ntarish orqali xokimiyatni o‘z qo‘llariga olish uchun oldin Tojikistonga, keyin esa Afg‘onistonga o‘tib, u yerlarda keng ravishda jangarilarni tayorlashga kirishgan edilar.
1999 yil 16 fevral kuni Toshkentda ekstremistik kuchlar tomonidan amalga oshirilgan bir necha portlash sodir bo‘ldi. Buning natijasida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi va 100 dan ortiq kishi yaralandi. 1999 yil 15 noyabrda esa qo‘poruvchi guruh Yangiobod shahrida amalga oshirgan terrorchilik xuruji natijasida yana 8 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Shunga o‘xshagan xurujlar Surxondaryo viloyatining sharqidagi tog‘li tumanlarda hamda mamlakatning boshqa chegara xududlarida ro‘y berdi.
Bu favqulodda xodisalar yaqqol ko‘rsatdiki, radikal islom tashkilotlarining orqasida tashqi reaksion kuchlar turgan va ularning asosiy maqsadi respublika ichida vaziyatni beqarorlashtirishga va unda o‘zi xohlagan tizimni o‘rnatishga intilishdan iborat bo‘lgan.
2001 yil 11 sentyabr kunigacha O‘zbekistonning barqarorligiga va xavfsizligiga asosiy tahdidni Afg‘onistondagi murakkab harbiy va siyosiy vaziyat ko‘rsatgan. Mazkur vaziyatni, albatta, u yerdagi fuqarolik urushi va islomiy kuchlarning kuchayishi keltirib chiqargan. «Tolibon» fundamentalistik harakati Afg‘oniston hududiga yashirinib olgan oppozitsion islomiy kuchlarga (O‘zbekiston islom harakati va ularning Toxir Yuldoshev va Jumaboy Xo‘jaevlar kabi «siyosiy rahbarlari»ga) nafaqat mafkuraviy, balki bevosita moddiy yordam berar edi. Mazkur «siyosiy rahbarlar» o‘sha vaqtda Afg‘oniston xududlarida bekinib yurishar edi. Islom ekstremizmi kuchayishiga albatta Tolibon rahbarlarining ochiq-oydin gaplari ham ta’sir etar edi. Ular «haqiqiy islomni» faqat Afg‘onistonda emas, balki unga chegaradosh davlatlarda ham yoyish lozimligi haqida bir necha bor ta’kidlab o‘tishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida..» kitobida ta’kidlab o‘tganlaridek, «diniy aqidaparastlik xurujlari avvalambor nafaqat diniy ziddiyatlar sababli, balki ko‘pgina ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammlarning hal qilinmasligi sababli paydo bo‘ladi». Shuning uchun O‘zbekistonda dinning siyosiylashuv jarayonining keskinlashuviga siyosiy shart-sharoitlar bilan bir qatorda mavfkuraviy, madaniy, iqtisodiy va psixologik omillar ham o‘z ta’sirini o‘tqazadi.
Ko‘p asrlar mobaynida insonlarning ongida shakllangan islom an’analari barcha xayotiy muammolarni shariat asosida hal etishni taqazo etadi. Bu an’analarga halqimizda bo‘lgan moyillik, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida paydo bo‘ladigan ijtimoiy va iqtisodiy qiyinchiliklar hamda odamlarning an’anaviy xayot tarzi o‘zgarishi – bularning barchasi dinni siyosiylashtiruvchi psixologik omilning keskinlashuviga olib keladi.
Ko‘p yillar mobaynida sho‘ro hukumati tomonidan odamlarning ongiga singdirilgan dahriy, ateistik qarashlar, 80-yillar oxirlarida g‘arb madaniyati va mafkurasi kirib kelishi ham islom omilining O‘zbekistonda kuchayishiga olib keldi.
Respublikamizda radikal islom bilan kurashish borasida an’anaviy tadbirlar bilan birga xukukiy, diniy-ma’rifiy, ijtimoiy va iktisodiy tadbirlar keng kullanilmokda.
Huquqiy sohada O‘zbekistonda qator qonuniy hujjatlar qabul kilingan. Ularning biri - 1992 yil 8 dekabrda kabul kilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi.
Jamiyatimizning asosiy konuniga ko‘ra, davlat din ishlariga aralashmasligi e’lon kilingan (61- modda). Shu bilan birga konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib olgan, diniy adovatni targ‘ib qiladigan har qanday diniy partiyalar va jamoat uyushmalari tuzish, shuningdek diniy prinsip asosida harbiy va siyosiy partiyalar tuzish taqiqlanadi (57-modda). Dinning siyosiylashuvi va radikallashuviga chek kuyilishida O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil may oyida qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar tugrisidagi» qonunining yangi taxriri shubxasiz katta ahamiyatga ega.
Diniy ekstremizmning keng tarkalishiga asosiy sabablar orasida siyosiy, ijtimoiy va iktisodiy muammolar borligini inobatga olgan xolda, davlat raxbari Islom Karimov tashabbusiga binoan respublikamizda bir qator siyosiy, ijtimoiy va iktisodiy tadbirlar amalga oshirilmokda. Birinchidan, vatanimizda demokratik institutlar va fuqarolik jamiyati kurish borasida ancha tadbirlar va ishlar olib borilmokda. Ikkinchidan, faol ijtimoiy siyosat amalga oshirilmokda. Uchinchidan, mamlakatning ishlab chiqarish infrastukturasi rivojlanmoqda.
Yukorida aytilganlardan kelib chiqib, kuyidagilarni ta’kidlab utish mumkin. Islomning siyosiylashuv jarayoni global xarakterga ega. Bu - dunyodagi yangi geosiyosiy uzgarishlar natijasidir. Xozirgi vaqtda siyosiylashgan islom dunyo mikyosida muxim geosiyosiy omilga aylangan va u, chamasi, ko‘p jihatdan musulmon olamidagi barcha siyosiy jarayonlarni belgilab turadi.
Yuqorida aytilganlarga asoslanib, respublikada islomning kuchayishi va siyosiylashuviga olib kelgan asosiy omillarni ikki guruhga ajratish mumkin: tashqi omillar va ichki omillar.

Shunday qilib, din siyosiylashuvining Markaziy Osiyoda va xususan O‘zbekistonda kuchayishi bekarorlikka olib keluvchi va havfsizlikka to‘gridan-to‘g‘ri tahdid soluvchi omil hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqadagi mamlakatlarning ijtimoiy va iktisodiy rivojlanishiga katta to‘siq bo‘ladi.




Tashqi omillar:
1) geosiyosiy;
2) tashqi siyosiy;
3) diniy;
4) xarbiy-siyosiy;
5) madaniy-mafkuraviy.
Ichki omillar:
1) diniy-mafkuraviy;
2) iqtisodiy;
3) ijtimoiy;
4) psixologik.

Download 170.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   26




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling