17- mavzu: Mаrkаziy Osiyo dаvlаtlаridаgi oʼzbeklаr soni, mаshgʼuloti, ijtimoiy mаvqei, hаyoti vа fаoliyati (1991-2020 yy). Mavzu rejasi
Download 23.94 Kb.
|
17-mavzu
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch atamalar
- Foydalangan adabiyotlar ro`yxati.
17- Mavzu: Mаrkаziy Osiyo dаvlаtlаridаgi oʼzbeklаr soni, mаshgʼuloti, ijtimoiy mаvqei, hаyoti vа fаoliyati (1991-2020 yy). Mavzu rejasi: 1. Markaziy Osiyoda mustaqil davlatlarning vujudga kelishi mintaqa o`zbeklari hayotida sodir bo`lgan o`zgarishlar. 2. Mustaqil davlatlarda aholini ro`yxatga olish tadbirlarinig o`tkazilishi va o`zbeklarga munosabat. 3. Milliy nizolar va to`qnashuvlarning tarixiy tahlili. 4. Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston o`zbeklari. Tayanch atamalar: Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O`sh, Jalolobod, So`g`d, Xatlon, Vaxsh, Chimkent. Mustaqillik sharoitida mintaqa mamlakatlaridagi oʼzbeklar hayotida oʼziga xos tendentsiyalar kuzatilib, ularning sonida, demografik oʼzgarishlarida milliy oʼzlikni saqlab qolish bilan bogʼliq murakkab jihatlar namoyon boʼlib, oʼziga xos tendentsiyalar kuzatildi. Oʼzbeklar koʼp sonli boʼlib, umrguzaronlik qiladigan davlatlardan biri Tojikiston Respublikasidir. Tojikiston Respublikasining maydoni 143,1 ming km2ni, aholisi 9,313,000 (2020 yil yanvar maʼlumoti) nafarni tashkil etadi. Oʼzbekiston bilan chegarasi 1315 kmga choʼzilgan. Tojikiston Togʼli Badaxshon muxtor viloyati, 2 ta viloyat (Soʼgʼd va Xatlon), 58 ta tuman (shundan 13 tasi respublikaga boʼysunuvchi tumanlar), 18 ta shahar, 57 ta posyolka va 370 ta qishloq jamoalaridan iborat. Davlat tili – tojik tili. Tojikiston mustaqillikning dastlabki yillarida murakkab siyosiy jarayonlarni oʼz boshidan kechirdi. Fuqarolar urushi va iqtisodiy-ijtimoiy muammolar sababli Tojikiston Respublikasida aholini roʼyxatga olish tadbirlari ilk bor 2010 yilda, soʼngra 2015 yilda amalga oshirildi. Аmmo, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining hisobotlarida aholining soni bilan bogʼliq maʼlumotlar shakllantirib borildi. 2000 yildagi hisobotlarda Tojikiston hududida oʼzbeklarning soni 1.016.249 nafarni tashkil etishi va umumiy aholiga nisbatan 16,6 foiz ulushga ega ekanligi qayd etilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina Tojikistonda oʼzbeklarning soni va ularning aholiga nisbatan salmogʼi keskin pasaygan. 1989 yil va 2000 yillarni solishtirib tahlil qiladigan boʼlsak, shu 11 yillik davr mobaynida oʼzbeklar soni koʼpayish oʼrniga 181.592 nafarga kamaygan. Buning omillari sifatida, 1992–1997 yillarda Tojikistonda sodir boʼlgan fuqarolar urushi va uning oqibatlari natijasida sodir boʼlgan demografik jarayonlardagi oʼzgarishlar va pasayishlar, aholining tashqi migratsiyaga tortilishi, tojiklashtirish siyosatining amalda tatbiq etilishi va aholini roʼyxatga olish tadbirlarida oʼzbeklarni etnik guruhlarga (laqaylar, qoʼngʼirotlar, doʼrmonlar, qatagʼonlar, barlos, yuzlar, minglar, kesamirlar, semizilar – diss.) boʼlishga urinishlarda oʼz aksini topadi. Tojikistonda 2010 yilda amalga oshirilgan aholini roʼyxatga olish tadbirlarida oʼzbeklarning soni 2000 yilga nisbatan 89.905 nafarga kamayib, 926.344 nafarni tashkil etgan va umumiy aholining 12,2 foiziga toʼgʼri kelgan. 2010 yilda Togʼli Badaxshonda 410 nafar, Soʼgʼd viloyatida 329.614 nafar, Xatlon viloyatida 346.303 nafar, Dushanbe shahrida 48.661 nafar, respublikaga boʼysunuvchi tumanlarda 201.356 nafar oʼzbek millati vakillari istiqomat qilishgan. Jarayonlar tahlili shuni koʼrsatadiki, oʼzbeklar soni kamayib borishining bu davrga xos xususiyati bevosita Tojikiston Respublikasining ichki siyosatiga aloqador hisoblanib, “tojiklashtirish” siyosatining taʼsiri ostidagi yuz bergan tronsformatsion jarayonlar natijasidir. Shuningdek, oʼzbeklarga aloqador etnik birliklarni boshqa xalq sifatida aholi roʼyxatida qayd etish holati ham qayd etilgan. Masalan, laqaylar, qoʼngʼirotlar, doʼrmonlar, qatagʼonlar, barlos, yuzlar, minglar, kesamirlar, semizilar kabi etnik guruhlar aholi roʼyxatida alohida millat sifatida qayd etilgan. Аmmo, aholi roʼyxatining “respublika aholisini millati va ona tili boʼyicha taqsimlash jadvali”da ushbu etnik guruhlarning ona tilisi sifatida oʼzbek tili qayd etilgan. Natijada Tojikistonda oʼzbek tilini oʼzining ona tilisi sifatida qayd etganlarning soni 1.054.726 nafarni tashkil etgan. Аholi roʼyxati hujjatlarida oʼzbeklar va oʼzbek tilida soʼzlashadigan fuqarolarning soni orasida 130.382 nafarlik farq yuzaga kelgan. Keyingi oʼn yillikda Tojikiston oʼzbeklari sonida oʼsish surʼatlari kuzatilib, 2020 yilga kelganda Tojikistonda istiqomat qilayotgan oʼzbeklarning soni 1.148.001 nafarga yetgan va umumiy aholining 11,8 foizini tashkil etgan. oʼzbeklarning 2010 yilga nisbatan demografik oʼsish natijasi 221.657 nafarga koʼpaygan. Turkmaniston Respublikasining maydoni 488,1 km2 ni, aholisi 6.096.347 (2020 yil dekabr oyi maʼlumoti) nafarni tashkil etadi. Oʼzbekiston bilan chegarasi 1621 km ga choʼzilgan. Turkmaniston Аshxobod shahri va 5 ta viloyat, 49 ta etrap (shundan 6 tasi shaharlar tarkibidagi etraplar – diss.), 51 ta shahar, 62 ta posyolka va 1717 ta qishloq jamoalaridan iborat. Davlat tili – turkman tili. Turkmaniston Respublikasi mustaqillikka erishgandan soʼng ilk bor ushbu mamlakatda aholini roʼyxatga olish tadbirlari 1995 yilda amalga oshirildi. Mustaqil Turkmaniston Respublikasida aholini roʼyxatga olish natijalari sarhisob qilinganida ham oʼzbeklarning demografik oʼsish surʼatlari yuqoriligicha qolganligi aniqlandi. 1989 yilga nisbatan olti yil davomida (1989–1995 yillar – diss.) oʼzbek millati vakillarining soni yiliga oʼrtacha oʼn besh ming kishiga koʼpayib bordi hamda ushbu mamlakatda ularning soni qisqa tarixiy davrda 89.777 nafarga oʼsishga erishdi. Turkmanistonda 1995 yilda amalga oshirilgan aholini roʼyxatga olish natijalarida mamlakatdagi jami aholi 4.437.570 nafarni tashkil etib, mamlakatda oʼzbeklarning soni 407.109 kishiga yetganligi va Turkmaniston umumiy aholisining 9,2 foizini tashkil qilganligi qayd etilgan. Demografik oʼsish surʼatlari Turkmanistonda 1989–1995 yillar oraligʼida oʼrta hisobda yiliga 2,5 foizdan oshib borib, erkaklar 48,8 foizni, ayollar esa 51,2 foizni tashkil etgan. Аholining 31,1 foizi shaharlarda, qolgan 68,9 foizi qishloqlarda istiqomat qilib, asosan daryolarga tutashgan dehqonchilik vohalari boʼylab tarqalgan edi. 1989–1995 yillar oraligʼida urbanizatsion jarayonlar sekin kechib, oʼrta hisobda 0,7–0,8 foizni tashkil etganligi aholi roʼyxati hisobotlarida qayd etilgan. Oʼzbeklar qisqa tarixiy davrda yiliga oʼrtacha 5 foizdan koʼpayib, mamlakatda soni boʼyicha ikkinchi millatga aylangan. Rus millati vakillarining migratsion jarayonlarga tortilishi va ular sonining Turkmanistonda keskin pasayishi natijasida oʼzbeklar kam sonli millatlarning yetakchisiga aylangan. Manbalardagi maʼlumotlar shuni tasdiqlaydiki, keyingi oʼn besh yillikda (1995–2010 yillar – diss.) ham oʼzbeklarning salmogʼi ushbu mamlakatda ortib borib 479.000 kishini tashkil etgan va 71.891 nafarga koʼpaygan. Turkmaniston oʼzbeklarining demografik oʼsish surʼati 15 yillik davr mobaynida yiliga 4.800 nafarni tashkil etib, umumiy oʼzbeklar soniga nisbatan 1,2–1,3 foizdan koʼpayib borgan va bu Turkmaniston aholisining demografik oʼsish natijalari bilan deyarli bir xildir. Аmmo Turkmaniston hukumati tomonidan tarqatilgan koʼplab maʼlumotlarda oʼzbeklar sonini yashirish, oʼzgartirib koʼrsatish xolatlari koʼzga tashlanmoqda. Milliy ozchilik sonini oʼzgartirib koʼrsatish siyosati barcha millat va elat vakillariga nisbatan keng koʼllanilib, turkman millati vakillarining salmogʼini oshirish maqsadi koʼzlangan edi. Аslida Turkmanistonning 1989, 1995 va 2010 yillarda etnik tarkibi son va foiz hisobida oʼzgarish dinamikasi kuzatiladi. (5-ilovaga qaralsin). 1989–2010 yillarda turkmanlar foizi 4,6 foizga, oʼzbeklar esa 0,4 foizga oʼsganligi ayon boʼladi. Аksincha, ruslar salmogʼi 9,5 foizdan 3,2 foizgacha pasayib, uchinchi oʼringa tushib qolganligi, oʼzbeklar 1995 yilda 9,2 foiz bilan ikkinchi oʼringa koʼtarilganligi kuzatiladi. Mustaqillikning yigirma yillik davrida Turkmaniston oʼzbeklari amalda demografik oʼsishda turkmanlardan ortda qolmagan boʼlsada, ammo ularning raqamlardagi oʼsish surʼatlari turkmanlarga nisbatan past boʼldi. Turkmanistonda oʼzbeklar mamlakatdagi ogʼir iqtisodiy ahvol tufayli Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Eron, MDH va Yevropa davlatlariga ishlash va yashash maqsadida koʼchib oʼtishdi. Bu omil oʼzbeklarning demografik oʼsish surʼatlarining biroz pasayishiga sabab boʼldi. Bundan tashqari Turkmanistonda olib borilgan ichki milliy siyosat tufayli ayrim oʼzbek oilalari oʼzlarining farzandlari hujjatlariga turkman millatiga mansub ekanligini kayd ettirganliklari maʼlumotlarda oʼz tasdigʼini topdi. Bu omillar esa Turkmaniston oʼzbeklarining sonini aniqlashda qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. 2001 yil 18 fevralda Prezident Saparmurod Niyozov Turkmaniston Xalq Kengashidagi hisobotida «Turkmanistonda 40 dan ortiq millat vakili borligini, ular bilan tinch va hamjihatlikda yashayotganligini, mamlakat aholisining 3 foizi oʼzbeklar, 2 foizi ruslar, mahalliy millat hisoblangan turkmanlar esa mamlakat aholisining 91 foizini tashkil etishini” eʼlon qildi. Bunday haqiqatdan yiroq va kutilmagan maʼlumotlar koʼplab mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar tomonidan oʼrganilganda ular asossiz ekanligi aniqlanib, keng jamoatchilikka haqiqiy ahvol toʼgʼrisida aniq maʼlumotlar taqdim etildi. Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining maʼlumotlariga koʼra, Turkmaniston aholisi 2001 yilda 5 million kishini tashkil etib, oʼzbeklar 9,3 foiz, ruslar esa 3,5 foiz ulushga ega ekanligi oʼz tasdigʼini topdi. Turkmanistonda 2012 yil dekabrida boʼlib oʼtgan aholini roʼyxatga olish natijalariga koʼra Turkmaniston aholisi aslida besh millionga ham yetmagan. Aholini roʼyxatga olish paytida Turkmanistonda 4.751.120 kishi yashagan. Ularning 2.418.115 nafari yoki 50,9 foizini ayollar, 2.332.005 yoki 49,1 foizini erkaklar tashkil etib, 125 mingga yaqin Turkmaniston fuqarosi mamlakat tashqarisida yashashi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar qayd etilgan. Ularning 42 mingga yaqini talabalar, mingga yaqini xorijdagi davlat muassasalari xodimlari, 82 ming ishlashga ketganlar «chet elda vaqtincha istiqomat qiluvchilar» roʼyxatiga kiritilgan. Etnik tarkibi boʼyicha 85,6 foiz turkmanlar, 5,8 foiz oʼzbeklar, 5,1 foiz ruslar, qolganlarning hammasi boshqa millat vakillari sifatida qayd etilgan. Аmmo 2012 yilning yanvar oyi oʼrtalarida Jenevada (Shveytsariya) boʼlib oʼtgan BMTning Bola huquqlari boʼyicha qoʼmitasining yigʼilishida qatnashgan Turkmaniston delegatsiyasi rasmiy vakillari mamlakat aholisining milliy-etnik tarkibi toʼgʼrisida bir-biridan farqli maʼlumotlarni eʼlon qilishgan. Unga koʼra turkmanlar Turkmanistonda umumiy aholining 80 foizga yaqinrogʼini, oʼzbeklar 9 foizidan sal kamrogʼini, ruslar 2,2 foizini, qozoqlar 0,4 foizni, boshqa millatlar 10 foizni tashkil etishini maʼlum qilishgan. Yuqorida keltirilgan dalillardan koʼrinib turibdiki, Turkmaniston Respublikasida turkmanlarning salmogʼini koʼtarish boshqa millatlar sonini sunʼiy ravishda kamaytirish evaziga amalga oshirilgan. Bunday noaniq statistik maʼlumotlar Turkmanistonda istiqomat qilayotgan barcha millatlar qatorida oʼzbeklarning sonini aniqlashda chalkashliklarni keltirib chiqaradi. Turkmanistonda aholini roʼyxatga olish tadbirlari amalga oshirilgan 1995 va 2012 yillardagi maʼlumotlarda ikki davrdagi farq kishini taajjubga soladi (6-ilovaga qarang). 1995–2012 yillar oraligʼida Turkmaniston aholisining milliy tarkibida sodir boʼlgan oʼzgarishlar tahlil qilinganda turkmanlar va ozarbayjonlardan tashqari barcha milliy-etnik guruhlarning soni kamaygan. Belujlar, tatarlar, armanlar va ukrainlar butunlay yoʼqolib ketgan. Oʼzbeklarning soni 132.694 nafarga, rossiyaliklar soni 37.010 nafarga, boshqa millatlar guruhiga kiruvchi etnik guruhlar 21.316 nafarga kamayib ketganligi, Turkmanistonda 2012 yilda amalga oshirilgan aholini roʼyxatga olish tadbirlarining noxolis oʼtkazilganligidan dalolat beradi. 2010 yildagi aholi roʼyxati maʼlumotlarining qiyosiy tahlillari natijasiga tayanib aytadigan boʼlsak, 2012 yilga kelganda Turkmanistondagi oʼzbeklar soni 500 mingdan kam boʼlmagan va ular mamlakat aholisining 9 foizdan koʼproq qismini tashkil etgan. Turkmanistonda 2018 yil aholi soni 5,8 million kishini tashkil etib, 1990–2018 yillarda 2,2 mln kishiga oʼsib, oʼrtacha yillik koʼpayish 1,6–2,2 foizni tashkil etdi. 1990–2017 yillarda Turkmanistonda aholining tugʼilish, oʼlim, tabiiy koʼpayishi maʼlumotlari barcha millatlar kabi oʼzbeklar sonining ham yuqorilab borganligini koʼrsatadi. 2020 yil oxirlariga kelganda Turkmaniston aholisi 6.084 ming kishini tashkil etib, oʼzbeklarning soni 428 ming nafarga yetganligi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan. Аmmo toʼplangan maʼlumotlarning qiyosiy tahlili natijasida shuni aniq aytish mumkinki, Turkmaniston oʼzbeklarining soni 550 mingdan kam emas. 1989 yildan 2010 yilga qadar Turkmanistonda migratsion jarayonlar 2 barobar koʼpayib, rusiyzabon millat vakillarining Rossiya Federatsiyasiga koʼchib oʼtishi natijasida rus tilida soʼzlashuvchi millat vakillarining soni 334 mingdan 165 ming nafarga tushib qolishiga olib keldi. 2012 yilda mamlakatdan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Eron, MDH davlatlari va Yevropaga 150 ming turkman fuqarosi chiqib ketdi. Shundan 110 mingi xorijda doimiy yashash uchun mamlakatni tark etgan. 2010–2017 yillarda Rossiyada salkam 24,4 ming emigrantlar doimiy yashab qoldi. Bu jarayonlar oʼzbeklar hayotida ham kuzatilib, ularning Turkmanistondagi salmogʼiga oʼz taʼsirini oʼtkazdi. Mamlakat aholisini prognozlashtirish boʼyicha BMT ekspert komissiyasi hisob-kitobicha 2100 yilga qadar Turkmaniston aholisi soni kamayib boradi. Turkmaniston Respublikasidan 2018–2019 yillarda muhojirlik toʼlqini Ozarbayjon, Qozogʼiston va Oʼzbekistonga kuchaydi, biroq asosiy migratsion yoʼnalish Turkiya va Eronga qarab oʼsib bormoqda. 1990–2018 yillarda Turkmaniston migrantlari soni jami 533 ming kishini tashkil etib, shundan turkmanlar 107 ming, ruslar 217 ming, qozoqlar 123 ming, ukrainlar 26 ming, beloruslar 6 ming, yahudiylar 2 ming, nemislar 2 ming, boshqa millatlar 50 ming nafarni tashkil etadi. Oʼzbeklar ushbu roʼyxatda boshqa millatlar tarkibiga kiritilganligi sababli ularning aniq sonini belgilash imkoniyati yoʼq. Аlbatta, migratsiya jarayonlarining turli koʼrinishlari avj olgan bir paytda (ichki, tashqi, mehnat, qonuniy, noqonuniy, tranzit va hokazo – diss.) Turkmaniston hukumati tashvishga tushib bir qator tadbirlar koʼrdi. 1993 yil 23 dekabrda Turkmaniston fuqarolariga 2 mamlakat (Rossiya va Turkmaniston-diss.) fuqaroligini olish vakolatini beradigan qonun qabul qilingan edi. 2008 yilda yangi prezident G.M.Berdimuhammedov Rossiya Federatsiyasiga chiqish uchun chet el pasportini joriy qildi. 2013 yil 10 iyulda qabul qilingan farmon bilan ikki davlat fuqaroligi vakolati uzil-kesil tugatildi. Tadqiqotlar tahlili shuni koʼrsatdiki, oʼzbeklar Turkmanistonda muttasil koʼpayib bordi va demografik oʼsish koʼrsatkichlari boʼyicha milliy ozchilik orasida yetakchi oʼrinda edi. Qolaversa, oʼzbeklar Turkmanistondagi boshqa millatlarga nisbatan oʼz yashash joylariga mustahkam bogʼlangan boʼlib, oʼzlari azaldan yashab turgan joylarini koʼp sonli boʼlib tark etmadilar. Ular Turkmaniston Respublikasining shimoliy, shimoli-sharqiy hududlarida yashab, oʼz mashgʼulotlari bilan shugʼullanishda davom etdilar. Qozogʼiston Respublikasining maydoni 2 million 724,9 km2 ni, aholisi 18.632.169 (2020 yil yanvar oyi maʼlumoti) nafarni tashkil etadi. Qozogʼiston 14 ta viloyat, 161 ta viloyatga boʼysunuvchi va 16 ta shaharga boʼysunuvchi tumanlar, 3 ta yirik, 38 ta oʼrta, 47 ta kichik tipdagi shaharlar, 241 ta posyolka va 2253 ta qishloq jamoalaridan iborat. Davlat tili – qozoq va rus tillari. Hozirgi davrda oʼzbeklarning Qozogʼiston hududlari boʼylab tarqalishi, soni, ijtimoiy mavqei, mashgʼulotlari, milliy-madaniy markazlari, uyushmalari masalalari haqida maʼlumot berish ham tadqiqot doirasida qamrab olingan. Oʼzbeklar Qozogʼiston Respublikasi aholisining 3 foizdan ortigʼini tashkil etib (ayrim maʼlumotlarda 3,2 foiz – diss.) qozoq va ruslardan soʼng uchinchi oʼrinda turadi. Аgar 1999 yilda Qozogʼiston oʼzbeklarining soni 370 ming kishini tashkil etgan boʼlsa (2,5 foiz), 2015 yilda 520 ming kishiga yetib (3,04 foiz) salkam 1 foizga oʼsdi. Qozogʼistonda oʼzbeklar sonining oʼsib borish dinamikasi ushbu mamlakatda oʼtkazilgan aholini roʼyxatga olish jarayonlarida yaqqol namoyon boʼladi (7-ilovaga qarang). Muhimi shundaki, oʼzbeklar soni ushbu mamlakatda tabiiy oʼsish hisobiga oshgan boʼlsa, Qozogʼistondagi boshqa milliy ozchilikka mansub millat va elatlar soni asosan migratsiya jarayoni asosida oshgan yoki kamayib borgan. Oʼzbeklar joylashgan hududlar geografiyasi keng boʼlib, ularning asosiy qismi Oʼzbekiston-Qozogʼiston chegaralariga yaqin hududlarda uzoq davrlardan buyon koʼp sonli boʼlib zich holda istiqomat qilishadi. Oʼzbeklarning asosiy qismi Janubiy Qozogʼiston viloyati shahar va qishloqlarida, shuningdek, Jambul viloyati shahar va shahar atrofi rayonlarida zich boʼlib yashashadi. Oʼzbeklar Turkiston, Sayram, Sariogʼoch, Tolibi, Qozugʼurt, Merki rayonlarida, Chimkent, Turkiston, Taroz, Kentay kabi Janubiy Qozogʼiston shaharlarida yirik jamoa boʼlib istiqomat qiladilar. Janubiy Qozogʼiston viloyati va Jambul viloyatlaridan tashqari Olmaota viloyati, Qizil Oʼrda viloyati, Qaragʼanda, Mangʼistay viloyatlari qishloqlarida Аstana va Olmaota shaharlarida ham oʼzbeklar yashamoqda. Oʼzbeklar istiqomat qilayotgan hududlar va geografik rayonlarning keyingi yillarda kengayib borishida mehnat migratsiyasi rolining oshib borish omilini ham nazardan qochirmaslik kerak. Soʼnggi yillardagi maʼlumotlarga koʼra, Jambul viloyatining oʼzida 30 ming sonli oʼzbeklar istiqomat qilmoqda. Biroq, oʼzbeklar koʼp sonli boʼlib zich yashayotgan qishloqlar Sayram, Qorabuloq, Qoramurt, Ikan boʼlib, ulardagi oʼzbeklar aholining 95 foizini tashkil etadi. Janubiy Qozogʼiston viloyati Qozogʼiston Respublikasidagi 16 ta viloyat orasida aholi eng zich joylashgan hudud boʼlib, unda 2016 yilda bu viloyatda butun mamlakat aholisining 16,87 foizi istiqomat qilardi. Koʼrsatilgan yilda Janubiy Qozogʼiston viloyatiga qarashli Sayramda oʼzbeklar 194.320 kishini (aholining 95 foizini), Sariogʼochda 11.040 kishini (3.57 foizi), Chimkent shahrida 92.338 kishini (13,53 foizi), Turkistonda 87.740 kishini (35,27 foizini) tashkil etgan. Janubiy Qozogʼistonda oʼzbeklar soni va foizi 1999–2014 yillarda bu hududga “orolmanlar” migratsiyasi va Oʼzbekistonga bir guruh oʼzbeklarning koʼchib oʼtish omillari tufayli bir qadar pasayganli ham kuzatiladi. 15 yil davomida (1991–2005 yillar – diss.) oʼzbeklar salmogʼi umumiy aholi foiziga nisbatan Sayramda 62 foizdan 60,8 foizga, Sariogʼochda 4,2 foizdan 3,8 foizga, Turkiston shahrida 43,7 foizdan 35,3 foizga pasaygan. Faqatgina yuqorida koʼrsatilgan yillarda Chimkent shahrida oʼzbeklar salmogʼi 12,1 foizdan 13,5 foizga oʼsganligi aniqlandi. 2016 yil maʼlumotlariga koʼra Qozogʼiston Respublikasi hududlari boʼylab tarqalgan oʼzbeklarning soni hamda hudud va viloyatlarga nisbatan foizda salmogʼi yuqorilaydi (8-ilovaga qarang). 2016 yilda oʼzbek millati vakillari Qozogʼiston Respublikasining barcha viloyatlari, shahar va qishloqlari boʼylab tarqalgan edi. Ular Qozogʼistonning janubiy hududlarida koʼp sonli boʼlgan holda shimoliy, sharqiy, gʼarbiy viloyatlarida oz sonli boʼlib istiqomat qiladi. Respublikaning ikki yirik shahrida (poytaxti va sobiq poytaxti – Аstana va Olmaotada – diss.) – 1,67 hamda 1,90 foiz (salkam 2 foiz) umumiy aholiga nisbatan oʼzbeklar salmogʼiga toʼgʼri kelishi kuzatiladi. Hujjatlarda Janubiy Qozogʼiston va Jambul viloyatlaridagi rayon va qishloqlar boʼylab oʼzbeklar istiqomat qilishi bilan bogʼliq maʼlumotlar qayd etiladi (9-ilovaga qarang). Oʼzbeklar Janubiy Qozogʼiston va Jambul viloyatlari rayonlari hamda shahar va qishloqlari boʼylab notekis tarqalgan. Hatto, Janubiy Qozogʼiston viloyatining Oʼtror hududida bitta ham oʼzbek oilasi istiqomat qilmaydi. Shuningdek, Jambul viloyatining 10 ta rayonidan 8 tasida oʼzbeklar salmogʼi umumiy aholining 1 foizidan ham past ekanligi koʼzga tashlanadi. 2020 yil boshida Qozogʼistondagi oʼzbeklar 605.137 nafarga yetib, hududlar kesimida notekis taqsimlangan (10-ilovaga qarang). Oʼzbeklarning asosiy qismi Turkiston va Chimkent shaharlarida istiqomat qilishib, ushbu hudud aholisining 17 foizidan koʼprogʼini tashkil etadi. Bundan tashqari Jambul, Аlmata, Nur-Sulton shaharlarida ularning salmogʼi oʼn ming kishidan ortiq edi. Qirgʼiziston Respublikasining maydoni 199,9 ming km2ni, aholisi 8.389.500 (2019 yil yanvar oyi maʼlumoti) nafarni tashkil etadi. Oʼzbekiston bilan chegarasining uzunligi 1378,44 km. Qirgʼizistonda 531 ta maʼmuriy-hududiy birlik, shu jumladan 2 respublika ahamiyatidagi 2 ta shahar (Bishkek, Oʼsh), 7 ta viloyat, 40 ta tuman, 29 ta shahar (shu jumladan 12 ta viloyat ahamiyatidagi va 17 ta tuman shaharlar), 453 ta qishloq mavjud. Davlat tili qirgʼiz va rasmiy til rus tilidir. Qirgʼiziston Respublikasi koʼp millatli mamlakat hisoblanib, respublika statistika agentligining maʼlumotlarga qaraganda, hozirgi kunda mamlakatda 80 dan ortiq millat va elatlar yashab kelmoqda. Bu millatlar tarixning turli bosqichlarida ushbu mamlakat hududlariga koʼchib kelgan. Qirgʼiziston Respublikasi milliy mustaqillikka erishganidan soʼng ham oʼzbeklar mamlakatda tubjoy aholi sifatida koʼp sonli millat hisoblangan qirgʼizlardan soʼng ikkinchi oʼrinda turardi. Oʼzbekiston Milliy arxivi hujjatlarida Qirgʼiziston oʼzbeklari soni bilan bogʼliq 1992–1997 yillar maʼlumotlarida ular 700 ming, 800 ming, 800 mingdan ortiq ekanligi bilan bogʼliq raqamlar keltiriladi. Oʼzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan doʼstlik va madaniy-maʼrifiy aloqalar jamiyatlari Kengashi (OʼzXMАDJK) joriy arxivida Qirgʼiziston oʼzbeklari 820 ming, 900 mingga yaqin boʼlib, ular asosan Fargʼona vodiysida yashashi qayd etilgan. Faylasuf olima G.А. Аgzamova oʼz tadqiqotida 1994–1995 yillarda Qirgʼizistonda 550 ming sonli oʼzbeklar istiqomat qilishi va Tojikistondan keyin ular MDH davlatlarida ikkinchi oʼrinda turishini qayd etgan. Mustaqillik yillarida Qirgʼiziston Respublikasida bir necha bor aholi roʼyxati oʼtkazilib, ushbu roʼyxatlarda mamlakat aholisining milliy-etnik tarkibi, millatlar boʼyicha soni, demografik oʼsish darajasi, aholi zich yashaydigan hududlar bilan bogʼliq aniq maʼlumotlar jamlandi. 1997 yildan boshlab oʼzbeklar Qirgʼiziston Respublikasida son jihatdan qirgʼizlardan keyin 2-oʼrinda turib, 1999 yilgi aholini roʼyxatga olish maʼlumotlariga koʼra 664.950 nafar kishini tashkil etgan. Ular butun mamlakat aholisining 13,8 foizini tashkil etgan. 2009 yilda, yaʼni oʼn yildan soʼng, aholini yangidan roʼyxatga olish yakuniga koʼra 768 mingga koʼpayib, 14,3 foizga yetgan. Oʼzbeklar qirgʼiz va dunganlarga nisbatan kam sonli boʼlishlariga qaramay tabiiy koʼpayish (tugʼilish)da eng yuqori oʼsish darajasida edilar. Аgar 1960 yillarda Qirgʼizistonda ruslar oʼzbeklarga nisbatan 3 barobar koʼp boʼlsa, 2009 yilda oʼzbeklar ruslardan koʼra 2 barobar koʼpchilikni tashkil etdilar. Ruslar tugʼilish foizi pastligi va migratsiya tufayli oʼzbeklarga nisbatan 2 barobar kamayib qoldi. 1999 yilda oʼzbeklarning 65,6 foizi qishloqlarda, 34,4 foizi shaharlarda yashagan boʼlsa, 2009 yilda shaharlarda istiqomat qilayotgan oʼzbeklar 36,1 foizni tashkil etgan. Taʼkidlash joizki, Qirgʼizistonda kechgan demografik jarayonlar va migratsiya tufayli mamlakatning milliy tarkibida keskin oʼzgarishlar yuz berib, mustaqillikning 25 yili davomida slavyan aholi (ruslar va ukrainlar, beloruslar – diss.), nemis va tatarlarning soni keskin qisqarishi kuzatiladi. Mustaqillikning ortda qolgan yillarida ruslar 3 marta, ukrainlar 8 marta, nemislar 12 marta, tatarlar 31 marotaba kamaygan. Migratsion jarayonlar natijasida aholining etnik tarkibida oʼzgarishlar keskin yuz bersada, bu mamlakatdagi oʼzbeklar soni muttasil koʼpayib borganligiga guvoh boʼlamiz. Oʼzbeklarning 1989–1999 yillarda Qirgʼizistondan Oʼzbekiston va boshqa sobiq SSSR oʼrnida vujudga kelgan davlatlarga koʼchib oʼtishi uncha katta salmoqni tashkil qilmaydi. Bu raqam atigi 27.950 nafarni tashkil etadi xolos. Qirgʼizistonda kechgan keskin etno-siyosiy jarayonlar, yaʼni 1990 yildagi Oʼsh voqealarida 13.137 nafar oʼzbeklar Oʼzbekistonga koʼchgan boʼlsa, 2010 yildagi qirgʼiz-oʼzbek milliy-etnik mojarosi yuz berganda 38.213 nafar oʼzbeklar Rossiya Federatsiyasiga koʼchib oʼtgan. Yevropa millatiga mansub vakillari (rus va ukrain) 1999 yilda mamlakat aholisining 30 foizini tashkil etgan boʼlsa, 2014 yilda 21,5 foizga tushgan. Аksincha oʼzbeklarda oʼzbek millati aholisining oʼsish dinamikasi saldosi koʼrsatilgan yillarda +150,6 kishini tashkil qilgan. Qirgʼiziston Respublikasidagi ahol 1913 yildan 2014 yilgacha 6,7 barobarga oshgan. Аgar aholining oʼsishi saqlab qolinsa, 1990 yildan 2025 yilgacha demografik oʼsish mamlakatda salkam 200 foizga yetadi (11-ilovaga qarang). Maʼlumki, aholining oʼsish darajasiga tugʼilish, oʼlim darajasi va migratsiya jarayonlari kabi omillar oʼz taʼsirini koʼrsatadi. Qirgʼizistonda 1990–1999 yillarda migratsiya jarayoni tezlashib, 27.303 kishi mamlakat hududini tark etdi. Migrantlarning asosiy foizi Oʼzbekiston, Rossiya va MDH davlatlariga toʼgʼri keldi. Tadqiqotlar shuni koʼrsatdiki, aholining keyingi yillarda demografik oʼsishida 2014 yilda eng past koʼrsatkich kuzatilib, 0,6 foizni tashkil etdi. Qirgʼiziston Respublikasi oʼzbeklari shahar va qishloqlarda istiqomat qilib, 1999 va 2009 yillarda urbanizatsiya jarayonlari yuqorilab borganligi kuzatiladi. 1999 yilda 436 ming yaʼni 65,6 foiz oʼzbeklar qishloqda, 229 ming kishi – 34,4 foiz aholi shaharda yashagan boʼlsa, 2009 yilda 277 ming sonli millatdoshlar (36,1 foiz) shaharlarda yashay boshlagan. Janubiy Qirgʼiziston oʼzbeklari Fargʼona vodiysida oʼzbek-qirgʼiz chegaralarida zich boʼlib yashaydi. Ular Oʼz va Oʼzganda, Jalolobod va Botkenda tojiklar bilan yonma-yon istiqomat qiladilar. Oʼzbeklar XX asr soʼngida ayrim qirgʼiz shaharlarida son jihatdan yuqori foizni tashkil etib, Oʼshda – 49 foiz, Oʼzganda – 90 foiz, Oʼzbekiston bilan chegaradosh Аravanda – 59 foizni tashkil etgan. Qirgʼiziston Respublikasi oblastlari boʼyicha 1999 yilda oʼzbeklar foizi ham yuqori boʼlib, Oʼsh viloyatida 31,8 foiz, Jalolobodda – 24 foiz, Botkenda – 14,4 foiz boʼlishgan. Qirgʼiziston Respublikasi viloyatlarida 2009 yilgi aholini roʼyxatga olish natijalariga koʼra aholining umumiy soni, jumladan, oʼzbeklarning oxirgi uch bor aholini roʼyxatga olish davridagi soni va umumiy aholiga nisbatan foizi haqida aniq maʼlumotlar shakllantirilgan (12-ilovaga qarang). Oʼzbek millati vakillari Issiqkoʼl, Norin, Talas viloyatlarida oz sonli boʼlib, ular bu viloyatlarda umumiy aholining bir foizini ham tashkil etmaydi. Choʼy viloyatida va Bishkek shahrida ham oʼzbeklar soni aholiga nisbatan past foizni tashkil etadi. 2013 yildagi maʼlumotlarga qaraganda mamlakatda aholining soni 5.663.100 nafar kishini tashkil etib, mamlakat fuqarolarining 72,4 foizi (4.099.400 kishi)ni qirgʼizlar, 14,4 foizi (816.200 kishi)ni oʼzbeklar, 6,6 foizi (375.400 kishi)ni ruslar, 1,1 foizi (63.000 kishi)ni dunganlar, 0,9 foizi (49100 kishi)ni tojiklar, 4,6 foizini esa qozoq, koreys, tatar, uygʼur, dungan va boshqa millatlar tashkil etgan. 2017 yilga kelganda ularning soni 898.363 kishiga, 2018 yilda 918.262 kishiga, 2019 yilda 940.628 kishiga, 2020 yilda 964.379 kishiga yetgan va bu esa mamlakat umumiy aholisining 14,78 foizini tashkil etadi. 2018 yil boshlaridagi maʼlumotlar Qirgʼizistondagi oʼzbeklar soni bir million kishiga yaqinlashib borganligidan dalolat beradi. Qirgʼizistoning yuqorida sanalgan viloyat va shaharlarida mamlakat oʼzbeklarining 99,1 foizi istiqomat qiladi. Jumladan, Oʼsh viloyatida 380 ming (umumiy aholining 42%), Jalolobod viloyatida 285 ming (umumiy aholining 31,8 foizi), Botken viloyatida 70 ming (umumiy aholining 7,7 foizi), Choʼy viloyatida 20 ming (umumiy aholining 2,1 foizi), Oʼsh shahrida 140 ming (umumiy aholining 15,3 foizi), Bishkek shahrida 15 ming (umumiy aholining 2 foizi) oʼzbeklar yashayotganligi maʼlumotlarda keltirilgan. Tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, oʼzbeklar Qirgʼiziston Respublikasining 5 ta hududidagi shahar va qishloqlarda istiqomat qilib kelmoqdalar. Jumladan, Oʼsh viloyatida 2019 yilda – 396 ming (55 foiz), Jalolobod viloyatida – 311 ming (31,8 foiz), Botken viloyatida – 75 ming (8,3 foiz), Oʼsh shahrida 169 ming oʼzbeklar istiqomat qilgan. Choʼy viloyati va Bishkek (Frunze)da 13 mingtadan (2 foiz) oʼzbeklar yashashadi. Xullas, yuqoridagi beshta hududda oʼzbeklarning 99,1 foizi umrguzaronlik qilib kelmoqda. Qirgʼizistonning aholisi eng zich joylashgan viloyatlari Oʼsh va Choʼy viloyatlari hisoblanadi. Qirgʼiziston Respublikasi koʼp millatli respublika boʼlib, soʼnggi maʼlumotlarga koʼra 59 ta millat va elatlardan iborat. 2019 yil 1 yanvarda Qirgʼizistonda yashab kelayotgan tubjoy millat hisoblangan qirgʼizlar 73,3 foizni, oʼzbeklar – 14,6 foizni, ruslar – 5,6 foizni, dunganlar – 1,1 foizni, uygʼurlar –0,8 foizni, boshqa millatlar va etnik guruhlar – 3,4 foizni tashkil etadi. Qirgʼiziston Respublikasi aholisi mustaqillik yillarida muttasil oʼsib borib, Markaziy Osiyo respublikalari orasida oʼziga xos mavqe va nufuzga ega boʼldi (13-ilovaga qarang). Qirgʼiziston Respublikasida aholi notekis tarqalgan boʼlib, mamlakat janubida aholining asosiy qismi istiqomat qiladi. Fargʼona vodiysida joylashgan Oʼsh, Jalolobod, Botken viloyatlari va Oʼsh shahrida 3,4 mln kishi yashaydi. Hozirgi kunda ushbu raqam butun Qirgʼiziston aholisining 53 foizini tashkil etadi. Ikkinchi oʼrinni Choʼy vodiysi egallab, Choʼy viloyati va poytaxt Bishkek shahri bilan birgalikda 1,9 mln aholi, yoxud mamlakat aholisining 31 foizini tashkil etadi. Keltirilgan dalillardan yuqorida qayd etilgan hududlarda mamlakat aholisining 84 foizi istiqomat qilib kelganligi ayon boʼladi. Oʼzbek millati vakillari istiqomat qiladigan yerlar ham shu hududlar hissasiga toʼgʼri keladi. Foydalangan adabiyotlar ro`yxati. 1. Hayitov Sh.A. O’zbek muhojirligi tarixi. O’quv qo’llanma. Buxoro – 2018. 2. Hayitov Sh.A., Sobirov N., Legay A. Xorijdagi o’zbeklar. T., “Fan” 1992. 3. Hayitov Sh.A. Urush va muhojirlik. Buxoro – 1999. 4. Hayitov Sh.A., Badriddinov S. Vatanjudolikning mungli tarixi. “Buxoro” nashriyoti, 2005. 5. Yo`ldoshev A.B. Markaziy Osiyo davlatlaridagi o`zbeklar: tarixiy tahlil (1991-2020 yillar) Dissrtatsiya ishi. Buxoro-2022. Download 23.94 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling