2. Belgilansinki: Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi tez tibbiy yordam faoliyatini respublika bo‘yicha muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi
Download 210.64 Kb.
|
PQ-283 16.06.2022
[OKOZ: 1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.01.00 Umumiy qoidalar / 14.01.01.99 Umumiy qoidalar; 2.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.04.00 Sog‘liqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash. Dorixona] [TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida Aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash va yaqinlashtirish, shuningdek, 2022-yil 18-mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida: 1. Respublika tez tibbiy yordam markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxo‘jaliklar negizida tashkil qilinsin va tez tibbiy yordamning yagona vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilsin. 2. Belgilansinki: Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi tez tibbiy yordam faoliyatini respublika bo‘yicha muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi; tez tibbiy yordam xizmati xodimlari hamda maxsus avtotransport vositalari (ehtiyot qismlar, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqalar), dori vositalari va sarflash materiallari, tibbiy jihozlar ta’minoti Markazning hududiy filiallariga o‘tkaziladi; Markaz va uning hududiy filiallarida situatsion muvofiqlashtiruvchi bo‘limlar tashkil etilib, tuman (shahar) va hududlardagi tez tibbiy yordam tizimi faoliyatini tahlillar asosida boshqaradi va takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi; Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxo‘jaliklar tarkibidagi tez tibbiy yordam avtotransport vositalari Markazning hududiy filiallari tarkibiga o‘tkaziladi hamda avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish autsorsing shartnomalari asosida amalga oshiriladi; tez tibbiy yordam avtotransport vositalarida yoqilg‘i-moylash materiallarining sarfi elektron dastur orqali nazorat qilinadi. 3. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) bir oy muddatda Markaz va uning hududiy filiallari ustavlari va tuzilmalarini tasdiqlasin. Bunda, Markaz direktoriga, zarur hollarda, tasdiqlangan tuzilmalarga xodimlarning cheklangan umumiy soni va ish haqi fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 4. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni hamda davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida Markaz va uning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, markaziy tuman (shahar) shifoxonalari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxo‘jaliklarning yangilangan shtat normativlarini ishlab chiqsin va 2022-yil 1-sentabrga qadar tasdiqlasin. 5. Quyidagilar: Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq; Tez tibbiy yordam xizmatini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda — Ishchi guruh) tarkibi 2-ilovaga muvofiq; Tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 6. Ishchi guruh (O. Fazilkarimov): Dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosining tahlil qilinishini; Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida maqbullashtiriladigan bo‘lim va tashkilotlarning belgilanishini hamda mulkiy, moliyaviy va mehnat munosabatlari belgilangan tartibda hal etilishini; tez tibbiy yordam xizmati bo‘yicha aholiga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatilishi bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlasin. 7. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligining tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida 2023-yil 1-sentabrga qadar to‘liq joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin. Bunda, 2022-yil 1-dekabrga qadar Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari, 2023-yil 1-sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)laridagi dispetcherlik xizmatlari tugatilib, Toshkent shahri tajribasi asosida Markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yilsin. Belgilansinki, tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. 8. Quyidagilar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari — “Call-markaz”larni tashkil etish, jihozlash va ularning infratuzilmasini yaratish (elektr, suv, yuqori tezlikdagi Internet, telefon, ratsiya aloqasi va boshqalar) hamda atrofni obodonlashtirishga; sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev — “Call-markaz”larni jihozlash talablarini belgilash, ularning xizmat ko‘rsatish hajmi va yuqori sifatini ta’minlashga shaxsan mas’ul etib belgilansin. 9. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq “Call-markaz”larda: chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etiladi; rahbar lavozimlariga IT-parklardagi iqtidorli yoshlar orasidan munosib nomzodlar tayinlanadi; saralash orqali bemor ahvoli, kasallik turi va og‘irlik darajasiga qarab chaqiruvlarga tegishli tibbiy brigadalarni yo‘naltirish tizimi joriy etiladi; tez tibbiy yordamning tuman (shahar) yoki hudud chegarasidan qat’i nazar bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab tibbiy brigadani yo‘naltirish yo‘lga qo‘yiladi. 10. Ishchi guruh (O.Fazilkarimov) joylarda tez va shoshilinch tibbiy yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishini ta’minlasin: a) Markaz va uning hududiy filiallarini 4-ilovaga muvofiq joylashtirish, ularni zamonaviy bino va inshootlar bilan ta’minlash; b) Markazning hududiy filiallari va “Call-markaz”larni jihozlash, infratuzilmasini yaratish (suv, elektr, aloqa, Internet, lokal tarmoq va boshqalar); v) tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini hamda avtotransport vositalari, ehtiyot qismlar, yoqilg‘i-moylash va boshqa materiallar, dori vositalari, sarflash materiallari va tibbiy jihozlar ta’minotini hududiy filiallarga o‘tkazish; g) markaziy tuman (shahar) shifoxonalari qabulxonalarini shoshilinch xizmat ko‘rsatishga va yuqori texnologik tibbiy jihozlarni o‘rnatishga moslashtirish; d) tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar o‘rnatish; e) tez tibbiy yordam brigadalarini planshetlar bilan ta’minlash; j) Markazning hududiy filiallarida elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini Toshkent shahri tajribasi asosida joriy etish; z) tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlashni autsorsingga o‘tkazish hamda elektron tizim orqali nazorat qilishni tashkillashtirish. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-dekabrga qadar hamda 2023-yil 1-sentabrga qadar mutasaddi rahbarlar hisobotini eshitish tavsiya etilsin. 11. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv-mashg‘ulot markazi Respublika tez tibbiy yordam markazi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash maktabi (keyingi o‘rinlarda — Maktab) etib qayta tashkil etilsin va Markaz tasarrufiga o‘tkazilsin. Belgilansinki, Maktab tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun ajratilgan Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. 12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kadastr agentligi (F. Pulatov) bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar 10 mingta ko‘chaga nom berish ishlarini yakunlasin. Oldingi tahrirga qarang. 13. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) tez tibbiy yordam xizmatini tashkil etish va raqamlashtirish uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kamida 25,5 milliard so‘m miqdordagi mablag‘larni Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirsin. (13-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son) 14. Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon banki shoshilinch xizmatlarni rivojlantirish loyihasi doirasida 5 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larni tez va shoshilinch tibbiy yordamni raqamlashtirish tadbirlariga yo‘naltirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. 15. Sog‘liqni saqlash muassasalarining eskirgan va foydalanilmayotgan avtotransport vositalarini kimoshdi savdolarida sotishdan tushgan mablag‘lar tez tibbiy yordam xizmati avtoparkini yangilash maqsadlari uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi hisob raqamiga yo‘naltirilsin. 16. Sog‘liqni saqlash vazirligiga tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv hamda yagona qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish tizimlarini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish uchun Toshkent shahrida mazkur tizimlarni joriy qilishga jalb qilingan tizim integratori bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat berilsin. Bunda, ko‘rsatilgan xizmat tariflari Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. 17. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) 2022-yil yakuniga qadar mavjud o‘rinlar va shtat birliklari doirasida: markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlaridagi o‘rinlari pediatriya, terapiya va xirurgiya bo‘limlari tarkibiga o‘tkazilib, bemorlarni kasallikning og‘irlik darajasi bo‘yicha saralaydigan (triaj) tunu-kun ishlaydigan shoshilinch qabul bo‘limlarini; Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududiy filiallari hamda barcha tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida shoshilinch qabul bo‘limlarini; Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 1-son, Yashnobod tumanidagi 4-son, Yunusobod tumanidagi 7-son shahar klinik shifoxonalari hamda Uchtepa tumanidagi Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi tarkibida alohida yuridik maqomga ega bo‘lmagan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini tashkil etsin. 18. Markaz va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, ularning hududiy filiallari hamda tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmatlarni pullik asosda tashkil etishga ruxsat berilsin. 19. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh. Vafayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev) yangi tashkil etilayotgan tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini jihozlash uchun Jahon bankining “O‘zbekistonda COVID-19 koronavirusi infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasi doirasida iqtisod qilingan mablag‘larni yo‘naltirsin. 20. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B. Musayev): Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar shoshilinch qabul bo‘limlarining yangilangan shtat normativlarini tasdiqlasin; Moliya vazirligi (T. Ishmetov) bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining o‘rinlar fondini aholi soni va kasalliklar yo‘nalishlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqsin. 21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin. 22. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 23. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev belgilansin. 24. Qarorning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV Toshkent sh., 2022-yil 16-iyun, PQ-283-son O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi PQ-283-son qaroriga 1-ILOVA Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid chora-tadbirlar DASTURI
Download 210.64 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling