14-mavzu. Korxona moliyasini tashkil etish asoslari


Download 62.12 Kb.
bet1/4
Sana20.06.2023
Hajmi62.12 Kb.
#1634903
  1   2   3   4
Bog'liq
14-мавзу (1)


14-mavzu. Korxona moliyasini tashkil etish asoslari
Tayanch so’zlar: Pul, korxonalar moliyasi, taqsimlash va nazorat funkciyasi, xo’jalik yuritish faoliyatida mustaqillik, o’z – o’zini moliyalashtirish, moddiy manfaatdorlik, moliyaviy zaxiralar, pul resurslari, xususiy kapital, jalb etilgan mablag’lar, moliyaviy hisobot, buxgalteriya balansi, moliyaviy menejment.
14.1. Korxonalar moliyasining mohiyati
Moliya umumiqtisodiy kategoriya sifatida davlatning faoliyat ko’rsatishi uchun moddiy asosni tashkil etadi. Moliya davlatga yuklatilgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarni amalga oshirish, jamiyatda kengaytirilgan ishlab chiqarishni ta’minlash uchun kerakli pul mablag’larini yetkazib beradi. Ushbu faoliyatni amalga oshirishda soliqlar, to’lovlar, bojlar, davlat kreditini jamlagan moliya davlat uchun obyektiv va zarur xususiyatga ega bo’ladi. Ushbu jarayonda korxonalar moliyasi alohida o’rin egallaydi.
Korxonalar moliyasi mamlakat moliya tizimining asosiy bo’g’ini hisoblanadi va u yalpi ijtimoiy mahsulot hamda milliy daromadning yaratilishi, taqsimlanishi va sarflanishi bilan bog’liq jaryonlarni o’z ichiga oladi. Korxonalar moliyasi yalpi ijtimoiy mahsulot va milliy daromadning asosiy qismi yaratiladigan moddiy sohada faoliyat ko’rsatadi.
Korxonalar moliyasi o’z mohiyatiga ko’ra korxonaning tadbirkorlik faoliyati natijasida xususiy kapital, maqsadli markazlashgan va markazlashmagan pul fondlarining shakllanishi, ularni taqsimlanishi hamda sarflanishi bilan bog’liq moliyaviy yoki pul munosabatlaridan iboratdir.
Korxonalar moliyasining iqtisodiy mohiyatiga asosan barcha moliyaviy munosabatlarning yo’nalishlarini quyidagicha guruhlarga ajratish mumkin:
l) Korxonalarni tashkil etishda xususiy kapitalni va ustav kapitalini shakillantirishdagi ta’sischilar o‘rtasidagi munosabatlar. Ustav kapitalini shakllantirishning aniq usullari korxona faoliyat ko’rsatishining tashkiliy-huquqiy shakliga bevosita bog’liqdir. Bu yerda korxonalar ochiq hissadorlik jamiyati, yopiq hissadorlik jamiyati, ma’suliyati cheklangan jamiyat, xususiy korxona va boshqa mulkchilik shaklida faoliyat ko’rsatishi mumkin. Korxonalar ustav kapitali ishlab chiqarish fondlarini, moddiy va nomoddiy aktivlarni shakllantirishdagi birlamchi moliyaviy manba bo’lib hisoblanadi;
2) Mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni sotish bilan bog’liq bo’lgan alohida korxonalar o’rtasidagi moliyaviy munosabatlar. Ushbu moliyaviy munosabatlarga xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotlar yetkazib beruvchi ta’minotchi hamda sotib oluvchi korxonalar o’rtasidagi, investiciya faoliyatini olib borishdagi quruvchi tashkilotlar o’rtasidagi, yuklarni yetkazib berish bilan bog’liq transport tashkilotlari o’rtasidagi, aloqa va bojxona muassasalari o’rtasidagi munosabatlarni kiritish mumkin. Ushbu munosabatlar korxonalar moliyasini tashkil etish va uning tijorat faoliyatidagi moliyaviy natijasining asosi hisoblanadi;
3) Korxonalar va uning tashkiliy bo’g’inlari (filiallar, sexlar, brigadalar, bo’limlar) o’rtasidagi xarajatlarni moliyalashtirish, foydani va aylanma mablag’larni sarflanishi bilan bog’liq munosabatlar. Ushbu munosabatlar korxonada ishlab chiqarishni tashkil etish va uning bir maromda faoliyat ko’rsatishiga bevosita ta’sir etadi;
4) Korxonalar va uning ishchilari o’rtasidagi ish haqini to’lash, soliqlarni to’lash, foydani taqsimlash va sarflanishi, aksiyadorlik jamiyatida aksiyalarni chiqarish va ularni joylashtirilishi, aksiyalar bo’yicha dividendlarni to’lash, jarimalarni to’lash bilan bog’liq munosabatlar. Ushbu munosabatlar ularda mavjud mehnat resurslaridan samaradorlik bilan foydalanishga ta’sir ko’rsatadi;
5) Korxonalar va yuqori tashkilotlar, moliya-sanoat birlashmalari, xoldinglar, uyushmalar va associaciyalar o’rtasidagi munosabatlar. Ushbu munosablar korxonalar o’zlari a’zo hisoblangan yuqori tashkilotlar o’rtasidagi markazlashgan maqsadli pul fondlarini va zaxiralarni shakllantirishi, taqsimlanishi va ularni sarflanishi, ilmiy-tadqiqot ishlarini tarmoq bo’yicha marketing tadqiqotini o’tkazish, investitsiya faoliyatini olib borishda qaytarib berish sharti asosidagi moliyaviy yordam ko’rsatish, aylanma mablag’larini to’ldirish bilan bog’liq munosabatlarni o’z ichiga oladi. Munosabatlarning ushbu guruhi tarmoq ichidagi korxonalarni ishlab chiqarishini rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash bilan bevosita bog’liq pul mablag’larini qayta taqsimlash hamda ularni ishlatilishi bilan bog’liq munosabatlardan iborat;
6) Tijorat tashkilotlari va korxonalar o’rtasidagi qimmatli qog’ozlarni muomalaga chiqarish va ularni joylashtirish, o’zaro kreditlashtirish, qo’shma korxonalarni tashkil etishda muassis sifatida ishtirok etish bilan bog’liq munosabatlar. Ushbu munosabatlar korxonalarning o’z faoliyatini moliyalashtirishdagi qo’shimcha moliyaviy manbalarni jalb etish bilan bog’liq faoliyatga bevosita bog’liqdir;
7) Korxonalar va davlat moliya tizimi o’rtasidagi budjetga soliqlar va yig’imlarni to’lash. budjetdan tashqari fondlarga to’lovlar o’tkazish, soliqlar bo’yicha imtiyozlar berish, moliyaviy jazo choralarini qo’llash hamda budjetdan moliyalashtirish bilan bog’liq munosabatlar;
8) Korxonalar va tijorat banklari o’rtasidagi banklarda pul mablag’larini saqlash, kreditlar olish va ularni to’lab berish, bank kreditdan foydalanganlik uchun foizlar to’lash, xorijiy valutalarni sotish va sotib olish, turli bank xizmatlarini ko’rsatish bilan bog’liq munosabatlar;
9) Korxonalar va sug’urta tashkilotlari o’rtasidagi mol-mulkni, xodimlarining ayrim toifalarini, tijorat va tadbirkorlik qaltisliklarini (risklarni) sug’urta qilish bilan bog’liq munosabatlardan iborat;
10) Korxonalar va investiciya institutlari o’rtasidagi qimmatli qog’ozlarni sotish va sotib olish, investitsiyalarni joylashtirish, xususiylashtirish bilan bogliq munosabatlar.
Yuqorida ta’kidlab o’tilgan moliyaviy munosabatlarning har bir guruhi o’ziga xos xususiyatlariga ega va qo’llanishi sohasi bo’yicha ajralib turadi. Lekin ularning barchasi ikki tomonlama xarakterga ega bo’lib, ularning moddiy asosi bo’lib, pul mablag’larining harakati tashkil etadi.
Korxonaning pul fondlari mablag’larining harakati ustav kapitalini shakllantirishi bilan boshlanadi va foydani shakllanishi, taqsimlanishi hamda uni sarflanishi bilan tugaydi.
Korxonalar moliyasi bajaradigan funkciyalar umumdavlat moliyasi bajaradigan funkciyalariga o’hshash va ular quyidagilardan iborat:
1) taqsimlash funkciyasi;
2) nazorat funkciyasi.
Yuqorida qayd etilgan funkciyalar o’zaro bog’liq va bir-birini to’ldirib turadi. Quyida moliyaning funkciyalarini to’liq yoritishga harakat qilinadi.
Umumdavlat moliyasi o’zining taqsimlash funkciyasini makrodarajada amalga oshirsa, korxonalar moliyasi o’zining taqsimlash funkciyasini mikrodarajada amalga oshiradi. Korxonalar moliyasi taqsimlash funkciyasi yordamida birlamchi kapitalni shakllantirish, ishlab chiqarishni moliyaviy manbalar bilan ta’minlash, daromadni va moliyaviy resurslarni taqsimlash, majburiyatni o’z muddatida hamda to’liq bajarish, xo’jalik yurituvchi subyektlar va davlatning manfatlarini oqilona darajada saqlab turish amalga oshiriladi. Taqsimlash funkciyasi orqali korxonaning daromadlarini taqsimlash natijasida maqsadli pul fondlari va zaxiralari shakllantiriladi. Bunday fondlarga ustav kapitali, qo’shilgan kapital, zaxira fondi, jamg’arma fondi, iste’mol fondi, valuta fondi va boshqalarni kiritish mumkin.
Korxonalar moliyasining taqsimlash funkciyasi o’z mohiyatiga asosan nafaqat jamiyatning umumiy manfaatlarini, balki o’z vaqtida alohida olingan xo’jalik subyektlari, ta’sislar, turli aksiyadorlar, ishchi-xodimlar, kredit va sug’urta institutlarining manfaatlarini oqilona o’zida jamlashi lozim. Korxonalar doirasida shakllantiriladigan moliyaviy mablag’larning hajmi, kerakli kapital qo’yilmalarini moliyalashtirish, aylanma mablag’larni to’ldirib turish va ko’paytirish, hamma turdagi moliyaviy majburiyatlarni amalga oshirish, ijtimoiy xarakterdagi ehtiyojlarni ta’minlash imkoniyatlarni aniqlaydi. Ushbu faoliyatni amalga oshirishda uning xo’jalik-moliya faoliyatini tahlil etish asosiy ahamiyatga egadir.
Korxonalar moliyasining nazorat qilish funkciyasini obyektiv asosi bo’lib mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish, xizmatlar ko’rsatish, ishlarni bajarishdagi xarajatlarning qiymat tomondan hisobga olinishi va buning natijasida daromadlarni shakllanishi hamda pul fondlarini taqsimlanishini tashkil etadi. Moliya taqsimlash munosabatlari sifatida ishlab chiqarishni moliyalashtirishni moliya manbalari bilan ta’minlaydi va shu asosda u ishlab chiqarishning barcha sohalarini, ya’ni ishlab chiqarish, ayirboshlash, iste’molni o’z ichiga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, korxonalar mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni amalga oshirish, xizmatlar ko’rsatish natijasida kelib tushadigan daromadning miqdoridan ortig’ini taqsimlay olmaydi. Olinadigan daromadning miqdorini oshirish uchun esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanishga bevosita bog’liqdir. Xuddi shu jarayonlarda nazorat funkciyasi alohida ahamiyatga egadir. Korxonalar moliyasining nazorat qilish funkciyasi quyidagi yo’nalishlarda amalga oshiriladi:
1) Korxonalar tomonidan bevosita moliyaviy ko’rsatkichlarni har tomonlama tahlil etish, moliya rejalarini bajarilishi yuzasidan tezkor nazoratni olib borish, tovar-moddiy qiymatlarini yetkazib beruvchilar, buyurtmachilar, tijorat banklari, davlat budjeti, budjetdan tashqari fondlar va boshqa kontragentlar oldidagi majburiyatlarni bajarish jarayonida olib boriladi;
2) Korxonalarning ta’sischilari va aksiyadorlari oldida pul mablag’larini samaradorlik bilan joylashtirish, foyda topish ham da dividendlar to’lash yuzasidagi nazorat olib boriladi;
3) O’zbekiston Respublikasi Dalvat Soliq Qo’mitasi vakolatidagi davlat soliq inspektorlari tomonidan budjet va budjetdan tashqari fondlarga soliqlar, bojlar, yig’imlar hamda to’lovlarni o’z muddatida to’liq to’lanishi yuzasidan nazorat olib boriladi;
4) O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi vakolatidagi moliya bo’limlari tomonidan o’zlarining moliya-xo’jalik faoliyatida davlat budjeti mablag’laridan foydalanayotgan korxonalarda ushbu mablag’larni maqsadli foydalanayotganligining nazoratini olib boradilar;
5) Tijorat banklari tomonidan korxonalarga kreditlar berish, uni o’z vaqtida va foizi bilan qaytarilishini hamda boshqa bank xizmatlarini ko’rsatish yuzasidan nazorat olib boradilar;
6) Mustaqil auditorlik firmalari tomonidan korxonaning yillik moliya-xo’jalik faoliyatini auditorlik tekshiruvdan o’tkazish orqali olib boradilar.
Korxonalar ichidagi moliya nazoratini alohida tashkil qilingan moliya bo’limlari amalga oshiradi. Korxonalarda ishchi-xizmatchilar sonining kamligi, ishlab chiqarish hajmining kamligi sababli ularda moliya nazoratini olib borish vakolati bosh hisobchi zimmasiga yuklatilgan. Korxonalar moliya-xo’jalik faoliyatida ijobiy moliyaviy natijalarning mavjudligi ushbu korxonada moliya nazoratini yuqori darajada tashkil etilganligidan hamda moliya resurslarini boshqarishda samarador shakl va uslublardan foydalanilayotganligidan dalolat beradi.
O’z vaqtida buning aksi, korxona moliya-xo’jalik faoliyatida salbiy moliyaviy natijalarning mavjudligi, ushbu korxonada moliya nazoratini sust darajada tashkil etilganligidan dalolat beradi hamda ushbu holat korxonaning moliyaviy tomonidan «sinishi»ga olib kelishi mumkin.

Download 62.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling