34.Божхона постларини ташкил этишдан мақсад ва уларда ишловчи божхона ходимларининг ҳуқуқ ва мажбуриятлари
Kodeks: 6-modda. Bojxona maqsadlari
Bojxona maqsadlari quyidagilardan iborat:
bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish, tovarlarni tashish, saqlash va qayta ishlashda bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash;
bojxona to‘lovlari o‘z vaqtida va to‘g‘ri to‘lanishini ta’minlash;
iqtisodiy siyosat choralariga, bojxona rejimlarining talablari va shartlariga rioya etilishini ta’minlash;
bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hollariga chek qo‘yish va ularning oldini olish.
Qonun: 24-modda. Bojxona organlari xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari
Bojxona organi xodimi davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasida bo‘ladi.
Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri va bevosita boshlig‘iga bo‘ysunadi.
Hech kim bojxona organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashish, qonun bilan ularning zimmasiga yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majbur qilish huquqiga ega emas, bundan ushbu vakolatlar qonun bilan o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxslar mustasno.
Bojxona organi xodimi qonunga amal qilishi shart, qonunga zidligi aniq bo‘lgan buyruq yoki farmoyish olganda uni bajarishni rad etish huquqiga ega.
35.Олий Мажлиснинг инсон ҳуқуқлари бўйича вакили (Омбудсман)нинг асосий вазифалари, функсиялари ва фаолиятининг асосий йўналишлари.
4-modda. Vakil lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar
Saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan, kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi Vakil lavozimiga saylanishi mumkin.
6-modda. Vakil faoliyatining asosiy prinsiplari
Vakil faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, adolatparvarlik, demokratizm, insonparvarlik, oshkoralik, har bir inson uchun ochiqlikdir.
7-modda. Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobot
Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay, o‘z majlisida Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitadi.
Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatida eshitish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo‘mitalari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi.
Vakilning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlar qabul qiladi, qarorlar Vakilga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |