Kalsiy gidrid CaH2 qattiq, kristall modda, suv ta’sirida Ca(OH)2 ni hosil qiladi:
CaH2 + 2H2O = Ca(OH)2 + 2H2↑
Bu reaksiya natijasida ko’p issiqlik ajralib chiqib, vodorod yonib ketadi.
CaH2 ko’p miqdorda vodorod ajralib chiqarish xususiyatiga ega bo’lgani uchun. vodorod ajratib olish uchun ishlatiladi, hamda undan kristallogidratdan suvni tortib oladigan juda samarali quritgich sifatida foydalaniladi.
Kalsiy oksid CaO ohaktoshning qizdirilishidan hosil bo’ladi:
CaCO3 → CaO + CO2 - 178 kJ
Reaksiyani o’ng tomonga yo’naltirish uchun CO2 ning konsentratsiyasini kamaytirish yoki haroratini ko’tarish lozim. CaO nihoyatda o’tga chidamli, taxminan 2600C da suyuqlanadigan oq modda, texnik CaO sarg’ish yoki bir oz kul rangroq bo’lib, so’ndirilmagan yoki kuydirilgan ohak deb ataladi. CaO binokorlikda, metallurgiyada, shisha ishlab chiqarishda va boshqa ko’pgina sohalarda ishlatiladi. Agar ohakka suv ta’sir ettirilsa, shiddatli reaksiya sodir bo’lib, ko’p issiqlik ajraladi, bunda suvning bir qismi bug’ga aylanadi:
CaO + H2O = Ca(OH)2 + 65 kJ
Hosil bo’lgan Ca(OH)2 so’ndirilgan ohak deyiladi. Ca(OH)2 oq kukun, suvda kam eriydi, ( 1 litr suvda 250C – 1,56 g Ca(OH)2 ) uning eritmasi esa kuchli asosdir. Ca(OH)2 ning tiniq eritmasi orqali CO2 o’tkazilsa yoki eritma ochiq qoldirilsa, loyqalanib qoladi, demak, CaCO3 hosil bo’ladi:
Ca(OH)2 + CO2 = CaCO3 + H2O
Ca(OH)2 ning to’yingan eritmasi ohakli suv deyiladi.
Kalsiy oksid suv bilan so’ndiriladi va binolarni oqlash uchun ishlatiladi. Bino devorlarida Ca(OH)2 havodagi CO2 bilan birikib, CaCO3 ga aylanadi. Agar Ca(OH)2 ga qum aralashtirilib suvga qorilsa, g’isht terishda ishlatiladigan qorishma olinadi, bu qorishma qotganda CaCO3 va CaSiO3 hosil bo’ladi.
Kalsiy tuzlaridan CaCl2 bilan Ca(NO3)2 suvda yaxshi eriydi, CaSO4 bilan CaSO3 oz eriydi, Ca3(PO4)2 va CaSO3 amalda erimaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |