1.«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi


Bilishda sub’ekt va ob’ektning o‘zaro aloqasi


Download 0.94 Mb.
bet68/139
Sana08.03.2023
Hajmi0.94 Mb.
#1252545
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   139
Bog'liq
Фалсафа УМК 2023й

2. Bilishda sub’ekt va ob’ektning o‘zaro aloqasi. Bilish dunyoning ob’ekt va sub’ektga bo‘linishini nazarda tutadi.
Falsafada bu tushunchalar jonli mavjudot bo‘lgan insonni bilish jarayoniga olib kiradigan va bu jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan sub’ektivlikdan uzoqlashish uchun ishlab chiqilgan. Bilimning ob’ektivligi, haqiqatning sub’ektdan mustaqilligini e’lon qilinganda namoyon bo‘ladi. Sxolastika tabiatshunoslikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan sharoitda ilmiy bilish sub’ektlarining o‘tkinchi manfaatlari ko‘pincha ob’ektivlikka xalaqit bergan, shu bois bu tushunchalarning aniq farqlanishi o‘rinli bo‘lgan. Faylasuflarni sub’ektning ob’ektga ta’siri muammolari, anglab yetilayotgan ob’ektga sub’ektivlikning ta’siri yo‘llari va xususiyati masalalari tobora ko‘proq qiziqtira boshlagan hozirgi kunda ham bu muammo o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Sub’ekt – bu bilish faolligining manbai. Sub’ekt deganda odatda individ tushuniladi. Biroq bu uncha to‘g‘ri emas. Sub’ekt – bu, albatta, avvalo bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan individ. Sub’ekt – bu mikroguruh, ijtimoiy guruh sinf, jamiyat hamdir. Tafakkur jarayoni amalga oshadigan bosh miya po‘stlog‘ida tafakkur muayyan insonning harakatlari, uning kechinmalari, his-tuyg‘ulariga qaratilishi mumkin: bu holda ong o‘zining alohida jihati – o‘zlikni anglash sifatida amal qiladi, tafakkur (individ doirasida) nimaga qaratilgan bo‘lsa, shu ob’ekt bo‘ladi.
Sub’ekt negizi butun ijtimoiy yaxlitlikni tashkil etuvchi murakkab ierarxiyadan iborat. Pirovard natijada bilim va donishmandlikning oliy yaratuvchisi – butun insoniyat. Uning tarixiy rivojlanishida uncha yirik bo‘lmagan birliklar ajratiladi, bu birliklar sifatida ayrim xalqlar amal qiladi. Har bir xalq o‘z madaniyatida qayd etiladigan me’yorlar, g‘oyalar va qadriyatlarni yaratib, asrdan asrga bilish faoliyatining alohida sub’ekti sifatida o‘tib keladi. U tabiat hodisalari, hayvonlar yoki o‘simliklarning shifobaxsh xossalari, turli xalqlarning huquqlari va urf-odatlari haqida ma’lumotlar to‘playdi. Jamiyatda maxsus vazifasi va mashg‘uloti hayot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bilimlar yaratishdan iborat bo‘lgan individlarning tarixiy guruhlari ajratiladi. Xususan, sub’ekti olimlar hamjamiyati bo‘lgan ilmiy bilimlar shunday bilimlar jumlasidan. Bu hamjamiyatda qobiliyati, iste’dodi va bilimi bilan bilish sohasida yuksak natijalarga erishadigan ayrim individlar alohida o‘rin tutadi.
Bu odamlarning ismlari tarixda ilmiy g‘oyalar evolyusiyasidagi buyuk bosqichlar ramzi sifatida saqlanib qoladi.
Bilishning haqiqiy sub’ekti hech qachon faqat gnoseologik xususiyatga ega bo‘lmaydi: u o‘z mayllari, qiziqishlari, fe’l-atvori, mijozi, aql yoki aqlsizlik, qobiliyat yoki qobiliyatsizlik darajasiga ega bo‘lgan, irodali yoki irodasi bo‘sh tirik shaxs. Biroq ko‘pincha bilish sub’ekti deganda intellektual faollikning qandaydir shaxssiz mantiqiy bo‘lagi tushuniladi.
Sub’ektning bilish faoliyati faqat muayyan tarixiy kontekstda aniq tushunchalarda namoyon bo‘lishi mumkin. Ilmiy bilish nafaqat sub’ektning ob’ektga nisbatan, balki o‘ziga, o‘z faoliyatiga nisbatan ham ongli munosabatini, ya’ni tadqiqotchilik faoliyati shartlari, usullari, me’yorlari va metodlarini bilishi, an’analarni hisobga olishi va hokazolarni nazarda tutadi.
Borliqning muayyan parchasi izlanayotgan tafakkur diqqat markazidan o‘rin olgach, bilish ob’ektini tashkil etadi, sub’ekt bilan «sub’ekt – ob’ekt» munosabatlariga kirishib, ma’lum ma’noda sub’ektning «mulki»ga aylanadi. Binobarin, sub’ektning ongiga bog‘liq bo‘lmagan o‘zicha borliq va sub’ekt bilan yuqorida zikr etilgan munosabatga kirishgan borliq mavjud. U go‘yo sub’ektni o‘zini bilishga da’vat etadi. Bir so‘z bilan aytganda, sub’ekt bilan munosabatga kirishgan ob’ekt oddiy borliq emas, balki u yoki bu darajada anglab yetilgan, ya’ni ong – o‘zining bilishga intilishida ijtimoiy belgilangan ong daliliga aylangan borliqdir, shu ma’noda bilish ob’ekti endi ijtimoiy dalilga aylanadi.
Ob’ekt – bu sub’ektning bilish faoliyati qaratilgan narsa yoki hodisa. Asbob ham (o‘rganilayotgan va ta’mirlanayotganida), boshqa individ ham, individ bilan bog‘liq narsa va hodisalar ham ob’ekt bo‘lishi mumkin. «Ob’ekt» tushunchasini ob’ektiv borliq bilan aralashtirmaslik kerak. Masalan, hayvonlarning hujayralaridagi xromosomalar ular sitologiya va genetikada o‘rganish «ob’ekti»ga aylanishidan oldi ham ob’ektiv mavjud bo‘lgan, biroq kashf etilganidan keyingina o‘rganish «ob’ektlari»ga aylangan.
Bu tushunchalar nafaqat bilish faoliyati, balki amaliy va baholash faoliyati bilan ham bog‘liq.
Bilish faoliyatida sub’ekt ob’ektsiz, ob’ekt esa – sub’ektsiz mavjud bo‘lmaydi. Masalan, gen jonli narsalar tarkibida mavjud bo‘lgan holda, nafaqat antik davrda, balki J.B.Lamark va Ch.Darvin uchun ham ilmiy tafakkur ob’ekti bo‘lmagan. Olimlar bu ko‘zga ko‘rinmas biologik borliqni ma’lum vaqtgacha o‘z bilish faoliyatining ob’ekti sifatida aniqlay olmaganlar. Bunga nisbatan yaqinda, dunyoning umumiy ilmiy manzarasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganidan so‘ng muvaffaq bo‘lindi. Yoki, aytaylik, ilmiy tafakkur, texnika yutuqlari va ijtimoiy shart-sharoitlar atigi bir necha o‘n yilliklar muqaddam Kosmosning olis kengliklarini tadqiqot ob’ektiga aylantirish imkonini berdi.
Hozirgi zamon gnoseologiyasida bilish ob’ekti va predmetini farqlash odat tusini olgan. Bilish ob’ekti deganda borliqning o‘rganilayotgan amalda mavjud bo‘laklari tushuniladi. Bilish predmeti – bu izlanayotgan fikrning diqqat markazidan o‘rin olgan muayyan jihatlar. Masalan, inson juda ko‘p fanlar – biologiya, tibbiyot, psixologiya, sotsiologiya, falsafa va hokazolarning tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. Biroq ularning har biri insonni o‘rganishga o‘z nuqtai nazaridan yondashadi: masalan, psixologiya insonning ruhiyati, ichki olami, xulq-atvorini, tibbiyot – insonning kasalliklari va ularni davolash usullarini o‘rganadi va h.k. Binobarin, tadqiqot predmetiga tadqiqotchining muhim mo‘ljali kiradi, ya’ni u tadqiqot vazifasi nuqtai nazaridan shakllanadi.
Ma’lumki, inson tarix yaratuvchisi, sub’ekti hisoblanadi, o‘z tarixiy mavjudligining zarur shart-sharoitlari va asoslarini o‘zi yaratadi. Ijtimoiy-tarixiy bilish ob’ekti odamlar tomonidan nafaqat o‘rganiladi, balki yaratiladi ham, demak, ob’ektga aylanishdan oldin u yaratilishi, shakllantirilishi lozim.
Shunday qilib, ijtimoiy bilishda inson o‘z faoliyatining mahsuli, amaliy faol jonzot bo‘lgan o‘zi bilan ham ish ko‘radi. Bilish sub’ekti bo‘lgan inson shu tariqa uning ob’ektiga ham aylanadi. Shu ma’noda ijtimoiy bilish insonning ijtimoiy o‘zlikni anglash jarayonidir. Bunda inson tarixiy rivojlanish jarayonida yaratiladigan o‘zining ijtimoiy mohiyatini o‘zi uchun kashf etadi va o‘rganadi.
Shu sababli ijtimoiy bilishda sub’ekt va ob’ektning o‘zaro aloqasi murakkablashadi, bu yerda ob’ekt bir vaqtning o‘zida tarixiy ijod sub’ekti hamdir.
Ijtimoiy bilishda hamma narsa va hodisalar inson sohasida aylanadi: bilish ob’ekti – odamlarning o‘zi va ular faoliyatining natijalari, bilish sub’ekti ham insondir. Bilish jarayoni shohidlarning guvohliklari, hujjatlar, so‘rovlar, so‘rovnomalarsiz, odamlar yaratgan mehnat qurollari va madaniy yodgorliklarisiz bo‘lishi mumkin emas.
Bularning barchasi ijtimoiy bilishga ma’lum darajada o‘z ta’sirini o‘tkazadi va uning o‘ziga xos xususiyatlarini shakllantiradi. Ayni shu sababli ijtimoiy bilishda olimning grajdanlik pozitsiyasi, uning ma’naviy qiyofasi, haqiqat ideallariga sodiqligi juda muhimdir. Intuitsiya – haqiqatni mantiqiy dalillar yordamisiz, bevosita anglab yetish qobiliyatidir. U doim inson aqli va joni birgalikda amalga oshirgan katta ish mahsuli hisoblanadi. Shu ma’noda faqat iste’dodli, mehnatkash va tirishqoq odamlargina intuitiv bilishga qodir.
Intuitsiya muammosi falsafa va tabiatshunoslik tarixida har xil, ba’zan bir-birini istisno etuvchi yondashuvlar, nuqtai nazarlar va tasavvurlar bilan tavsiflanadi. Antik falsafadayoq bu muammo atrofida keskin bahslar bo‘lgan. Ioniya falsafasi namoyandalari intuitsiyaga bevosita bilim, sezgi a’zolari orqali bilish shakli deb qaragan bo‘lsalar, eley maktabi vakillari, shuningdek Levkipp va Demokrit bevosita bilim va sezgi a’zolari orqali bilishni rad etganlar, sezgilarni soxta deb e’lon qilganlar. Suqrot talqinida intuitsiya «daymoniy» yoki «predmet g‘oyasiga egalik»dir. Platon ham hissiy bilishni haqiqat emas deb hisoblagan.
Yangi davrda Dekart, Spinoza, Leybnis intellektual intuitsiya haqidagi ta’limotni yaratdi. Dekart intuitsiya deganda sezgilarning omonat guvohligi va tartibsiz xayolning aldamchi mulohazasiga bo‘lgan ishonchni emas, balki teran va zehnli aqlni tushunadi. Spinoza intuitsiyani narsalarning mohiyatini qamrab oluvchi eng ishonchli bilish deb hisoblaydi. Sensualistlar sezgi darajasidagi intuitsiyani targ‘ib qiladi, sezgi a’zolari orqali, bevosita bilishni birinchi o‘ringa qo‘yadi. J.Lokk fikriga ko‘ra, aql – sezgi a’zolari faoliyatining haqiqiy natijalarini uzluksiz qayd etuvchi ko‘zgu, xolos. Bilishning bu tomonini rad etib bo‘lmaydi: aql shu tomonga o‘z e’tiborini qaratgani zahoti u, xuddi quyoshning yorqin nurlari kabi, o‘zini bevosita idrok etishga majbur qiladi. Ikkilanish, shubhalanish, o‘rganishga hech qanday o‘rin qolmaydi: aql shu zahoti uning yorqin nurlari bilan to‘ladi, isbotlash yoki o‘rganishga muhtoj bo‘lmaydi, biroq haqiqatni faqat unga o‘z e’tibori qaratilganligi tufayli idrok etadi.
Muammoni o‘rganishga nemis klassik falsafasi muhim hissa qo‘shdi. Kant intellektual intuitsiya qobiliyatini inkor etib, sof apersepsiya g‘oyasini ilgari suradi. Biroq keyinchalik Fixte Kantning sof apersepsiyasi amalda intellektual intuitsiyaning o‘zi ekanligini, u Dekart, Spinoza va Leybnisning amalda mavjud narsalarni bilish qobiliyati sifatida qaralgan intellektual intuitsiyasidan Kantda intuitsiya faoliyatni bilishga qaratilganligi bilan farq qilishini ko‘rsatdi. Fixtening o‘zi intellektual intuitsiyani amalda mavjud narsalarni emas, balki mutlaq narsalar faoliyatini bilish sifatida tushunadi. Shelling Kant-Fixte yo‘nalishini rivojlantirib, ularning ta’limotini o‘zining transsendental idealizmi – «substansiyani bilish uchun» o‘z naturfalsafasi bilan to‘ldiradi, estetik tasavvurni birinchi o‘ringa qo‘yadi. O‘tmish ratsionalistlaridan farqli o‘laroq, u intuitsiyaning sabablarini idrok emas, balki aql faoliyatidan qidiradi.
Gegel o‘z o‘tmishdoshlarining intellektual intuitsiya haqidagi ta’limotlariga tanqidiy yondashib, bilish mantig‘i, nazariyasi sifatida dialektikani ishlab chiqadi. U falsafani tafakkur faniga aylantiradi, uning sof tafakkurga asoslangan mantiqiy oqilona tizimini yaratadi, shu sababli uning ta’limotida intellektual intuitsiya o‘rnini dialektika egallaydi.


Download 0.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   64   65   66   67   68   69   70   71   ...   139




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling